Maktabda… bolalar nashrlari bormi?

Respublikamizda 10 mingga yaqin umumiy o'rta-ta'lim maktablari bo'lib, ularda bir necha million o'quvchilar ta'lim olishadi. Lekin markaziy shaharlardagi maktablar bilan respublikamizning chekka hududlarida joylashgan maktablarning umumiy ahvoli ancha farq qiladi.

Aytaylik, elektr energiyasi kuniga bir necha bor yonib o'chadigan ta'lim dargohlarida o'rnatilgan kompyuterlarni ishlatishning qanday iloji bor? Tok o'ynab, turli kuchlanishli elektr quvvati barcha jihozlar, hatto isitish vositalarini ham ishdan chiqarishi kuzatilmoqda. Shu aniqki, “Wi-Fi” uskunalari ham bir me'yorda elektr ta'minoti bo'lmagandan so'ng ko'ngildagidek ishlamaydi. Shularni hisobga olib, ko'plab maktab mutasaddilari o'quvchilarga ma'naviyat soatlarini kuchaytirishni rejalashtirishmoqda. Ammo o'quvchilarning ma'naviy dunyoqarashini shakllantirish uchun ularga “G’uncha”, “Gulxan” jurnallari, “Tong yulduzi”, “Klass” kabi gazetalar yetib bormaydi hisob. Kimlarningdir, innovatsion “fikr”larining jabrini necha yillarki yosh avlod tortib kelmoqda. Kutubxonaga kiray desa, yoshlarbop kitob va nashrlar juda kam. Internetdan dars o'rganay deyishsa, na doi­miy elektr ta'minoti, na “Wi-Fi” ko'ngildagidek.

Shahar o'quvchi-yoshlari uchun esa bu unchalik sezilmasa-da, ko'plab qishloqlarda ta'lim olayotgan bolalarni bu muammo qiynayotgani bor gap.

— Shaharlik tengqurlarimga mazzada, maktablarida barcha sharoit, internet, elektron kutubxona, “Wi-Fi” doimo ishlar ekan. Xohlasalar darsdan bo'sh paytlarida muzey, qo'g'irchoq teatri, xiyobonlarni aylanishar ekan, — dey­di qishloqda yashovchi jiyanim Sanjar. — Qani endi bizni maktabda ham barcha sharoitlar bo'lsaydi, hech bo'lmasa, o'quvchilarga mo'ljallangan gazeta-jurnallar ham yo'q. Maktabimizga bunday nashrlar kelmaydi.

Oddiy maktab yoshidagi o'quvchilarga mo'ljallangan nashrlarni poytaxt o'quvchilari bugun o'qishsa, chekka hududlarga yetib borishi bir necha kunnigina emas, haftalarni oladi. Chunki pochta xizmatlarning ahvoli bugun hammaga kunday ravshan.

Afsuski, bu yoshlarning taqdiri bilan “kim”larningdir o'ynashishi desak bo'ladi.

Tasavvur qiling, Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan yoshlarni ma'naviyatli, chuqur bilimlarni egallashlari uchun bir qator ezgu ishlar amalga oshirilayotgan paytda, joylardagi mas'ullar maktabdagi kelajak avlodlarimizni barkamol voyaga yetishlari uchun na internetni, na bosma OAVni muntazam yetkazilishini nazoratga olmayaptilar.

Ayniqsa, o'quvchilar kundalik daftarlarini ham elektron shakli ustida bosh qotirganlaridan ko'ra, bolalarbop nashrlarni o'quv dargohlariga yetkazish xususida bosh qotirishlari ko'proq samara bermaydimi?

Bir paytlar hayotimiz shamchirog'i bo'lgan “G’uncha” jurnalining o'tgan yilgi 12-soni qo'limda. Darrov qiziqib, adadiga ko'z tashladim. 2300 nusxadan sal ko'proq ekan. Eh, ming afsus, axir millionlab jajji farzandlarimizning qo'liga yetib boradigan ushbu nashr nega buncha kam?

Aqalli yurtimiz maktablariga bir nusxadan borganida ham 10 ming nusxa atrofida chiqmas edimi? Bugun bolalarning “Tong yulduzi”, “Gulxan” kabi nashrlarini hatto qo'liga ushlab ko'rmagan millionlab bolalar maktabni tamomlab ketishmoqda. Xo'sh, ular maktabda ma'naviy sarchashmalardan mosuvo holda voyaga yetishayotgan ekan, ular aytaylik, oliy ta'lim dargohiga o'qishga kirgach, gazeta-jurnal o'qishadimi? O'qishni istashadimi? Yo'q, albatta. O'rgangan ko'ngil. Chunki maktab — asosiy poydevor. Poydevor qanday bo'lsa, bino ham yo mustahkam bo'ladi, yo qattiqroq shamolga ham bardosh berolmaydi. Bu bilan nima demoqchimiz? Aytmoqchimizki, gazeta-jurnalni qo'liga olmagan bola katta bo'lib kitobxon bo'lib ketishi ham dushvor ish.

Prezidentimiz bir gal katta bir yig'inda “Bolalarimizni faqat telefon tarbiyalayapti”, deya afsus bilan gapirgan edilar.

Darhaqiqat, bugun hammaning qo'lida shu matoh. Kerakli matoh, albatta. Ammo shu narsaning o'zi kifoya qiladimi? Faqat kompyuter, telefon bilan kelajak avlodimiz biz orzu qilgan darajadagi insonlar bo'lib yetishadimi?

Bu haqda “Hurriyat”da o'nlab maqolalar, mulohazalar chop etiladi. Ammo munosabat yo'q. Xalq ta'limiga daxldor mutasaddilar jim. Sukutda. Go'yoki o'qimaydilar. Go'yo biz ham hech narsa demadik, aytilmadi! Nima biz faqat o'zimiz uchun shu gaplarni yozayapmizmi?!

Quvonarlisi, Xalq ta'limi vazirligiga yangi rahbar tayinlanganidan so'ng bu borada ham ya'ni ma'naviy yo'nalishda, matbuot nashrlariga munosabat ijobiy tomonga o'zgargani quloqqa chalinmoqda. Bu xayrli aks-sadolar. Aslida o'rganib ko'rilsa, ta'lim muassasalarida joylarda juda ko'p kerak-nokerak, bo'lgan-bo'lmagan nashrlarning tiqishtirilayotganiga guvoh bo'lish ham mumkin. Bechora xalq ta'limi mudirlarining aksariyati nima qilishga hayron. “Manov nashrni hokim aytdi, bunisini falon kishi aytdi, mana bunisiga ham qo'yishmadi…” Ahvol shunday. Endi ta'lim uchun, farzandlarimiz uchun eng kerakli, eng foydali nashrlarning yetib borishini o'ylash vaqti yetmadimi?!

Hikmatullo QODIROV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 3 =