Istanbulda bitilgan daftar

Sharq mamlakatlaridan birida bir kitobfurush sahhob bo'lib, odamlar unga mamlakatning turli burchaklaridan qop-qop kitob olib kelishar ekan. Shu kishi har gal qoplarning og'zini ochayotganida,  bu safar uning ichidan qanday noyob asarlar chiqar ekan-a, deya kelinchakning yuzini ochayotgan kuyovday hayajonga tusharkan. Goh-goh qo'liga noyob qadimiy qo'l­yozmalar ham tushib qolarkan.

Bugun, ming shukrki, ijod erkinligi, to'yib kitob o'qiydigan hur bir zamon bo'ldi. Noshirlar chop etayotgan son-sanoqsiz asarlarni ko'rib, ko'zing quvonadi. “Kitobxon millat” maqomiga qaytayotganimiz hammamizga qutlug' bo'lsin! Adabiyotga shahdam kirib kelayotgan yoshlar kabi, taniqli ijodkorlar ham g'ayrat tulporiga mingan. Jahon adabiyotining durdona namunalari asl nusxadan o'zbek tiliga o'girilayotgani-chi?! Alisher Navoiy asarlari bugungi tilimizga peshma-pesh tabdil qilinmoqda. Abu Rayhon Beruniyning “Mineralogiya” asari kitob javonlarimizning to'ridan joy oldi. Yoshlar o'rtasida zukko kitobxon tanlovini o'tkazish, do'st-qadrdonlarimizga kitob sovg'a qilish, televidenieda bir asar tahliliga bag'ishlangan davra suhbatlari o'tkazish  odatga aylandi.

Bularning hammasi quvonarli, albatta. Ammo…

Bir vaqtlar yaxshi kitoblarning yo'qligi ofat bo'lgan bo'lsa, bugun shunchaki varaqlashga ham arzimaydigan kitoblarning urchib borayotgani ofatga aylanmoqda, bundan tashvishga tushmaslikning  iloji yo'q. “Ishonch” gazetasida e'lon qilingan “Kitobdan qo'lingni tort, savodsiz” degan maqolani o'qigan kishi  nima demoqchi bo'layotganimizni tushunadi. Shu bois, yangi kitobni qo'lingga olganingda, yuqorida keltirilgan sahhobday, bu muqovaning ichidan nima chiqar ekan-a, degan ishtibohga duch kelasan. Uch-to'rt sahifasini o'qiganingda hammasi  ma'lum bo'ladi – yo bosh ko'tarmay mutolaa qilasan, yo bir chetga surib, boshqa bir ish bilan mashg'ul bo'lasan.

Taniqli jurnalist Abror G'ulomovning “Istanbul daftari” kitobini ko'rib, dastlab O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zamovning unga yozgan bir chimdim so'ngso'ziga e'tibor berdim. Uncha-muncha odamga Shukur Xolmirzayevday, ammo “Aka” so'zini qo'shib, “Bo'lmaydi” deya oladigan Erkin A'zam “Istanbul daftari”ni “Turkiy ellar do'stligi yo'lida mus­tahkam qovushqoq bo'lg'uvchi  asar” deb baholabdi. “Qovushqoq asar” – bu qisqa va muxtasar taqriz shunchaki yozilgan bo'lmasa kerak.

Bunday gapdan keyin o'qimay ham bo'psiz. Ammo bu “Istanbul daftari”ni shu so'ngso'z tufayli o'qish kerak, degani emas. Boshqa muhim jihatlar ham borki, ijozatingiz bilan, ularning sharhiga o'taman.

Abror G'ulomov  izlanuvchan kasbdoshlarimizdan biri. Ish faoliyatini “Toshkent haqiqati”da boshlagan. Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida milliy istiqlol mevasi bo'lmish  “Jahon” axborot agentligiga  rahbarlik qilgan. Keyin o'n bir yil davomida O'zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasini boshqardi. Aytishga oson. U yillari yosh jamiyatimiz endi-endi oyoqqa turib, xalqaro maydonda ma'lum taj­riba orttirayotgan, mamlakat tashqi siyo­satini, o'zaro diplomatik aloqalarni  yo'lga qo'yish borasida  tayyor andazaning o'zi yo'q paytlar edi. Konsullik xizmati qanday bo'lishini tasavvur ham qilmaganmiz.

Jurnalist kasbdoshimizga  shunday sharoitda katta ishonch bildirildi va Abror bu ishonchni oqladi.

Kitobning dastlabki sahifalaridan iqtiboslar: “Turkiya. Bu mamlakat haqida, uning olis va boy tarixi, betak­ror tabiati, odamlari, e'tiqodlari haqida o'qiganman, bilganman… Lekin u bilan yuzma-yuz kelganda, uning qalbi, yuragi bo'lmish shaharga kelib yashay bosh­laganimda barcha bilganlarim qanot chiqarib uchdi-ketdi…”. Mashhur turk tarixchi olimining fikri: “Amir Temur Izmirni yunonlar qo'lidan olib usmonlilarga hadya qilib ketgan. Undan keyin bu shahar turli davrlarda juda qisqa vaqt qo'ldan-qo'lga o'tdi, ammo u hech qachon dushmanlarga boshqa tobe  bo'lmadi. Shahar hokimi bilan bo'lgan uchrashuvda Egey bo'yidagi bu kent ko'chalaridan biriga Amir Temur nomini berish taklifini aytdim, hokim afandi siyosiy odob ila taklifimni eshitmaganlikka oldi… (Bu yerda) usmonlilar zamonidan qolgan xotiralar bisyor, Islom dini va Payg'ambarimiz (s.a.v.)ga daxldor ko'plab osori atiqalar saqlanmoqda. Mahalliy tarixchilarning ta'kidlashlaricha, Turkiyada, ayniqsa, Istanbuldagi har bir toshning ostida tarix varaqlari (haqiqatlari) qat-qat taxlanib yotibdi… Ayo Sofiya bilan tanishganimdan keyin Vizantiya, Rim imperiyalari va Usmonli saltanatining poytaxti bo'lgan shahar tarixini o'rganishga kirishdim. Miloddan avvalgi VIII asrda hozirgi Marmar dengizi, Bosfor bo'g'ozi va Xolich suvlari quyiladigan joyda qadimgi grek shaharlari – Astak, Selimbriya, Peritos va Xalkedon bo'lgan…”

Shu satrlarning o'ziyoq kitobxonni jiddiy qiziqtirib qo'yadi.

Kamina jurnalistika fakultetida talabalarga kundalik tutishni qattiq tayinlayman, qalami qayralib qolganlaridan talab ham qilaman. Bu narsa ijodkor uchun juda muhim.  Ba'zi kitob­larim (“Qirq beshinchi bekat”) kundalik tarzida yozilgan. Bu odatimga hozir ham amal qilaman. Nazarimda, Abror G'ulomov ham ayni shu yo'ldan borgan – konsullik ishining jiddiyligi, vaqtning  tig'izligi, ishda yuz beradigan har qanday kutilgan-kutilmagan holatlarga  tayyor turish zarurligiga qaramay, o'zi ko'rgan, bevosita ishtirok etgan voqealarni, dip­lomatik uchrashuvlar, muzokaralar tafsilotlarini, goh  taassufli, ko'zlangan maqsadga muvofiq bo'lmagan taassurotlarni ham  tegishli sharhlar bilan qog'ozga tushirib borgan. O'quvchi ko'z o'ngida yosh mustaqil davlatning yosh konsuli faoliyati sahifadan-sahifaga, voqeadan-voqeaga tiniqlashib boradi. Bu tiniqlikda O'zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati, ko'zlagan mustaqil yo'li va  maqsadi  ham seziladi. Vatandan olisda kechgan o'n bir yillik murakkab, ammo sharafli hayotning eng muhim nuqtalari, ko'p xulosa va haqiqatlar ko'z o'ngingizdan birma-bir o'ta boshlaydi.

Bugungi yosh kitobxonlar, ayniqsa, bo'lg'uvchi kasbdoshlarimiz, tarixchi va siyosatshunoslar uchun “Istanbul daftari”ning “Dunyoni 623 yil titratgan Usmonli saltanati”, “O'rta asrlardan bugungi kungacha o'zbek-turk munosabatlari”, “Kons­tantinopol fathida o'zbeklar” bo'limlari g'oyat qiziqarli bo'lishiga aminman. Mustafo Kamol Otaturkdan keltirilgan iqtibos: “Agar men Temur zamonida yashaganimda u erishgan muvaffaqiyatlarga erisholmasdim. Agar Temur mening o'rnimda bu zamonda yashaganida men bajargan ishlarni ortiqchasi bilan uddalardi”.

Yana bir iqtibos: “Urushda g'olib chiqqan Amir Temur Boyazidni qatl etmaydi. Unga iltifot ko'rsatib, sulton va uning serbiyalik rafiqasi Mariya Despina uchun ikki ot qo'shilgan usmonli taxtiravonga o'xshash maxsus, chiroyli bezatilgan arava yasattiradi. Turk tarixchilari uni usmonli taxtidan aslo farq qilmaydi, deb alqashadi. Ba'zi nobakor yozg'uvchilar uni “temir qafas” deb noto'g'ri talqin qilishadi…”.

Bunday iqtiboslar bir-biridan muhim va o'zaro bog'liq. Dunyoning bugungi sharoitida har bir jamiyat, davlat  o'zaro munosabatlarda, eng avvalo, o'zining shaxsiy manfaatini ko'zlaydi, o'z qadriyatlarini targ'ib qiladi. Siyosatdonlar  mana shunday murakkab sharoitda mehnat qilishadi.

Tarix haqiqati shuki, Amir Temur mag'lub raqibiga zulm qilmaydi, aksincha, unga,  o'g'illariga ko'p marhamatlar ko'rsatadi. Sohibqironning xohishi bilan Mironshohning o'g'li Abubakr Mirzoga Boyazidning qizi nikohlab beriladi.

Taassufki, ikki turk sultoni olishuvidan keyingi voqealar  turli manbalarda qorishiq bir tarzda talqin qilingan bo'lib, qasddan to'qib chiqarilgan bo'htonlarga Yevropa mamlakatlarida hozirgacha ishonuvchilar bor. Bu yolg'on ta'sirida  memuarlar yozilgan,  san'at asarlari ishlangan. Aslida esa “Temir qafas” iborasi Amir Temurga emas, Boyazidga taalluqli: Sohibqiron Boyaziddan: “Agar jangda sen g'olib bo'lganingda qanday yo'l tutgan bo'larding?”, — deb so'raganida, u  ikkilanmay: “Seni temir qafasga solib yurardim”, deb javob beradi.

Boyazid 1403 yilning 8 mart kuni 44 yoshida Oqshaharda o'z ajali bilan vafot etadi. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida mag'lub sultonning vafoti quyidagicha ifodalangan: “Boyazid Yildirimning o'lim xabarini eshitgach, Amir Temur chuqur qayg'uga botadi. Ko'zlaridan shashqator yosh oqib tushadi. Allohdan dindoshiga gunohlari afvini so'rab, (yotgan) makoni jannatdan bo'lishini tilaydi”.

Bu xususda “Istanbul daftari”da keltirilgan yana ko'p ma'lumotlar kitobxonlarni olis tarixda sodir bo'lgan buyuk muhoraba haqiqatlariga yaqinlashtiradi. O'quvchi sifatida men kitobning “O'zbek xonlari va Usmonli sultonlari”, “Argo” operatsiyasi qahramoni Ro'zi Nazar”, “Abdulla Oripov sabog'i”, “Kenja Sog'uniy nima deydi?”, “Ko'niyo. Mavlonoga ta'zim” bo'limlaridan ko'p narsa oldim, vafoti oldidan O'zbekistonga kelib, muqaddas qadamjolarda el-yurtiga Allohdan ro'shnoliklar tilab tilovat qilgan Turg'ut O'zalni, vatansizlikda ellik ikki yil yashab, ona-yurtiga qaytgan, samolyotda Toshkentdan  Qo'qonga  ellik ikki daqiqa uchgan va bu ikki vaqtning ikkinchisi judolikda o'tgan birinchisidan og'ir kechgani xususida adabiyot gazetasi muxbiriga so'zlab bergan Ro'za Nazarni esladim. Taniqli vatandoshimiz Sobir Sayhonga bag'ishlangan sahifalarni  o'qir ekanman, yon daftarimga: “Vatan muhabbati dilga jo bo'lsa, olisda turib ham unga sidqidildan xizmat qilish mumkin”, deb yozib qo'ydim. Sobirjon aka shunday sadoqatli, imon-e'tiqodi mustahkam vatandoshlarimizdan biri. U kishining ko'p ishlari  ibratga molik.

Kitobda taqdir taqozosiga ko'ra o'zga mamlakatlarda qolib ketgan  yurtdosh­larning taqdiri, sog'inchi yurakni larzaga soluvchi hikoyachalar misolida ochib beriladi. Ular ta'sirida kitobning so'nggi sahifasiga yetib kelganingizni sezmay ham qolasiz.

Xotira daftarini o'qigan har bir kishida uzoq va yaqin o'tmishga qiziqish ortadi, Vatan tuyg'usi vujudingizni chulg'aydi desam, mubolag'a bo'lmaydi. Bu – badiiy publitsistikaning bosh  vazifasi.

Ahmadjon Meliboyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + nine =