Esiz umr, chang bosgan diplom…

Rostan ham juda shinavanda xalqmizda. “Bir ko'rishgan tanish, ikki ko'rishgan bilish” deb tanigan-tanimagan odam bilan qadrdon bo'lib olamiz.

 

Gazetada navbatchi edim. Tun yarmidan oshganda navbatchilikni topshirdim. Uygacha kirakash mashinada yetib oldim. Ko'cha bo'yida oshxona bor, biroz tamaddi qilish fikri tug'ildi. Oshxonaga kirdim. Xuddi kun bo'yi bor-budini berib ishlagan odamdek xorg'inman. Bir ahvolda stolga cho'kdim. Shu payt mahalla dehqon bozoriga savdo-sotiq uchun kelgan   sotuvchilarning gurungi eshitildi.

Yuzi quyosh taftidan qizarib, bo'yniga mayda qizil toshmalar toshgan, soch-soqoli ancha vaqtdan buyon olinmagan, havoning issiqligidan ko'ylagining tugmalari ko'ksidan pastrog'igacha ochiq, yelkasiga durra tashlagan, qorin qo'ygan semiz bir kishi menga boshdan-oyoq tikilib, formamdagi yozuvlarni o'qishga urindi. Uni ko'rib miyig'ida kulib qo'yganimni sezdi shekilli, egilgan qaddini tiklab, bir tomoq qirib oldi-da: “qaerda ishlaysiz komandir”, deb so'radi. Talabaman, harbiy jurnalistikada o'qiyman degandim, qoshini tepaga ko'targancha, “e ha-a-a”, deya og'zini ochib hamuza tortdi.

Oradan o'tgan qisqa sukunatdan so'ng yana gap boshladi:

— Men ham Samarqandda arxitekturada o'qiganman.

— Oliy ma'lumotlimisiz?..

— Ha, arxitektorman. Biroz ishladim. Keyin maoshi kamligi uchun… Yaqinda bir tanishim Toshkentdagi qurilishga ishga taklif qildi. Yetti million oylik berarmish deb. Yelkasidagi durrani olib bir aylantirdiyu boshqa yelkasiga tashladi.

— Yaxshi ekan-ku, rozi bo'lavermadingizmi?

— Bozorda kartoshka sotib, kuniga 300-400 ming so'm topaman. O'zimga xon, o'zimga bekman. Xohlagan vaqtim ishlayman, xohlagan vaqtim dam olaman. Oylikka yashab bo'ladimi? Yetti million ham pulmi?

Uning bu gapini eshitib, og'zim ochilib qoldi. Bugungi kunda bozordagi narx-navoni hisobga olsam, yetti million so'mni bu kartoshkafurush nima uchun nazariga ilmayotganini tushungandek bo'ldim. Xullas, bora-bora bu odamning qanday yo'l bilan bo'lmasin pul topishning harakatini qilish kerakligi to'g'risidagi so'zlarini tinglab, yuziga qaragim ham kelmay qoldi.

Shu payt, inson tafakkuri bilan bosh­­qa mavjudodlardan farq qiladi. Mana shu tafakkurni shakllantirish o'rniga faqat cho'ntagimizni, qornimizni o'ylaydigan bo'lsak, bora-bora hayvonot dunyosidan farq qilmas darajaga borib qolmaymizmi, degan o'y kechdi miyamda.

Bilaman, qishlog'imda shunday odamlar borki, maktabdan boshqa joyda o'qimagan bo'lsa-da, kitobga o'ch, ko'rib havas qilasiz. Manaman degan ziyolilardan ham ko'proq kitob o'qigan. Ulardan noodatiy fikrlar chiqadi, har birini alohida maqola qilsa arziydi. Biri oddiy cho'pon, biri suvoqchi.

Har gal vodiyga borganimda ataylab: sizlarga kitob o'qish nima uchun kerak? Birov bir nimani bilasanmi, deb so'ramasa, deyman. “Mutolaa hammaning o'z ishi. Buning zavqini kitobga beparvo odamga uqtirib bo'lmaydi. Yaratganning o'zi o'qi, deb buyurib qo'ygan bo'lsa… Qolaversa, odam ekanimizni eslatib turuvchi kitoblarni qanday o'qimay bo'ladi?” — deyishadi.

Dunyoqarashlari keng, bilimlari yetarli, ammo vaqtida oliygohga kirmaganliklariga afsuslanishadi. Eshitishimcha, ular: faqat qorinning g'amida yurmay, o'qinglar, ozgina harakat qilsang oliygohga kirasan. Men albatta farzandlarimni o'qitaman. Sizlar ham o'qinglar, deb o'tgan-ketgan bolalarga maslahat qilishar ekan.

Yuqoridagidek “ishbilarmon”lar esa o'qish istagida yurgan iqtidorli o'g'il-qizlarini ham ishtiyoqini so'ndirib, o'zlaridek olib-sotar bo'lishga o'rgatishi tabiiy.

Chindan ham hali bu kabi ovi yurishmagan odamlarga ko'p uchrasam kerak. Yuqoridagidek “aqlli” gaplarini avval ham eshitganim bor: bir novvoyxonada jurnalistikani tamomlab, novvoylik qilayotgan akamizni uchratib qolgandim. U o'sha payt “hayot saboqlari”dan o'zicha dars bergandi:

— Siz ham jurnalistikada o'qiysizmi, ukam? Bu kasbda non yo'q-ku, nima qilasiz vaqtingizni zoe ketkizib? Qiynalib 4 yil o'qib, gazetada manavi shogirdlarim topadigan arzimagan maoshga ishlaysizmi? Yoki televideniega joylashib, sizni umuman yoqtirmaydigan, mensimaydigan odamlarning ortidan ergashib, mikrofoningizni og'ziga tutgancha shilqimlik qilasizmi? Radioni-ku shafyorlardan boshqasi eshitmaydi. Ular ham aslida yo'lda uxlab qolmaslik uchungina yoqib qo'yishadi, xolos. Maslahatim bu sohada o'qib umringizni besamar o'tkazmang. O'qishingizni tezroq boshqa yo'nalishga ko'chiring. Bo'lmasa menga o'xshab qora ishchi bo'lasiz.

Atrofimizda bunaqangi odamlarni ko'rib: tiyilmagan nafs odamni ne ko'ylarga solishi mumkinligiga yana bir bor iqror bo'laman. Bu “qaxramon”larga esa essiz o'tgan umru, chang bosib yotgan dip­lom degim keladi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − nine =