O'zbekistonni velosipedda kezib chiqqan inson

Abdurasul Allanazarov ulug' yosh – 67 ga kirganida, unda daf'atan sevimli ulovi — velosipedda butun O'zbekis­tonni kezib chiqish orzusi tug'ildi. Sirdaryo viloyati Yangier shahridagi “Navro'zobod” mahallasida umrguzaronlik qiladigan nuroniyning bunday qarorga kelishiga bir voqea turtki bo'ldi.

Abdurasul aka uzoq yillar turli tashkilotlarda o'rta tibbiyot xodimi — feldsher bo'lib ishlagan. Hamkasbi Yo'ldoshali Yangier shahridagi Semashko nomidagi sanatoriyda edi. Uni ko'rgani borib, bir guruh dam oluvchilarga o'z qarorini aytganda, do'sti:

— Sharting ketib, parting qolganda o'zingni qiynab nima qilasan? Namozingni o'qib, oyog'ingni uzatib yotmaysanmi, birodar? – deya nopisand gap qildi.

Abdurasul aka ham o'ta qaysar, bir ishga qo'l ursa, oxiriga yetkazmay qo'ymasdi. Qaroridan qaytmadi. Shu joyda ikki do'st garov boylashdi.

— O'zbekiston bo'ylab velosipedda sayohatni uddalasang, mana shu odamlarga qo'ling o'rgilsin osh qilib berish menga tan! – dedi.

Guvohlar Abdurasul va Yo'ldoshalining qo'llarini kesishdi. Shu yerning o'zida Abdurahmon hoji ismli dam oluvchining saxiyligi tutib ketdi. Abdurasulga hoziroq velosiped sovg'a qilishini ochiqladi. Uyi­­ga sim qoqib, farzandlariga o'tgan hafta xarid qilgan yangi velosipedini tayyorlab qo'yishni tayinladi.

O'shanda avji bahor edi. Uyiga borib ahli ayoli Anorxolga Jizzaxdagi qarin­doshlarini ko'rib kelmoqchiligini ayt­­di. Gap orasida bu yumushni velosipedda amalga oshirmoqchiligini qistirib o'tdi. Oiladagilarning bari “hay-hay”lashdilar. Bu Abdurasul akaga ta'sir qilmadi.

2016 yilning aprel oyida “Ural” rusumli velosipedida “Jizzax qaydasan” deb yo'lga tushdi. Safar xurjuniga yemak­lar va velosipedning ehtiyot qismlarini soldi. Abdurasul velosipedda yuraverib uning piri, ustasi bo'lib ketgandi. Ulovining kulidan kirib o'tidan chiqardi. Bo'ston shahriga yaqinlashganda velosiped kamerasi teshilib, yel chiqardi. Bir pasda kamera almashtirib, manzili sari   ravona bo'ldi. Shundan keyin otaxonning mamlakatimiz bo'ylab katta sayohati boshlandi. 2017 yilning iyun-iyul oylarida Samarqandu Buxoroga bordi, avgust-sentyabr oylarida Qamchiq dovoni orqali vodiyga yo'l oldi. 2018 yil Mustaqillik bayrami arafasida mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahriga safar uyushtirdi.

O'ziga ishonchi ortgan sayohatchi 2019 yil viloyat Turizm va sport boshqarmasiga (o'sha paytda shunday nomlanardi) bordi. Qo'shni davlatlar va Rossiya bo'ylab velosipedda sayohat qilmoqchiligini aytdi. Biroq boshqarmadagilar   ishonqiramay, kulib qo'yishdi. Yo'li bo'lgan yigitning oldidan yangisi chiqar, degan naql rost ekan. Boshqarma bilan bir binoda joylashgan “Adolat” SDP Sirdaryo viloyat bo'limining o'sha paytdagi rahbari Dilshunos Abdullayeva zalda otaxon bilan ro'baro' bo'ldi. Suhbat asnosida otaxonning niyatini bilib, xonasiga taklif etdi. Abdurasul Allanazarov dardini dasturxon qildi.

— Otaginam, qo'shni davlatlarda nima qilasiz? Qoraqalpog'istonga boring. Ayni choqda u yerda olamshumul bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Hozir hammaning nigohi Mo'ynoqqa qaratilgan. Sizga biz homiylik qilamiz, — dedi.

Shu yerning o'zida Abdurasul Allanazarov “Adolat” SDP safiga kirdi. 2019 yilning ayni yoz chillasi – 18 iyulda qadrdon “Ural” velosipedida “Qaydasan Mo'ynoq?” deya yo'lga tushdi. Qaysi aholi punktiga bormasin, adolatchilar uni ochiq chehra bilan kutib olishdi. Yo'l ozig'ini muhayyo qilishdi. Ayniqsa, aholi punktlari siyrak joylarda qiyinchiliklarga ham duch keldi. Biroq ularni yengib o'tdi.

Bir oydan ziyod vaqt ichida u Qoraqalpog'iston Respublikasining poytaxti Nukus shahriga yetib bordi. Bunday hisob-kitob qilib qarasa, har kuni 40-45 chaqirim yo'lni bosib o'tibdi. Sayyohni Nukusda “Adolat” SDPning faollari izzat-ikrom bilan kutib olishdi. Mehmonxonadan joy qilib berishdi. Keyingi manzil Mo'ynoq bo'ldi. Orol dengizining to'lib-chalqib turgan toshqin suvlari bir vaqtlar Mo'ynoqdagi kemalar to'xtaydigan portga fayz bag'ishlagan. Ayni chog'da dengiz shahardan uzoqlarga “qochib” ketgan. Baliqchilar shahri bo'lgan Mo'ynoqqa qumlarga ko'milgan kemalar meros bo'lib qolgan. Shahar xaroba qiyofaga kirib qolganligi tufayli yoshlar Mo'ynoqni tark eta boshlagandi. Prezidentimiz va xalqimizning sobit irodasi tufayli shahar ikkinchi bahorini boshdan kechirayotgandi. Mo'ynoqda zamonaviy binolar, ma'muriy, madaniy-maishiy inshootlar qad rostladi. Shaharni tashlab ketganlar qaytib kela boshlashdi. Butun dunyodan qayta tirilgan shaharni ko'rishga sayyohlar oqib kela bosh­ladilar.

Velosipeddan gap ochilguday bo'lsa, Abdurasul akaning gap xaltasi ochilib ketadi. Qator takliflarni qalashtirib tashlaydi. Ro'yi zaminda global masalalar ko'tarilgan bir paytda ekologik toza transport sanalmish velosipedga ehtiyoj kuchaymoqda. Barcha shaharlarda velosipedlar yuradigan maxsus yo'lakchalar qurishni davrning o'zi taqozo etayotir. Tashkilot va muassasalarda ishga velosipedda qatnaydigan xodimlarni qo'llab-quvvatlash, imkoni topilsa moddiy va ma'naviy rahbatlantirish joiz.

— Velosipedda sayru sayohat qilish menga kuch-quvvat, salomatlik bag'ishlaydi. O'zimni qushday yengil his etaman. Qolaversa, jannatmonand yurtimiz va qo'shni davlatlarni o'z ko'zim bilan ko'rishni istayman. Xalqimiz bejiz: “Yurgan – daryo, o'tirgan – bo'yro”, deb naql to'qimagan. Koranovirus balosi bo'lmaganda allaqachon ancha joylarni kezib chiqqan bo'lardim. Jahongashtalik men uchun ko'ngil osoyishtaligidir, — deydi qahramonimiz.

Muhammadali AHMAD.

Tasvirda: Abdurasul Allanazarov (o'rtada)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 1 =