Sarkash savollarga javob izlab…

“Bilmaganlarimiz to'g'risida bilganlarimiz” (Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2021.) kitobida hayot, uning ma'no-mohiyati, yashashdan maqsad nima ekanligi to'g'risida fikr yuritilgan bo'lib, insonning mohiyati aynan fikr yuritishda ekanligi turli rakurslarda yoritilgan. Inson – koinot gultoji, sababki, barcha yaratiqlar ichida faqat ungagina aql, fikr yuritish, yaxshi va yomonni, halol va haromni farqlash, tanlash imkoni berilgan. Ana shu aqldan oqilona foydalana olgan inson farishtaga monandlashib, aksincha, nafsiga tobe odam hayvonga yaqinlashib boradi. Insonning darajasini ko'rsatuvchi yagona mezon – sog'lom aql-idrok va unga nechog'li amal qilishida.

Bugun kitob yozishdan ko'ra kitob “yasash” tobora ommaviy tus olganligi hech kimga sir emas. Shunday bir davrda yashayapmizki, ko'pchilik birovni chin dildan eshitishni istamaydi, hamma o'zining fikrini ma'qullaydi, bir narsani jiddiy o'qib, mulohaza yuritishdan ko'ra o'zi ko'proq gapirishni, boshqalar diqqat-e'tiborini o'ziga qaratishni, hech kimni tan olmaslikni afzal ko'radi. Bu illat garchi hammaga taalluqli bo'lmasa-da, kundan-kun chuqurroq ildiz otib borayotganligi ham ayni haqiqat. Bu so'zlarni aytishdan murod nima? Taniqli publitsist, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinovning mazkur kitobi boshqa ko'pgina asarlardan samimiyligi, mus­taqil fikrlarga to'laligi, muallifning o'quvchiga aytmoqchi bo'lgan o'z so'zi borligi bilan ajralib turadi. Kitob sahifalari ortgani sari muallif sizning suhbatdoshingizga aylanadi, uni chuqur iztirobli o'ylarga toldirgan muammolar aslida sizga ham tegishli ekanligini his qilasiz.

Aslida, odamning hayotida javob emas, savol ko'proq muhim-da, deb yozadi muallif va yana davom etib deydiki: Har bir odam bu dunyoga katta yo kichik bir savol bo'lib kelar ekan. Javob bo'lib… emas. Bu fikrga qanday munosabat bildirish mumkin? Muallifning bunday xulosaga kelishiga sabab bo'lgan omillar nimada? Rostdan shunday, deydi ichki bir ovoz, har bir odam aslida bir savol, faqat bu savolning javobi uning o'zi. Xuddi mutafakkir Alisher Navoiyning “O'z vujudingga tafakkur aylagil, Har ne istarsen o'zingdan istagil”, faylasuf Immaniuel Kantning “Narsa o'zida”, shoir Maxtumqulining “Har bir narsa o'zgaradi o'zidan”, degan g'oyasi singari. Dunyodagi eng qiyin narsa — vijdonli odamning o'ziga bergan savoli. Chunki bu savolning javobi uning o'zi ustidan chiqargan hukmdir. Bu hukm uning butun hayotiga, ti­rikligi mazmuniga, yashash tarzi va mohiyatiga tegishli bo'lganligi uchun ham juda zalvorli va murakkab.

Narigi dunyo, jannatdagi hayot, do'zax, mangulik bilan foniylikning nisbati, bilim va uning darajalari, yorug'lik yili, Abadiy vaqt, organik va noorganik dunyo, Eynshteyn, Fridlman, Rumiy, Darvin, Xorun Yah'yo, Pravdin bilan keltirilgan faktlar, dalillar bir qarashda kitobxonni shoshirib qo'yadi. Ma'lum bir muddatdan so'ng kitobxon o'zi sezmagan holda muallif bilan bahsga kirishadi. Aslida kitobdan ko'zlangan maqsad ham shunday bo'lishi kerak emasmi? Kitobxonni fikrlashga, bahsga, o'zining olam va odam haqidagi qarashlarini taftish qilishga, ayni chog'da o'zi tanishayotgan fikrlarga qo'shilish yoki inkor qilishga, agar rad qilmoqchi bo'lsa uni ilmiy jihatdan asos­lashga qaratilgan asar o'quvchining intellektual darajasini oshiradi. Uni o'z ustida ishlash, o'rganish, izlanishga undaydi. “Bilmaganlarimiz to'g'risida bilganlarimiz” kitobining eng katta yutuqlaridan biri ham ana shunda.

Kitobga muallifning maqolasiga javob tarzida yozilgan fizika-matematika fanlari doktori, professor M.Toirovning “Savol muhimmi yoki javob”, A.Erkayevning “Fan bilan dinni birlashtirishga ehtiyoj bormi?” maqolalari ham kiritilgan. Bu noodatiy kitob o'z­-o'zidan bahs-munozara tusini olib, fikrlar xilma-xilligi yuzaga kelgan. Ushbu maqolalar bilan tanishib chiqqan kitobxon aqlini birmuncha charxlab, mualliflar bilan fikr “jangi”ga kirishadi.

Kitob so'ngida falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasovning “Bilmaydiganlarimiz ko'p…” nomli maqolasi keltirilgan, aytish mumkinki, bu maqola go'yo har uchala muallif fikrlar jangida hakamlik vazifasini bajargandek tuyuladi. Jumladan, V.Alimasov yozadi: “Z.Isomiddinov maqolasida ekldetik yondashuv ham yo'q emas. Maqola boshidagi umr ma'nosi haqidagi fikrlardan xotiralar, hikoyatlar, din, olamning yaratilishi, darvinizm, antropogenez masalalariga o'tiladi… Lekin maqola muallifi mutaasiblikka emas, izlanishga, dogmachilikka emas, dialektikaga yon bosadi, ilm-fanni ham, diniy yondashuvni ham mutlaqlashtirmaydi, ularni uyg'unlashtirishga intiladi”. Faylasufning yakuniy xulosasiga ko'ra, muallif mudroq tafakkurni uyg'otadigan, uni behalovat izlanishlarga undaydigan muammolarni muhokamaga qo'ygan. M.Toirov va A.Erkayevning javoblaridan ko'rinib turibdiki, mazkur masala bir shaxsga taalluqli bo'libgina qolmay, fanga aloqador bo'lgan dolzarb mavzularidan biridir.

Jamiyat taraqqiyoti, ilm-fan rivojiga xizmat qiladigan mana shunday “sarkash savollar” har birimiz javob qaytarishimiz kerak bo'lgan ich-­ichimizda javobini kutib yotgan so'roqlardir. Keling, bu savollarga har birimiz munosib javob axtarib ko'raylik.

Ilhom G'aniyev,

filologiya fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + 9 =