Öquş — Örganiş
Abdulla QODIRIY
Mayda hikoyalar yozganda sözni qanday tejaş kerak
Mayda hikoyalar ustasi Çexov söz töğrisiğa kelganda haddan taşqari xasis, ortiqça sözlar sarf qiliş u yoqda tursin, kerakliklaridan ham mumkin qadar yulişga harakat qiladi. Özi aytadi: “Mayda hikoyalar yozganda sözni ortiqça isrof qilğandan köra, kerakliklarini ham mumkin qadar ozroq işlatiş kerak”. Uning hikoyalarida söz isrofgarçiligiga sabab bölaturğan ortiqça detallar ham bölmaydi. U butun detallarni özi aytkan asosda işlatadi. “Birinçi körinişda miltiq bölsa, şu miltiq uçinçi yoki törtinçi körinişda, albat, otilişi kerak, yöqsa miltiq töğrisida sözlaşning hojati yöqdir”.
Uning “Buqalamun” hikoyasi ham boşqa köp hikoyalariday ğoyat siqiq, quyuq yozilgandir.
Uning sözga xasisligi öquvçiga malol kelmaydi. Yaʼni, aytmakçi bölgan fikrining tuşunilişini oğirlaştirmaydi. “Buqalamun”da voqea yilning qaysi faslida bölayotkani aytilmaydi, ammo bundagi sözlardan faslni aniqlaş mumkin. (Albatta, bu sözlar yilning faslini bildiriş uçungina keltirilmaydi). “Paltomni yeç-çi, Yeldirin… Kun juda isib ketdi… yomğur yoğsa ham ajab emas”.
Quyidagi sözlardan voqea tuşki ovqatdan keyin bölayotkanini ham bilib böladi:
“Tevarak jim. Maydonçada heç kim körinmaydi. Dökon va qovoqxonalarning eşiklari oçiq, huvullab turadilar. Bu eşiklar yonida gadoy u yoqda tursin, bir zoğ ham körinmaydi”.
Mana bular ikki maqsad közda tutilib aytilgan sözlar bölib, ikkinçi maqsad mantiqiy ravişda birinçisidan kelib çiqadi.
Detallar (voqeani taşkil etgan voqeaçalar) ham özi yolğiz qolib, keraksiz söz bölib qolmaydi. Masalan, hikoyaning boşida “Oçumilov yangi şinel kiygan” deyilgan ekan, bu nariroqqa borib şinelning yeçilişi, yana kiyilişi bilan boğlanadi.
Xrukenning öng qölini yuqoriğa kötarib, xaloyiqqa qonağan barmoğini körsatişi, uning “Endi, şu majruh barmoğim bilan ehtimolki bir hafta işga yaramasman”, degan arzi Oçumilovning: “Sen axmoq qölingni tuşir! Ayb özingda!” deb qiçqirişi bilan boğlangan.
Hikoyani “ser suv” (köp sözli) qilaturğan narsalardan biri körsatiş örniga sözlab berişdir. Agar Oçumilovning “Buqalamun” ekanini uning sözlari orqali körsatilmasa, avtor tomonidan taʼriflansa, dunyo-dunyo söz ketar edi. Çexov buni özi aytib bermasdan, Oçumilovning öz sözi bilan körsatadi.
Oçumilovning dastlabki fikri:
“—Itni öldiriş kerak, quturğan bölsa ham ajab emas”.
It generalga qaraşli, deyilgandan keyin:
“—It nozik, sen hökizday, böyingni qara!”
Yana it generalniki emas, deyilgandan keyin:
“— Generalning itlari qimmatbaho narsalar eydi. Bu bölsa, egasiz daydi itga öxşaydi. Epaqaliq yungi ham yöq. Şunday bemaʼni itni ham saqlaydimi kişi!”
Yana, it generalniki, deyilgandan keyin:
“—Balki qimmatbaho zotli itdir”.
Oşpaz, it generalniki emas, degandan keyin:
“—Bu egasiz daydi it”.
It generalning akasiga qaraşli ekani maʼlum bölganda:
“—Yaxşiğina it körinadi. Ölgunça yugurdak körinadi”.
Mana bu dialoglarga avtorning heç qanday izohi kerak emas. Bu dialoglar ham voqeani siljitadi, ham hikoya qahramoni Oçumilovni xarakterlaydi.
Çexov uslubidagi ayrim xususiyatni sezgan L.Tolstoy bunday degan edi: “Çexovning impressionistlarga öxşagan öziga xos formasi bor… Yaqindan qarasak, xuddi har bir töğri kelgan va bir-biriga aloqasi bölmagan böyoqlarni farq qilmasdan işlatganga öxşaydi, ammo uzoqroqdan qarasang, bu böyoqlardan ajoyib bir manzara vujudga kelganini körasan”.
Tolstoyning bu sözi Çexovning öz söziga juda mos keladi. U deydi: “Tabiatni tasvir qilğanda mayda bölaklar oliş va bularga şunday tartib beriş kerakki, öqib közingni yumğaningda köz oldingga bir manzara kelsin”.
“Buqalamun” hikoyasidan biron sözni çiqarib taşlaş yoki biron sözni qöşiş mumkin bölmaganligi, sözga naqadar diqqat qilğanliğini körsatadi.
1936 yil.
