QADIMIY VA HAQIQIY MINTAQANING QAYTA KAShF ETILIShI

Ha, shu yilning 15-16 iyul kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi qo'shni davlatlar bilan ko'p asrlik o'zaro ishonch va do'stlik, yaqin qo'shnichilik qadriyatlariga asoslangan hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, qardosh xalqlar o'rtasidagi aloqalarni yangi va yuksak bosqichga olib chiqish borasida yuksak qadam bo'ldi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, O'zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik bo'yicha Samarqand konferensiyasi va Afg'oniston bo'yicha qarama-qarshi tomonlar o'rtasida tinchlik muzokaralarini boshlab bergan Toshkent anjumanidan so'ng mintaqaviylikni rivojlantirishga zamin yaratgan uchinchi xalqaro tadbirdir.

Xalqaro anjumanda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so'zladi. Davlatimiz rahbarining ushbu ma'ruzasi nafaqat konferensiya ishtirokchilari, balki butun dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo'ldi.

— Bugungi kunda dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga yangi imkoniyatlarni o'zida mujassam etgan global geosiyosiy o'zgarishlar davriga qadam qo'ydi. Shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Oliy darajadagi konferensiyada Afg'oniston Islom Res­publikasi Prezidenti Ashraf G'ani, Pokiston Islom Respub­likasi Bosh vaziri Imron Xon, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari, 44 mamlakat va o'ttizga yaqin xalqaro tashkilotlardan delega­siyalar, nufuzli ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish konferensiya ishtirokchilariga videomurojaat yo'lladi.

Dunyo siyosat maydonida e'tirof etilishicha, davlatimiz rahbari qo'shnilar bilan munosabatlarni yaxshiladi va O'zbekistonni mintaqadagi potensial yetakchi sifatida namoyon qila oldi. Konferensiya esa mintaqalararo muloqotdagi mazkur ijobiy siljishni mustahkamlab, savdo, transport va kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

— Konferensiya asnosida amaliy loyihalarni samarali tatbiq etishga yordam beradigan ko'p sonli tashabbuslar taqdim qilindi. Xususan, O'zbekiston Prezidentining salmoqli nutqida yuqori natijalarga erishish bo'yicha asosiy yo'nalishlar taqdim qilingani ayniqsa ahamiyatli bo'ldi, — deya o'z fikrini bildirdi Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

— Konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasining rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega voqea bo'ldi. Ushbu yirik anjuman 10 dan ortiq davlatlarni birlashtiradi va u ikki asosiy mintaqa — Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasining rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Boisi haligacha ikki mintaqa alohida rivojlanib kelmoqda edi, – dedi qirg'izistonlik ekspert Quvonchbek Taabaldiyev.

Anjuman doirasida “Barqaror o'sishga xizmat qiluvchi savdo va transport aloqasi”, “Madaniy-gumanitar aloqalarni tiklash, do'stlik va o'zaro ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida”, “Mintaqaviy xavfsizlik. Qarshiliklar va tahdidlar” mavzulariga bag'ishlangan sho''ba majlislari ham bo'lib o'tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va taklifiga ko'ra, Konferensiya yakunlari bo'yicha maxsus rezolyutsiya loyihasi tayyorlanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga ko'rib chiqish uchun taqdim etiladigan bo'ldi.

A. AHMEDOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =