NAVOIYDA NASOS STANSIYaLARI MODERNIZASIYa QILINMOQDA
Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev qishloq xo'jaligi maydonlarining suv ta'minotini yaxshilash choralari yuzasidan yig'ilish o'tkazgan edi. Unda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali qishloq xo'jaligi infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinganidan xabardorsiz, albatta.
Ma'lum bo'lishicha, yurtimizda 1687 ta nasos stansiyasi mavjud. Shundan 299 tasi eskirgan bo'lib, ular bilan sug'oriladigan yerlarning respublikamiz bo'yicha 80 ming gektari foydalanishdan chiqib ketgani, 607 ming gektarida suv ta'minoti yomonlashganligi qayd etildi.
Mazkur yig'ilishda alohida qayd etilganidek, bir nechta viloyatlar qatorida Navoiy viloyatida ham ma'lum miqdordagi nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirildi. Bu albatta juda katta xarajatlarni talab etadigan, ammo yurtimiz qishloq xo'jaligi sohasini yanada rivojlantirish borasidagi zarur va oqilona ishlardan biridir.
Zero, nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning aksariyat yurtlarida so'nggi yillarda suv taqchilligi kuzatilmoqda. Shu bois respublikamizda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo'ljallangan strategiyasi tasdiqlangan bo'lib, bu borada joylarda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ushbu jarayonlar bilan jurnalistlarni yaqindan tanishtirish maqsadida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy Uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi hamda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamkorligida Navbahor tumanida qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan texnologiyalar hamda nasos stansiyalari faoliyatini OAV vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida pres-tur tashkil etildi.
Unda OAV vakillari, respublika nashrlarining viloyatdagi muxbirlari ishtirok etdi.
Jurnalistlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qaroriga asosan modernizatsiya qilinadigan Navbahor tumanidagi nasos stansiyalari faoliyati bilan tanishishdi.
Dastlab Qalqon nasos stansiyasida bo'lishdi. Mazkur stansiya 1976 yilda ishga tushirilgan bo'lib, unda 6 dona 24 NDN nasos agregati mavjud. Umumiy suv chiqarish qobiliyati esa 5 m3/sekundni tashkil qiladi. Nasos stansiya orqali o'ng qirg'oq kanali suvi 18 metr balandlikka chiqarilib, 4600 gektar yer maydoni suv bilan ta'minlanyapti. Mazkur nasos stansiyasining modernizatsiya qilinishi, sug'oriladigan maydonlarni yanada kengaytirib, ularni zamonaviy sug'orish tarmoqlari bilan ta'minlab, elektr-energiya sarfini ham kamaytirishga olib keladi.
Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili 2020 yil yangi modernizatsiya qilingan Navbahor tumanidagi Konimex-1 nasos stansiyasi bo'ldi.
“Konimex-1” nasos stansiyasida 8 dona SXK 900-1050 nasos agregati mavjud bo'lib, bu stansiyaning umumiy suv chiqarish qobiliyati 3 m3/sekundni tashkil qiladi. Ayni paytda nasos stansiya o'ng qirg'oq kanali suvini 24 metr balandlikka chiqarib, 21 ming 600 gektar yer maydonini “obihayot” bilan ta'minlamoqda.
Jurnalistlar “Konimex-1” nasos stansiyasida olib borilayotgan ishlar, quvvatlar bilan ham yaqindan tanishdilar. Mazkur zamonaviy stansiya suv miqdorini “onlayn” rejimda monitoring qilish uskunasi bilan ta'minlanganligi va uning imkoniyatlari mutaxassislar tomonidan yetarlicha ma'lumotga ega bo'ldilar.
OAV vakillari, Navbahor tumani “Navkar” mahalla fuqarolar yig'inida faoliyat ko'rsatayotgan “Nevagrosistem” fermer xo'jaligi faoliyati bilan ham tanishib, xo'jalik maydonlariga joriy etilgan tomchilatib sug'orish texnologiyasining afzalliklarini ko'zdan kechirishdi.
Xo'jalik tomonidan 2021 yil paxta hosili uchun 18,3 gektar yer maydoniga tomchilatib sug'orish texnologiyasi joriy qilingan bo'lib, bu ijobiy samaralarini ko'rsatmoqda. Eng muhimi, suv sarfi tejalyapti. Ishtirokchilar xo'jalik maydonlaridagi bu jarayon bilan bevosita tanishdilar.
Shundan so'ng kun tartibi masalalar bo'yicha press-tur ishtirokchilari uchun mazkur fermer xo'jaligi shiyponida matbuot anjumani tashkil etilib, anjumanda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarma boshlig'i o'rinbosari O. Sadinov suv taqchilligi va uning oldini olish bo'yicha viloyatda ko'rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
— Prezidentimizning qarorlariga asosan Navoiy viloyatida ma'nan eskirgan 5 ta nasos stansiyalarida modernizatsiya ishlari olib boriladi. Xususan, Navbahor tumanidagi “Qalqon”, “Jambul”, Qiziltepa tumanidagi “Malikcho'l”, Xatirchi tumanidagi “Toss” hamda “Ko'ksaroy” stansiyalari zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlanadi, — deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarma boshlig'i o'rinbosari Otabek Sadinov.
Press-tur doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi.
Otabek ASLONOV,
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi raisi.