Dunyoni ma'rifat qutqaradi
Dunyoda har bir xalqning o'ziga xos an'analari, urf-odatlari, milliy qadriyatlari bor. Muayyan zaminda kurtak ochib, necha yuz yillar davomida shakllangan va sayqal topgan ma'naviy mezonlar shu millatning, shu xalqning bebaho boyligi hisoblanadi. Hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan texnika va texnologiyalar, globallashuv jarayonida bunday boylikning mohiyatini yanada chuqurroq anglash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O'zbek etnogenezining boshlang'ich nuqtasini ayrim elshunos olimlar turk xoqonligi davri bilan bog'lasa, boshqalari undan ancha erta, miloddan avvalgi VIII-XII asrlarda boshlangan degan g'oyani ilgari suradilar. Bunda tarix faniga, xususan, o'zbek xalqi madaniyati, turmush tarzi, tabiati, urf-odati, marosimlari, qo'yingki, xalqimizning butun milliy ziynatini boshqa taraqqiy etgan xalqlardan ma'lum darajada orqaroqda qolganligini ko'rsatuvchi g'ayriilmiy yondashuvni sezmay bo'lmaydi. Shu yerda o'zimizning yurtimiz tarixi, etnik madaniyatini mintaqaviy ashyolar dalilligi asosida o'rganib, bu madaniyat ilgarigi bashoratlardan ancha oldin, so'nggi bronza davrida ham barqaror bo'lganligini ta'kidlash joiz. Demoqchimizki, yurtimiz mustaqillikka erishgach, o'zining qadimiy milliy qadriyatlarini to'liq anglab yetdi.
Bugungi kunda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g'oyasi hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Biz ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta'minlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qo'ymoqdamiz,—deya, ta'kidlagan edi, Yurtboshimiz. Zero, umumiy sivilizatsiya turli xalqlarning madaniyatlaridan shakllanadi. Milliy madaniyatlarining eng yaxshi namunalarini keng targ'ib qilish va ommalashtirish o'sib kelayotgan zamonaviy yoshlarimizni ma'naviy tarbiyalashning asosi bo'lmog'i lozim.
Buyuk rus yozuvchisi Dostoyevskiyning “Dunyoni go'zallik qutqaradi” degan mashhur iborasini biroz o'zgartirib, “XXI asrimizda dunyoni ma'rifat, madaniyat va ma'naviyat qutqaradi” deb aytgan bo'lardim. Zero, biz uchun “Milliy tiklanish” — milliy urf-odat, an'ana va qadriyatlar, ko'p asrlik tariximizni o'rganish, tiklash, qadrlash va targ'ib etish, har bir vatandoshimiz ongini mustahkamlashda jamiyatning hamjihatlikdagi rolidir.
“Milliy yuksalish” — mamlakatimizning taraqqiyoti, xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri, hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga ko'tarish yo'lidagi harakatdir.
Anora HAYDAROVA,
O'zMTDP Toshkent shahar kengashi bosh mutaxassisi.