Momo Yer qo'shig'i
yoxud ShOIRning porloq mehrnomasi
Aziz ustozlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, domla Ozod Sharafiddinov yaxshi ko'rib, hamisha alqab-maqtab yurgan shoirlarimiz qatorida Mahmud Toirning alohida o'rni va mavqei bor. Ijodkorlarimiz tomonidan nomiga ko'p va xo'p bag'ishlovlar bitilgan “mashhur shoir – Mahmud Toir” (Xayriddin Sulton iborasi)dirki, jumladan, ustoz Erkin Vohidov shunday yozadilar:
Xalq tinglagan xalq shoiri – Mahmud Toir,
Shirin baytlar aytdi ona yurtga doir.
U Parkentdan qaraganda poyidadir –
Bu yon London, Parij, u yon Al-Jazoir.
Alloma shoirimiz Mirzo Kenjabek “So'z saodati” kitobiga yozgan so'zboshida “shoir ijodidagi ma'rifiy ruh va ma'naviy-irfoniy mavzular” haqida mehr bilan gapirarkan, hazrat Usmonxon Alimov (Alloh oxiratlarini obod qilgan bo'lsin)ning samimiy dil e'tirofini iqtibos keltiradi: “Yaxshi she'rlar, yaxshi satrlar o'z-o'zidan ko'ngilga yo'l topadi. Mahmud Toirni nurli mavzulardagi she'rlardan iborat yangi kitobi bilan muborakbod etib, unga barakotlik umr va ijod tilab qolaman”.
Iqtibosdagi “nurli mavzular” iborasi o'z-o'zidan “nurli manzillar” ila uyqash-qofiyadosh bo'lib kelayotganini ilg'agandirsiz.
Bu o'rinda bedor-beorom shoirning butun umri — hayoti nurli va munavvar manzillardan tarkib topganiga ishora qilayotirmiz. Albatta, bu manzillarga erishguncha yo'l va masofaning olachalpoq oydinligiyu qorong'iliklarini bosib o'tish zahmati ham mavjud va muqarrardir.
* * *
She'rlar bor – kiprikday qisqa, dostonlar bor – qosh bilan kiprik orasidagi masofadan sal uzunroq, lekin dunyoda bir she'ru doston borki aytgan bilan ado bo'lmaydi, qancha kuylasang ham – tuganmasdir. Bu – Vatan, Vatanning she'ru dostoni, Vatan qo'shig'idir. Vatan mavzusi yolg'onni, sun'iylikni ko'tarmaydi. Rost, samimiy she'rlar yashab qolaveradi, yolg'onlari o'z janozasini o'zi o'qib, umri tugayveradi.
Daryo hech qachon “Men daryoman” deb aytmaydi, biroq mavjlari, to'lqinlari, sharqirashiyu toshqinlari bilan daryoligini bildirib turadi.
Daryodil, ko'ngli jo'shqin shoir Vatan haqida, misol uchun, mana bunday she'r aytadi:
Maysalaring shivirlashdi, tizlar cho'kdim, quloq berdim,
Bilmay bosib chumolini gunohimga so'roq berdim.
Vatan ne deb so'rganlarga bir kaftgina tuproq berdim,
Menga Vatan siyratini, Momo yerim, o'zing berding.
Bu satrlarni kishi emas, daryo aytayotgandek, qalam emas – mavjlar yozib borayotgandek. Bunday she'rlarni necha qaytalab o'qisangiz ham, ko'nglingiz jimirlayveradi, ruh yorishadi, dil yayraydi. Shu sababli, kamtarin xonanda Oybek Hamroqulov sidqidildan ijro etgan qo'shiq tez orada ko'pchilikning qalbidan joy oldi, Istiqlol yillarida kuylangan Vatan haqidagi eng go'zal qo'shiqlardan biriga aylandi.
Quyosh ko'kda sen deb yashar, oy boshingdan o'rgiladi,
Ko'rdim har tun ming-ming yulduz etagingga
nur eladi.
Chimdimgina loying bilan qaldirg'och beshik beladi,
Bu dunyoning hayratini, Momo yerim, o'zing berding.
Senda ungan har bir giyoh Yaratganga sano aytar,
Ko'kka yetgan teraklar ham kuni bitsa senga qaytar.
Muhammadga ummat Mahmud kafti kuyib
duo aytar,
Oshiqlikning qudratini, Momo yerim, o'zing berding.
So'zni dil zamirida giyohdek avaylab-ardoqlagan shoir qalbidangina shunday ta'sirchan, zavqlantiradigan satrlar to'kiladi. Shuning uchun bunday shoirlar el ichra tezda nom qozonadilar, she'rlarini odamlar darhol ovoza qiladilar. O'zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning “Sharq” nashriyoti bosib chiqargan “Mendan meni so'rama” kitobi haqida, aniqrog'i bu kitobning izhori uchun mazkur to'plamga kirmagan yuqoridagi “Momo yer” she'rini atay misol keltirdik. Sababi, Vatan haqida siyqasi chiqqan, pala-partish, yolg'on she'ru nag'malar urchib-bolalab ketgan “bozornavo” sharoitida odamlarning dillarni tarbiyalaydigan, ezgu tuyg'ular uyg'otib, insoniylikka chorlaydigan chiroyli o'zbekona qo'shiqlar eshitgisi keladi. Yaxshi she'r yo qo'shiq ham hurmatli muallim yo ustozday – olijanoblikka, ezgulikka chorlaydi, yaxshilik sari yetaklab, odob-axloq, tarbiyaga beminnat xizmat qiladi.
Onam dedim, Momo yerga yukindim,
Ko'zyosh bo'lib yana unga to'kildim.
Hovuchim to'ldirib bug'doy berdi u,
Somondan uyalib qolmayin yana.
Tug'ilgan tuproq, ona yer, aziz Vatan oldidagi farzandlik qarzi, qarzdorlik hissi, bundan kelib chiqadigan burch, dard va iztirob, o'y va bezovtalik, mehr va iftixor – hamma-hammasi Mahmud akaning bu mavzudagi barcha she'rlarida yangi chiqqan bug'doy maysalaridek yashillanib ko'rinib turadi. Shu o'rinda, shoirning so'zi, aniqrog'i shoirimizning alohida kitob holida chop etilgan “Ogoh bo'l, dunyo” dostoni haqida ham ikki og'iz to'xtalib o'tmoq joiz.
Shoir vaqtida yig'lab, vaqtida kulishi kerak, degan gapni ustozlar aytgan. Bu so'zlarning zimmasida, zamirida zalvorli yuk bor. Shu ma'noda, “Ogoh bo'l, dunyo” dostoni ayni vaqtida aytilgan shoirning So'zidir. Keng ko'lamli, qamrovli so'zi, uning ijtimoiy o'rnini belgilab beruvchi nazmiy nidosi, she'riy burchnomasi. Dostonni “Shoirning ogohlik va kurashga chorlab turadigan badiiy da'vatnomasi” deb ustoz Abdulla Oripov juda to'g'ri ta'rif bergan. Elda “Yomg'ir bilan yer ko'karar, tinchlik bilan el ko'karar” degan naql bor. “Ogoh bo'l, dunyo” dostoni shu sababli dunyoga kelgan, shuning uchun yozilgan.
Doston – shoirning yovuzlikka, yomonlikka, riyoyu razolatning seliga qarshi ko'ngil mehnatxonasida tiklagan she'riy to'g'onidir. So'z qanchalik muhtasham bo'lsa uning ta'sir kuchi ham shunchalik salmoqli bo'ladi. Mustaqillik yillarida maktablarimizda “Vatan darsi” degan go'zal saboqlar taomilga kirdi. “Ogoh bo'l, dunyo” dostoni – shu ezgu darslardan yana bir kerakli saboq, o'tilishi, o'qitilishi, o'rganilishi va bilinishi kerak bo'lgan zarur va muhim dars. Shuning uchun:
Yashayotgan odam uchun
Jon bir taraf, shon bir taraf.
Adolatning tug'in har kun
Temur kabi tutmoq sharaf!
satrlarini o'qiganda ham yoki “Manguberdi kabi mangu Vatan uchun o'lmoq sharaf” deyilganida ham o'quvchining ko'ngli bir qalqiydi. Shoir voqea-hodisalarning oddiy ishtirokchisi yoki aytuvchisi emas, voqea-hodisalarni yuragidan o'tkazadi, uning yuragi – bezovta, sertashvish, serxavotir davru zamonga aylanadi. U davr xavotiriga yana xavotir qo'shmaydi, odamlarning tashvishini yana bittaga ko'paytirmaydi, aksincha, jismu jonidan to'lib-toshib chiqqan so'zi bilan da'vat etadi, ogohlikka chaqiradi.
Nonko'rlik, noshukurlik — dilko'rlik, ongko'rlikdan boshlanadi. Davru zamon shoirdan so'z so'raydi, so'z kutadi. Manzilu makon, elu yurtni so'z bilan ham obod etmoq kerak. Chin So'z – ko'ngillarni ko'taradi, “ishonch ko'priklari”ni quradi, taskin-tasalli beradi, g'urur uyg'otadi. Dostonning zimmasiga xuddi shu ezgu, insoniy vazifalar yuklatilgan. Mustaqillik davri she'riyatimizda shubhasiz u o'z o'rni, maqomini topadi. “Ulug' boshning tashvishi ham ulug' bo'ladi” deyilganidek, bugungi kunda yurt egasidan tortib to muallimu dehqongacha ona diyorimizning baxtu kamoli yo'lida ulug'vor zahmatlarni boshdan kechirayotgan, do'stlar xayrixoh, g'animlarimiz olayib qarayotgan bir paytda – kerakli so'z, vaqtida aytilgan suxan naqadar muhimligini davrning o'zi ko'rsatib turibdi.
“Doston umri inson umriga o'xshar” deydi shoir. Va bunda ham da'vat, ogohlantirish bor. Inson – o'z umrining qadriga yetib, ezgu amallar bilan yashasagina, umri – umr, o'zi esa inson sanaladi.
“Mendan meni so'rama” kitobida shoirning “Otamning o'kinchi” nomli yana bir dostoni kiritilgan. Hurmatli ustozimiz, domla Ozod Sharafiddinov “Qalbdan qaynab chiqqan qo'shiqlar” so'zboshisida juda ham jo'yali ta'kidlaganidek, “Bu asarda ham shoirning boshqa she'rlariga xos ikkita xususiyat bor: birinchidan, doston qalbdan qaynab chiqqan, zo'r samimiyat bilan yozilgan. Ikkinchidan, uning mazmuni o'ziga xos. Shoir hamma narsaga o'z nigohi bilan qaraydi. O'z fikrlarini aytishga, o'z tuyg'ularini ifodalashga harakat qiladi. Bu intilishi esa uning she'rlarida ham, dostonlarida ham quyma misralarda, hikmat shakliga burkanib namoyon bo'ladi”.
Domlaning so'zlariga albatta, bir nima qo'shimcha qilish qiyin. Biroq kerakli bir nuqtani aytib o'tish zarur. Mahmud Toir hamma uchun jaydari, kundalikday tuyulgan voqea-hodisalarga ko'lam bag'ishlay oladi, insoniy kechinmalar, fikr-mushohadalarni nazmiy yo'sinda, shoirona tarzda o'quvchiga yetkaza biladi va shuning natijasida odamlarning ko'ngil ko'zlarini ochishga harakat qiladi. Mavzudan, doston salmog'idan cho'chimay, ko'zlangan maqsadni yakuniga yetkazishga erishadi.
Shoirning yangi kitobi – ma'lum ma'noda uning o'quvchilari, o'zi va qalbi oldidagi yangi hisoboti. Yillar o'tgani, ijodiy tajriba ortib borgani sayin fikrlar quymalashib, she'rlar hikmatlardek yangray boshlaydi. To'plamlar ortidan endi hayotda o'z xulosalari, insoniy tutum va tartib-qoidalariga erishib bo'lgan, o'z so'zi, nuqtai nazari bor katta shoir va shaxsning donishmandona qiyofasi yomg'ir yuvgan oynalar ortidan akslangan misol ko'rinib turadi. “She'r ko'nglimning gullagan payti” deydi shoir va siz salkam ikki yuz betlik kitobning boshdan oyoq gullab yotgan ko'ngildan iborat ekanligiga uning mutolaasidan so'ng astoydil amin bo'lasiz.
Men qadrni qatralab topdim,
Baxtim sizga baxt tilab topdim.
Garchi do'stning ortidan chopdim,
Sog'intirib yashagim kelar.
Sog'inch qariganda nima bo'ladi? Shoir uchun u she'rlarga, dostonlarga aylanadi. Onalarning oq sochlari – ularning umrlik, keksayib qolgan sog'inchlarimikan? Ustozlardan birining “Onalar yetim qolar, bolalar ketib qolar. Sen bolamsan mening, tashlab ketgan bolamsan, ona!” degan dardli, alamli she'ri bor. Bundoq deyish balki sharqona taomilga, bizning odob-axloqqa to'g'ri kelmas, biroq bu o'rinda sog'inch va firoqning asl fojiasi mantiqan to'g'ri va haqqoniy berilgan. Dunyoda bolalari taqdir va tiriklik ko'yida yiroqlab ketgan, oy-yu yillar, bahoru kuzlarni yo'l qarab o'tkazgan yolg'iz onadan zorroq, yetimroq zot bormi?
Mahmud aka ona haqida katta mehr, baland muhabbat, munavvar sog'inch va dard bilan she'r aytadi. “Mendan meni so'rama” to'plamidagi eng go'zal she'rlardan biri “Onam bilan ketmon chopgan ayollar” she'rida, jumladan, shunday misralarni o'qiymiz:
Peshonangiz teri tomgan Momo yer,
Qayda qoldi farishtadek momom der.
Qaldirg'ochlar qo'lingizdan taom yer,
Onam bilan ketmon chopgan ayollar.
Sochlaringiz qorlardan ham oq bugun,
Ko'ngil yarim, ko'ngil buncha toq bugun,
O'ningizdan to'qqizingiz yo'q bugun,
Onam bilan ketmon chopgan ayollar.
Shu sababdan shoir “She'ringni qo'y, Mahmud, onang ko'nglin top, Jannatlarning posboni ham onadir” deydi va bu satrlar ortida donishmand, sochlari oqarib ketgan mehr bilan sog'inchning nuroniy siymosi turganini ilg'aysiz.
* * *
Shoir hayotidagi yo'qotishlar… Said Ahmad domla “Topganlarim va yo'qotganlarim” desa, “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor” deya baralla kuylagan Halima opamiz “Yo'qotganlarim va topganlarim” debon armon chekadi, nima uchun? Yo'qotganlari topganlaridirmi, topganlari yo'qotganlaridirmi yo?
Mahmud aka bir “qumridil shoir” (ustoz Abdulla Oripov iborasi)ni astoydil yaxshi ko'rardi, qumridil shoirning ham unga mehri-intilishi bo'lakcha edi. Muhammad Yusufni yo'qotganda o'zi ham, hayoti ham bir qalqindi, bir qalqindi-ey!
Volidai muhtaramasi Rafiqa ayani berib qo'yganlarida, ustoz aytgandayin, “boshiga osmon qulab tushganday” bo'ldi. Suyukli umr yo'ldoshi Gulchehra yangamizdan ayrilgandan keyin ayniqsa, qandaydir zor va ma'yus tortib, yakkalanib, yolg'izlanib qolganday – butun yorug' olam va tiriklik ko'ziga tor va nursizday tuyulgan og'ir damlarni ham boshdan o'tkazdi. Biroq…
Hayot baribir hayot-da. G'afur G'ulom muallim “xalq bor, Vatan bor” deya dalda berganday, Mahmud aka noumid bo'lmadi, barcha o'limlarga qarama-qarshi o'laroq yozuv stolini ihota qo'yib, bor iztirob va sog'inchlarini qog'ozlarga to'kdi, go'zal she'r va dostonlar ijod qildi. Uning faoliyatida og'ir-vazmin donishmandlik davri boshlandi. Shu boisdan “Men oftobga alishmagan ayollar” kitobi bu faslning yorqin sog'inchnomasi bo'lib dunyoga keldi. Umuman olganda, ushbu majmua o'zbek onalari, opa-singillarimizga atalgan shoirning porloq mehrnomasidir.
* * *
She'rlarni o'qiyversangiz qiziq-qiziq tashbehlar xayolga kelaveradi. Masalan, bu she'rlar xuddiki qumrilaru musichalardirlaru aytuvchilari, ya'ni shoirning o'zi ularning qanotlari, patlarini silab-siypalab, atrofiga to'plab don sepib yurgandayin. Birdan “pov” etib betingizga bir olov urilganday, yuzingiz qiziyotganday tuyuladi. Eh-a, bu – navbatdagi she'rning alangasi ekan: “Menga olov kerak emas, yonayotir yuragim, lolalar rang so'rabdi, qonayotir yuragim” satrlarini o'qiganingiz zamono alanga otashi yurakka ko'chadi:
Assalomu alaykum,
Toliqmagan tilagim.
Men ko'ksim osmonidan
Oq niyatlar elagum.
Jismimdagi jonim-ov,
Azroilga keragim.
Bulbullar beshigiga
Kelar seni belagim.
Davomidan esa olov yanada gurillay ketadi, tomirlar tomir yozayotgandek, ularda bir yolqin o'ziga manzil istab yugurayotgan, jismu jon ham yolqinlanib, alangalanib borayotgandek:
Iymon – umr chirog'i,
Qiyomatda keragim.
Qiyomatga sen bilan
Ketayapmiz, yuragim!
Hamma gap mana shu umr chirog'i bo'lmish iymon nuqtasida. Bu nuqta bir zamonlar – o'tgan asrning qatag'on yillarida shoir va adiblarimiz ko'ksiga qo'rg'oshindan nuqtalar qo'yilishiga sabab bo'lgan. Shu tufayli Istiqlol davri shoirining onasi, Vatani, farzandlarining baxt-saodati uchun avj pardalarda, baralla she'r aytishga tarixiy asos va sabablari ham, haqqi ham bor.
Biz bu kitobda ajoyib-ajoyib umr hikmatlarini o'qiymiz. Ba'zilaridan zavqlansak, ba'zilaridan ma'yuslanib qolamiz, ayrim she'rlar xush kayfiyat baxsh etsa, ayrim baytlar mahzunlikka eltadi. Ba'zan ikki satrginaning ozg'in yelkalariga bir umrlik hikmat yuki yuklanganini ko'rib, chuqur o'ylarga tolamiz:
Quvonch qariganda qayg'u bo'larmish,
Qayg'u qariganda odam o'larmish.
Yana ko'p misolu tamsillarni keltirish mumkin. G'ayratchan, toliqmas shoir og'amiz Mahmud Toirning shoirlik faoliyati she'rlari yo kitoblari bilangina chegaralanib qolmaydi. U mamlakat adabiy hayotidagi yirik-yirik badiiy anjumanlar, yurtning katta-katta bayramlari munosabati bilan o'tkaziladigan tadbir va uchrashuvlarning faol ishtirokchisi, goh Qoraqalpog'istonning Mo'ynoqu Ellikqal'asida, goho Farg'ona-yu Andijon mehnatkashlari huzurida ko'rsangiz, bir safar Surxondaryoning Boymoqlisida, yana bir payt O'zbekiston Milliy universiteti yoki Samarqand davlat universiteti talabalari orasida uchratasiz. Yozuvchilar uyushmasining poytaxt viloyat bo'limi rahbari, el suygan shoir sifatida Toshkent viloyati, ayniqsa, Parkent adabiy muhitining bedorligi, zamon bilan hamnafas bo'lishi uchun qurbi yetguncha harakat qilayotgan, intilayotgan behalovat, bedorqalb shoir haqida, u tug'ilgan tuproq, tarbiya topgan xonadon, volidasi-yu, dilbandlari, suv ichgan daryolari haqida yana ko'p-ko'p iliq gaplar aytish mumkin. Biroq bularning hammasini shoirimiz o'z she'rlarida aytib kelayotibdi. Shu she'rlar, ohanglaru navolar, Momo yerning qadrli qo'shiqlari bardavom yangrayversin, deymiz.
Mahmud degan oshiq kelar,
Izlaridan qo'shiq kelar.
Lekin ba'zi shoirlarning
Ortidan osh, qoshiq kelar.
Mahmud degan oshiq kelar,
Izlaridan qo'shiq kelar.
Bu qo'shiqlar qalbingizning
Bolasiga beshik bo'lar.
* * *
Yana bir gap: Yuqorida shoirimizga yozilgan mo'l va serob bag'ishlovlar haqida to'xtalgan edik. Shoir tavalludining 70 yilligi munosabati bilan, aynan shu bag'ishlovlar, maqola va izhori dillar jamlangan “Mahmud Toir va zamondoshlari” nomli muhtasham majmua erta-indin bosmadan chiqish arafasida turibdi. Ko'p ekan-da, shoir akamizni chin dildan sevguvchi eldoshlari ham, dildoshlari ham ko'p ekan. Ularning orasida oddiy o'quvchidan tortib davlat arboblari, akademiklargacha borligi – Mahmud akaning qamrovi-yu salmog'idan darak beradi. Bu ko'ngilnomalarni o'qib, beixtiyor, bir kecha-kunduzda 24 soat bo'lsa agar, yigirma besh soat ishlaydigan betinim shoir, beorom senator, bedam-behalovat bosh muharrir shu Mahmud aka ekan-da, deya imon keltirasiz.
Davlatimiz rahbarining siyosiy iroda va shijoati bilan boshlangan Uchinchi Renessans davrining mustahkam asos va poydevori mana shunday million-millionlab bedor qalblarning metin g'ishtlari bilan bunyod bo'lmog'i bugun barchamizga besh panjaday ayon.
Adabiyot – xalqning yuragi deya oliy minbarlardan yangragan da'vatlar ham bejiz aytilmagan.
Shoir akamiz shunchalar qizg'in, tig'iz va jo'shqin ish faoliyatiga qaramay “Adabiyot ziyosi” nomli ko'rkam va o'qimishli gazetani ham chiroyli dizayn va katta nusxada, quling o'rgilsin qilib, chiqarishga erishmoqdaki, ro'znoma qisqa vaqt ichida ming-minglab o'quvchilar ko'ngliga yo'l topib, mashhuri jahon bo'lganiga tahsin-tasannolar aytsangiz arziydi. Demak, adabiyot o'z ziyosini taratayotir. Shu boisdan markaziy idoradagilarning “Mahmud aka ko'rinmay ketdimi?” degan jo'yali savoliga bizning muqobil javobimiz shuldir:
Mashhur shoir, maxmur shoir Mahmud Toir,
Do'stu yorni ko'rayin deb ko'pam urinmas.
Parkentdagi quyosh yutgichlarday shoir,
Issig'i-yu nuri kelar – o'zi ko'rinmas.
Sirojiddin SAYYID,
O'zbekiston xalq shoiri