Yo'llar, yo'ldoshlar…

“Kushay budi…”

 

Tabiat qo'riqchisi nomini olgan ekolog yozuvchi Dadaxon Nuriy bilan (Alloh rahmat qilgan bo'lsin!) do'st qadrdon edik. Tez-tez suhbatlashib, vohacha aytganda, hangamalashib turardik. U kishining latif davralardagi hikoya­lari favqulodda ajabtovurligi, kutilmagan “burilishlari”, latifanamo yakunlari bilan ajralib turardi. Ibrohim G'afurov: “Dadaxon gapni rosa ko'pirtiradi, ammo ishontiradi”, derdilar. Ishonib tinglagan hikoyalarimizdan bittasi quyidagicha.

Dadaxon akaning asli vodiylik, ammo o'qishdan so'ng Toshkentda yashab qolgan bir do's­ti bor ekan. Uning Temur ismli o'g'ilchasi bolalar bog'chasining rus guruhida tarbiyalanibdi, maktabda ham shu tilda o'qiy boshlabdi. O'qishga qiziqishi, fe'l-atvori, kirishimliligi joyida ekan-u, biroq o'zbek tilida gapira olmasligi ota-onani tashvishga solibdi. Ular bu to'g'rida Dadaxon akaga aytishgan ekan, yozuvchi akamiz: “Yozgi ta'tilda bizning bolalar doimo Namanganga ketishadi, bir-ikki oy qishloqda turib, meva-cheva, sut-qatiqqa to'yib, yuzlari oftobda pishib qaytishadi. Temurbekni ularga qo'shib jo'natsak, juda yaxshi bo'ladi, ham pishadi, ham o'zbekchani o'rganib qaytadi. Uyimizda o'rischa bitta so'z ham bilmaydigan kelinimiz bor, uning bolalari bilan birga o'ynaydi”, debdi.

Bu taklif Temurbekning ota-onasiga ma'qul kelib, yosh o'risvoyni Namanganga olib borib, qarindoshlarning sho'x-shodon, quvdi-qochdi bolalariga qo'shib kelishibdi. O'rischa bilmaydigan kelinga: “Mehmon bolaga o'zingiz yaxshilab tarbiya bering, odatlarimizni o'rgating, tushunsa-tushunmasa o'zbekchani qulog'iga quyavering”, deb tayinlashibdi.

Oradan uch-to'rt hafta   o'tgach, Dadaxon aka do'sti bilan bolalardan xabar olgani mashinada Namanganga − Dadaxon akaning jiyanlari turadigan hovliga borishibdi. Darvoza ochiq ekan, ichkariga kirishsa, toshkentlik mehmon bola tandirning ustiga minib olib, qo'lida xipchin, otchopti qilayotgan ekan. Shu payt ichkaridan o'rischa bilmaydigan kelinning ovozi eshitilibdi:

“Temurchik, idi sudi, kushay budi…”

 

Kim jinni?

 

Hangoma aytishda Anvar Obidjonga yetadigan hikoyachini uchratmaganman. Har bir voqeani tandirning jun qo'shilgan loyini pishitganday tepalab-rostlab, “tuz-namagi”ni tobiga keltirib aytardi. Bir-ikkitasini hurmatli kitobxonlarga ilingim keldi.

O'tgan asrning yetmishinchi yillari Olti­ariq bozoriga kiraverishdagi supachada bir savdoyi odam choqqina ko'rpacha ustida chordona qurib o'tirar   ekan-da, bozorga shoshilib kirib ketayotgan, bir nimani orqalab chiqib ketayotgan, biroz o'tib yana qaytib kelayotgan, yo'lakda aravachalari bir-biriga urinib ketib so'kinayotgan odamlarga qarab, miriqib kular ekan. Bolalar uni bir-birlariga: “Bu odam jinni, oldiga borma, jinni u”, deb ko'rsatishar ekan.

Shu “jinni” hammaning ustidan qotib-qotib kular ekan: “Yopiray,   odamlarga nima bo'ldi o'zi? Jinni-pinni bo'lganmi bular? Hoy, qayoqqa shoshasan? Bozor katta xolangning chorbog'imi? Aravangni chetga ol. Turtinma. Yo'ldan qoch. Yoningda bir miri yo'q, bozorda balo bormi senga? Anavi jinniga qaranglar – hozir bittasi burni yerga tekkudek bo'lib ko'tarib kirgandi shu sabil qopni. Sen qayoqqa olib ket­yapsan? Qo'y joyiga. Boshqa ish yo'qmi? Tavba, bittasi avrab-avrab sotadi, boshqasi laqqa tushib oladi. Vah-vah. Ertaga sen sotasan, u laqqa tushadi. Vah-vah. Hamma bir-birini aldaydi. Aldab charchamaydi. Bugun xursand, ertaga yutqizgan bedanavozday ichi o'tib ketadi. Ana tomosha-yu, mana tomosha. Hoy jinni, bo'yningni cho'zmay, kelib yonimda bir pas o'tir. Bozorning zo'ri sho'tta…”

Oradan qancha yil o'tib ketdi. Ammo qaerda, qachon yo'lim bozorga tushdi deguncha, darhol shu savdoyi odamni eslayman. Men uni ko'rmaganman, ammo u hozir ham qaerdadir, darvoza yonida chordona qurib o'tirib, qotib-qotib kulayotganday tuyuladi, “Hoy jinnilar” deyayotganday bo'ladi.

Uni boshqa kunlari, boshqa holatlarda ham eslab turaman.

Yana bir hikoya. Oltiariqda bir go'rkov bo'lgan ekan. Ishini bilib-bilib qilarkan, birovdan tili qisiq joyi yo'q ekan. Ammo bir odati…

Qaerda to'y bo'lsa, mehmonlardan sal avval kelib, bir o'zi dasturxonga o'tirib, hamma o'dag'aylab qarab tursa ham, parvo qilmay, shishani shartta ochib, bir nimalar deb, o'zi bilan o'zi urishtirib, noz-ne'matlarni paqqos tushirib, qolganini belbog'iga tugib o'rnidan turar ekan. Biror kishi “Hoy aka, dasturxonni o'pirvordingiz-ku…” degudek bo'lsa, unga mulo­yimgina qarab: “Mayli, yedik-ichdik, endi bizga ruxsat, boraylik, ish ko'p, ulgurish qiyin, biz tomonga o'ting, sizni kutaman-a”, der ekan.

Shu gapni eshitmaslik uchun go'rkovni hamma joyda ta'zim-tavoze bilan kuzatib, sal nariroqqa borganidan keyingina bir-birlariga qarab kulishar   ekan…

Bu hikoyani eshitgach, Anvarjonga, “Rostdan shunday edimi, to'qima emasmi”, deganday tikilib qaragandim, shoir fikrimni ilg'ab, hikoya­­ni yanada to'ldirdi: “Biz tomonlarda bir murdasho'y bo'lardi. Kimdir jig'iga tegsa, darhol hujumga o'tib, “Ho akasi, cho'milgingiz kepqoldimi, marhamat, men tayyorman”, der edi…”

Anvar Obidjon ko'p va xo'b yozdi. Ammo qanchadan-qancha hikoyalarni o'zi bilan birga olib ketdi.

 

Shikoyat

 

Katta idorada ishlayotgan kezlarim. Uzoqroq tumanda yashaydigan bir kishidan kunda-kunora shikoyat xati keladi. Mazmuni bir xil: “Meni hech kim eshitmaydi, majlisga chaqirmaydi, elga qo'shishmaydi, muammolarni hal qilish yo'llarini aytsam parvo qilishmaydi. Hammayoq rasvo, odamlar norizo. Menga esa yo'l yo'q. Chunki men boshqalarga o'xshab laganbardorlik qilmayman, haqiqatni gapiraman, lavozimiga qarab o'tirmayman. Borni bor, yo'qni yo'q deyman, ayblari ochilib qolishidan qo'rqib, meni doimo chetga surishadi. Qani adolat?..”

Idora xodimlari uning bunday mazmundagi xatlariga e'tibor bermay qo'yishgan ekan. Menda esa bu chin yoki soxta haqiqatparvar bilan tanishish, fikrlarini eshitish istagi tug'ildi. Xizmat safari bilan u yashaydigan tumanga borib, mas'ullardan so'radim. Hammalari boshlarini sarak-sarak qilib, “Muttaham bir odam, yomonlashdan boshqani bilmaydi, shikoyat ustiga shikoyat yozadi. Uchrashmaganingiz ma'qul, negaki, ertaga sizning ustingizdan ham yozishi mumkin”, deyishdi.

Bu gap mening unga bo'lgan qiziqishimni yanada orttirdi. Bir o'zim uchrashdim. Dastlab menga o'ta hadiksirab qaradi, guvohnomamni ko'rganidan keyin, sal o'ziga keldi. O'n yil tarix fanidan dars bergan, maktab ma'muriyati, tuman rahbarlari bilan kelisha olmay   (majlislarda tanqidiy gaplarni gapiravergani uchun) ishdan bo'shatilgan o'qituvchi ekan. Men unga shikoyat xatlarida ko'tarilgan muammolarni o'rganish, agar haq bo'lsa, yordam berish, ishiga tiklash uchun kelganimni aytdim. Nima gapirsa hammasini fikrini bo'lmay eshitdim, ba'zan-ba'zan aytayotganlarini ma'qullaganday, boshimni qimirlatib ham turdim. U bundan ilhomlanib, yanada jo'shdi. Muloqotimiz so'ngida unga: “Ertaga maktabda yig'ilish o'tkazamiz, rayon rahbarlari ham kelishadi. Men o'zim sizga so'z beraman. Hech kim gapingizni bo'lmaydi. Qancha xohlasangiz, shuncha gapirasiz. Bugun menga aytganlaringizni bitta qoldirmay aytasiz, yozib olamiz”, dedim.

Suhbatdoshim avvaliga xursand bo'ldi – yuzi yorishdi, ko'zlari chaqnab ketdi. “Umrimda birinchi marta so'zim bo'lingani yo'q. Shunisiga ham rahmat. Boraman, albatta boraman, hammasini aytib beraman”, dedi. Ammo zum o'tmay fikridan qaytdi. Ko'zlarimga tikilib, bir nimalarni uqqanday bo'ldimi, “Men sizga bor gapni aytib berdim-ku, shuning o'zi yetarli emasmi?”, dedi. – “Etarli emas, majlisda aytasiz, hamma eshitsin, xulosa chiqarsin, bunday imkoniyat bosh­­qa bo'lmasligi mumkin”, dedim.

Majlisga hamma yig'ildi, ammo shikoyatchi kelgani yo'q. Uyiga odam jo'natdik. Darvozani qulflab, qaergadir ketibdi.

Toshkentga qaytdim, katta idorada yana bir-ikki yil ishladim, ammo “haqiqatparvar” tanishimdan boshqa shikoyat kelmadi.

 

O'ng va chapning farqi

 

Muxbirlik, muharrirlik yillarim yurt kezib charchamaganman. Bormagan tumanim qolmagan hisob. Yo'l-cho'lda, dala-qirda yuz bergan voqealar, tasodifiy safardoshlar, kutilmagan hodisalar haqida “Yo'llar, yo'ldoshlar” deb turkum maqolalar yozganman. Odatim – safardoshlarga kasbimni aytmayman, oddiy odamlar bilan oddiy tilda suhbatlashib ketaveraman.

Bir gal Qo'yliqdan yo'lovchi mashinada Qo'qonga yo'lga chiqdim. Ikkita qassob yigit hamroh bo'lishdi. Puldor yigitlar ekan, orqa o'rindiqda ikkovlari bemalol ketadigan bo'lishdi. Haydovchi yigit: “Menga farqi yo'q, uch kishiga to'laysizlar”, degan edi, munozara bosh­landi. Maza-matrasiz gaplar aytildi, ancha vaqt turib qolganimizdan   keyin ikki yarim kishining puliga kelishib, yo'lga tushdik.

Kayfiyatim buzildi. Mendan o'n besh-yigirma yosh kichik yigitchalar. Qassobchilik qilishar ekan. Yo'l-yo'lakay bozordagi ishlaridan gaplashib ketishdi. Gaplashishgani mayli, ammo og'izlaridan behayo so'zlar chiqadi. Uncha-muncha so'kinish emas. Haydovchiga tez-tez: “Nega imillaysiz, nima, bu mashina emas, eshak aravami, yuring-da tezroq, kech qolsak, pulning yarmini beramiz”, deb bosim qilishadi. Shofyor qoidani buzishni xohlamaydi. Bunday holatda bir kor-hol yuz berishi hech gap emas.

Boshimga og'riq turdi. Mashinadan tushib qolishning iloji yo'q. Xayriyat, Dang'araga yetganimizda, yigitlar ovqatlanadigan bo'lishdi. Shofyor ikkimiz mashinada kutib turdik. Shu yerda bir fikr keldi-da menga. Bundaylarga ozroq ta'lim berish kerak emasmikin?

Qassoblar oshxonadan chiqib, mashinaning yoniga kelishganida men ulardan qancha yildan beri shu kasbda ishlashlarini so'radim. – “Bobomiz, otamizdan qolgan kasb”, deyishdi.

– Qo'y so'yganda qaysi joylarini kesib tashavorish kerak?, — dedim. Uch joyini aytishdi. Ikkita qo'shdim. Ma'qul bo'lishdi. Bu muvaffaqiyatdan ilhomlanib, yana “hujum”ga o'tdim.

– Qo'y, molning o'ng va chap sonlari go'shtida nima farq bor?

Qassoblar ko'p o'ylashdi, ammo   biror farqni ayta olishmadi.

Mashinaga o'tirib, yo'lda davom etdik. – “Farqi yo'q, bo'lsa, ayting”, deb turib olishdi. Bitta choyxona palovga shart qo'yib aytdim.

Qishlog'imizdagi qassoblardan biridan eshitganman: qo'y, mol yerga chap yonboshi bilan yotadi. Nam, zax, go'ng tanaga ta'sir ko'rsatadi. O'ng tomon esa quyoshda, oftobda toblanadi, go'sht yaxshi yetiladi. Shuning uchun…

Qassoblar “a-ahh” deb yutqizishganini tan olishdi. Ammo oshni nasiya qilib, bozorga yetganimizda xayr-ma'zur qilmay ham mashinadan jimgina tushib ketishdi.

Haydovchi yigitning xursand bo'lganini ko'rsangiz edi…

 

Ko'prik qaerda?

 

Yoshlar gazetasida ishlab yurgan kezlarim, ilg'or makkajo'xorikor ayol haqida ocherk yozish uchun Sariosiyo tumanidagi o'sha paytlari Kalinin nomli kolxoz deb ataladigan xo'jalikka borganman. Toshkentdan Dushanbegacha samolyotda uchdim, u yerdan yo'lovchi mashinada manzilga qarab yo'l oldik. Haydovchi yigit men boradigan xo'jalikni yaxshi bilar ekan, tuman markaziga emas, to'g'ri komsomol-yoshlar brigadasi dalasiga olib bordi. O'sha yerda yoshlar bilan uchrashib, kerakli ma'lumotlarni oldim, ishim bitdi hisob.

Tuman markaziga qaytaman, deb turganimda, havo aynib, yomg'ir shunaqangi quydiki, suv ariqlardan toshib, bir zumda dalaga sel keldi, torgina yasama ko'prikchani bir hamla bilan ko'tarib, oqizib ketdi. Yigitlardan biri bilan amal-taqal qilib, katta yo'lga chiqib oldik. Kiyimlarim shalabbo bo'lib ketgani uchun o'sha kuni uning uyida tunab qoldim.

Ertasiga tuman markaziga borib, tao­milga ko'ra rahbarlarga uchradim, maqsadimni aytdim (u yillarning talabi shunday edi), ammo bir kun oldin bo'lgan voqealar haqida bir nima demadim. Raykomdan ajratilgan vakil bilan dala kezib yurib, kecha selda qolgan joyimizga kelib qoldik. Mashinadan tushib, piyoda yura boshladik.

– “Ho'v pastroqda ko'prik bor, o'sha yerdan shiypon tomonga o'tib olamiz”, dedi hamrohim.

Shu yerda ishni buzib qo'ydim. Beixtiyor: “Kechagi sel ko'prikni oqizib ketgan” devoribman. Hamrohim menga hayron bo'lib qaradi, bir nima demoqchi bo'ldi, lekin hech nima demadi. Biroz yurganimizdan keyin ko'prikning bo'm-bo'sh o'rnini ko'rib, o'zini yo'qotib qo'yay dedi. Menga zimdan tikilib, “Siz o'zi shu yerlikmisiz?” deb so'radi. Aytdim. Ishonmadi.

Ocherk yozildi, gazetada chiqdi. Oradan bir yil o'tib, menga hamrohlik qilgan o'sha vakilni respublika yoshlari qurultoyida uchratib qoldim. Yaxshi lavozimga o'tibdi. So'rashdik. – “Hali ham vodiylikman, deb yuribsizmi?”, dedi kulimsirab. – Ha, shunday dedim. – Bekor aytibsiz. Siz – biz tomonning odami, qaerda ko'prik borligini bilasiz”, dedi-da, quchog'ini ochib, men bilan eski qadrdonlarday ko'risha ketdi.

Ahmadjon MELIBOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =