Jurnalist yon daftaridan

Xassos adibimiz Abdulla Qahhor yosh yozuvchilarning seminarida so'zlagan nutqida xotira ya'ni, yon daftar tutishning muhim ahamiyati haqida gapirib: “Bu daftarga faqat mushohadalargina emas voqealar, manzaralar, fikrlar, so'zlar, iboralar ham yozilishi mumkin. Chexov hatto ismlarni ham yozgan”, deya so'z aytganlar. Sevimli adibimizning “Yon daftari”ni o'qir ekanmiz tesha tegmagan iboralar, ibratli hikoyalarni o'qib maza qilamiz. O'zbekiston Xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asari bugungi kunda eng ko'p o'qiladigan asarlar qatoridan joy oldi.

Jurnalist qavmi garchand kundalik qora mehnat bilan band bo'lsa-da, safarlari mobaynida quloqqa chalingan qiziq-qiziq voqealarni yon daftariga yozib borsa, o'qishli materiallar dunyoga kelar ekan. Kamina muntazam ravishda yon daftar tutmasam-da, odamlardan eshitgan ibratli naqllarni oq qog'oz yuziga muhrlab qo'yaman. Yaqinda yon daftarimni varaqlab odamlardan yozib olgan muxtasar hikoyat, rivoyat va hayotiy hangomalarni o'qib, yana bir karra mutaassir bo'ldim. Quyida ulardan ayrimlari.

 

BIROVNING HAQI

Bundan bir necha yil muqaddam Mirza­obod tumanidagi 21-umumiy o'rta ta'lim maktabi jismoniy tarbiya fani o'qituvchisi Tohir Muhamedov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi. Tahririyat topshirig'i bilan nishondor ustoz haqida material tayyorlashga bordim. Suhbat asno ajdodlarimizning halol hayot kechirganligi, uning sabablari haqida qizg'in suhbat ketdi. Shunda Tohirjon bobosining boshidan kechirgan ibratli bir voqeani so'zlab berdi.

—Dunyoda o'zbek xalqiday beozor, rahmdil, bag'rikeng xalq bo'lmasa kerak. Ikkinchi jahon urushidan keyingi og'ir yillar. Odamlarning qursog'i nonga to'ymaydi. Ko'zlar och. Qachon qornimiz nonga to'yarkan, deya orzulaganlar ming-mingta.

Keksayu yosh g'allaga o'roq tushishini intizorlik bilan kutishadi. Chunki g'allasi o'rib ketilgan maydonlarga odamlar bola-chaqasi bilan mashoq terishga chiqadi. Mashoq deganlari o'rimdan keyin yerga to'kilib qolgan don-dunni bittalab terishga aytiladi. Mashoqchining ishi ham juda og'ir, mayda ish. Biroq nailoj, yashash uchun kurashish kerak.

Kunlardan bir kuni bug'doyi o'rilgan dalaga mashoq terishga chiqqan bobomning ko'zi yumronqoziqning iniga tushibdi. Hoynahoy bu jonivor qishga yegulik g'amlagan bo'lsa kerak, deb yumronning inini qaziy boshlabdi. Bobomning taxmini to'g'ri chiqibdi. Yumronqoziqning inida 4 kilocha bug'doy uyulganini ko'ribdi. Uni xaltasiga solib olmoqchi bo'lganida yumronqoziqning hali ko'zi ochilmagan bolalariga ro'baro' kelibdi. Bechoraning bolalari o'lib qolmasin, uvoli tutadi, bizga Yaratgan Egam rizqimizni berar, deya yumronqoziqning inidagi g'allani olmay uyga qaytibdi.

 

NEMIS O'ZBEK EMAS

Bu voqea haqida 2010 yilda viloyat pedagog kadr­larni qayta tayyorlash va malakasini oshirish istituti katta o'qituvchisi Bahriniso Atayeva ham kulib, ham kuyinib hikoya qilib bergandi.

─ 2009 yil bir guruh o'zbekistonlik o'qituvchilar Germaniyaga malaka oshirishga bordik. Saboqlar ko'ngildagidek o'tdi. Ayniqsa, nemislarning vaqtning qadriga yetishiga qoyil qoldik. Har bir ma'ruza belgilangan vaqtda poyoniga yetadi. Bizdagidek ezma churuqlik yo'q. (Ikkinchi jahon urushini Germaniya mag'lublar safida yakunlagan bo'lsa-da, bugungi kunda dunyoning eng rivojlangan 7 ta davlati qatoriga kirishida ham mana shu tartib-intizom asosiy rol o'ynagan bo'lsa ne ajab!)

Saboqlar yakunlanib, mezbonlar bizni Berlin bo'ylab Shpree daryosida katerda sayr etishga chorladi. Aytilgan kun va aytilgan soatda kater poytaxtni olmos kamardek kesib o'tgan daryoda yengil suza boshladi. Baxtga qarshi Xalq ta'limi vazirligi vakili va ikki qoraqalpog'istonlik o'qituvchi belgilangan vaqtda hozir bo'lolmay sayru tomoshadan qolib ketdi. Tiniq suvli daryoda emin-erkin suzib Berlinni obdon tomosha qildik. Qarorgohimizga bir olam taassurotlar bilan   qaytgach, vazirligimiz vakili tarjimonimizga o'shqira ketdi:

─ Bizning salgina kechikkanimizni tushuntirib aytsang, tilingga tirsak chiqarmidi? Seni deb sayo­hatdan qolib o'tiribmiz-a! ─ dedi gezarganicha.

Tarjimonimiz bosiqlik bilan:

─ Aka, bular o'zbek emas, Germaniya. Bularda olmoncha hisob-kitob bor. Har bir daqiqaning qad­riga yetishadi.

Tarjimonning bu gaplaridan keyin vazirlik mas'ulining dami ichiga tushib ketdi. Kamina bu hikoyani eshitib rosa ta'sirlangan edim.

Muhammadali AHMAD,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim mudiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 2 =