O'zbek futboli qachon dovruq qozonadi?
Jahonda dong taratgan, barcha zamon va makonlarning eng yaxshi o'yinchisi, deb tan olingan, futbol afsonasi Diego Maradonaning o'limidan oldingi so'nggi so'zi shu bo'ldi: dunyoda erishgan barcha yutuqlarim uchun to'pga rahmat ayting!
Mulohaza qilgan kishi bu gapning chuqur mohiyatga ega ekanligini tushunadi. Haqiqatda milliardlab odamlarning fikrini jam qilgan, tortishuvlar, munozaralarga sababchi bo'lgan, ularni maydonlarga to'plagan va qalblarni tug'yonga keltirgan futbol deb atalmish o'yinning asosini aslida to'p tashkil qiladi. Ha, xuddi shunday: to'p yo'q ekan, o'yin ham, futbol ham yo'q demakdir!
Shundan-da kelib chiqib o'ylab qoldim: o'zbek futbolining bugungi nochor va ayanchli ahvoli shu to'pga bog'liq emasmikan? Axir O'zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun nimalar qilinmadi? Katta-katta pul evaziga dongdor futbolchilarni sotib oldik, hech qanday foydasi bo'lmadi. Qimmat, juda katta pullarga zo'r trenerlarni taklif qildik, nafi tegmadi. Oddiy o'zbekning yetti uxlab tushiga kirmaydigan pullarni va vaqtimizni behuda yelga sovurganimiz qoldi, xolos. Aslida esa muammo to'pda ekan. To'p bo'lsa maydon ham, tepadigan odam ham topiladi.
Nima, O'zbekistonda to'p yo'qmi, demoqchimisiz. Albatta yo'q. Ha, ishonavering arzon, sifatli to'p yo'q. Biz yoshligimizda tepgan to'pni yoshi keksalar yaxshi eslashsa kerak. Chunki, o'smir borki to'p tepmagan bo'lsa. Og'zi bog'ich bilan bog'lanadigan rezina kamerali to'p. Toza charmdan, o'ta chidamli bo'lardi. Taqir yerda, asfaltda tepsangiz ham ancha-munchaga yirtilmasdi. Mahallani qo'ying, har bir ko'chada turadigan bolalarda bitta ikkitadan to'p bo'lardi. Ko'pincha tanga yig'ib to'p olardik.
Hozir shunday sifatli to'p sotib olishga uncha-muncha kishining imkoni yetmaydi. Juda qimmat. O'rtacha narxdagisi ikki uch o'yinga zo'rg'a chidaydi. Yirtilib ketadi. Shu sababli yurtimizda ko'cha futboli yo'qoldi. Futbol klublarida, mini futbol zallarida o'ynayotganlar bor. Lekin bu ommaviy futbol degani emas. Futbol klublarida boyvachchalarning bolalari, mini maydonlarda yoshi o'ttizdan oshgan, aksariyat baqaloqlar o'ynashayapti. Bu qorinni ham yo'qotmaydi aslida. Sog'lik uchun va kelgusida katta futbolga chiqib o'rtacha o'yin ko'rsatib, katta oylik olib yuruvchilarga foydasi tegishi mumkin.
Millionlar o'yinini millionlab o'smirlar o'ynamas ekan, uning ommaviyligini ta'minlamas ekanmiz, O'zbekistonda futbol rivojlanmaydi. O'zbekning Pele, Maradona, Ronaldo, Messi va Solaxlari paxtayu bog' dalalarida, zavod va fabrika sexlarida, chet ellarda pul topish ilinjida ishlab, panada qolib ketaveradi.
Xalq futboli bo'lmas ekan, xalqdan futbolchi chiqmaydi. Buning uchun to'p, futbol to'pi o'zbekning o'tmay qolgan karamidek arzon va ko'p bo'lishi kerak.
O'tgan yillari Messi va Solax ishtirokidagi “Pepsi” reklamasini televizorda ko'p ko'rsatishdi. Oddiy qishloq hududidagi yoqilg'i quyish shahobchasidagi muzlatgichdan pepsi ichmoqchi bo'lgan Solax bilan Messi muzlatgichdagi oxirgi banka pepsi uchun shu yerda taxlanib yotgan futbol to'plarini kim yaxshi tepariga musobaqalashib qolishadi. Messi bu yoqqa, Solax bu yoqqa tepib, eski ballonlarning ikki uchtasining orasidan birvarakay o'tkazib yuborishadi. Gap oxirgi banka pepsining boshqa birovga nasib qilganida emas, yoqilg'i quyish stansiyasida to'plarning bemalol yotganligida, uning hammabopligida. Hech kim to'pni nimaga tepayapsan. Axir qimmat to'p bo'lsa, so'ramaysanmi, demaydi. Tepilganiga xursand.
O'zbekistonda ham futbol to'pi arzon, pishiq va yetarlidan ham ortiq ko'p bo'lmas ekan, o'zbekdan futbol qirollari chiqmaydi. O'zbekiston futbol mamlakatiga aylanmaydi. Buni qanday amalga oshirish hukumat hukmiga havola. Bir narsani aytishim mumkinki, qimmat futbolchiyu trenerlarga sarflangan mablag'larga qancha to'p ishlab chiqaruvchi sexlaru qancha stadion qursa bo'lardi.
Shu o'rinda futbol maydonlari masalasida ham to'xtalib o'tsam. Oldindan aytib qo'yay: mini futbol maydoni katta futbolga hech qanday foydasi tegmaydi. U tijorat maydoni xolos. Bizga bepul, hamma foydalanish imkoni bo'lgan ommaviy va standart, katta futbol maydonlari kerak. O'smir katta maydonda yugurib to'p tepmas ekan, undan futbolchi chiqmaydi. U formaga tushmaydi. Hozirgi futbolchilarimizga o'xshab! Hozirgi futbolchilar bir taymga zo'rg'a chidaydi. Chunki o'pkasi ko'tarmaydi, kuchi yetmaydi. Mini maydonda yugurgan o'yinchi katta maydonga qanday chidasin. Bu akvariumdagi baliqni daryoga qo'yib yuborishday gap. Shuning uchun bizning o'yinchilar bir taym yaxshi o'ynaydi, ikkinchi taymda, ayniqsa, oxirgi daqiqalarda horib charchab qolishadi, Birinchi taymda yutib turgan bo'lishsa ham, o'yin so'ngida yutqizishadi. Buni raqib jamoa yaxshi biladi. U bir taym chidab bersa bo'ldi, ikkinchi taym ularniki bo'ladi.
Buning uchun o'yinchini xalq ichidan, tozidek yuguraverib pishib ketgan bolalar ichidan izlash kerak. O'zbek bolasiga to'p bering u taqir maydonda ham, qumda ham, sovuqda ham, jaziramada ham to'p tepaveradi. Agar unga maydon berilsa-chi? Hozirgi vaqtda ko'pchilik maktablarda futbol maydonlari bor. Ularni asrab qolish, yashil, ommabop maydonlarga aylantirish va har bittasida havaskorlik va professional futbol maktablari tashkil qilish kerak. Bu maktablarga dongdor futbolchilarni biriktirish kerak.
Prezidentimiz san'atni rivojlantirish uchun yaxshi taklif bilan chiqqan edilar: har bir artist bittadan musiqa maktabiga biriktirilsin deb. Nima bizda futbolchi kammi yoki u artistdan kam pul topadimi? Artistga ham futbolchiga ham keragidan-da ortiq sharoit va imtiyozlar berib qo'yilgan. San'atkor san'atning, futbolchi futbolning ommaviyligini ta'minlashga hissa qo'shsa, bo'lmaydimi?
Sho'rchi tumanining oldingi Oxunboboyev nomli kolxozidagi Lomonosov nomli maktabda katta futbol maydoni bo'lardi. Ko'p yillar davomida mana shu maydon tumanning katta musobaqalari o'tkaziladigan bosh maydoni bo'lib qoldi. Nimaga deganda mana shu maydon atrofdagi qishloqlarning aholisini ohanrabodek o'ziga tortardi. Qishloq aholisi to'y qilsa, bitta qo'y bilan ichimligini ajratib futbol berardi. Qarabsizki to'y mavsumida har kuni futbol bo'lardi. Shu tufayli viloyatning “Surxon” jamoasining eng yaxshi o'yinchilari va murabbiylari shu kolxozdan chiqqan.
So'nggi masala futbolda tanish bilishchilik va korrupsiya. Tajribamdan aytaman. Maktabda o'qib yurganimizda o'smirlar o'rtasida respublika chempionati bo'lgan. Bir mavsum o'ynab viloyat bosqichiga borganimizda bizga raqib komanda finalga chiqishi kerak ekan. Ularning jamoasida to'rtta professional o'yinchi o'ynadi. Koshki tanimasak. Yoshi katta, maktab ko'rgan. Xullas, dabdalamizni chiqarishgan. E'tirozlarimizni hech kim eshitmagan. Alamimizdan yig'laganmiz. Endi o'ylasam, barbod qilingan o'zbek futboli uchun to'kilgan achchiq ko'z yoshlari ekan o'sha ko'z yoshlar ham.
Aytmoqchimanki, bugun qahramonga aylangan Diego Maradona futbol tojdori bo'lgani uchungina xalq qahramoniga aylanmadi. U chin vatanparvar edi. Unga AQSh hukumati barcha soliqlarsiz va qo'shimcha xarajatlarsiz toza yuz millionlik shartnoma taklif qilgan. Maradona uni rad etgan. Nega deganda shartnomada shartnomani imzolovchi shaxs AQSh fuqaroligini qabul qilishi va oldin yashagan mamlakat qonunlaridan voz kechib, AQSh qonunlariga va fuqarolik majburiyatlariga amal qilishi shart, degan jumlalar bor edi. U pul, boylik va afsonaviy diyorda maza qilib yashashdan voz kechdi. Vataniga sodiq qoldi. U Argentina futbolini yana bir bor dunyoga tanitdi. Chempion qildi. Siyosiy urushda yutqazilgan mamlakatdan alamini oldi. Vatan orini oldi. Mamlakatini futbol diyoriga, oddiy to'pni va vatanni sevuvchilar yurtiga aylantirdi. Biz ham oddiy futbol to'pini va Vatan orini puldan-da, maishatdan-da yuqori qo'yar ekanmiz, O'zbekistondan ham Maradonaday futbolchilar albatta chiqadi va yurtimiz futbol mamlakatiga aylanadi.
Yana bir achchiq haqiqat: “Paxtakor” jamoasi sobiq Ittifoq davrida o'z o'rniga ega kuchli jamoa edi. Fojiali halokat tufayli undan ayrildik. Shunga ham 42 yil bo'ldi. Lekin “Paxtakor” sira o'nglanmadi. O'zbek futbolini ko'tarishni qishloqlardan boshlash kerak. Qishloqlardagi eng “bezori” va “chapani” futbol “jinnilari”ni tarbiyalashdan boshlash kerak. Bugun ham kech emas. Shundagina dovrug'li o'zbek futboliga ega bo'lamiz.
Muhiddin Abdurahmonov,
jurnalist