Bugun nega hammasi boshqacha?

yoki MAJBURiylikdan IXTIYoRIYlikkacha

Kuz keldi deguncha bu mavsumning qishlog'imizda qanday boshlanishi ko'z oldimga kelaveradi. Sentyabrning ilk kunlaridan barcha bolalar maktabga oshiqib, to'rtta-to'rtta bo'lib ketayotganimizda mahalla raisining asabiy holatda telefonda kimlar bilandir baland ovozda tortishishi hamda uyma-uy yurib, odamlarga nimanidir qattiq tayinlayotganliklarining guvohi bo'lardik. Xonadon egalari gohi osongina u kishining aytganlariga rozilik bildirsa, gohida zaharxandalik bilan baqir-chaqir qilib, yuziga eshik yopishardi.

Ammo buning bizga juda katta foydali tomoni bor edi. Doim uyda bo'ladigan onamiz ham kelinoyilarimiz ham yo'qliklari bois bilganimizni qilib, istagancha sho'xlik qilaverardik. Hali-hanuz esimda, katta farzand bo'lganligim uchun to'qqiz yoshligimda, (ikkinchi sinfligimda) onam­ning kelishlariga kechki ovqatni tayyorlab turardim. Faqatgina men emas, mahalladagi deyarli barcha men tengi bolalar shunday qilishardi. Buni ko'rgan yoki eshitganlar yosh bolaga shunday yumushni ishonib qo'yibsizlar, o'yinqaroqlik bilan o'choqqa qaramay qolib, (bizning mahallaga o'sha vaqtlar gaz quvurlari tortilmagandi) uyga o't qo'yib yuborsa nima bo'ladi deb xavfsirashardi. Bo'rttirib aytayotgandek tuyularman, lekin aniq esimda sentyabr oyida to'y qilishga mahalla yig'inidan ruxsat berilmasdi. Berilgan taqdirda ham bu vaqtda hech kim uyida bo'lmaydi. To'ylar odamsiz huvillab o'tadi deb birov osh bergisi kelmasdi. Onam daladan charchab kelib hatto kiyimlarini ham almashtirishga erinib o'tirgan paytlarida paxta terimi haqida uzoq suhbatlashardik.

— Aya terilgan paxtalarga yaxshi narx to'lansa, uyida yil bo'yi hech bir ish qilmay, zerikib o'tiradigan ayollarning ham nima uchun dalaga chiqqisi kelmaydi deb so'rardim.

— Qani endi bu mavsum biz o'ylagandek tartibli o'tsa. Paxta maydonlariga o'qituvchilardan tortib, talabalargacha, qishloq shifokorlaridan tortib, maktabning yuqori sinf o'quvchilarigacha hamma jalb qilingan. Ular paxta teradi deb o'ylaysanmi, bir-biriga ko'sak (ochilmagan paxta g'unchasi) otib, hazil-huzil bilan kunni kech qilishadi. Mayli yoshlik o'ynab-kuladigan davrlari, lekin hammayoqni payhon qilib, halal berishadi xolos. Natijada biz ham ko'ngildagidek tera olmaymiz derdilar.

— Ularga ham rahbarlari tomonidan “norma” qo'yilmaganmi deb ezmalik qilib yana so'rardim.

— “Norma”lari qursin. Quyosh botguncha sandrak­lab yurishadida, paxtalar tortilayotgan payt bizlardan naqd pulga 20 kilodan sotib olib topshirishadi derdilar.

Biz paxtaga chiqmagan bo'lsak-da, buni bizga ta'siri bo'lmagan deya olmaymiz. Negaki, maktabimizning sport zali ham katta majlislar zali ham paxta terimiga kelgan “yordamchilar”ning yotoqxonasiga aylantirilardi. Bu degani o'quv rejasiga kiritilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar ham bu vaqtda faqatgina ustozlarimizning hisobot qog'ozlaridagina o'tkazilardi. Bularni o'qib, juda eski odam ekan deb o'ylamang. Hikoya qilganim 2005-2006 yillardagi manzaralar.

Mana hozir ham bu mavsum qishloqlarda avjida davom etyapti. Biroq avvalgidan butkul bosh­qacha. O'tgan hafta qishloqqa borganimda ikki qizini chiqargan, ikki o'g'lini uylab, ularning topganini hisoblab o'tiradigan yon qo'shnimiz Adolat xolaning paxta terimidan qaytayotganini ko'rdim. Yoniga borib suhbatini olishga ham ulgurdim.

— Adolat xola sizning ikki o'g'lingiz yaxshigina daromad qiladi. O'zingiz ham dalaga chiqishni yoqtirmasdingiz, nega endi paxta tergingiz kelib qoldi?

— Uyda o'tiraverib qonimiz quyilib ketgan ekan. Biroz harakat qilsam hadeb u yerim og'riyapti, bu yerim og'riyapti deyavermasmikanman degandim. To'g'ri o'ylagan ekanman. Mana uch-to'rt kunda o'n sakkiz yashardek serharakat bo'lib qoldim. Uydagi mayda-chuyda ishlarni kelinga tashladimu mahalla xotinlari bilan chaq-chaqlashib paxta ter­yapman. Ishonsang kuniga 150-160 kilodan oshiryapman. Buning puli ham ancha yaxshi bo'lar ekan. Qo'limiz pul ko'rib o'rganib qoldi.

— Mahalladan paxtaga chiqasan deb hech kim sizni majburlamadimi?

— Avvallari shunday edi. Shahardan keladigan urishqoq xotinlar bilan yonma-yon ishlagim kelmagani bois rais qancha qistasada chiqmasdik. Endi vaziyat o'zgardi. Hamma narsa tartibli. Doim gap­lashib o'tiradigan besh-olti qo'shni yonma-yon qatorlarga tushib olib, zavq bilan ishlayapmiz. Bizni qatorimizda uyida bo'sh o'tirgan yosh qizlar ham terimga chiqyapti. Ularning safidan odoblilarini kelinlikka tanlab, ko'z ostimizga olib qo'yyapmiz. Istasang senga ham topib beraman.

Bularni eshitdimu darrov xayolim yana mahalla raisiga ketdi. Endi u ham ko'ngli to'q boshqa ishlarini bajarayotgandir. G'ayratli ayollarimiz esa gap bilan bo'lib ancha-muncha maydonlarni bo'shatib qo'yishadi. O'tgan yili ham tumanimiz paxta terimida birinchilardan bo'lib shartnoma rejasini yopgandi. Xudo xohlasa bu yil ham shunday natijaga umidvormiz. Bularni yozdimu odamni majburlab emas, o'zi istagan ishga qiziqtirilsa o'ylangan maqsadga erishish mumkinligiga yana bir bor ishonch hosil qildim. O'tgan qisqa vaqt davomida amalga oshirilgan birgina mazkur o'zgarish bizdagi bu ishonchni mustahkamlashga sabab bo'ldi deb hech ikkilanishsiz aytishimiz mumkin.

Kamoliddin RO'ZIMATOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 1 =