Denovning ma'naviy qiyofasi

Tarix, umuman, o'tmish kamol topish va zavolga yuz tutish silsilasidan iborat: bu qismat hech bir tamaddunga begona emas, qaysidir ma'noda, kelajak o'tmishda suratlanadi, tarix shu bois ham biz uchun azizdir.

Denovning tarixini aytaversak, katta bir doston bo'ladi. Shaharning qoq markazida bundan besh yuz yil ilgari qurilgan Sayyid Otaliq madrasasi ro'parasidagi “Egizi”ni o'tgan asrning yigirmanchi yillarida “eskilik sarqiti” sifatida buzib, besh yuz yildan beri qilt etmay turgan pishiq g'ishtlarni bo'lmag'ur maqsadlar uchun ishlatib yuborishgan. Ammo hozir bu haqda emas, xayrli tasodif tufayli saqlanib qolgan Sayyid Otaliq madrasasining istiqlolimiz uchun nechog'li ahamiyatli ekani haqida gapirmoqchimiz. Men uning timsolida buyuk qadriyatlarimizning zavol bilmas haykalini ko'rganday bo'laman.

Denovning bugungi kamoli ana shunday mustahkam poydevor ustida turganligiga iqror bo'lish odamning ko'ng­lini tog'day ko'tarib yuboradi. Modomiki shunday ekan, zamon cho'qqilariga nazar tashlab, ajdodlarimiz bizga bebaho boyliklar qoldirib ketganligini e'tirof etib, ularga munosib vorislar bo'lishga harakat qilmog'imiz lozim.

Har joyning o'z haqiqatlari va ularni me'yorda ushlab turadigan azaliy qonun-qoidalari bor. O'z-o'zidan tushunarliki, bunday o'lchamlar Denovga ham to'la taalluqlidir.

Olamning, odamning to'rt unsurdan tarkib topganini hamma biladi. Buni qarangki, Denovda bu unsurlarning hammasi soz.

Denov xuddi cho'llar tugab, tog'lar boshlanadigan mintaqaga to'g'ri keladi. Yozi salqin, qishi mo''tadildir. Shuning uchun ham bir vaqtlar Denovda shakarqamish yetishtirganlar.

Denov xurmosi O'zbekistondan tashqarida ham mashhur. To'g'ri, qo'shni tumanlarda, hatto boshqa viloyatlarda ham xurmoni o'stirish mumkin va shunday bo'layapti ham, ammo biror joyda Denovdagichalik xurmo serhosil va shirin bo'lmaydi.

Denovning markazida Dendrariy bog'i bor. U yerda qanday daraxtlar o'smaydi, deysiz. “Lola” daraxtini ko'rib, bu dunyoning turgan-bitgani mo''jiza ekan-da, deysiz. Bir paytlar Petrarkaning boshida gultoj bo'lgan dafnaga bu yerda jaydari o'simlik sifatida qarashadi. Hay-hay demasangiz, bambuk bir kecha-kunduzda besh qarichga o'sadi. Bir qarashda e'tiborni tortmaydigan bu tafsilotlar Denovning tuprog'i va iqlimi sozligini isbotlovchi dalillardir.

Olamni hayratga solgan ulug' bobomiz Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” kitobida istiqomat uchun soz va nosoz bo'lgan manzillarning ta'rifini bayon qiladi. Soz joylarning alomatlari sanab o'tilgan sahifalarni o'qiyotib Forobiy bu yozganlarida Denovni nazarda tutmadimikan, deb o'ylab qolasan kishi. Shu kitobda bitilishicha, soz tuproq tog'larni qanday joylashuvi, shamollarning qanday va qayoqdan esishi, ichimlik suvining sifati o'sha yurt istiqomatchilarining nafaqat sihat-salomatligiga, balki ularning quvvayi hofizasi, aqliy rivojlanishiga ham juda sezilarli ta'sir qilar, odamlarning tabiatidagi muayyan xususiyatlar ham shu omillarga bog'liqdir.

Qarang, mustaqillik yillarida Denovdan besh nafar fidoyi insonlar — Ibrohim Fayzullayev, Ahmad Narzullayev, Rahmon Muhammadiyev, Hamza Mahkamov, Yusuf Ziyoyevlar O'zbekiston Qahramoni degan sharafli unvonga sazovor bo'ldilar.

O'zbekiston xalq yozuvchisi Tog'ay Murod, O'zbekiston xalq artisti O'lmas Rasulov, O'zbekiston halq baxshisi Boborayim Mamatmurodov shu zamin farzandlaridir. Adabiyot yo'nalishi bo'yicha to'rt nafar shoira qiz — Feruza Qurbonova, Shahnoza Tursunova, Farida Toshpo'latova, Dilrabo Norqulova Zulfiya mukofoti sovrindorlari bo'ldilar.

Akademik Nazar To'rayevni ilm ahli yaxshi biladi. Nazar akadan bir safar ilmiy faoliyatining mazmunini so'radim: o'n million darajadagi issiqlikda sirtning yemirilishini qanday qilib kamaytirish muammolari ustidagi tadqiqotlarini shogirdlari hamrohligida davom ettirayotgan ekan. Agar ijtimoiy taraqqiyot shunday sur'atlar bilan davom etaversa, 50-60 yildan so'ng insoniyat yer yuzidagi va yer ostidagi yoqish mumkin bo'lgan hamma narsani tugatadi. Ana o'shanda insoniyatning energiyaga bo'lgan ehtiyojini qanoatlantirish va qondirish kerak bo'ladi. Qanday qilib? Bu yoqda yoqish mumkin bo'lgan o'tin ham, ko'mir ham, gaz ham tugaydi… o'shanda odamlarda suvning tarkibidagi vodorod atomini parchalashdan boshqa iloj qolmaydi. Dunyo­dagi barcha dengiz, ummonlar vodorod atomini esa havoda parchalab bo'lmaydi. Buning ustiga uning parchalanishi uchun 10 million darajada issiqlik kerak. Biz hozir vodorod parchalanayotgan, to'g'rirog'i, portlayotgan makon devorining yemirilishi darajasini kamaytirish muammolarini tadqiq qilayapmiz, degan edi Nazar aka o'shanda. Nazar aka bayon etgan masalalarning tafsilotlarini ko'z oldimizga keltirib hayratga tushmaslikning iloji yo'q edi.

Denov shahrining kun botishida Qizilsuv daryosining bo'yida, Tup­roqqo'rg'on degan manzil bor. Uning yarmini daryo toshqini yuvib ketgan. Ana shu o'pirilishlar chog'i chiqib qolgan buyumlarni ko'zdan kechirgan akademik Galina Pugachenkova ularning miloddan oldingi davrlarda yasalganini aniqlagan. Ikki ming yilga bardosh beradigan Tuproqqo'rg'onni ota-bobolarimiz bunyod etgan. Manbalarda Qizilsuv daryosining tagi bilan o'tib qo'rg'onning ichidan chiqadigan lahm-­erosti yo'li haqida ham gapiriladi.

Bunday azamat qo'rg'onlar xo'jako'rsinga qurilmagan va ayni haqiqat shundan iboratki, Qizilsuv ham shuncha vaqtdan beri o'zanini o'zgartirgani yo qurib qolgani yo'q, Qo'rg'on ham- ertaklardagi afsona emas, joyida turibdi.

Bugun iqtisodiyotimiz va mafkuramizdagi barqarorlikning bir cheti qad­riyatlarimizning ulug'lanayotganiga ham borib bog'lanadi. Biladiganlarga ma'lumki, Bahouddin Naqshband hazratlarining sadoqatli izdoshlari va suyukli shogirdlari Shayx Alouddin Attori Valiy hazratlarining xilxonasi Denovda. Buni qarangki, u shunday ulug' zot mangu qaror topgan tup­roq ustida maqbara ko'tarish bizga, to'g'rirog'i bizning avlodga nasib etgan ekan: Amir Temurning Ahmad Yassaviy hazratlari qabri ustiga ko'targan maqbarasi va ulug' himmatini olti yuz yillardan beri minnatdor bo'lib eslaganimizdek, Shayx Alouddin Attor hazratlarining bu muazzam maqbarasi ham tafakkur va tariqatga bo'lgan muhabbatning timsoli sifatida kelajak avlodlarni ham xuddi biz singari hayrat va hayajonga solajakdir: bu savobli ishlarning ajrini Yaratganning o'zi bersin!

Zotan, tafakkur hayliddin yongan charog'lar — ko'ngildagi yolqin to abod o'chmagay!

Denovning xalqida avval-oxir tijoratga moyillik kuchli, shuning uchun Denov bozori gavjum va juda barokatli. Ha, Denov bozorining gavjum bo'lmagan kuni yo'q. O'zingiz bilasiz, bozorga kirgan odam quruq chiqmaydi. Va buning ustiga Denovning bozorida hech narsa arzon emas: demak iste'molchining ehtiyoji baland va hamyonida ana shu ehtiyojni ortig'i bilan qoplaydigan darajada mablag'i bor. Bekorga Denovni “Kichik Bombey”, deyishmagan-da.

Denovliklar, masalan mayda-mayda tomorqalardan ham katta-katta daromadlar ola bilishadi.Tabiiyki, moddiy farovonlik das­turxonini to'kin-sochin qilishga bo'lgan ehtiyojini ham oshirib yuboradi.

O'tgan ellik yil mobaynida Denovga hokimlik (Sho'ro zamonida birinchi kotiblik) qilgan insonlarni ko'pini ko'zim bilan ko'rganman va imkon qadar bilganimcha ularning ta'rifini qilishga qodirman: ularning hammasi ham o'zini, demakki, egallab turgan vazifasini qadrlaydigan, rahbarlik salohiyati ham yonidagilarday bir qadar baland insonlar edi. Ammo ularning o'ndan sakkizi ko'cha iborasi bilan aytganda “urilib” ketdi. Bu Denovning ijtimoiy ob-havosidan deb o'ylayman.

Aytdim-ku, Denovga duo ketgan: adolatning yo'lini tutmagan odamning ishi aslo yurishmaydi.

Ko'pdan-ko'p tafsilotlarni ko'rib-ku­zatib, ancha yillardan beri bitta xulosaga kelganman. Denovda inson uchun qusur hisoblangan hamma narsani qilish va hattoki g'ozday bo'lib yurish mumkin, ammo bu yerda adolatsizlikni, ya'ni umuminsoniy qadriyatlar majmuasining ulgusi o'laroq qaror topgan ijtimoiy mezonlarni oyoqosti qilsangiz (haqorat, tahqirlash, kamsitish, kalondimog'lik), choyxonadagi iboralar bilan aytganda “oq”ni “qora” yo “qora”ni “oq” desangiz va faoliyatingizni shu asosga qursangiz, denovliklar kechirmaydilar.

Ammo tog'ning ustida turgan odam uning yuksakligini his qilmagani singari Denovda yashayotgan kishi bu shaharning noyobligini ham hamisha anglab yetavermaydi. Unga boshqalarning ko'zi bilan yoki chetdan turib qarash kerak, shunda u butun salobati va beqiyosligi bilan namoyon bo'ladi. Men bu haqda ko'p o'ylaganman. Bilasizmi, Denovda allaqanday joziba bor, ko'p kuzatuvlardan so'ng bunga iqror bo'lganman. Kun sayin Denovda taraqqiyotning yorqin izlarini kuzatasiz. Yengil mashinalarning ko'pligidan hatto yo'llar ham torayib qolayotganga o'xshaydi. Mustaqillik sharofati bilan tadbirkorlikka yo'l ochilgan qisqa payt ichida shunday imoratlar qurildiki, sho'ro zamonida ularni orzu ham qilib bo'lmas edi.

Chag'oniyon amiri Abdulmuzaffar Chag'oniyning nazmni yaxshi tushunishi va o'zi ham go'zal she'rlar yozishini o'qigansiz. Buni qarang-ki, bu an'ana davom etmoqda. Bugun ziyolilar orasida “Denov adabiy muhiti” degan ibora ehtirom bilan tilga olinadi. Chorshanbi Dehnaviy, Xurram Rayimov, Iskandar Muzaffarzoda, Shuhrat Azizov, Xolbibi Ergasheva kabilar Denovning taniqli ijodkorlari. Mustaqillik sharofati bilan Denov tumani yanada chiroy ochdi, yashardi, navqiron pallaga kirdi. Betakror o'tmishi, boy tarixi, go'zal madaniyati bilan u Vatan ichra yana bir Vatandir.

Denov tarixi haqida so'z yuritib, aslo uni tugatib bo'lmagani singari, bugungi Denov haqida ham so'z aytib yakunlash juda dushvor. Ayniqsa, keyingi yillarda tumanda olib borilayotgan ishlarga alohida to'xtalmoq joiz. Chunki shaxsan muhtaram Prezidentimizning topshiriqlariga binoan Denov jamoliga obodonchilik va bunyodkorlik manziliga aylangan. Ko'chalar kengaytirilmoqda, bir-biridan go'zal uylar, imoratlar bunyod etilmoqda.

Tarixiy maskanlarga e'tibor berilmoqda. Eng muhimi, Yangi O'zbekis­tonimizning qadimgi Chag'oniyoni —obod va qaddi baland Denov yanada yuksalmoqda.

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + six =