Nishab ko'cha

Qulman OChIL

Muallif haqida: Qulman Ochil — 1957 yil Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug'ilgan. 1983 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekis­ton Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1999 yili “O'zbekis­ton Res­publikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlangan. “Jaydari falsafa”, “Soy sohili”, “Barakali yigit” kabi kitoblari chop etilgan.

– Iya, Ermat aka, haliyam kutib o'tiribsizmi? – dedi oynavand eshikdan shoshilib chiqqan barvasta yigit pildiragancha kelib, qo'lini salomga cho'zgan o'rta yoshlardagi baqaloq odamga qarab. – Qoyil! Bir gapdan qolmas ekansiz-da.

– Unday demang, Turobjon! – shipshidi baqaloq. – Birpasgina vaqtingizni ayamang, jon uka!

– Bo'lmag'ur gaplarni qo'ying, aka, – dedi yigit kos­tyumi tugmasini qadar ekan. – Men kinnachi emasman!

– Jon uka, unday demang. Mening bolalarimam sizday gurillab yursin. Zo'r joylarda ishlasin! Jon uka!..

Yigitga halloslab ergashdi baqaloq.

“Xo'p, dey qoling, ukajon!”

Bankir yigit ayol kishining ovozini eshitib, ortiga burildi va yasan-tusan qilib, bo'yanib olgan juvonni ko'rdi.

– Obbo, yanga, sizam shu yerdamisiz?

– Yana qaerda bo'lay, ukajon! – dedi ishva bilan ayol. – Bilasiz-ku, Ermat akangizning loyi hushpillakkayam yaramaydi.

– Ermat akamday odam bu dunyoda kam, yanga, juda kam! Bankimizdagi shopirlarning oldi.

– Oldi bo'lganichinam o'n yildan beri tog'amning hovlisida sarg'ayib o'tiribmiz-da.

Er ortda qolib, xotin oldinga o'tdi:

– Shopir bilan bog'cha opaning topgani nima bo'lardi, ukajon.

– Sabr, yanga, sabr! Ko'rmaganday bo'p ketasizlar hali.

– Men-ku, sabrliman, lekin bolalarim odam bo'p qoldi. Akangizning yurishi bu…

Ayol zavjining uniqib ketgan qalin ko'ylagiga bepisand qarab qo'ydi.

Er to'xtab, biqiniga “Bank – xalq xizmatida” degan shior yopishtirilgan buxankasimon mashina tomonga qaradi:

– Irisma-at!

Mashinadan o'n ikki-o'n uch yoshlardagi ikki bola tushib, otasining oldiga yugurib keldi.

– Salom bermaysizlarmi, beadablar! – o'dag'ayladi ona. – Lallayib turishini qarang bularning.

– Akang bilan qo'l berib ko'rishinglar, – dedi ota. – Ustozlaring bo'ladi… Shu bugundan…

Bolalar yigitga baravar qo'l cho'zib, baravar xitob qilishdi:

– As-salo-omu ala-aykum-m!

– Vaalaykum assalom! Balli!

– Shuginalarimam sizga o'xshab toparman-tutarman bo'lsa, katta joylarda ishlasa, deyman-da, ukajon.

Juvon avval bankning hashamatli binosiga, keyin yigitning yaltirab turgan uchdor tuflisi, qomatiga yarashib tushgan qora kostyum-shimi, oq ko'ylagi va chiroyli galstugiga ham suqlanib, ham hasrat bilan qaradi.

– Men kim bo'pman, – deb ishshaydi yigit.

– Sizdan… qo'l olsa devdik, – shivirladi ota.

– Qo'ysangiz-chi, Ermat aka! Odamni uyaltirmang!

– Buyam bir irim-da, aylanay, – dedi ayol. – Ixlos! Ixlosda gap ko'p.

– Ixlos – yaxshi narsa, – deb qizardi yigit. – Yaxshi o'qisa, bu yigitchalar hali zo'r odam bo'p ketadi.

– Yo'q demang, aylanay, – yalinishga o'tdi juvon.

– Yo'q, – deb gapni kesdi yigit. – Men birov ixlos qo'yadigan banda bo'lmasam-chi?

– Unday demang, aylanay!..

– O'zingizni opqochmang, Turobjon, – dedi ota bankirning izidan ergashar ekan.

– Ermat aka-a! – dedi yigit birdan to'xtab. – Men siz o'ylaganday yaxshi odam emasman, deyapma-an!.. Nimaga buncha yopishib oldingiz?..

– Unday demang, aylanay, – deya yalindi ayol. – Hamma sizga havas qiladi. Hammaning tilida sizsiz, Turobjon!..

– Yanga, – dedi yigit astoydil, – siz ham, eringiz ham meni yaxshi bilmaysizlar-ku. Men… men Alining do'ppisini Valiga kiydirib yurgan qip-qizil firibgar bo'lsam-chi! O'g'illaringiz uchiga chiqqan qallob bo'lishini istaysizmi? Ayting, shuni istaysizmi?

Ayol taqqa to'xtab, bankirga bir zum xavotir bilan tikilib turdi. Yana dadillashdi:

– Yo'q, ukajon, siz uyalyapsiz!.. Bu – ota-bobolarimizdan qolgan odat, aylanay. Sizdan nima ketadi. Ikki marta tuf desangiz, bas.

Yigit kostyumining bitta tugmasini bo'shatib, yaltirab turgan qop-qora mashinasining eshigini ochar ekan, xoxolab kuldi.

– Yo, tavba! Meni avliyo deb o'ylayapsizlar, chog'i!

Birpas o'ylanib turdi-da, buyurdi:

– Bo'pti, tuflasam-tuflabman-da! Mashinaning panasiga o'taylik.

– Irisma-at! – deb shoshildi ota.

– O'tinglar, – deb qistadi ona.

– Mashinaning orqasi videokameradan pana, – dedi bankir.

Ayol tirnoqlari to'q qizilga bo'yalib, astoydil oro berilgan qo'llarini duoga ochdi:

– Qani, dadasi! Iloho omin, shugina bolalarimam Turobjon akasiday toparman-tutarman, boy-badavlat, hammaning havasini keltiradigan yigitlar bo'lsin!

– Omin! – dedi dadasi.

Yigit ham miyig'ida kulgancha duoga qo'shilgan bo'ldi.

– Irismat, og'zingni och, – dedi otasi.

– Nurismatjon, sen ham! – dedi onasi hayajon bilan.

Yigit engashdi va Irismatning sarg'aygan qiyshiq-miyshiq tishlari ko'rinib turgan og'ziga tufladi. Bolaning ko'zlari ola-kula bo'lib ketdi.

– Yut! – deb hayqirdi onasi. – Yut-da, “Rahmat, ustoz”, de.

Bola ba'zo'r yutindi: “Rahmat, ustoz!”

Yigit ikkinchi bolaning iyagiga engashdi. Bunisining tishlari kemtik ekan.

– Nurismat, og'zingni kattaroq och! – dedi endi aka bo'lmish – Irismat hiringlab.

Uka qo'rqa-pisa og'zini kengroq ochdi. Bankir yigitning tanglayi quridi, shekilli, labidan tupuk tushgani sezilmadi.

– O'xshamadi! – dedi ona. – Tuzukroq tuflang, Turobjon! Tortinmang!

Yigit tomog'ini obdon qirib, rosmana tufladi.

– Yut! – deb hayqirdi bolaning onasi. – Yutgin-da, “Rahmat, ustoz”, de.

Bola norozi jirkanib, burnini jiyirdi. O'qchidi:

– Uf-f! Buncha sassiq!

– Senga atirni qaerdan topaman, – dedi ustoz bo'lmish. – Mendan aroq bilan nosni so'ra…

– Yut deyapman senga! – asabiylashdi ona.

Bola yutdi:

“Rahmat, ustoz”,   deb g'uldiradi va yoniga burilib, tupurindi. Yana o'qchidi.

– Bo'ldimi? Qutuldimmi? – dedi yigit.

– Rahmat, Turobjon! – dedi er.

– Yo'q, hali bo'lmadi, – dedi xotin va yigitning tirsagidan tutdi. – Yana bir kichkinagina iltimosim bor.

Bankir savol nazari bilan juvonning eriga qaradi. Er yelka qisdi.

– Endi manaviniyam opqo'ysangiz, – ayol qalingina konvert uzatdi. – Akamniki. Besh ming. Ilti-mo-os!

– Akamniki? – hayron bo'ldi er. – Akang rahmatli bo'p…

– Siz jim turing! – jerkib berdi xotin. — Aralashmang!..

– Yanga, bu nima qilganingiz! – yigit qo'lini ilkis tortib oldi va ortiga tislandi. – Protsentga pul olishni to'xtatganimga bir oy bo'ldi. Xabaringiz yo'qmi?

– Xabarim bor, Turobjon! Nima qilay, yolg'izgina akam. Mashinasini sotib edi. Siz barakali yigitsiz. Akamning ro'zg'origayam ozginadan tomib tursa. Qizini uzatmoqchi.

– Yanga-a! – baqirib yubordi yigit. – Men buncha pulni eplayolmayman. Erta bir kun qaytib berolmay qolsam, nima bo'ladi! Fahmlayapsizmi? Bir yuz oltmish sakkizinchi modda, prim uch. Jeka.

– “Jeka”ngiz nimasi, o'rgilay?

– Jinoyat kodeksi. Hazillashayotganim yo'q.

– Qo'rqitmang, aylanay. Katta odamning o'g'lisiz… kimning haddi sig'adi.

– Esingizdan chiqmasin, yanga. Men sizni ogohlantirdim. Pulingizni qaytarolmay qolsam…

– Qaytarasiz, ukajon! Akangiz bergan olti ming har oyda uch yuzdan tug'yapti-ku. To'g'rimi?

Yigit pastki labini tishladi, yerga qaradi.

– Bungayam oyiga besh foizginadan qo'shilib tursa…

Yigit zorlanib bosh chayqadi.

– Shu ishingiz juda chakki bo'lyapti, yanga! O'sal ish qilyapsi-iz! Boriniyam Xudo ko'p ko'rib turgan bo'lmasin, tag'in!

– Siz barakali yigitsiz, ukajon!

Bankir atrofiga o'g'rincha ko'z yugurtirdi va konvertni juvonning qo'lidan shartta olib, kostyumining ichki cho'ntagiga tiqdi.

–Lo'lidan ham battar ekansizlar!

– Mana bu boshqa gap, o'rgilay, – dedi juvon o'ziga yarashmagan istig'no bilan. – Ishning ko'zini biladigan erkakning sadag'asi ketsang arziydi…

– Ming qilgandayam o'zimizning odamsiz-da, Turobjon, – dedi er.

– Bo'pti, – deb norozi to'ng'illadi bankir kostyumining ikkinchi tugmasini ham bo'shatib, mashinasiga o'tirar ekan. – Obedga kech qolyapman. Endi oyiga besh yuz ellikdan qo'shiladi…

Bank hovlisidan chiqqan mashina muyulishdagi nishab ko'cha tomonga burildi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 13 =