Qorda qolgan lolalar

Sharifa Salimova

 

Elimizning ardoqli shoirasi Sharifa Salimova o'nlab kitoblari, betakror she'ru dos­tonlari bilan xalqimizga yaxshi tanish. Qolaversa, o'tgan yillar davomida davlat va jamoat idoralarida nufuzli vazifalarda mehnat qilib, hurmat-e'tibor qozongan.

Taniqli adiba yigirmanchi asrning suronli olamida Germaniyaga o'qishga ketib qatag'onga uchragan, ne-ne nohaqligu adolatsizliklarni boshdan kechirgan bir qancha o'zbek ayollari qismati haqida she'riy roman yozmoqda. Muallif ayni paytda ushbu asarini tugallash arafasida bo'lib, qu­yida “Qorda qolgan lolalar” deb nomlanuvchi ana shu asardan o'rin olgan toshkentlik Xayriniso Majidxonova hayoti, achchiq qismatini yorituvchi faslini mushtariylarimiz e'tiboriga havola etdi. Shu kunlarda o'zining qutlug' yoshini nishonlayotgan sevimli shoiramizni tahririyatimiz jamoasi hamda Siz aziz gazetxonlar nomidan qutlaymiz.      

 

Qorda qolgan lolalar

(She'riy romandan parcha)

 

D Ye B O Ch A

Bu she'riy g'ussani tinglamoq og'ir,

Shundoq ham ozurda nuktadon dillar.

Necha yil qahraton qo'ynida yotur

Tarix xotirasi o'chirgan gullar.

Quyosh nurin ichib lola yonoqlar,

Bahorga zoriqib chiqardi peshvoz.

Shudringni jomiga to'ldirib sarxush

Oydin orzulardan so'ylar edi roz.

O, men ichgan qayg'u – naqadar taxir,

Ko'zim yoshlarida quyilgan qismat.

Nega qor qo'ynida sen karaxt yotding,

Dunyoni hayratga solgan,   Xosiyat!

Ona, muzliklarda qaqshading uzoq,

Necha surgunlarda yig'ladi izing.

Hayot, sen edingmi shuncha beshafqat

Ko'zlari to'la mung Sobira qizing.

Xayriniso ona, qayga ketdingiz.

Vujudingiz tilka-pora qildi o'q.

Endi bahordagi lolalar yig'lar:

— Xayriniso ona oramizda yo'q.

Oy samoda ma'yus kezadi uzoq,

Go'yo sukunatda kesilgan tillar.

Muzliklar qo'ynida bizlarga mushtoq,

Qismati yo'qlikka ko'milgan gullar…

Oh, dunyo! Necha bor yig'lab qon qusding,

Tarix kiprigida azob qotadi.

Muz asr ko'ksida tosh qotgan gullar

Nurga intiq, umrin kutib yotadi.

 

* * *

Juda uzoq yurdim, g'ussaga to'lib,

O'z-o'zimga berdim minglab savollar.

Tunlari xobimga kirdi bostirib,

Qor qo'ynida muzlab yotgan ayollar.

Sovqotdik… Quyosh ber, nur ber, otash ber,

Ko'ksimiz yanchmoqda zulm degan tosh…

Bizni bir bor yo'qla… Duolar qilgin,

Bizni unutmagin, go'zal qarindosh.

Biz millat ko'ksida urmoqchiydik barq.

Qismat panohboni qilmadi karam.

Biroq…

             To qiyomat qadar Vatan biz bilan,

Tomirimiz millat ko'ksida, bolam.

To qiyomat qadar ….Go'zal umrimiz —

Abas bo'lgan umr, abas ishq, havas.

Tunlari xobingni o'g'irlab deydi:

Bizni unutmasang…

                               Unutmasang bas...

 

BIRINChI FASL

Xayriniso   MAJIDXONOVA

 

Muqaddima

“Tomirimiz millat ko'ksida, bolam”

Yigirmanchi asrning suronli olamida juda uzoq adashib yurdim. Javobsiz savollar tinimsiz ko'ksimni tirnadi. Tushlarimga qor ko'ksiga uloqtirilgan bir dasta lolalar – tuzumning qora qismatiga juda erta duch bo'lgan ayollar, millatdoshlarimiz, vatandoshlarimiz kiraverdi. Ular Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Sobira Xoldorova, Tojixon Ahmedova, Maqsuda Ishoqova, Gulsum Rahimova-Ashrafiy va boshqalar… Bunday qismatlarni sanashga barmoq yetmaydi, umrining azobli lahzalarini yozmoq uchun qog'oz yetmaydi. Ular navqiron yoshda chiroyli ko'zlarini sizga tikib turaveradi, bu yorqin nigohlardagi “Gunohimiz nima edi” degan savollar samo qabatlariga mangu yozilib qolaveradi, shamollar ko'ksida ingroq bo'lib tog'lar ko'ksiga urilaveradi, afg'on bo'lib, bosh olib sahrolar qo'yniga chiqib ketadi. Girya bo'lib boshini soylar toshiga tutadi, har bahor yana qirlarda lolalarga aylanib, millat ko'ksini bezaydi.

Shunday ayollardan biri Xayriniso Majid­xonova. U 1905 yilda ko'hna Toshkentning Mir­obod mahallasida dunyoga keldi. Ma'rifatparvar Majidxon otaning, go'zal volidasining umr bog'larini anvoyi chechak bo'lib bezadi. Opasi Oyposhsha bilan o'z davrining ulug' ziyolilari bo'lgan Munavvar qori, Saodat Yenikeeva kabi ustozlardan saboq oldi. 1922 yilning so'nggida – 17-18 yoshida bir guruh o'zbek yigit va qizlari bilan Germaniya davlatiga o'qishga yuborildi.

Shoir Botu Xayriniso Majidxon qiziga atalgan “Kichik armug'onim” she'rida shunday yozadi:

Tor qafasdan qochib ko'kda o'ynag'on,

Erkinlikning quchog'ida dam olg'on,

Go'zal qizning ovchilari ko'p bo'lg'ay,

Vaqti kelsa, qush tubanga tortilg'oy…

Shoir Botu bu she'rida o'zi bilib-bilmay Xayrinisoning kelgusini bashorat qilganmidi? Go'zal qizning ovchisi manfur tuzum bo'lishini, “vaqti kelsa, qush tubanga tortilishi”ni bilganmidi? Biroq Olmoniyaning Darmshtat shahrida O'qituvchilar seminariysida, tibbiyot kurslarida muvaffaqiyat bilan tahsil olayotgan, nemis tili va adabiyotini ixlos bilan o'rganayotgan Xayrinisoning maqsadi   tezroq o'qishni tugatib, ona Vataniga yorug' yuz bilan qaytish, unga sidqidildan xizmat qilish edi.

Xayriniso Majidxonova dugonasi Maryam Sultonmurodova bilan kundalik vazifalarni tirishqoqlik bilan bajarar, til o'rganishdagi favquloddagi zehni bilan olmon muallimlarini ham hayratga solardi. Uni maftun qilgan Olmoniya madaniyati, go'zal tabiati, reja asosida ish yuritish – kelgusida ona Vatanida amalga oshirishi mumkin bo'lgan ulkan orzularining debochasi edi.

1922 yil oxirlarida Buxoro xalq jumhuriyati vazirlar sho'rosi raisi Fayzulla Xo'jayevning Olmoniyaga safari asnosida tahsil olayotgan yoshlar bilan ko'rishuvi keyinchalik “Berlindan maktublar” deb nomlangan maqolasida ifodalanib, “Buxoro axbori” gazetasida bosilgan edi. Unda ayniqsa qizlarning Ovrupoda   o'qib, Vatanga mutaxassis bo'lib qaytishi, xotin-qizlarning ilm olishi jamiyatning ijtimoiy taraqqiysi uchun nihoyatda muhim ekanligi ta'kidlangan bo'lib, Olmoniyada tahsil olayotgan qizlar faxr bilan birma-bir sanab o'tilgan edi.

Xayriniso va Maryam   1927 yilning yozgi ta'tilida doimo dunyoning diqqat markazida bo'lgan Parij sayohatiga yo'l oladi. Go'zal Luvr, uning tengsiz jozibasi, osori atiqalar, ko'hna me'moriy obidalar… U cheksiz taassurotlarini faxr va shavq bilan kundaliklariga qayd qilib borardi. Parij shahrida yashab turgan yurtdoshlari Ahmad Naim va Turkiston Muvaqqat hukumatining sobiq raisi Mustafo Cho'qayevlar bilan uchrashib qolishi… Keyinchalik bu uchrashuvlarning unga aybnoma bo'lib taqalishi hech kimning xayoliga ham kelmagan edi. Bir muncha muddat Avstriyaning Vena shahrida bo'lgan Xayriniso 1928 yili O'zbekistonga qaytdi va 1937 yili 13 sentyabrga qadar Kasaba uyushmalari Markaziy Qo'mitasi xodimlari hamda jumhuriyat bosh­lang'ich va o'rta ta'lim o'qituvchilarining dam olish uyida shifokor bo'lib ishladi.

1937 yil 13 sentyabrda esa   u to'satdan qamoqqa olindi. O'sha kunining o'zidayoq ota hovlisi — katta Mirobod ko'chasi, 1-xonadonda tintuv o'tkazilib, Xayrinisoga tegishli maktub­lar, yozishmalar, yon daftarlar, ayrim kitob­lar olib ketildi. Hovli o'rtasida esa uning Germaniyadan keltirgan va bu yerdagi kitoblari, fotoalbomlari, xatlari yoqib yuborildi.

Xayriniso va uning do'stlariga qo'yilgan ayb­lar mudhish edi. Undan qon isi kelib turardi. Beshafqat tuzum uni Vatanga xiyonatda, ayg'oqchilik, millatchilik tashkilotlariga a'zolikda ayblardi. Xayriniso Majidxonovaning Mus­tafo Cho'qayev va Zaki Validiylar o'tkazgan Turkiston talabalarining uchta yig'ilishida qatnash­ganligi, Parijga borganligi,   O'zbekis­tondagi O'rta Osiyo tibbiyot institutida ilmiy xodim bo'lib ishlagan Germaniya fuqarosi professor Englyand bilan munosabatda bo'lgani ham garchi u tergov davrida aybsizligini takror va takror aytib, bu g'arazli ayblovlarni bo'yniga olmasa ham, (guvohlar bo'lmasa ham) aybdor deb topildi. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining Alekseev boshchiligidagi sayyor guruhi ayblov xulosasiga ko'ra 1938 yil 9 oktyabrda Xayriniso Majidxonova O'zSSR Jinoyat Majmuasining 62-, 64-, 67-moddalari bo'yicha aybdor deb topilib, oliy jazo — otuvga hukm qilindi va o'sha kunining o'zida ijro etildi. Quyosh nurlarini emib, yal-yal ochilgan, bahor yellariga yuzini tutgan, ko'zlarga tengsiz quvonch bag'ishlagan lola – muhtarama Ayol muzlik saltanatining   ko'ksiga beshafqatlarcha uloqtirildi.

…Men Xayriniso ona kabi millatimiz fidoyilarining qabrlarini xayollarda ham qidirib topolmadim. O'ttiz ikki yoshida yo'qlikka uchgan, bor yo'q boyligi ona Vatani bo'lgan Xayrinisoning ruhi Istiqlol kunlariga yetib keldi: 1999 yil 7 oktyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi birinchi o'rinbosari imzosi bilan Xayriniso Majidxonovaning oqlanganligi haqidagi xushxabar Majidxon otaning, “Qaydasan, Xayrijon, bir bora tovushingni eshitsam” deb nola qilgan onaning qabri ustiga shu'la sochib o'tdi.   Xayrinisolar esa yurt osmonida endi eng yirik, chaqnoq yulduzlar kabi mangu balqidi.

 

Dunyoda bir so'z bor, qilichdan keskir,

Burgutdan shiddatli, asaldan totlik.

Bu so'zdan kishanlar erib, titrar zir,

Bu sehrli so'zning nomi Ozodlik.

Ozodlik. Ruh va tan samolashadi.

Ukpar qanotlarda uchadi inson.

Sen shunday ozod, hur samoni topding,

Sen samo qizisan endi, Xayrijon.

 

                     -1-

  1. Toshkent. Mirobod.

 

Qizaloq dunyoga kelgan mahali.

Butun bir mahalla qutlagan edi

Donishmand, bilimdon Majid otani.

Majidxon Moskva, Piterda bo'lgan,

Dunyo ko'rgan odam. U jahongashta.

Qilni qirq yoradi, g'ayratli, abjir

Har qanday jumboqni yechar bir pasda.

Chirkin xurofotga qilolmas toqat,

Chalasavod kimsa titrab turar zir.

Ayrimlar ming'irlar pana-panada;

— Majid o'ris, denglar. Bu – Majid kofir.

Parvo qilmas Majid. Uy to'la kitob,

Ulug' bitiklarni aylar ul insho.

Qizchasiga ham ul go'zal nom bermish:

— Xayrunniso bo'lmish, bul Xayriniso.

Yil o'tar… Qizaloq   ko'z ochib yummay,

Atak-chechak qilib, yo'lga kiradi.

Hovlida daraxtlar — g'alvirak bodom

Bu yil ilk bor qiyg'os gulga kiradi.

Esgan shabadalar bodom gulini

Opa-singillarning ustidan sochar.

Xayrijon qiqirlab, opasin quvlar,

Oyposhsha onasin oldiga qochar.

 

Tunlar allalarga cho'mar samovot,

Oy masrur. Nurini quyar osmondan.

Yulduzlar jimirlar.Uxlar go'daklar

Ota-onalari sevuvchi jondan.

— Oyi, kulcha bering, suvga oqizay,

Qo'shni hovlisidan tutib olayin.

“Xola-xola” o'ynay do'stlarim bilan,

Sizni mehmon qilib kutib olayin.

— Oyi, oyijonim, ertaklar ayting,

Tushlarimga kirsin oltin yolli ot.

Yana tushlarimga parilar kirsin,

Menga ertak aytib bersin parizod.

Oyi, oyijonim”… Yarqiraydi oy.

Yaqinlashib kelar sutdayin sahar.

Mudroq ko'zlarini erinib ishqab

Tongni kutmoqlikka turadi shahar.

 

* * *

Quvnoq, ziyrak qizcha tez harf o'rganar,

Dugonalar bilan tillashar biyron.

— Nega quyosh bitta, nega oy bitta,

Nega osmon juda olis, otajon?

Ota, ona ko'ksi tog' qadar baland,

Gulzorida sayrar Alloh bergan qush.

Tillar o'rganadi qizaloq xushnud,

O'tib boraverar odatiy turmush.

Totor dugonaga totorcha so'ylar,

Olmon tillarida so'ylaydi ravon.

Pushkin ertaklarin aslida o'qir,

Aljabr fanidan tillari biyron.

Suvdan suluv bo'lib voyaga yetar,

Etagini o'par yurganda sochi.

O'zbek xotin-qizlar bilim yurtida

U qizlar sarvari, qizlar gultoji.

Saodat xonimni hayratga solar,

Munavvar qoridan oladi saboq.

Qalbida mavjlanar orzu bulog'i,

Pokiza yuragi ilmga mushtoq.

 

* * *

Bir ming to'qqiz yuzu yigirma ikki.

Turkiston ko'ksida shirin bir tashvish:

Bir guruh iste'dod egasi yoshlar

Olmoniya sari yo'l olar emish.

Ularning safida Xayriniso bor,

Daryolar oqadi nurga chulg'anib.

Turkiston bag'rida kurtaklar bahor,

Cho'lponu, Botular qutlaydi yonib.

 

                          BOTU:

“Qora turmush changalidan qutulib,

Erk chechagin taqa olgan kuchli qiz.

Eski odat sanamlarin parchalab,

Erk-tangrig'a sajda qilgan ruhli qiz.

Yo'ling to'g'ri, ortga boqma, keta ber,

Ilgarilash ashulasin ayta ber!”

 

Tabriklar yog'ilar. Yog'ilar qutlov,

O'zida yo'q shoddir Majidxon ota.

“Men sizga tashakkur xati yo'llayman,

Dilda sevinchlarim orta va orta.

Bir to'p oq kabutar galasimisol,

Yoshlik qanot qoqar kelganda kuzim.

Men baxtli otaman. Olmoniyaga

Ilm olayin deb ketmoqda qizim.

Birinchi qaldirg'och. O'zbek qizi bu.

Bu mening zuryodim. Ko'zim qorasi.

Bo'y-bastiga gullar o'lchab o'stirgan,

Gulu rayhonim ul, umid lolasi.

U dunyoga kelgan kuni kulbamni

Jannat rayhonlarin ifori tutgan.

Jilg'alar chuldirab, qushlar chug'urlab

Gulning yafrog'iga maktublar bitgan.

Oyning shu'lasida, quyosh nurida

Beshikda guvranib yotarkan xushhol.

Ko'ksim qanotida yelpib o'tardi

Go'dagim sochlarin silagan shamol.

Ilk bor tetapoya qilgan onida

Jonimni hovuchlab uzatardim qo'l.

Endi ko'zim nuri, farishta qizim

Olis o'lkalarga olayotir yo'l.

U millat ko'ksida quyosh bo'lgusi…

Yurtni olib chiqar asriy zulmatdan.

Ezilgan, talangan g'amgusor elni

Xalos qilgusi u johiliyatdan.

Oqqush bolalarim, oq kaptarlarim,

Umid yulduzlarim, bo'lingiz omon.

Sizlar turk elining suyangan tog'i,

Ilmingiz ko'ziga surtsin Turkiston!”

 

* * *

Darmshtadt… Olis   olmon o'lkasi…

Shovullab yotadi bunda o'rmonlar.

Ajib hayrat ila qilar tomosha

Turkistondan kelgan qizu-o'g'lonlar.

Kimdir Buxorodan, kimdir Xorazm,

Yoshlar o'zni tutib turishar sipo.

Ilm izlab kelgach qaldirg'ochlarni,

Quvonib bag'riga bosar Ovrupo.

Biroq g'animlarning ko'ksida otash,

Fitna qal'asiga bayroq iladi:

O'kirar alamdan rus muhojirlar:

“Sartlar Ovrupoda nima qiladi?”

Talabalar ortga qaytmog'i kerak,

Buzuq fikrlarga bo'lmay mubtalo.

Bu dahshatli xatar, oldin olmasak,

Bir kun boshimizga bo'ladi balo.”

Qop-qora bulutlar aylanar ko'kda,

Nogoh gumburlaydi momoqaldiroq.

Go'yo xavfdan ogoh bo'ling degandek,

Turkiston boshida chaqadi chaqmoq.

Turkiston ko'ksida ungan chechaklar,

Ilmga va nurga tashna bolalar.

 

Turkiston chechaklari… Ilm istab Ovrupoga borgan bolalar… Ular ertaga mamlakatning yuzi, ko'zi, osmonidagi chaqnoq yulduzlari bo'ladi. Biroq istibdod tuzumida Turkistondagi rahbarlarning yoshlarni Olmoniya va Turkiyaga   o'qishga yuborishi Moskva rasmiylarini qattiq tashvishga soldi. Matbuot sahifalarida yoshlarni Ovrupoga o'qishga yubormaslik kerak, bu ularning tarbiyasiga ta'sir qiladi, degan maqolalar chop etildi. Turkiston rahbarlari shunday noroziliklarni yumshatish maqsadida Rusiyaga ham talabalar jo'natish loyihasi tayyorlashga kirishdilar. O'sha yillarda Ovrupoga va boshqa mamlakatlarga yuborilgan talabalar bilan Rusiyaga o'qishga yo'llangan yoshlar son orasidagi farqlar muhitning siyosiy munosabatlarini anglashda muhim ahamiyatga egadir.

 

* * *

Aziz otajonim, aziz onajon,

Duo Olmoniya o'rmonlaridan.

* * *

1937 yil 13 sentyabr

— Xola, eslaysizmi, kuz oyi edi,

Yerga to'kilardi bargi xazonlar.

Tun bo'yi ozgina mizg'ib olgancha,

Ishga ketardingiz   yana azonlab.

Qushda tinim boru sizda tinim yo'q,

Bemorlar boshida ming bir parvona.

Joniga jon bo'lib, dardini olib

Kitob titardingiz yona va yona.

To'shakka mixlanib qolgan bemormi,

Yoki farzand ko'rmay o'ksigan juvon.

Yoki mahallada unut bo'lgan kim,

Siz uchun sevimli edi, xolajon.

Men jajji qizaloq — birinchi sinf,

Sochim yuvib-tarab, qo'ysangiz o'rib.

Ipak qo'llaringiz yuzimga bosib,

Sizga boqar edim to'yib va to'yib.

Siz… naqadar go'zal… tim qora ko'zlar

Go'yo ko'kda Zuhro kular edi nim.

Dunyoda hech kimga qilmayin qiyos,

Sizni farishtaga o'xshatar edim.

Bir kun… uyimizga keldi odamlar,

Tongda hali hech kim turmagan edi.

Ilondek vishillab, quzg'undek qaqshab,

“Qizing qani, bizga tezroq ayt”, — dedi.

Bobom, sho'rlik bobom tosh kabi qotdi,

Tili aylanmasdi, kelmasdi so'zga.

Sizni ishxonadan olib kelishdi…

Daraxt yaprog'idan ayrildi kuzda.

— Qani, olib kelgan kitobu xatlar,

Qani, aybingni fosh qilguvchi hujjat.

Uyni tintuv qiling, tezroq, kirishing

Vatan xoiniga qilmangiz shafqat.

— Bolam, jonim bolam, undoq demagil,

Qaysi uying kuygur bu so'zni, dedi.

Boshidan zarb yeya qulaydi ona…

Xola, shunda bahor emas… kuz edi.

* * *

Sandiq qulfin buzib, iskovuch itdek

Hidlab har bir xona va har burchakni.

Hovli o'rtasiga to'plashdi tog'dek:

Otdilar Gyote, Russo, Balzakni.

Qafasdagi yo'lbars o'zini otib,

Olomondan chetga burganidek yuz.

Rangingiz oq devor tusini oldi,

— Kitoblarim, deya, siz cho'kdingiz tiz.

Yondirmang, ularning gunohi nima?

— O'chir ovozingni.

                       Keltiring gugurt.

O'tgan kunlaringni yodingdan chiqar,

Endi kimligingni batamom unut.

Gurillab yonadi kitoblar. Dahshat.

Gyote yonadi. Yonadi Bayron.

Maktublar yonadi zorlanib, ingrab,

Kundaliklar yonar, yuragi vayron.

Avaylab, boladek asrab, yo'llarda

Elkasi mayishgan fikrat yonadi.

Faylasuf olimlar, tib sultonlarin

Ko'ksida yashirgan hikmat yonadi.

So'nggi bor ortiga ko'z tashladi u:

Yuziga urildi olov nafasi.

O, qandayin jirkanch zulm daraxti,

O, qandayin ayanch ruh talvasasi.

Nega? Yuragiga sanchiladi tig'

Bu sotqin tuzumning hiylakor dori.

Nahot gulxanlarga aylandi umid,

Nahot sarob ekan qurgan devori

So'nggi bor ortiga ko'z tashlaydi ul,

Angladi, u endi boridan judo.

Tishlar orasidan sizadi nola:

— Alvido, otajon, ona, alvido.

Barmoqlarim tafti qolgan kitoblar,

Menga atir tutgan oqko'ngil rayhon.

Alvido, men o'sgan sirdosh ko'chalar,

Ko'nglimdagi erkam, do'sti yorijon.

— Tezroq yur, — turtkilar beshafqat qo'llar,

Ko'zlari olaygan, kezargan tusi.

Xayriniso tildan qolgandek behol,

Nogoh uyg'otadi ota tovushi.

— Onasi, qizingdan ayrilib qolding…

Ko'kni larzalarga solar bu faryod.

Ona muk tushgancha yum-yum bo'zlaydi:

— Dod dastingdan falak, dod, dod, dod…

Gurillab yonadi kitoblar…Evoh,

Samoni qoraytar istibdod dudi.

Uning na yori bor va na bolasi,

Axir Vatan edi uning bor-budi.

* * *

1937 yil 22 dekabr

Qarshisida turar tergovchi – muzdek,

Qarashlari jirkanch, qarashlari o'q.

— Gapir, bo'yningga ol xoin ekaning,

Endi seni qo'llab turguvchilar yo'q.

Gapir, indamaysan zabonsiz quldek,

Yoki olayinmi sug'urib joning.

Kim sening panohing? Do'stlaringni ayt,

Fayzulla Xo'jami yo panohboning?

Sado chiqmas sira mahkuma qizdan,

Tergovchi pishqirar, tinmay qilar do'q.

— Aybingni bo'yningga olasanmi, yo.

— Qanday ayb… Mutlaqo mening aybim yo'q.

Ayg'oqchi emasman, xoin ham emas,

Vatanfurush bo'lmoq o'lim bilan teng.

Birgina aybim bor   ilmni sevdim.

Tubsiz ummon ilm umrim bilan teng.

—Unda ayt, kim Cho'qay, Zaki Validiy,

Kim u Ahmad Naim yoningda yurgan.

Sayohat bahona Parij shahrida,

Ko'chalarni kezgan, suhbatlar qurgan?

— To'g'ri, biz Parijni ixtiyor etdik,

Do'stim Maryam bilan ta'til mahali.

Begona shaharni ko'rmagan edik,

Biror ko'chasini bilmasdik hali.

Bizga millatdoshlar yordam qilishdi,

Bizga yordam uchun ular cho'zdi qo'l.

Vatanga josuslik, xiyonat qilmoq

Hatto tushimizga kirmagan butkul.

Turkiston yoshlari yig'inlarida

Yashirmam, qatnashdik biz bir necha bor.

So'ng yurtimga qaytdim, qalbimda orzu,

O'zbek qizi bo'lib, cheksiz baxtiyor.

Men Vatanni sevdim, uni sotmadim,

Unga qo'l ko'tarmoq mudhish jinoyat.

Siz esa qalbimni titkilab tinmay,

Yo'q aybni bo'yningga ol, deysiz faqat.

Aybim yo'q… Aybim yo'q, takror aytaman,

Yarador oqqushman. Ahvolim yomon.

Bilaman, kun kelar, mening kimligim

Bilib, ko'zga surar zaminu zamon.

Siz jirkanch mahluqlar o'chirolmaysiz,

Tarixning ko'ksida qolgan izlarni.

Ahli Turkiston to qiyomat qadar

La'natlab o'tadi sizlarni.

Boshqa so'z demaydi.  

                         Xayriniso jim.

Tergovchi bir tepar. Sinadi tishi.

Zulmat vodiysining mo'rilaridan

Havoga taralar issiq qon isi.        

Boshqa so'z demaydi.  

Xayriniso jim.

Qon tuflar. Turtkilab, siltaydi soqchi.

Hali tongga borar yo'l juda uzoq,

Mo'ralab qo'yadi maxsus ayg'oqchi.

Yulduz ko'rinmaydi. Ko'rinmaydi oy.

Qiz ko'ksini g'ussa o'yar beomon.

Qulog'i ostida ona tovushi:

— Onang sadqa bo'lsin senga, Xayrijon.

Bolam, jon-joningdan sovuq o'tdimi,

Xudodan men senga tilayman to'zim.

Nahot qaro kunlar qismatingga yor,

Kunlarim qop-qora bo'ldi, yulduzim.

Oh… Qaydasan… izing, so'zing yo'q, erkam.

Kelib qolasan deb ko'z yummay kutdim.

Xayriniso qizim, aqlli qizim

Sening tovushingni sog'inib ketdim.

Bolam, ayt, qaydasan, ko'ray bir bora…

Bag'rimga bir bossam qolmaydi armon.

Sog'inchdan yuragim bo'ldi ming pora,

Loaqal tushimga kirgin, Xayrijon!

Sendan so'ng dunyoni bosdi zulumot,

Bir tunda oqardi sochim tolasi.

Bizni ayamasdan qilishdi so'roq,

Vatan xoinin, deb, ota-onasi.

Dod, dedim, yolbordim va chekdim faryod…

Shafqat tiladim men bag'ri toshlardan.

Meni mazax qilib, tirjaydi jallod,

Tezroq qutulay, deb sotqin boshlardan.

Otang chinor edi. Quladi nogoh,

So'ngsiz azoblardan vujudi toldi.

Jallodni qarg'adim. Meni tepdi u…

Bir hovuch oq sochim qo'lida qoldi.

Otang bilan meni qamashdi uzoq,

It azobin tortdik, yig'ladik yomon.

Axir, ne ko'rgulik bunday azoblar,

Biz kimga yomonlik qildik, Xayrijon?

Xudo haqni nohaq, qilmaydi bolam.

Bu kunlar uvoli kimni tutadi.

Yurtda kun ko'rmagan odam qolmadi,

Har kuni bir qismat oh, qon yutadi.

Seni izlab, necha dargohni kezdik,

Soqov devorlarning kesilgan tili.

Nahot zulmatlarda qirilib ketsa.

Oqko'ngil, mehnatkash Turkiston eli.

Bolam, jonim bolam, qaydasan qo'zim.

Bir bora ko'rib, so'ng mayli bersam jon….

Ona bo'lmay o'lay, ne kunga qoldim,

Endi qaydan topay seni, Xayrijon.

Sachrab turadi qiz. Qaydan bu nido,

Qayda bo'zlamoqda oq sochli Ayol.

Kamera o'shshayib yutaman deydi…

Bu bir xayol ekan, bor-yo'g'i xayol.

 

* * *

Qismat nima o'zi? U qandayin sir…

Inson hayotiga chiquvchi ega.

Qizning tegrasida aylanar savol:

Nega? Nima uchun? Nahotki? Nega?

Chirqirar, chinqirar, yig'lar savollar

Achchiq qismat nahot shu savolga jo?

— Unda nega podsho bolaligimda

Shu qadar sehrli edi bu dunyo?

Xayolidan o'tar shoir she'rlari

Chaqmoq kabi chaqib, jonini yoqar.

Kameraning qora tuynuklaridan

Qiz qalbi ingranib umidsiz boqar:

— Tor qafasdan qochib ko'kda o'ynag'on,

Erkinlikning quchog'ida dam olg'on,

Go'zal qizning ovchilari ko'p bo'lg'ay,

Vaqti kelsa, qush tubanga tortilg'oy…

Oh, shoir, tubanga tortildi-ku qush,

Ayting, buni qanday bilgan edingiz.

Shoir qalbi bilan sezib sezmayin,

Balki siz bashorat qilgan edingiz.

Ayting, shoir og'a, og'zim qonini

Ko'ngil ko'zgusida ko'rayapsizmi.

Yoki siz ham mendek qaro zulmatda

Savollarga javob berayapsizmi?

Ayting, she'r yozolmay barmoqlaringiz

Davr jodisida qirqildimi yo.

Ayting, azoblarda ingroq chog'ingiz

Yuzini teskari burdimi dunyo?

O'lim nima o'zi? Bir qora sharpa,

Men undan qo'rqmayman – bu ayol so'zim.

Biroq qora zulmat parda ortida

Bir yorug' jannatni ko'rmoqda ko'zim.

Shunday kun keladi… Elim ko'ksiga

Tog'lardan esadi hur-hur sabolar.

Shunda alvon ko'ylak kiyib uyg'onar

Bahorning ko'ksida Xayrinisolar.

Og'a, shoir og'a, duolar qiling,

O'limning ko'ziga boqay endi tik.

Turkiston qizlari zavol bilmaydi,

Turkiston qizlari abadiy tirik.

       Faqat….

So'nggi kecha… Oyning nafaslarini

So'nggi bor entikib shimirsam qani.

Chaqnoq yulduzlarning havaslarini

Kurtaklar bo'yniga ildirsam qani.

Shoshib oqayotgan anhorlarimning

Suviga bir bora yuzimni chaysam.

Oh, ipak ro'molim yor keladi deb

Sezdirmay mehribon yo'llarga yoysam.

Padarim qo'llarin surtib ko'zimga,

Makkam deb bir bora aylasam tavof.

Onam etagini mehrob deb bilib,

Ibodat qilsamu chekilsa azob.

Do'stlarim – bebaho kitoblarimni

Qaniydi bir bora ko'zimga sursam.

Go'dak bo'lib qolib, onam tovshidan

Tongda gullar kabi yana uyg'onsam.

To'xta?

Ko'z yosh to'kma?

So'nggi kecha bu.

Birdan xotiralar kelgan junbushga.

Nahot mo''jizalar ro'y beradi deb

Aldanging kelmoqda hiylakor tushga.

Qanday xato qildim? Nechun qabohat

Qo'llari beayov bo'g'zimdan tutar.

Bu zulmat, bu xo'rlik, zulm tig'ida

Qismat yana qanday bitiklar bitar?

Nahot, umrim abas, endi tovushim

To'rt devor nariga yorib o'tmasmi.

Oh, desam, qabohat devori qulab,

Dunyoning ko'ksiga o'tlar ketmasmi

Alvido, Vatanim! Alvido, ona,

Alvido, yuzlarim siypagan quyosh.

Olis Olmoniya o'rmonzorlari,

Alvido, duogo'y do'stu qarindosh.

Men, kim, Xayriniso Majidxon qizi,

So'nggi so'zlarimni bitayotirman.

Dunyosiga yig'lab kelgandim ona,

Dunyodan kafansiz ketayotirman…

 

* * *

“Qars” etar… tunlarni tilkalab tovush,

Devorga sachraydi Gul siyohli qon.

Hali bahorlarga yetib kelmagan,

Hali oyu quyosh tug'magan osmon:

Xayrijon…

“Qo'limda so'nggi tosh qoldi,

Ko'zimda so'nggi intilmoq.

Ko'zimda so'nggi yosh qoldi

Kuchimda so'nggi talpinmoq…”

“Qars” etar… falakni tilkalar tovush,

Nogoh ona ko'ksin g'ajiydi nola.

Qizil qor qo'yniga uloqtirildi,

Turkiston ko'ksida yuz ochgan lola…

 

* * *

Dunyoda bir so'z bor, qilichdan keskir,

Burgutdan shiddatli, asaldan totlik.

Bu so'zdan kishanlar erib, titrar zir,

Bu sehrli so'zning nomi Ozodlik.

Ozodlik. Ruh va tan samolashadi.

Ukpar qanotlarda uchadi inson.

Sen shunday ozod, hur samoni topding,

Sen samo qizisan endi, Xayrijon.

                                             Xayrijon…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 12 =