Tilla samovar
O'tgan asrning saksoninchi yili Moskvada Yozgi olimpiada o'yinlari bo'lib o'tdi. Katta sport bayrami tayyorgarligi nihoyasiga yetay deb qolganida yoshlar gazetasining muxbiri sifatida Moskvaga otlandim. Menga olimpiadachilar shaharchasidan turkum reportajlar yozish topshirilgan edi.
Mehmonxonaga joylashib, har kuni musobaqalar o'tkaziladigan sport inshootlaridan birini borib ko'raman, yon daftarimga turli raqamlarni yozib olaman. Kechqurun ularni maqola shaklida qog'ozga tushiraman.
Bir kuni yozganlarimni Toshkentga jo'natish uchun taksi yollab, Domodedovo aeroportiga bordim. U yerda birorta hamshahardan maqolalarni tahririyatga berib yubormoqchi bo'ldim. (Axir u paytlar hozirgidek internet imkoniyatlari qayda deysiz!)
Ertalabdan maydalab yog'ayotgan yomg'ir biz yo'lga tushishimiz bilan jadallashdi. Bu shaharda ancha yil yashab, ilm bilan shug'ullangan bir tanishim “Moskvaning yomg'iri yurak-bag'ringni ezib yuboradi”, deganida, to'g'risi, hayron bo'lgan edim. Mana, shu holatga o'zim tushib turibman. Mashina ichida o'tirsang ham, yomg'ir ichingga yog'ayotganday bo'ladi. Quyoshni qo'msab zerikib ketasan, vaqt imillab o'tadi, buning ustiga, ishtahang zabtiga oladi.
Haydovchi yigitning ismi Vitaliy, Toshkent yaqinidagi Yangiobod posyolkasida tug'ilib, shu yerda o'rta maktabni tugatgach, ota-onasi bilan Moskvaga ko'chib ketishgan ekan. U mendan qachon uchishimni so'radi. Men: “Yo'q, uchmayman, Toshkentga xat berib yubormoqchiman”, dedim. Bu gapim unga ma'qul keldi, shekilli:
— Hamshahar, shoshilmayotgan bo'lsang, iltimos, bir joyga birrov kirib chiqmoqchiman, qo'rqma, mashinani senga ishonib qoldiraman, o'tirib turasan, tez chiqaman, — dedi. Gapimiz qovushib qolgani uchun rozi bo'la qoldim.
Mashina katta yo'ldan burilib, sershovqin ko'prik ostidan o'tdi, keyin chog'roq, anchagina qarovsiz yo'lga chiqib, ancha yurdi. Bir joyda to'xtab, haydovchi yo'l yoqasidagi magazindan bir nimalarni xarid qilib chiqdi. Men unga angrayibroq qaragan edim, u miyig'ida kulib dedi:
— Qo'rqma, dedim-ku, hamshahar, onam kasalxonaga tushib qoldi. Ko'ramanu chiqaman, xatingni Toshkentga albatta jo'natamiz. Qovun jo'natishlarini yozgan bo'lsang, oxiriga qo'shib qo'y: menga ham bitta yuborishsin, anchadan beri yeganim yo'q…
Bu gapdan keyin oramizdagi devor ko'tarilib, eski qadrdonlarday bo'lib ketdik. Katta yo'lga chiqishimizga oz qolganida Vitaliy uf tortganday bo'ldi-yu mashinani sekinlatdi. Men unga ajablanib qaradim.
— Jurnalist bo'lsang ham, juda ehtiyotkor ekansan sen bola, — dedi u. — Menga bunday qaraguncha, huv to'qqiz qavatli binoni ko'ryapsanmi, o'sha binoning beshinchi qavatiga qara. Yaxshiroq qaragin-a, huv ana, balkoniga bolalarning ishtonchalarini ilib qo'yishibdi. Xuddi ko'rgazma qilayotganday osishadi-ya! Ko'ryapsanmi?
Men Vitaliy qo'li bilan ko'rsatayotgan tomonga qaradim, ammo qaysi balkonga qarashni bilmay qoldim. Ishtonchalar deyarli hamma balkonlarda ko'zga tashlanar edi-da. Vitaliyning hikoyasi shu yerda boshlandi va Domodedovo aeroportiga yetgunimizcha davom etdi.
— Eh, yigirma yildan beri haydovchilik qilaman. Bu yapasqi bosh nimalarga guvoh bo'lmadi, deysan. O'g'risini ham, to'g'risini ham ko'rdim. Ministr, deputat, xalq artisti, prokuror, qo'ying-chi, kosmonavtdan boshqa hammasining xizmatini qildim. Rasul Gamzatov degan shoirni aeroportga olib chiqib qo'ysam, bir siqim pul bersa bo'ladimi? Oshiqchasini qaytarmoqchi bo'lgandim, o'zi ham shoirlarning zo'ri ekan, “Sen bola meni kim deb o'ylayapsan? Senga shuncha pulni qo'lingga tutqazadigan boshqa Gamzatov bu dunyoda yo'q, bildingmi? Cho'ntagingga solgin-da, uyingga ravona bo'l, kelinni bir xursand qil bugun”, deb tanbeh berdi. Bunaqasini sira uchratmaganman.
Bitta ayol mashinaning o'zida farzand ko'rdi, doyalik qildim. Bittasi biqinimga pichoq tirab, bor pulimni shilib ketdi. Muttahamlar ham uchrab turadi. Kechqurun aroq so'rashadi. Bitta senga o'xshagan hamshaharim samolyotga kech qolay degan ekan, vizillatib Domodedovoga oborib qo'ydim. Eh, so'tak, meni maqtab, ishxonamga rahmatnoma yozibdi. Nima debdi degin: “Haydovchining mahoratiga qoyil qoldim, u mashinani mingga qo'yib, meni yarim soatga qoldirmay aeroportga yetkazdi, sal bo'lmasa, samolyotdan qolib ketardim. U mukofotga munosib…”.
“Mingga qo'yib mashina haydaydigan senmisan hali?” deya sal qoldi ishdan bo'shatib yuborishlariga. Ikki oy garajda remontchilarga qarashib, moyga bulanib, zo'rg'a qutuldim. Yana sen ham…
Shu yerda uni to'xtatdim.
— Beshinchi qavatdagi uyning balkoniga nega qarashim kerak edi?
— Darvoqe, sen hali hech baloni tushunmading. Qachon shu ko'chadan o'tsam, shu balkonga ko'zim tushdi deguncha, mazam qochadi. O'zimni o'zim koyib ketaman. Bilasanmi, nima bo'lgan o'zi?
…O'shanda ham yomg'ir hozirgiday ezib shivalayotgandi. Ikkita talaba qizni yotoqxonaga olib borib qo'yib, shu yo'ldan bir o'zim qaytayotgan edim, yo'l yoqasida turgan bitta kampirsho qo'l ko'tarib qoldi. To'xtadim. “O'g'lim, shu yerda turaman, bitta eski samovarim bor, lombardga qo'ymoqchiman. Bobomdan qolgan yodgorlik, ammo pul kerak. Shunga yordamlashvor”, dedi. Xo'p deb, kampirni mashinaga o'tqazib, to'qqiz qavatli binoning tagigacha bordik. Beshinchi qavatda turar ekan, hayotidan nolib, bir nimalarni tinimsiz gapiradi. Uyga kirdik. Samovarni ko'tarib ko'rib, “uh” devordim-da. Ko'rinishi juda chiroyli, ammo zil-zambil. Ichiga temir-tersak solib qo'yishganmi, deysan. Bir amallab tashqariga olib chiqdik. Mashinani yurgizganimda, kampirsho taklif qilib qoldi:
— O'g'lim, ko'rib turibsan, noyob narsa. Yigirma besh so'm berib, o'zingga olaqolsang-chi?
— E, kampirsho, nimalar deyapsiz o'zi, yigirma besh so'm emish, almisoqdan qolgan narsalarga qiziqmayman, — debman men kallavaram.
Xullas, lombardga yetib keldik. O'zi ham shum kampir ekan, samovarni ko'tarib ichkariga olib kirib bersam:
— O'g'lim, sen ko'chada kutib tur, men buni topshirib, pulini olamanu chiqaman, biryo'la uyimga oborib qo'yasan, — deb qoldi. Yonida bir so'm ham puli yo'q ekan-da.
Noiloj ko'chada kutib turdim. O'n minut, yigirma minut, yarim soat o'tdi hamki, kampir chiqmadi. Ketvoray desam, yo'l haqini olmaganman. Yana biroz kutdim-da, ichkariga kirdim. Kampir yo'q. Ammo hamma bezovta. Xodimlardan biri militsiyaga, ikkinchisi “Tez yordam”ga qo'ng'iroq qilishmoqda. Ko'rinishidan organ xodimlarini eslatuvchi ikki kishi atrofga olazarak qarab turishibdi.
Men soddasi tushmagur, shulardan kampirni so'rabman. “Bitta kampirshoni olib keluvdim, samovarini topshirmoqchi edi”, deyishimni bilaman, qo'limni orqaga qayirib, bitta xonaga olib kirib ketishdi. Ichkarida kampir hushdan ketib, divanda cho'zilib yotibdi, ikkita ayol, biri qo'yib, ikkinchisi tepasida yelpib turishibdi.
— Nima gap o'zi, tinchlikmi? — hayron bo'lib so'radim notanish odamlardan. Ulardan biri menga istehzoli qarab:
— Nima bo'lganini bizga sen tushuntirib berasan, o'rtoq haydovchi, — deydi.
Bu gapni eshitib, badanimdan sovuq ter chiqib ketdi.
Gapning qisqasi, kampirning samovarini qabul qilish uchun tekshirib ko'rishsa, tarkibida 23 kilogramm 260 gramm sof tilla bor ekan! Eshityapsanmi, hamyurt, 23 kilogramm 260 gramm!
Meni avvaliga rosa ijikilab so'roq qilishdi, tushuntirish xati yozdirib olishdi. Keyin alohida tilxat ham yozdim: “Hech qanaqa kampirni, hech qanaqa samovarni ko'rganim yo'q, umuman, bu ko'chalardan o'tmadim, lombard qaerdaligini bilmayman ham”.
Bilsang, bu bilan ham qutulmadim. Har oyda kamida bir marta ishxonamga kelishadi, biror kishiga gullab qo'ygan-qo'ymaganimni so'rashadi.
Mana shunaqa gaplar, og'ayni. Qachon shu ko'chaga yo'lim tushsa, beshinchi qavatga qarayman-u, o'zimga o'zim: “Eh, kallavaram”, deb qo'yaman…
Vitaliyning hikoyasiga qiziqib ketib, aeroportga yetib kelganimizni ham sezmay qoldim.
— Birodar, agar kutib tursang, xatni birortasiga beraman-u qaytib chiqaman, mehmonxonaga tashlab qo'ysang, bitta quling o'rgilsin qovunim bor, senga sovg'a qilaman, — dedim.
Haydovchi rozi bo'ldi. Ammo men ichkarida biroz hayallab qoldim. Tashqariga chiqsam, u allaqachon ketib bo'lgan ekan…
Ahmadjon MELIBOYEV
