Qo'y ichagini eksport qilsa bo'ladimi?
“Eksport” so'zi hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida keng ommalashgan bo'lsa-da, o'tmishda ham ajdodlarimiz o'zlari yetishtirgan, yoxud tayyorlagan mahsulotlarini xorijiy yurtlarga sotishni keng yo'lga qo'yishgan. Demak, oddiy savdo-sotiq yoki tijorat deb atalgan bo'lsa-da, eksport aslida kecha paydo bo'lib qolgan atama emas. Agarki, tarixiy ma'lumotlarga e'tibor beradigan bo'lsak, bu borada katta yutuqlarga erishilganini ko'rish mumkin.
Misol uchun biz hozirda ko'p ham e'tibor beravermaydigan, qo'y ichagi eksportini ajdodlarimiz qanday amalga oshirgani tarixiga to'xtalsak.
Ma'lumki, qo'y go'shtining mazaliligi, qo'y juni kigiz va boshqa har xil kiyim-kechaklar to'qishda, terisi po'stindo'zlikda bebaho bo'lgani sir emas.
Ayniqsa, XIX-asr oxirlarida Rossiya va Xorazm o'rtasida savdo aloqalari kuchaygach, qo'y ichagiga bo'lgan ehtiyoj oshib ketadi. Natijada, oldinlari Sharq davlatlarigagina ozgina miqdorda ichak eksport qilayotgan ichakfurushlar, endi Rossiya, undan Yevropa, hatto, AQShga ham qo'y ichagini sota boshlaganlar.
Xususan, Xorazm tarixiga oid olimlar V.Girshfeld va M.N.Galkinlarning kitobida keltirilgan ma'lumotga ko'ra, “XIX asr oxirida Xiva xonligi aholisining 5,9 foizi, ya'ni 30, 515 kishi chorvachilik bilan shug'ullangan”. (“Voenno-staticheskie opisanie Xivinskogo oazisa” T, 1903, 27-bet)
Haqiqatan ham, Xorazmning janubiy qismida qo'ychilik rivojlangan bo'lib, bu yerda vohadagi mavjud qo'ylarning sakson foizi boqilgan. Vohaning janub tomonidagi qumlik va yaylovlar qo'ychilikning rivojlanishi uchun ayni muddao edi.
Natijada: “1909 yilda Xiva xonligida 21.200 eshak, 70.000 tuya, 43.900 echki, 107.600 ot, 175.000 yirik shoxli mol boqilgan bo'lsa, qo'ylar soni 434.900 boshni tashkil etardi”. (V.Lobachevskiy, Xivinskiy rayon, T, 1912, 105-bet).
Tabiiyki, boqilgan ana shu qo'ylarni so'yadigan qassob, junidan kigiz to'quvchi, terisidan po'stin tikuvchi, ichagini sotuvchi tadbirkorlar ham xonlikda ancha edi. Xiva xonligi arxiv manbalariga ko'ra, XX asrda Xivada yigirma ming aholi yashab, ularga 137 nafar qassob o'z do'konida xizmat ko'rsatgan. Shuningdek, bu yerdagi o'n sakkizta po'stindo'z qo'y terisidan yiliga besh ming dona po'stin tikib sotardi. Shu kabi oltmish nafar usta xorazmcha telpak-cho'girma tikish bilan mashg'ul edi. Bulardan tashqari, oltita kigizfurush ustaxonasi ham shaharda faoliyat ko'rsatib, ular uchun kerakli xomashyo – qo'y juni edi. Shu kabi qo'y terisini qayta ishlovchi ko'nchi, undan charm mahsulotlarini tayyorlovchi kasb sohiblariyam xonlikda ancha bo'lgan. Demak, qo'y boqish, undan oziq sifatida foydalanishdan tashqari yana ko'p maqsadlarda foydalanilganki, bulardan eng eksportbop mahsulot – qo'y ichagi edi.
Mol egasi yoki qassob narxini kelishgan holda qo'y ichagini ichakfurushga sotgan. Ular yangi so'yilgan qo'y ichagini katta-katta maxsus bochkalarda tuzlab saqlashgan. Bir muddat o'tgach, tayyor bo'lgan xom- ashyo Amudaryo orqali kemalarda Orol dengiziga yoki tuya karvonlari orqali Orenburgga jo'natilgan. Paroxodlarda yoki karvonlarda qo'y ichaklari Rossiyaning Orenburg shahridan tashqari Tula, Samara, Ryazan va Moskva shaharlariga, u yerdan Boltiqbo'yi davlatlari, Yevropaga yetkazib berilgan.
Qo'y ichaklaridan esa ma'lumotlarga qaraganda, kemachilik ehtiyojlari — katta yelkanli kemalar uchun maxsus arqonlar va boshqa zarur yordamchi vositalar tayyorlangan. Bu mahsulotlar, Rossiya orqali Germaniya, undan hatto okean orti yurtlarigacha yetkazib berilgan. Qo'y ichaklaridan tibbiyotda, xususan, jarrohlik amaliyotlarida foydalanilgan va bugungi kunda ham foydalanilishi bor gap.
E'tibor qiling: “1880 yilda Xivadan 1.200 pud qo'y ichagi Gamburgga eksport qilingan” (SGIAL, f-1396, op 1, d 33, 154-b). Raqamlar yildan-yilga oshib, qo'y ichagi eksporti 1900 yilda uch ming pudga yetkazilgan.
Ichakni sotib qaytishda esa Rossiyadan o'zimizga kerakli temirdan yasalgan asbob-uskunalar, samovar, mis idishlar, gazlama va qandlar olib kelingan.
Xullas, qo'yning o'zi mahalliy aholining ancha qismi uchun serdaromad ish hisoblangan. Shu bois, ham xalqimiz qo'yni barakali jonivor, deb bilgan.
Yuqoridagi ma'lumotlardan ham ko'rinadiki, yurtimizda Buyuk ipak yo'llariaro savdo-sotiq darajasi, eksport o'rni yuqori edi.
Shu o'rinda bir mushohada: bugun dunyo taraqqiyot darajasi nihoyatda o'sib, rivoj topib ketganiga qaramay, chorva mahsulotlari, xususan, teri va chorva junini qayta ishlash, qo'y, echki ichaklaridan tayyor mahsulot ishlab chiqarish qay darajada? Uni eksport qilish-chi?
Bugun kuniga yurtimizda o'n minglab qo'ylar so'yiladi. Ularning qimmatbaho terisi va ichaklar esa deyarli qayta ishlanmaydi, eksport ham qilinmaydi. Hech kimga “kerak emas”.
To'g'ri, terini qayta ishlovchi korxonalar respublikamizda bor. Lekin sanoqli. Yetarli emas.
Millionlab dona terilar, mol ichaklari chiqindixonalarga tashlanmoqda. Qiziq, hatto bundan bir qancha asrlar ilgari bu mahsulotlar eksporti yaxshi yo'lga qo'yilgan ekanu, nega buning bugun iloji yo'q?
Bugun haqiqiy teridan tayyorlangan bitta oyoq kiyimi, xoh erkaklar, xoh ayollar uchun tikilgan bo'lsin, qancha turadi? Yoxud bir dona yoqasiga ozgina mo'yna yopishtirilgan turli qishki liboslarning-chi, narxi qancha? Juda yuqori, to'g'rimi? Hatto qo'yning go'shtidan, uning terisi ko'proq foyda keltirishi mumkin. Buni albatta, sohaga daxldor mutasaddilar o'ylab ko'rishi kerak, bizningcha.
Vaholanki, dunyoda qoramol va qo'y terilariga, hayvon ichaklariga bugun ham talab juda yuqoriligicha qolmoqda. Hatto Xitoy, Turkiya, Rossiya va Yevropaning ko'plab davlatlarida tabiiy teri mahsulotlari yetishmovchiligidan, bu mamlakatlarda sun'iy charm ishlab chiqarish rivojlangan.
Demak, bu borada yurtimizda imkoniyatlar juda ko'p. Daromadli hamda aholini ish bilan ta'minlash uchun chorva terisini, ichagini qayta ishlash, xorijga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishning vaqti allaqachon kelgan.
Umid BEKMUHAMMAD