Kasbga sadoqat

Qashqadaryo viloyat gazetasida ishlaganimda Suvon Soqiy degan ustozimiz bo'lardi. Samimiy va dilkash, beg'araz inson edi. Shoirtabiat, o'zi ham she'rlar yozardi. Yoshlar u kishini yaxshi ko'rar, kezi kelsa, suyanardi.

Suvon aka bo'lim mudiri, men oddiy xodim. Tahririyatga Kosondan bir yigit shikoyat qilib keldi. Fig'oni falakka chiqqan, ko'z yoshlarini to'xtata olmasdi. Aytishicha, yarim tunda besh yoshli qizchasining issig'i chiqqan. Oldin qishloq, keyin tuman shifoxonasiga olib borishgan. Qilingan muolajalar foyda bermay, qizcha vafot etgan.

Tahririyatning topshirig'i bilan Kosonda bo'lib, voqeani o'rganib keldim. Qizaloqning o'limida shifokorlarni e'tiborsizlikda, o'z kasbiga sovuqqonlikda ayblab, maqola yozdim.

Suvon aka menga “mullo” deb murojaat qilardi.

– Mullo,– deya so'radi safardan qaytgan kunim. – Xo'sh, nima bo'lgan ekan?

– Vrachlar aybdor, – dedim. – O'z vaqtida yordam ko'rsatilmagan. Maqola yozayapman.

– To'g'ri qilasiz. Boplab uring! – dalda berdi ustoz.

Maqolani tayyorlab, ustozga o'qishi uchun berdim. Shu payt shahar telefoni jiringlab qoldi. Xonadan chiqib turdim. Keyin Suvon akani bosh muharrir chaqirdi.

Birozdan so'ng Suvon aka men o'tirgan xonaning eshigini ochib:

– Mullo, yuring-chi, oblzdravning boshlig'i so'rayapti ekan. Boraylik-chi? – dedi.

Yo'l-yo'lakay Suvon aka viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasining boshlig'i asli kosonlik ekani, uni yaxshi mutaxassis sifatida hurmat qilishi, tanishligini aytdi.

Boshqarma boshlig'i – ayol kishi ekan, bizni qabulxonaga chiqib kutib oldi.

Suvon aka meni tanishtirdi. “Yosh, kelajagi bor, qalami o'tkir yigitlarimizdan” deb qo'shib qo'ydi. Boshliq yaxshi ish bo'lmagani, zarur choralar ko'rilayotgani, aybdorlar albatta jazolanishini aytib, iloji bo'lsa, voqeani matbuotga olib chiqmaslikni iltimos qildi. Bundan keyin hamkorlikda ishlashini bildirib, gap orasida biron xizmat-pizmat bo'lsa, bemalol kelishim mumkinligini ham qistirib o'tdi.Suvon akani yaxshi tanishini, juda hurmat qilishini alohida uqtirdi.

Suvon aka biron narsa deng, degandek menga burildi, men yerga qaradim.

Tahririyatga qadar ikkalamiz ham jim keldik. Xonaga kirgach, ustoz:

– Xo'sh, mullo, endi nima qildik? – deya so'radi.

– Maqolani o'qib ko'ring-chi? Menimcha, berganimiz ma'qul. Marhum qizchaning ota-onasi biroz taskin toparmidi? – dedim.

Suvon aka indamay stol chetida turgan maqolani qo'liga oldi.

Ertasi kuni bosh muharrir huzuridagi “planirovka”da Suvon aka qattiq turib mening maqolamni “nomer”ga berishni talab qildi.O'sha paytlarda viloyat gazetalari haftada besh marta chop etilardi. “Xolis va haqqoniy yozilgan”, — dedi u.

Tanqidiy maqola “Men sizni kechirmayman, do'xtir!” sarlavhasi bilan e'lon qilindi va viloyatda ancha-muncha shov-shuvga sabab bo'ldi.

Keyinroq tushundim. O'sha paytda ustoz yosh, boshlovchi jurnalistning ko'ngliga qaramasdan, maqolaning bir-ikkita kamchiligini topib, qaytarib bersa ham bo'lardi. Ammo Suvon aka yosh hamkasbining ko'nglidagi adolatga bo'lgan ishonchni, kasbga bo'lgan ixlosni so'ndirgisi kelmadi. Mayda tuyg'ulardan ustun keldi, uzoqni o'yladi.

Rahmatlik ustoz Suvon Soqiyning kasbiga sadoqati hozir yosh hamkasblarimning maqolalarini o'qiyotganimda, ular bilan muomala qilayotganimda tez-tez esimga tushib turadi.

Mazlumning qarg'ishi yoki so'zning uvoli

Markaziy nashrlarda ishlayotgan do'stu birodarlarimiz ma'zur tutsinlaru, asl mahorat saboqlari ko'pincha tuman, viloyat gazetalarida olinadi. Matbuotning quyi bo'g'inlarida ishlayotgan hamkasblarimiz qaynoq hayotning ichida yurishadi. Men qo'limga qalam olgan o'tgan asrning saksoninchi yillaridan bo'yon “Tuman gazetasi kerakmi?” degan mavzuda bahslar bo'lib turadi. Lekin aniq bilamanki, tuman gazetalari tugamaydi. Hayot bor ekan, ular yashayveradi, bu nashrlar hayotning o'zi kabi qadimiy va yashovchandir. Chunki bo'lg'usi katta shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlarning ilk mashqlari tuman gazetalarida yuz ko'rsatadi, ularni xalqqa dastlab ana shu “keraksiz” tuman nashrlari tanishtiradi. Matbuotning bu quyi bo'g'inida eng fidoyi insonlar ishlashadi. Ular arzimagan maosh olishsa-da, hech qachon biri ikki bo'lmasa-da, nolimaydi, butun umr chumoliday g'imirlab, ishlab yurishaveradi.

Tojdor virus karantini sharofati bilan salkam ikki oy uyda o'tirib qoldim. Bekorchilikdan uzzukun har xil saytlarni, ijtimoiy tarmoqlarni titaman. Elektron nashrlardagi hamkasblar gina qilmasinu bular jurnalistika emas. Faqat ko'chirho ko'chir! Shuning uchun ham ba'zi saytlarda tayyorlanayotgan yakkam-dukkam original narsalar yalt etib, ko'zga tashlanib qolayotir. Boshqa hammasi biri-biridan ko'chirish. Bu o'quvchini zeriktiradi. To'g'risi, umuman qiziqtirmaydi.

Qashqadaryo viloyat gazetasida ish boshlagan yillari men turadigan ishchi yotoqxonasida sochlari oqargan, yoshi elliklardan oshgan, qo'llari qadoq, ko'rinishidan ishchiga o'xshaydigan kishiga tez-tez yo'lakda, oshxonada duch kelib qolardim. Aksariyat yosh mutaxassislar, bo'ydoqlar yashaydigan omonat maskanda bu otaxon nima qilib yuribdi ekan-a, deb o'ylab qo'yardim.

– Siz ham anavi yozuvchilardanmisiz? – deya dabdurustdan so'rab qoldi u bir kuni kechqurun oshxonada uchrashib qolganimizda.

-– Kimni aytayapsiz. Men yozuvchi emasman. Gazetada ishlayman, xolos.

Shu bahona tanishib qoldik. Bilak muskullari o'ynab turadigan, polvonkelbat bu odam neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasida ekskavator mashinisti bo'lib ishlar, ko'ngli ochiq, ulfat kishi ekan.

Yangi tanishim – Do'stmurod aka bilan tez-tez suhbatlashib qolardik. Bir safar u kishidan ishchilar yotoqxonasida yashashi sababini so'radim.

U alam bilan kuldi. Keyin dedi:

– Mening hayotimni sizning hamkasblaringiz barbod qilishgan.

Do'stmurod akaning aytishicha, ayoli ham o'zi bilan birga ishlarkan. Hamma oilada bo'lganidek, gohi-gohida er-xotin o'rtasida kelishmovchiliklar ham bo'lib turarkan. Bir kuni odatdagi janjaldan so'ng xotini “Men senga ko'rsataman!” debdi-yu bir jurnalist ayolni yetaklab kelibdi. He yo'q, be yo'q, jurnalist xotini tarafida turib, Do'stmurod akani zolimlikda, ayoliga feodallarcha munosabatda ayblab, viloyat gazetasida felyeton e'lon qilibdi. Felyeton sabab sud bo'libdi. Sud hamma narsani – uy-joyni ham, farzandlarni ham xotiniga berib, Do'stmurod akani o'z uyidan haydab chiqaribdi. Shundan buyon ishchilar yotoqxonasida ekan.

Do'stmurod aka ko'ziga yosh olib, g'azab bilan qarg'adi:

– Meni qariganimda xor-zor, ovvorai sarson qilgan, oilamdan, bolalarimdan ajratgan sizning hovliqma, o'pkasini bosib ololmagan hamkasblaringizda alamim bor. Ko'rgani ko'zim yo'q. Iloyo, ularning ham boshiga mening kunimni solsin!

Bu voqea esimdan chiqib ketishi ham mumkin edi. Ammo yagona mafkura hukmron, xotin-qizlarning huquqlari nihoyatda baland bo'lgan tuzum matbuotida ishlagan inson sifatida guvoh bo'lganmanki, o'sha yillari mavzuga faqat ayollar manfaati yuzasidan yondashib, noxolis maqolalar yozgan, ne-ne oilalarni barbod qilgan ba'zi hamkasblarimizni Do'stmurod akaga o'xshagan erkaklarning qarg'ishi urdi. Ular ham yoshi bir joyga borganida oilasi buzilib, muammolar girdobida yolg'iz qolishdi…

Shundan buyon har safar qo'limga qalam olayotganimda o'ylayman: bu dunyoda gunohlar ko'p, ammo yolg'on yozish, noxolis, adolatsiz so'z aytish, vijdonga qarshi borish gunohi, so'zning uvoli ham og'ir ekan.

Abdujalol TAYPATOV,

O'zA bosh muharriri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =