Umidimni sochsam izlaringizga

Muallif haqida:
Farog'at Xudoyqulova — 1975 yili Qamashi tumanida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini 1998 yili tamomlagan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
“Kuy dilim, suygulim”, “Aytolmagan so'zlarim”, “Oydinlik”, “Oq xatlar”, “Qoyatoshim” singari she'riy to'plamlar muallifi. Publitsistik maqolalari va nazmiy asarlari 20 dan ortiq jamoa to'plamlarida va gazeta-jurnallarda chop etilgan.
U bugungi kunda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiy targ'ibot va tadbirlarni uyushtirish bo'limi boshlig'i vazifasida faoliyat yuritmoqda.
Yuragimni
Tun xobini ochib quyoshni quchdim,
Yoshligim, yomg'irni kechdi entikib.
Shamollar egdilar niholim bo'yin,
Ilk bahor toshlarga qo'ygandim ekib…
Umidimni sochsam izlaringizga,
Ming yil oyat o'qib sizni qilsam yod.
Tilimni kuydirgan so'zlaringizdan —
Yoshligim tongida to'kilgan faryod.
Angladim,
kulbamga tushmas yo'lingiz,
O'chib ketsa, yoddan o't misol izim.
Ming yil o'tar, balki, tilab vaslingiz,
Tolmas qaro ko'zim, tolmas oq ko'zim.
Kechirim so'rang Siz, o'tgan tunlardan,
Kechirim so'ray Men, o'tmas kunlardan.
Sizning baxtingizni asramoq uchun,
Baxtimga og'ular tutdim unlardan.
Tilimlab-tilimlab, murg'ak jonimni,
Bokira tonglarning ko'ksiga osdim.
Xayolim Siz tomon chorlasa takror,
Kaftimni saksovul cho'g'iga bosdim.
Bosdim, yuragimni qorlarga bosdim,
Men Sizdan o'zimni sovutayin deb.
Netayki, undanda battar isidim,
Sovuq ko'nglingizning muzlarini yeb.
SEN O'YLAMA…
Sen o'ylama, endi u bu yo'ldan o'tmaydi deb,
Chekkan g'am-anduhlarim uvoli tutmaydi deb.
Kim aytar, shafqatsiz deb, Xudo suygan ko'nglimni,
Qaytib qo'lim uzatsam yulduzga yetmaydi deb.
Fig'onim falak bo'lsa, yo'l topmay yo'limda goh,
Sahro kelsa, tog' kelsa, titragan gulimda goh.
Kimlarnidir Xudoyim yo'limga zor qaratmish,
Seni deb jon talashdim, o'timda, kulimda goh.
Toq bulbulning ohidan izhorimni bilmassan,
Buncha baxtga o'chsan-ay, men deb yurak tilmassan.
Sarxush uchging kelar ishqning oltin arg'amchisida,
Va le mendek ishq yo'lida yig'lab sajda qilmassan.
Dilga g'ussa to'lganda ham, sho'xu shodon kulgayman,
Ishqingda g'am chekib-chekib, to'lin oydek to'lgayman,
Lek, afsus chekmagayman, oh, to'kkan ko'z yoshlarimga,
Qismatning dog' yozug'iga shahd-la rozi bo'lgayman.
Kuylasam, kuylar tilim– qush tilim, osmon tilim,
Ishqning alangasidan chiqmas zarra qalb kulim.
Fig'onimga qo'shilishib yonib borar daryolar,
Tog'lar ortin ko'zlaganman, chorlar muhabbat yo'lim.
Sen o'ylama, Farog'at,
Bu yo'ldan o'tmaydi deb…
BAXShI QIZNING QO'ShIG'I
O'rtamizda oqqan daryo toshqin ekan, toshqin ekan,
Qirg'og'ida esgan shamol shoshqin ekan, shoshqin ekan.
Do'mbiramni kuyga solib, to'lqinlarga nola qilsam,
Tun yarmidan oshgan ekan, oshgan ekan, oshgan ekan.
Boshginamdan yulduz yog'di, etakkinam to'lgunicha,
Soy bo'yida oq yalpizlar kulgunicha, kulgunicha,
Ishqdan kuygan qora ko'nglim, tun kaftida oqararmi?
O'lmog'ini afzal bilib, yordin judo bo'lgunicha.
Hur qizlarning asli edim, qoldi zulmat ichra olam,
Zo'r qizlarning asli edim, zahardan-da achchiq jolam,
Er yigitlar sarasi deb, o'ylaganim, jonga jafo,
Er qizlarning asli edim, qilsin alam, qilsin alam.
Toshni otsam toshga tegar, suv yuzidan suzib o'tib,
Yorijonim, baxtlimikan, ishqsiz, bag'ritoshga yetib?
Baxtdan masrur boqarmikan, baxtimning oq kemasiga,
Orzularim to'g'onini buzib ketib, buzib ketib?..
Tog'da toychoq kishnaganda, yotlar bilan ketguvchi yor,
To'qson tomir titratguvchi dodlar bilan o'tguvchi yor,
Nigohlari sirlarini oshkor etib, go'shangaga,
Karvon-karvon azob ortgan otlar bilan yetguvchi yor?..
O'rtamizda oqqan daryo toshqin ekan, toshqin ekan…
Navqiron yoshimda…
Hatto o'rtanish ham kelmas qo'limdan,
Netay, ovunch izlab bo'g'ilganimda.
Ey voh, kuningizga yarardim balki,
Men ham o'g'il bo'lib tug'ilganimda.
Cho'lponu Qodiriy, Usmon Nosirlar
Chekmagan azobin yuki boshimda.
Millatning muzlagan tomirlarini
Yondirgan edilar mening yoshimda.
Ulardek na epchil, na mard bo'lmadim,
Navqiron yoshimda, o'ylarim sochiq.
Qadrimni she'rdanmi, baxtdan so'rayin,
Qoqilsam, ko'zlarim bo'lsa ham ochiq.
Hali bir tirik so'z aytmadim elga,
Hali bir o'ksikning ko'nglin topmadim.
O'zimni yengishni o'rgating menga,
O'zimni anglamoq bo'lsin matlabim.
Mening pokdil otam, otajonginam,
El kabi anglasam, himmatingizni.
Meni o'g'illardan ko'rmagansiz kam,
Qilolmasam hamki xizmatingizni.
Hatto o'rtanish ham kelmas qo'limdan,
Netay, ovunch izlab bo'g'ilganimda.
Suyangan tog'ingiz bo'lardim balki,
Men ham o'g'il bo'lib tug'ilganimda.
O'zimni yengishni o'rgating menga…
BUYuK UChRAShUV
Sen kelmading,
Men ham bormadim,
Shunday kechdi yuraklar jangi.
Dudog'lari titrab qoraydi,
Bog' qo'ynida sevgimiz tongi.
Oy ko'ksiga bosh qo'yib, g'amnok
Deysan, sevgi hayotmas o'lim.
Men-chi, oydan olisga ketdim,
Tushmasin deb sen tomon yo'lim.
Lekin, asl haqiqat tunlar —
Yuraklarga solarkan g'ulu.
Bizni kutar oldinda intiq
Biz kutmagan buyuk uchrashuv.
TALQIN…
Men she'rman…
Dardi pishib-pishib, kechroq tug'ilgan,
Katta davralarda o'qilmagan she'r.
O'qilmasimdanoq yoqqanding pinhon
Yonganimda unsiz yondi ona yer.
Kulim sovumasdan, tongim otmasdan,
Sochib yuborganding
Dengizga yetdim.
Va lekin ro'y berdi, sen kutmagan hol,
Toshlarga urilib jaranglab ketdim.
SEVMAGAN BO'LSAM…
Kuz shoxlarga qizil yaproq taqmasa,
Quvonch quchoq ochsa, g'amlar boqmasa,
Dilni yoqqaningiz, dilga yoqmasa,
Qaniydi, men sizni sevmagan bo'lsam.
Peshonamda beun suymoq bor ekan,
Qahringiz o'tida kuymoq bor ekan,
Sitamlardan quvonch tuymoq bor ekan,
Qaniydi, men sizni sevmagan bo'lsam.
To'zg'ib xayolingiz, bo'ronday kezsam,
Farog'at topsamu, tinchingiz buzsam,
Bu jon uzilmasdan umidim uzsam,
Qaniydi, men sizni sevmagan bo'lsam.
Kun kelib,
tantana qilgay adolat,
Muhabbat nafratdan olgay harorat,
O'z boshiga savdo solgay Farog'at:
— Qaniydi, men sizni sevmagan bo'lsam.
IShQ QASRINI YoQINGLAR
Otasining ko'ziga,
Akasining ko'ziga
Tik boqmagan qizlarning
Baxti yo'qmi, Enajon?
Nomardga sir aytmagan,
Va'dasidan qaytmagan,
Qizlar o'zi davlatu
Taxti yo'qmi, Enajon?
Sevilib yo'l topmagan,
Sevib tongi otmagan,
Oqqush bo'lib uchganu
Oyning yuzin yopmagan.
So'qmoq yo'ldan yurganlar,
Tushida tush ko'rganlar,
Ko'z yoshiga soch yuvib
Dardin qo'shib o'rganlar.
Qoshu kipriklariga,
Tegib yulduzlar kuygan.
Tilaklari pok qizlar,
Bag'ri toshlarni suygan.
Qiz holidan kulganlar,
Lola bargin yulganlar.
Chin yoridan voz kechib
O'lmay turib o'lganlar.
Otasining ko'ziga,
Akasining ko'ziga
Tik boqmagan qizlarning
Ko'zlariga boqinglar…
Ko'zlariga boqqanlar,
Hasratida oqqanlar,
Qiz ko'ksidan o't olib
Ishq qasrini yoqinglar,
Dunyolarni yoqinglar!..
OY ChIQMAGAN KEChALAR
She'rlarimni yirtib otding,
Garchi ozroq shahdim past.
Erta she'rim tog' ko'ksiga
Yozgaydirman qasdma-qasd.
Oy chiqmagan kechalarda,
Shovullaydi bog'lar mast.
Shamolga bo'y bermayin tik,
O'sgaydirman qasdma-qasd.
Boshim uzra qor yog'arkan,
Sho'rlik shoxlar cho'kar dast.
Menchi, dilim o'tin qorga
To'kkaydirman qasdma-qasd.
Ikkimizning oramizda
Qil ko'prik bor, tonma, rost.
Gar istasam, ko'zim yumib,
O'tgaydirman qasdma-qasd.
Mensimasa elimni kim,
Toptar bo'lsa qaysi kas.
O'ch olmoqqa qirq bitta jon,
Tikkaydirman qasdma-qasd.
BAXTLI BO'LGIN, BAXTIGUL
Alvon-alvon qirlarda
Shamol edik, Baxtigul.
Kechagina baxti oy
Jamol edik, Baxtigul.
Suluv-suluv sochimiz,
Alamlardan kesildi.
Baxtimizning yo'llari
Ochilmasdan to'sildi.
Bahorda ham ko'ngilga
Qor yog'arkan Baxtigul.
Bevafo sanamlarga
Baxt boqarkan Baxtigul.
Do'st deganim, sezdirmay,
Tish qonatdi, Baxtigul.
Dunyoga qo'l siltadim,
Diydam qotdi, Baxtigul.
Befarog'at dilimni,
G'iybat qilib dog'lashdi.
Ko'ngli tundan qarolar,
O'zlarini oqlashdi.
Shildir-shildir soylarda
Toshlar yondi Baxtigul.
Xudo bergan sevgidan
Kimlar tondi Baxtigul.
Dardi yo'qqa so'zim yo'q,
Qolma, mendek bo'ronda.
Hech bo'lmasa, endi sen
Baxtingni top Surxonda,
Baxtigulim,
Baxtigul.
QADIMIY OHANG
Chaqmoqning hur qiziman,
Qanot berdi dovullar.
Har silkinsam, uyg'onar
Mudroq bosgan ovullar.
Yorning qo'li yetmagan
Taqim sochlarim – tovus.
Kiprigimda nur o'ynar,
Oltin baliq, gul hovuz.
Tom boshida o'ltirib
Osmonga otgandim so'z,
Shamollarning labida
Pora bo'ldi chanqovuz.
Bobotog' qirlarida
Payhon bo'ldi lolalar.
Yorni yorga kuzatib,
Qilgandirman nolalar.
Suvda yongan shu'lalar
Ko'rpamga quroq bo'ldi.
Yor keldi deb uyg'onsam,
Tutganim firoq bo'ldi.
Bulutlarning sochida
Arg'imchoq uchdim, yorim.
Binafshaning bargidan
Chimildiq bichdim, yorim.
Sutday tiniq oqardi
Yoshligimning daryosi.
Qay tomon adashtirdi
Shamollarning dunyosi?
Ay dunyo, hur-hur dunyo,
Farog'atim olding sen.
Ajab qildim, men sevib,
Ortda yolg'iz qolding sen.
Ay dunyo,
Tutqun dunyo…
HAQIQATGA QO'YILGAN QAFAS…
O'zbekning otashin shoiri
RAUF PARFI O'ZTURK xotirasiga
Ishonch buzolmasmi eski dorlarni,
Suyanmoq istasak vijdonimizga?
Quyosh tark etmasmi mash'um g'orlarni,
To'zimlar tilasak mo'rt jonimizga!..
Mudragan mudrasa bo'lib muttaham,
Yurtning botirlari otilib ketsa.
Bo'g'zimizda qolsa olov ham, dud ham,
Tiriklar xoinga sotilib ketsa.
Ko'zimiz o'yilsa ko'rganimizdan,
Eshitib tom bitsa quloqlarimiz.
Tog'lar to'qaylarning poyini o'psa,
Og'uga kon bo'lsa buloqlarimiz…
Oh, buncha azobli bedor yashamoq!
Mudramoq aslida undan ham azob!
Chiqarmi qismatning sahifasi oq,
Qadim manbalardan axtarsam javob?
Qaysi ma'volarda chashmalar oqmay,
Ko'ksimdan ko'zimga toshib chiqar qon.
O'g'ling sendan olis ketdimi, boqmay?..
Darding ololmasdan, ona Turkiston?..
2
Ortiq chidab turolmas yomg'ir,
Ta'qib qilar shoirni bulut.
Borliq ichra bir sevgi sag'ir –
O'tgan kunday bo'larkan unut.
Oy shoxida tushkun yaproqlar
Alla aytar shoirga so'ng bor.
Tongni quchib so'ngan titroqlar
Va manguga kuzatgan dildor…
Baridan, tun, sen bo'lding ogoh,
Chidab berding olmasdan nafas.
Shoirni mahv etdi-ku nogoh
Haqiqatga qo'yilgan qafas…
3
Sen tomondan esar mayin yel –
Tuyg'ularning baland parvozi.
Ey sen, mudroq, yuragimni til,
Yashil sukunatning ovozi.
Ruhim – sahro, chayqalaman goh,
Po'rtana – so'z va keskir ovoz.
Ko'rolmasman ko'zlaringni, oh,
Mayin yelni ilg'ayman, xolos.
Bog'lar – shaddod yomg'ir ostida
Cho'milishar ko'ylagin yechib.
Borayapman sevmoq qasdida
Sen tomonga umrimdan kechib…
4
Ohudayin hurkak yuragim bilan
Qancha nigohlarni saraladim men.
Qaysiki do'stimga suyanch bo'lay deb,
Qaysiki g'animni yaraladim men.
Keskir qilich kabi qanotim dami,
Ko'kka yuksaltirar umid tulpori.
Tonglarim tonglarga ulanib hali,
Poyimda yastanar cho'qqining qori.
Oyu yulduzlarga ayon qismatim,
To'lg'onib dard chekkan daryoga ayon.
Hech nega arzimas qilgan xizmatim
Va umrim sahrosi besarhad, shoyon…
Ismimni manguga olib qaytarkan
Poklangan maqbarlar ko'rkli shukuhi,
So'ng bor yuragimda zobitlar o'pgan
Bayroqday hilpirar Turkiston ruhi…
Farog'at Xudoyqulova