Jurnalistlar akkreditatsiyadan o'tkazildi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 2-Andijon okrug saylov komissiyasi Matbuot markazida saylov jarayonlarini yoritish, mazkur jarayonda qatnashuvchi jurnalistlarni akkreditatsiyadan o'tkazish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda ishtirokchilarga saylov jarayonlarini xolis, shaffof va to'laqonli yoritish bo'yicha faoliyatning huquqiy asoslari, jurnalistlarni akkreditatsiyadan o'tkazish tartibi xususida ma'lumotlar berildi.
—Saylov bilan bog'liq har bir jarayon amaldagi tartib, belgilangan qonun hujjatlari asosida yoritib borilishi muhimdir, — deydi Matbuot markazi rahbari Rustamjon Eshonov. – Bu borada jurnalistlarga qator vakolatlar bilan birga ularning zimmasiga muayyan burchlar ham yuklatiladi. Maqsad, yuqorida ta'kidlanganidek saylovni xolis, shaffof va adolatli yoritilishini ta'minlashdir.
Shuningdek, yig'ilishda OAV vakillarining huquq va majburiyatlari, saylov kampaniyasi davrida ijtimoiy tarmoqlarda yolg'on xabarlar tarqalishining oldini olish, turfa xil mish-mishlarga tayanmaslik, aksincha, saylovchilarga haqqoniy axborotlarni o'z vaqtida, tezkorlik bilan yetkazib berish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Yig'ilishda Matbuot markazida saylov jarayonlarini xolisona yoritish, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash, aholini saylovga oid tadbirlar bilan o'z vaqtida xabardor qilish borasidagi ishlar belgilangan reja asosida olib borilayotganligi, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining e'lonlari, materiallari, bo'lajak tadbirning ahamiyati va mazmuni to'g'risidagi roliklar ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib borilayotganligi qayd etildi.
Tadbir yakunida viloyatdagi OAV vakillari belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o'tkazildi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Andijon viloyat bo'limi.
Hokim badiiy kitoblar taqdim etdi
Shofirkon tumanidagi Axborot-kutubxona markaziga taniqli adabiyotshunos olim To'ra Mirzayev nomi berilgan edi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Shofirkon tumaniga tashrifi chog'ida 125 ming kitob fondiga ega mazkur markazda bo'lib, bu yerda bajarilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Kitobsevarlar uchun yaratilgan shart-sharoit, mavjud kitoblar fondini ko'zdan kechirdi. Amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi. Davlatimizning ilmiy, adabiy, ma'naviy-ma'rifiy siyosatining muhim shartlaridan biri – Axborot-kutubxona markazi kitob fondini eng sara ilmiy, adabiy, klassik va ensiklopedik adabiyotlar bilan to'ldirish, jumladan, farzandlarimiz ongini, ma'naviyatini sara milliy va turli millatlar adabiyoti bilan boyitib borishga erishish ekanligini ta'kidladi.
Mazkur kutubxona o'z nomiga munosib ravishda bu zamindan ko'plab ilm-fan fidoyilari yetishib chiqishida ma'rifat o'chog'i, ziyo maskani bo'lishiga ishonch bildirdi.
Kutubxona fondiga viloyat hokimi tomonidan 100dan ortiq turli nomdagi badiiy adabiyotlar taqdim etildi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Buxoro viloyat bo'limi.