Taqdir tabassumi

Hali maktabda o'qib yurgan paytimda tuman va viloyat gazetalarida ilk xabarlarim chop etilganda gazetaning o'sha soni ko'zimga olovdek ko'rinardi. Kunlardan bir kun tuman gazetasi tahririyatidan Matbuot kuniga bag'ishlangan tadbirga qatnashish uchun taklifnoma keldi. Bordim. Faol mualliflar qatori menga ham kitob sovg'a qilishdi. Keyin bilsam, bu tadbirga kelgan taklifnoma men uchun jurnalistika olamiga chaqiriq qog'ozi ekan.

Maktab chog'ida “Kelajakda kim bo'lmoqchisan?” deb savol berishganida o'zgacha ishtiyoq bilan “jurnalist” degan javobim hammaning havasini keltirganidan o'zim ham ruhlanib ketgan chog'larim bo'lgan.

Shunday qilib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining filologiya fakultetiga o'qishga kirdim. Bu dargohda ko'plab adiblar, jurnalistlar o'qishganidan xabar topdim. Talabalik davrimda institutda chiqadigan ko'p tirajli gazetada ishlash nasib etdi. Imtihon sessiyasi davrida talabalar sinov damlaridan reportajlar yozdim. Imtihon qiluvchi domlalar muxbirga alohida e'tibor bilan munosabat qilishar, bundan kasbga nisbatan mehrim oshardi.

Salkam yarim asrlik faoliyatim davomida juda ko'p yorqin voqealar guvohi bo'ldim. Shu yillar mobaynida bag'rikeng xalqimiz matbuot xodimlarini juda hurmat qilishiga inondim. Nazarimda, jurnalist astoydil intilsa, odamlarga ko'p foydasi tegishi mumkin. Dildan o'tkazib yozgan maqolalarimni to'plab “O'zbekistonda kim yaxshi yashaydi” sarlavhasida kitob qilish imkoni bo'ldi.

Bugun yillar osha o'zimga savol beraman: shu qalam bilan qancha odamning ko'nglini oldim, kimlarning ko'zidagi yoshni artdim? Ming shukrki, shu muddat mobaynida vijdonimga xilof mavzuni qalamga olmadim. Iqtisodiy islohotlar g'ildiragi yurishib ketishi uchun qo'limdan kelgan ishni bajardim. Bugungi kunda yurtimizda matbuot so'zining munosib qadr­lanayotgani bir ijodkor sifatida menga ham ilhom baxsh etmoqda.

Shuhrat Jabborov,

“Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri o'rinbosari,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =