Muammo bor, gap yechimini topishda
Jamiyatimiz rivojida muhim o'rin tutadigan ommaviy axborot vositalari, ularda mehnat qilayotgan ko'p ming sonli jurnalistlarning bugungi faoliyati, serqirra ijodlari haqida qancha gapirsak, yozsak, fikr bildirsak shuncha kam. Chunki bu mashaqqatli mehnat sohiblarining zimmalaridagi mas'uliyatlari, sharafli kasblariga mas'ulliklari, hech bir mubolag'asiz aytish mumkin, shifokor yoki pedagoglarnikidan qolishmaydi.
Keyingi paytlarda mamlakatimizdagi mavjud jurnalistika fakultetlari mutasaddilari tomonidan mamlakatimiz OAVlari uchun yetuk jurnalist kadrlar tayyorlash, ularning o'qishlari, amaliyotlari bilan bog'liq muammolar xususida muhokama qilish, amaliy xulosa chiqarishga oid turli anjuman, yig'inlar o'tkazilayapti.
Bugun shiddat bilan kechayotgan globallashuv jarayonlari ijtimoiy hayotimizdagi eng mas'uliyatli sohalardan biri bo'lgan jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalarga ham o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmadi. Ochig'ini aytish kerak, bugungi jurnalistika va jurnalistik ta'limning mazmun-mohiyati bundan 8-10 yil oldingisidan tubdan farq qiladi. Keyingi yillarda istilohimizga internet jurnalistikasi, onlayn jurnalistika, data jurnalistika, trevel jurnalistika, brend jurnalistika, digitalizatsiya, konvergensiya singari yangi atamalar kirib keldiki, ularning har biri ko'rinishi, o'rni, ahamiyati, o'ziga xosligi bilan alohida mazmun-mohiyat kasb etadi.
Bugungi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning jurnalistikadagi ana shu yangi yo'nalishlarni chuqur his qilgan holda ijodlariga atroflicha tatbiq qilishlariga to'g'ri kelayotgan bo'lsa, maqsadi soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo'lgan oliy ta'lim muassasalaridagi jurnalistika fakultetlari olimlari — ustozlar ham yangi, jo'shqin hayot — ijod olamiga endi kirib kelayotgan shogirdlariga yangi tamoyillar, yangicha shakl, yangicha mazmun, yangicha ko'rinish, yangicha ruhda saboq berishlari talab etiladi.
Davr yangilanayapti, ammo bo'lajak jurnalist-talabalar hali-hanuz bundan 10-12 yil ilgari bosilib chiqqan o'quv qo'llanma, darsliklardan yoki yaqin xorijda nashr etilgan kitoblardan foydalanib kelishayapti. To'g'ri, ikki, uch yil deganda, soha olimlari yoki amaliyotchilarning bitta yoki ikkita o'quv qo'llanmalari chop etilib turibdi, ammo kundalik hayotimizning har daqiqasi yangiliklardan iborat bo'lib turgan bir paytda, bitta yoki ikkita qo'llanma ilmga chanqoq yoshlarimizning talabini to'liq qoplay ololmaydi. Istaymizmi, yo'qmi ana shu omillar bo'lajak jurnalistlarning hayotdan, davrdan, qolaversa, ijoddan ortda qolishlariga sabab bo'ladi.
To'g'ri, bugun dunyo miqyosida ommaviy kommunikatsiya, texnika, texnologiyalar tez sur'atlar bilan rivojlanib borayapti. Masalan, global tarmoq — internet sahifalaridan istagancha ma'lumotlar, shuningdek, jurnalistikaga oid tegishli materiallar olish, ulardan unumli foydalanish mumkin. Bunga zamonaviy yoshlarimizning ko'nikma, malakalari ham yetarli. Ammo aksariyat yoshlar ana shu olingan ma'lumot, materiallardan amalda to'liq holda foydalana olayaptimi? Albatta, yo'q! Chunki ijtimoiy tarmoq bir bor ko'z yugurtiriladigan narsa, davriy nashrlar esa yillar mobaynida saqlab qo'yiladigan tarix. Bundan tashqari, internetdan foydalanishda ayrim yoshlarga yangi kommunikatsion texnikalarni to'liq o'zlashtira olmaganliklari yoki chet tilini bilmasliklari pand beradi.
Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz kelajagi uchun jurnalist kadrlar tayyorlashdek mas'uliyatli vazifalar haqidagi chiqishlar o'rganilganda, turlicha, bir-biriga o'xshamaydigan fikrlar bildirilayotganligining guvohi bo'lish mumkin. Bu tabiiy hol, chunki ma'lum bir muammo borasida fikrlar xilma-xilligining bo'lishi, o'sha jamiyatdagi demokratiyaning belgisi hisoblanadi.
Ba'zi mualliflar jurnalistik ta'limda ko'proq amaliyot bo'lishini ta'kidlaydilar (Ahmadjon Meliboyev. “Matbuotimiz kelajagi kimlarga va nimalarga bog'liq?” “Hurriyat”, 2021 yil 17 fevral. Islom Asilbekov. “Matbuotda ochiqlik va so'z erkinligi” “Hurriyat”, 2021 yil 3 mart). Birinchi maqola muallifi talabalarning o'qishi davomida nazariy bilimlarga ko'proq urg'u berilayotgani, joriy, oraliq, yakuniy nazoratlar savollari quruq nazariyadan iborat bo'lib qolayotgani, bunday savollarga javob yozishda talabaning shaxsiy fikri yo'qligi haqida kuyunchaklik bilan yozadi. Shuningdek, maqolada yetuk jurnalistlar tayyorlash borasidagi tavsiyalar ham berilgan. Ulardan ba'zilarini misol sifatida keltirib o'tamiz:
“fakultetga qabul qilishda ijodkorlikka moyil, qo'lida qalami bor, matbuotda xat-xabarlari bilan ko'rinib turadigan yoshlarga alohida e'tibor berish kerak;
ilmiy-pedagogik jamoani tajribali amaliyotchilar bilan boyitish hisobiga yangi qon-tomirlari paydo qilish kerak;
ortiqcha takror va zarur bo'lmagan fanlarni qisqartirishni taklif qilaman. Jurnalistikada asosan jurnalistika o'qitilishi kerak;
o'quv jarayoni o'ttiz foiz nazariya, yetmish foiz amaliyotdan iborat bo'lsa yaxshi;
oraliq, joriy va yakuniy nazorat ishlari savollarida erkin ijodiy mavzular ko'payishi kerak” va hokazo.
To'g'ri, maqolada jo'yali takliflar bildirilgan. Aytish kerakki, keyingi yillarda jurnalistlar tayyorlaydigan fakultetlarda yuqorida aytilganlarga baholi qudrat amal qilinmoqda. Nazariy bilimlarga kelsak, maqola muallifi qisman haq, O'zbekistonda jurnalistika nazariyasi amaliyotdan ancha orqada qolgani ham bor gap. Nazariya orqada qoldi, endi nima qilamiz, degan bilan ish bitmaydi yoki biron-bir muammoimizni birov chetdan kelib, hal qilib bermaydi. Jahon tajribalaridan ham bilib olish mumkin, jurnalistika nazariyasini atroflicha o'rganish bo'lajak jurnalist uchun juda kerak.
Qolaversa, oliy o'quv yurtlari qoshida bekorga jurnalistika fakultetlari faoliyat yuritmayapti. Talaba dastlab oliy ta'lim dargohida o'zida nazariy bilimlarni singdirib, keyin olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etadi. Talaba jurnalistika tarixini bilmasa, janrlarni bir-biridan ajrata olmasa, ijtimoiy fanlarni o'rgangan holda bilimi, saviyasi, dunyoqarashi oshmasa, dastlabki yozish, eshittirish, ko'rsatuv ko'nikmalarini o'zi o'qiydigan dargohda olmasa, undan kelajakda qanday bilimli, qobiliyatli jurnalist chiqsin?
Ustoz ko'rmagan shogirdning har maqomda yo'rg'alashiga har kuni guvoh bo'lib turibmiz. Jurnalistika haqida tasavvuri ham yo'q, soha bo'yicha biron-bir malakaga ega bo'lmagan, o'zini jurnalist deb chog'lab yurgan, oqibatda “qovun tushirib” yurgan ba'zi blogerlarning ishi, qilmishlari ijtimoiy tarmoqlarda o'z aksini topayotganligidan ko'pchilik xabardor. Baribir, o'qigan yaxshi.
Hozirda oldimizda turgan asosiy maqsad — nazariy bilimlarni yangi, zamonaviy, bugungi kunning talablariga javob beradigan darajaga olib chiqish. Bu borada xorij tajribasidan ulgi olish kerak bo'ladi, ular jurnalistika nazariyasi, shuningdek, amaliyoti bo'yicha ham ancha ilgarilab ketishgan. Ochig'ini aytganda, respublikamiz oliy o'quv yurtlari qoshidagi jurnalist kadrlar tayyorlaydigan fakultetlar mutaxassislari ham vaziyatga befarq bo'lib, qo'l qovushtirib o'tirishgani yo'q. Yangi yo'nalishlar bo'yicha izlanishlar olib borilayapti, vaqti-vaqti bilan malakalarini oshirishayapti.
Ko'pchilikka ma'lum bo'lsa kerak, yangi o'quv yilidan respublikamizdagi aksariyat oliy o'quv yurtlari ta'limning kredit – modul tizimiga o'tdi. Jurnalist kadrlar tayyorlaydigan o'quv muassasalarida ham hozirda bilim berish, o'qitish ana shu tizim asosida olib borilayapti. Bu tizimning ma'qulligi – ilgari bir semestrda 10-12 ta fan o'tilib, talabaga ko'z ochirgani, atrofga qaragani imkon bermagan bo'lsa, yangi tizimda bor-yo'g'i 5 yoki 6 ta asosiy fanlardan saboq berilmoqda. Eng muhimi, talabaning o'quv fanlariga mustaqil tayyorgarlik ko'rishi uchun ko'p vaqt ajratilgani yaxshi bo'ldi. Ba'zi oliy o'quv yurtlarida hatto besh kunlik o'qishga o'tildi. Endi talaba bilimini yanada oshirishi uchun yaratib berilgan ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanishi kerak. Kredit – modul tizimining yana bir yaxshi tomoni – o'quv jarayonida talaba bilim olishi borasida ancha jiddiy talablar qo'yiladi, shuningdek, har bir o'quv semestri davomida ularga saboq berayotgan professor-o'qituvchilarning ham saragi sarakka, puchagi puchakka ajratiladi. Talaba bilimi qoniqtirmaydigan, bugungi kunning talablari asosida dars o'ta olmaydigan o'qituvchini rad etib, zamonaviy tarzda bilim beradigan ustoz, professorni tanlashga haqli.
Bundan tashqari, kelajakda jurnalist bo'lishga ahd qilgan, ne-ne orzu-umidlar bilan o'qishga kirib, o'quv dargohlarida saboq olayotgan yoshlarga bir necha tilni biladigan, hatto xorijda ishlab, malaka oshirib kelgan o'qituvchilar saboq berayotgani va ularning safi kengayayotganidan mamnun bo'lishimiz kerak hamda jurnalistika fakultetlarida bu juda muhim jarayonning izchillik bilan davom ettirilishini istardik.
“Matbuotda ochiqlik va so'z erkinligi” sarlavhasi ostida bosilgan maqolada ham hozirgi gazetalarning ahvoli, “majburiy obuna” bilan bog'liq muammolar ko'tarilgan. Maqoladagi taniqli jurnalistlar, soha mutaxassislarining bildirgan fikrlari tahlildan o'tkazilsa, gap yana mamlakatimiz OAVning bugungi ahvoli, ular bilan bog'liq masalalar, shuningdek, jurnalist mahorati masalasiga borib taqaladi. Iborali qilib aytganda, maqolani diqqat bilan o'qigan ziyrak o'quvchining kaltakning bir uchi malakali jurnalist kadrlar tayyorlashdagi kemtikliklarni “silab o'tganligi”ni sezishi qiyin kechmaydi.
Endi talabalarning zamonaviy ta'limdan xabardorligi, yangi o'quv qo'llanma, darsliklar bilan ta'minlanganligi xususida. Bu borada sezilarli ishlar olib borilayapti. Masalan, keyingi 2-3 yil ichida O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O'zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq davlat universitetida jurnalistikaning zamonaviy, yangi yo'nalishlari bo'yicha jiddiy izlanishlar olib borildi. Bunga himoya qilingan yangi dissertatsiya ishlari, talabalar va tadqiqotchilar uchun monografiya, o'quv qo'llanma, darsliklarning yangi avlodi yaratilayotganini aytib o'tish joiz.
Yusuf HAMDAMOV,
O'zbekiston Milliy universiteti
jurnalistika fakulteti dotsenti