Nabiram bilan suhbat

Nevaram Toshkentda – universitetda tahsil oladi. Ta'til kunlarining birida hozirgi yoshlarning bilim darajasini o'zimcha sinash uchun uni gapga soldim:

—   Adabiyot nazariyasini qaysi kitob bo'yicha o'rganyapsizlar?                             

— “Adabiyot nazariyasi”, degan darslik bor ekan o'zi, bobo. Domlalarimiz shu kitobni o'qinglar, dedi, o'qiyapmiz.           

— Yaxshi ekanmi?

— Yaxshi.

— Xo'sh, nimasi yaxshi ekan, ayt-chi…

—       …

—       “Adabiyot nazariyasi” deysanu, adabiyotning o'zini o'qimaysizlarda. Masalan, Payg'ambarimiz hadislaridan saboq berilyaptimi?

— Hadislarning adabiyotga nima aloqasi bor?

— Eng birinchi adabiyot nazariyasi hadislarda bilsang, ya'ni Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning muborak kalomlaridir. Dunyoda bundan ulug'roq ilm ham, fan ham yo'q bildingmi?! Nabiram indamadi, balki menga hayron bo'lib qaradi.

 

So'ng Tavhid faqatgina “La ilaha illalah” kalimasidan-da iborat emasligi haqida o'zimni bosolmay uzoq gapirdim, u namozxon talaba sifatida odob bilan mening ku­yib-pishishlarimga qarab, jim o'tirdi.

— Nimaiki yozsang, nimaiki ish qilsang, ko'z oldingda doim hadislar tursin, chunki muborak hadislarda odamzod bolasi duch keladigan hamma savollarga javob berilgan. Sen bilan bizning vazifamiz u kalomlarga — chashmadek ulug' ma'rifatga amal qilmoqdir. Buning uchun ularni so'ngsiz muhabbat bilan o'rganmoq, takror-takror o'qimoq kerak. Hadislarni sen kechayu kunduz, hatto tushingda ham… o'qishing kerak. Muhab­bating shu darajaga yetsinki, hadislar ko'ng­lingga kelishi bilan ko'zlaringdan tirqirab yosh chiqib, ko'ksing ikkiga bo'linib ketadiganday bo'laversin, bildingmi? Ko'zimdagi yoshning hurmatini qilibmi nevaram bu safar “tushundim!”, — dedi.

— Tushungan bo'lsang… Shundan keyin sen bosh­qacha yoza boshlaysan. Bilasanmi, to'g'ri so'zning gavhari, ohangrabosi bo'ladi. Har bir odamda nurafshon yorug'likka moyillik bor. Shuning uchun ular yozganlaringni o'qib dil rohatini tuyadilar. Hammamiz ham olovga qo'limizni tutib, isinishni yaxshi ko'ramiz, ammo hech kim o'zining… avval o'tin, so'ng olov bo'lishini istamaydi. “Hech kim”, deganim noto'g'ri, bu dunyoda olovday yonib yotgan odamlar ko'p va o'shalar tufayli bizning ko'ngillarimiz muzlab, to'nglab qolgani yo'q. Ana shunday zotlardan biri Shoh Mashrab hazratlari edi. Yana biri shoir Rauf Parfi.

Shoh Mashrab — ilohiy zot edi. Avliyo bo'lgan zot. Og'zidan chiqqan gap amalga oshganda. Hatto u o'z qotili — Balx hokimiga qarab: “Sen menga hozir izzat-ikrom ko'rsatib, mehmon qilayapsan. Ammo qotilim ham o'zing bo'lasan”, – deb aytgan.

Va shunday bo'ldi ham.

O'qish va uqish kerak bularni. Chunki Mashrab g'azallari naqadar ulug' so'z san'ati bilan bitilgan. U hatto yozganlarini tirikligida to'plab devon ham tuzgan shoir emas. Mashrab she'rlari xalq ko'nglidan joy olgan, odamlar o'qib, tildan-tilga ko'chib yurar edi. Mashrab chinakam oshiq, Haqning oshig'i edi! Rauf Parfi ham — oshiq, dil oshig'i, ruhiyat musavviri edi.

Shoir Rauf Parfi bilan ko'p suhbat qurganman. U 1996 yilning yozida Denovda bir necha kun mehmon bo'lgan edi. Denov tumani sobiq hokimi Tillo Mengliyev (oxirati obod bo'lsin har ikkisining) shoirga ko'p ehtirom ko'rsatdilar. O'sha yillari men Denov tuman hokimining birinchi o'rinbosari bo'lib ishlardim. Rauf Parfining Denov safarida hamrohlik qilganman.

Biz bu to'rt kunlik dunyoda uyimizni, mashinamizni… naqshlashga zo'r beramiz, Rauf Parfi esa yuragiga naqsh berdi, shuning uchun shoir bitgan har bir kitobi mening ko'zimga javohir to'la sandiqqa o'xshab ko'rinadi.

Birovning kimligini bilmoqchi bo'lsang, uni tinglab, suhbatlashib ko'r, deyishadi. 1970 yilda yozilib, 1975 yili “Xotirat” kitobiga kirgan “Shoir”, degan she'rida Rauf Parfi o'zining bu dunyodagi vazifasi va o'rnini aniq ko'rsatib qo'ygan:

…Ne ellar va tanlar gulxanda yonib,

Shoir ko'z o'ngidan o'tadi bir-bir,

Barchaning dardini o'ziga olib,    

Majnun bo'lib yurar shuning-chun shoir.

Hali bo'g'izlarda bo'g'ilar nafas,

Eski yaralardan chak-chak tomar qon.

Shoirni kuylatgan tabiat emas,   

Shoirni kuylatgan hazrati Inson.

Tikkandir jonini vataniga u,       

Bu so'z qarshisida titrama, ey jon.

Yuzma-yuz kelgandek go'yo o't va suv,

Yuzma-yuz kelodir shoir va zamon.

Buyuk e'tiqoddir bu daxr aro yo'l,

Buyuk e'tiqoddir muborak ilhom.

Shoir yuragida ochilmagan gul,

Shoir yuragida sobit intiqom.

 

She'r “Abdullajonga”, deyilgani bilan, gap shoirning o'zi haqida edi. Shoir va Zamonning o't bilan suvday ekanligini ovoza qilmoq uchun bag'ishlab shunchaki chalg'ituvchi qalqon vazifasini o'taganligini faxmlamoq uchun ko'p aql shart emas. Rauf Parfi shunday va boshqa va'dalarining ustidan chiqdi — to umrining oxirigacha o'zi egallagan, ming mashaqqatlar bilan zabt etgan marralardan bir qadam ham chekinmadi. She'riyat cho'qqisida sobit qoldi.

Yoshi ellikdan o'tgan shoir ahvolini mana bunday bayon qilgan edi:

 

“Sahrolarning podshosi qani?    

Qani vishillagan yovuz ilonlar?

Nahotki bir o'zim qoldim sahroda”.

 

Bilasanmi, bu yolg'izlik odamni havolantiradi. Yoki shoir sho'ro saltanatining eng gullagan 1983 yili yozgan “Abdulhamid Cho'lponga muhammas”iga bir e'tibor qilib ko'rgina:

 

“Yuzlashding balolarga alamlar

                                           ichra ko'zlashding,

O'zing kuyding, o'zing yonding

                           o'zgalar haqqi o'zlashding.

Bu qul bozorida izg'ib qumrilar

                                           kabi bo'zlashding,

Ko'ngil, sen bunchalar kishanlar

                                  bilan do'stlashding.

Na faryoding, na doding bor,

             nechun sen buncha sustlashding,

Ko'zimga hoki turonim,

                        ozodlik gardi inmasmi,

Bu kunlardan umid yo'qmi?

                  Yo'llaring qaro tunmasmi,

Hazon bo'lgan bahor senmi,

                    nishon hurlikdan unmasmi,

Haqorat dilni og'ritmas,

                  tubanlik mangu tinmasmi,

Kishanlar parchalanmasmi,

                  qilichlar endi sinmasmi?!

Alloh, Alloh yig'larsan

                  bulutdek bag'ri so'zonsan,               

Munavarsan, mukarramsan,

                    risolat tug'ida shonsan.               

Sen Ka'bamsan – Turkistonsan,

                  xunumsan sen axir qonsan,

Tiriksan, o'lmag'onsan,

         sen-da odam, sen-da insonsan,

Bo'yin egma, kishan kiyma-ki

                  sen ham hur tug'ilg'onsan”.

 

Ko'ryapsanmi, bunday satrlarni bitmoq uchun faqat shoir bo'lishning o'zi judayam kamlik qiladi: Sahroda… Yolg'iz qolish esa aslida saodatdir. Qanchadan-qancha iste'dodlar bu… Saodatning… yukini ko'tarolmay — moddiy olam azob uqubatlari, yo'qchiliklar, kamsitishlar, oyoq osti bo'lishlar, e'tiborsizliklar va bundan bosh­­qa ko'p tashvishlarga chidamasdan shaytonning lashkariga qo'shilib ketdi.

Rauf Parfi “Nahotki bir o'zim qoldim sahroda”, deb balki ana shunday yo'qotishlarni nazarda tutmadimikan? Rauf Parfi she'r o'qiganda devorga ham jon kirar edi. Rauf Parfining naqadar buyuk shoirligini, naqadar ulug' insonligini birovlarga tushunarli qilib tushuntirib berolmasligim baribir ba'zan menga alam qiladi. Rauf Parfi o'ta milliy shoir bo'lganligi uchun ham… umuminsoniydir, shuning uchun, u biron marta o'zbekni, O'zbekistonni boshqa millatlardan, boshqa davlatlardan baland ko'rmaydi, ya'ni, ayrim zamondoshlariga o'xshab millatga va mamlakatga muhabbatini ko'rsatmoqlik uchun millatchilik qilmaydi.

U dunyoga teran ko'z bilan qarab, hurlik va ozodlik ruhini har bir millatdoshimiz qalbiga singdirmoqni niyat qilgan edi.

Shoirning bu estetik konsepsiyasi Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning “Arabning ajamdan afzalligi yo'q – qaysisida taqvo kuchli bo'lsa, o'sha afzaldir”, degan muborak hadislari bilan barqarorlashadigandek. Nevaramga adabiyot haqida yana ko'p gaplarni aytib berdim. Uning ko'zlarida uchqunni ko'rganday bo'ldim!

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 5 =