Gulbadan Murodovaga kim ko'mak beradi?

Denov tumani hokimi diqqatiga!

 

Gulbadan Murodovaga kim ko'mak beradi yoki bir nochor oilaning haqini o'ziga to'q, badavlat bo'lgan fermer xo'jaligi rahbari “tuya” qilganmi?

 

Yurtimizda baxtga qarshi, kambag'al oilalar kam emas. Gulbadan Murodova oilasi shulardan biri. U 1993 yili Oltinsoy tumanida oddiy dehqon oilasida besh farzandning uchinchisi bo'lib dunyoga kelgan. Maktabni ham, kollejni ham a'lo baholar bilan tamomlagan. O'qishni yana davom ettirishga esa ota-onasining imkoniyati bo'lmagan. Gulbadan 2014 yilda denovlik Husan Mamadiyorov degan yigitga turmushga chiqadi. Husanboy tug'ilib o'sgan bu oilada besh nafar o'g'il farzand bo'lib, uy-joy masalasi anchagina tang edi. Shu sababli 2016 yilda Gulbadan bilan Husanboyning oilasida birinchi o'g'il farzandi tug'ilgandan keyin boshqa joyga ko'chishi lozim edi. Shunga majbur edilar. Chunki bir xonadonda siqilishib qolishgandi. Ammo yangi uy-joy qurishga, birinchidan, moliyaviy ahvol yo'l qo'ymasdi, ikkinchidan, turar joy quradigan joyning o'zi ham yo'q edi. Nima qilish kerak, degan savolga Husan Mamadiyorov bilan Gulbadan Murodova javob topolmay qiynalishar edi.

 

Gulbadan bir kuni chiqmagan jondan umid deya Denov tuman hokimi Bahrom Mamatqulov (hozirda sobiq)ning nomiga ariza yozdi, so'ng bolasini ko'targancha hokimning qabuliga kirdi va yuragini o'rtayotgan dardini to'kib soldi.

— Bizda hozircha uy-joy masalasi ancha og'ir, lekin   imkoniyat bo'lishi bilan sizga yordam beramiz, — javob berdi hokim.

— Bizga hech bo'lmasa vaqtincha yashab turishimiz uchun   uy topishda yordam bering…

Qabulga mahalla oqsoqollari ham taklif etilgan edi. Hokim ularga yuzlanib so'radi:

— Kimning mahallasida bo'sh yotgan uy bor?

Bir mahalla raisi o'rnidan turdi.

— Bizda “Vatanparvar” jamiyatida ishlaydigan bir odamning bo'sh turgan uyi bor.

— Shu uyni olib bering, vaqtincha yashab turadilar.

Shu uyga ko'chib kirib Gulbadanning ko'ngli ancha tas­kin topdi.

Biroq turmush o'rtog'i Husanboy biron-bir ishga joylasha olmadi, faqat kunlik mardikorlikka chiqishiga to'g'ri kelar, ba'zi kunlari bir kun ish bo'lsa, bir necha kun ish bo'lmay qolar, shunday paytlarda   och-nahor o'tirishlariga to'g'ri kelardi.

Ana shunday og'ir kunlarning birida Gulbadanning Toshkentda ishlaydigan akasi: “Sizlarga shaharga yaqin joydan muqim ishlaydigan ish topdim” deb xabar qilib qoldi.

Husanboy bilan Gulbadan Toshkentga yo'l olishdi. Bu paytda Gulbadan ikkinchi farzandiga homilador edi. Shaharga yaqin chorvachilik fermasida ikkalasi ham ishlay boshladilar. Gulbadan chorvada ishlayotganlarga issiq ovqat tayyorlar, Husanboy esa mollarga qarar edi. Bu yerda ularning yeb-ichish­lari ham, yashash joylari ham, maoshlari ham ko'ngildagidek bo'ldi. Biroq Gulbadan o'z yurtida uy-joyi, tomorqasi bo'lishini, to'ng'ich farzandi va tug'ilajak bolasi o'z uyida o'ynab-kulib voyaga yetishini, tomorqasiga turli poliz va sabzavot ekinlari ekishni, parranda, mol-qo'ylar boqishni juda-juda orzu qilardi. Shuning uchun vaqti bo'lishi bilan Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimi Otabek Ibragimov qabulxonasiga borib uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berishlarini so'rab ariza topshirdi. 2018 yil yoz oyida borganida Otabek Ibragimov Denov tuman hokimi etib tayinlangan Ulug'bek Qosimovga (hozirda U.Qosimov Toshkent shahar prokurori) qo'ng'iroq qilib, unga Gulbadan Murodovaning arizasi bo'yicha amaliy yordam berishini so'raganda, u:

— Kelsinlar, yordam beramiz, — degan va'da bo'ldi.

Gulbadan quvona-quvona yo'lga tushdi.

Ulug'bek Qosimovning ishi boshidan oshib-toshib yotganiga qaramay Gulbadanni qabul qildi. Unga Denov tumanining Xayrobod qishlog'idagi “Paxtakurash” mahallasi 19-brigadasidan 5 sotix yer ajratib berish to'g'risida qaror chiqarib berdi. Imoratni qurish uchun bankdan uch yil muddatga   7 foizli kredit olishga   yordamlashdi. Qabriston yonidagi tepalikni   traktor bilan surib, yo'l ham   ochib berdi.

— Nima kamchilik bo'lsa, tortinmay aytavering, sizga albatta yordam beramiz, — dedi hokim.

Ular Toshkentda ishlab topgan pullaridan sement, shag'al sotib olib ikki xonali uyning poydevorini   ko'tarishdi. So'ng kecha-yu kunduz urinishib, loydan g'isht quyishdi va uy devorlarini tikkalashdi. Kredit puliga yog'och va   tunuka shifer sotib olib tomni yopishdi.

Denov tuman hokimi Ulug'bek Qosimov boshqa ishga o'tib ketganidan keyin tumanga Baxtiyor Ibodov hokim bo'lib keldi. Baxtiyor Ibodov ham   ulardan yordamini darig' tutmadi. Uy devorlarini suvoqdan chiqartirdi, ikkita deraza oldirib kelib o'rnattirib berdi. Ustalar Gulbadan bilan Husanboy yaxshi niyat bilan sotib olgan eshikni ham joyiga qo'yib berishdi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasidan elektr o'lchagichgacha olib qo'ydirtirdi. Uyning kadastr hujjatlarini tayyorlatib berdi. Yana zarurat bo'lib qolsa deb 30 dona ishlatilgan, lekin yaroqli shifer ham topib berishdi. Ko'p vaqt o'tmay Baxtiyor Ibodov ham boshqa ishga o'tib ketdi.

Gulbadan imkoniyati bo'lsa hech qachon rahbarlar oldiga yordam so'rab bormas edi. O'zi yoki turmush o'rtog'i   bilan hal qilishi mumkin bo'lgan yumushlar bilan birga   hal qila olmaydigan   katta muammolar ham bo'larkan. Masalan, uylarining oldidan o'tgan Sho'rchi arig'i sayoz kavlangani uchun   Gulbadanlarning tomorqasiga sizot suv o'tar va uy oldidagi chuqurlik suvga to'lib qolar edi. Sizot suvlardan qutulishning birdan-bir yo'li Sho'rchi arig'i o'zanini   chuqurlashtirish, uy oldidagi hovuzga o'xshab sizot suvga to'lib turadigan chuqurlikni   tuproq olib kelib to'ldirish, Sho'rchi arig'i ustiga beton plita yotqizib, yana yuz metrcha masofaga yo'l ochish kabi ishlar hozircha   Gulbadanning qo'lidan kelmaydi. Bunday vaziyatda u yordam so'ramasligining sira ham iloji yo'q edi.

Gulbadan Murodova shunday deydi:

— Sizot suvlardan qanday qutulishni bilmay boshim qotib yurgan paytlarda tumanimizda viloyat hokimi To'ra Bobolovning sayyor qabuli bo'lishini eshitib, u yerga men ham bordim.

Viloyat hokimi mening Sho'rchi arig'ini chuqurlatish   to'g'risidagi arzimni eshitgach, tuman suv xo'jaligi rahbarini yoniga chaqirtirdi va Sho'rchi arig'i o'zanini chuqurlatishga zudlik bilan kirishish to'g'risida topshiriq berdi. Ko'p o'tmay suv xo'jaligi xodimlari texnikalari bilan kelib Sho'rchi arig'i tubini   yanada chuqurlatishga kirishdilar. Buning natijasida sizot suvlar   hovlidan chekindi…

Endi Gulbadan oldida uyi yonidagi chuqurni tup­roq bilan to'ldirish, yo'lni qabristonni kesib o'tadigan joydan emas, harbiy qism yonidan o'tadigan qilib ochish, buning uchun Sho'rchi katta arig'i (zovuri) ustidan ko'prik qurish muammosi turar edi.

Bu masala bo'yicha va'dalar mo'l bo'ldi, lekin…

U toqati toq bo'lgani uchun “Davr” telekanaliga ariza yozib   yubordi.

Shundan keyin tuman mutasaddilari mahalla oqsoqollari bilan bordi. Ahvol bilan tanishdi.

— Haqiqatan ham nochor yashar ekansizlar. Men sizning hovlingizga tuproq to'ktirib, tekislatib beraman. Sho'rchi arig'i ustiga plita yotqizib ko'prik ham qurdirib beraman. Uyingizni ta'mirdan chiqarib beramiz, — deb va'dalar berishdi. Ammo…

Gulbadan Murodovaning o'zi ham “Bersang yeyman…” deb qo'l qovushtirib o'tirgani yo'q. Aslo. U ota-onasining, akasining yordami bilan   bir necha tovuq va kurka jo'jalarni sotib oldi. Mehr bilan parvarish qilib, ularni ko'paytirdi. Qishning qahraton sovuqlari paytida jo'jalarni kechalari o'zi yashaydigan uyga olib kirib asradi. Kurka va tovuqlaridan   asta-sekin sotib bankdan uy qurish uchun olgan o'n million so'mlik kreditini ham uzdi. Keyinchalik tuman hokimligi qila olmagan ishni qildi, ikki mashina tuproq olib kelib chuqurga to'ktirdi.

Tumandagi yirik, chorvachilik bilan ham, paxtachilik bilan ham shug'ullanadigan ko'p tarmoqli fermer xo'jaligining rahbari Bozor Xayitov Gulbadanning turmush o'rtog'i Husanboyni o'zining chorvasiga bosh cho'pon vazifasida ishlashga taklif qildi. Bozor Xayitov yoshi ulug', haj safarini ado qilib hoji bo'lish nasib etgan, o'ziga to'q inson.

— Har oy senga bir million so'mdan   maosh to'layman, o'rim mavsumida 2 tonna bug'doy, bir telejka somon press, kuzda esa bir telejka o'tin-g'o'zapoya beraman, ma'qulmi? — so'radi fermer Bozor Xayitov.

— Ma'qul, Bozor ota, — dedi kutilmagan taklifdan xursand bo'lgan Husanboy.

Turmush o'rtog'ining ishga kirganini eshitib   quvonch­dan Gulbadanning   boshi osmonga yetdi. Ertasiga ertalab erining qo'liga mehnat daftarchasini berarkan:

— Agar fermer bobo mehnat daftarchasiga   ishga kirganingizni yozib muhr bosib bersa, staj ham bo'ladi, — deb aytdi.

Husanboy mehnat daftarchasini fermerga bergan edi, u:

— Sen, o'g'lim, menga bir yil yurakdan ishlab ber, shunda sening mehnat daftarchangga bir yil emas uch yil ishladi deb yozib beraman, — deya mehnat daftarchasini uning o'ziga qaytarib berdi.

Bozor Xayitovning fermer xo'jaligi tumanning Hazarbog'   hududida joylashgan bo'lib, Husanboylarning uyidan 3,5-4 kilometr uzoqlikda edi. U ishga kirgan payt qish edi, har kuni erta tongda velosipedida qattiq sovuq bo'lishiga qaramay yo'lga chiqar, kechqurun esa kech soat 9-10 larda uyga qaytib kelar edi.

Bug'doy o'rimi paytida   unga va'da qilingan ikki tonna bug'doy, bir telejka somon press   berildi. Ikki oy bir million so'mdan maosh ham oldi. Ammo uchinchi oyga o'tganda oylik maoshi 700 ming so'mga tushib qoldi. Fermer buning sababini shunday tushuntirdi: “Tuman hokimi majlisda qo'l ostingizda ishlaydigan ishchilarning har biriga bug'doydan bo'shagan   maydonlardan bir gektardan yer beringlar, ular nimani xohlasa ekib olishsin”, deb topshiriq berdi. Men senga ham Husanboy, bir gektar yer beraman, yerga nimani xohlasang ekib, hosil pishganda yig'ishtirib olaverasan, shuning uchun maoshingni yetti yuz so'mga tushirdim. Ham oyiga bir million maosh, ham bir gektar yer berish menga og'irlik qiladi”, dedi.

— Yarim gektar yerga urug'lik makkajo'xori, qolgan yarim gektarga yeryong'oq ekamiz, kurkalardan sotib urug'lik olamiz. Hosilimiz yaxshi bo'lsa 30-35 million so'm daromad qilishimiz mumkin. Eh, qaniydi,   daromadimiz yaxshi bo'lsa, o'g'illarimizning to'ylarini o'tkazardik, uyimizni chiroyli qilib ta'mirdan chiqarib olardik, — deya o'yladi, bir gektar   yer berilishidan xursand bo'lgan Gulbadan.

Gulbadanning onasi 25 kilogramm urug'lik yeryong'oq berdi. Uning o'zi yana 25 kilogramm   urug'lik yeryong'oqni yaqin qo'shnisidan sotib oldi. Keyin urug'lik makkajo'xori donini ham topdi…

Yer ajratilib, ekish boshlanganda fermerning o'zi mashinasida kelib urug'larni olib ketdi.   Urug'lar   ekib bo'lingandan keyin uni fermer   huzuriga chorladi.

— Mana, ekining ekildi Husanboy. Endi   sug'oraman, ishlov beraman, deb   chorvadagi asosiy ishingdan chalg'ib yurmagin, o'g'lim. Yaxshisi sug'orishni, ishlov berishni, mineral o'g'itlar bilan oziqlantirishni   mardikorlarga qildiraylik, sen mendan oladigan ikki oylik ish haqing — bir million to'rt yuz ming so'mni mardikorlarga sarflaylik. Shunda fermaning ishi ham, dehqonchiliging ham yurishadi. Bu ishlarni o'zim nazorat qilaman. Hosil pishgach, ekiningni o'zing yig'ishtirib uyingga olib ketaverasan, kelishdikmi?

Husanboy ikki oylik ish haqim mardikorlarga beriladigan bo'lsa, xotinim va bolalarimning oziq-ovqati nima bo'ladi deb o'ylab ichi tuz sepganday achishdi-yu, ammo fermerga “Kelishdik!” deb javob berishdan boshqa chora topa olmadi.

U vaqti bo'lishi bilan dalasiga borib ekinlaridan xabar olar, makkajo'xori, yeryong'oqlar gurkirab o'sayotganidan ko'ngli tog'dek ko'tarilar edi.

Kun ketidan kun o'tib hosilni yig'ishtirib oladigan palla yetib keldi.

Xuddi mana shu paytda ularning ikkala farzandi birdan og'ir kasal bo'lib qoldi. Husanboy bilan Gulbadan bir muncha vaqt bolalarni davolash bilan ovora bo'lib qolishdi.

Maosh olinmagani uchun ikkalasi ham bor tanish-bilishlaridan qarz ko'tarib, farzandlari uchun dorixonadan dori-darmon va ikkinchisi esa do'kondan   oziq-ovqat olishlariga to'g'ri kelardi.

Yaxshiyam mahalla raisi Ilhom aka Xolnazarov bor ekan, xabar olib turdi, o'rni kelganda “Tez yordam” chaqirib berdi, puldan ham   yordam berdi.

Farzandlar sog'ayganidan keyin Husanboy dalaga borsa   yeryong'og'i ham, makkajo'xorisi ham   yig'ishtirib olinganini ko'rib hayron bo'lib qoldi. Surishtirib, ekinni fermer Bozor Xayitov yig'ishtirib ketganini bildi. Balki bizga yordam bo'lsin deb uyiga olib borib qo'ygandir, deb o'yladi u.

Ertasiga Gulbadan va Husanboy fermerning ­uyiga borishdi.

— Hojibobo, bizning yerimizdagi hosilni   yig'ishtirib olgan ekansiz, shuni olib ketgani keluvdik?

— Qanaqa yer? Qanaqa hosil? — so'radi fermer peshonasini tirishtirib. — Men sizlarga yer bermaganman, — dedi u boshini chayqab. So'ng xotiniga   qarab, onasi, uydan bir dona non olib chiq, jo'gilar kelishibdi, berib yubor. U shunday deb o'rnidan turib ko'chaga chiqib ketdi.

Gulbadan va Husanboy bu haqoratli gapni eshitib turgan joyida qotib qolishdi. So'ng bir gektar yerdan 30-35 million daromad olamiz, to'y qilamiz, uyimizni chiroyli qilib ta'mirlaymiz degan niyatlari yer bilan yakson bo'lganini bilib, dahshatga tushishdi.

Gulbadan bilan Husanboy, tabiiyki, tuman hokimining oldiga arz bilan borishdi. Hokim   paxta punktida ularni fermer bilan yuzlashtirdi. Tuman klasteri boshlig'i ham shu yerda edi.

Gulbadan Murodova paxta punktida bo'lib o'tgan suhbatni shunday eslaydi :

— Bu bola, — dedi fermer erimni qo'li bilan ko'rsatib, — chorvada ishladi, halol ishladi, ammo yer ekkani yo'q.

— Biz bir gektar yerga makkajo'xori va yer- yong'oq ekkanmiz, deyishim bilan tuman klaster boshlig'i   bizni haqorat qilganday shunday dedi:

— Hojibobo biz o'tkazgan barcha tadbirlarda faol qatnashadi, sizlar kim bo'libsizlarki, u kishining nomiga dog' tekkizmoqchi bo'lyapsizlar?!

Uning bu gaplari nafsoniyatimizga qattiq tegdi. Biz paxta punktidan xafa bo'lib   chiqdik va turli idoralarga shikoyat xatlar yozdik. Bir kun bizni Denov tuman prokuraturasidan Muxtor Oltiboyev   telefon qilib prokuraturaga kelishimizni   aytishdi.

Bordik.

U jinoyat kodeksini ochib bir joyini o'qish uchun erimga berdi. Erim hayajonlanganidan o'qiy olmadi. Men o'qidim. Prokuror ko'rsatgan joy “Tuhmat” deb atalar ekan.

— Nima bizni tuhmatchi demoqchimisiz? — so'radim men.

— Ha, — u shunday deb stoli ustidagi bir talay hujjatlarni qo'li bilan ko'rsatdi. — Shularni yozgan odamlarning ko'pi hozir qamoqda o'tiribdi, chunki ular birovlarga tuhmat qilganlar, sizlar ham shular qatoriga qo'shilib qolgansizlar.

Prokuror fermerni ham chaqirtirgan ekan, u xonaga kirib erimga: “Men seni tuhmat qilganing uchun qamatib yuboraman” deb dag'dag'a qildi.

— Qaerga yozsangizlar ham xatlaringiz   mening qo'limga kelib tushadi, shuning uchun arizabozlikni bas qilinglar, — dedi Muxtor Oltiboyev bizga.

Shunda men qadimgi “Boy boyga boqar, suv soyga oqar” degan maqolni alam bilan eslab,   chorasizlikdan ko'z o'ngim qorong'ilashib ketdi.

Xullas, biz haqligimizni isbotlab bera olmadik. Yerimizni ekib bergan traktorchi ham bizning yerimizni ekmaganini aytdi. U bilan birga ishlaganlar ham erimni emas, fermerning yonini olishdi. Ular fermerning yonini olishga majbur. Shunday qilmasa ularning boshiga ham bizning boshimizga tushgan ko'rgulik tushishi tayin edi…

Ichki ishlar xodimi Mansur aka Gulbadan bilan Husanboyga murojaat qilib “O'zlaringizning haq ekanligingizni isbotlaydigan hech bo'lmasa bironta guvoh topib beringlar” degan edi, Gulbadan   o'ziga   25 kilogramm yeryong'oq urug'i sotgan ayolni esladi va Ichki ishlar xodimini uning oldiga boshlab borishdi. Ayol haqiqatdan ham yigirma besh kilogramm   yeryong'oq urug'ini ularga sotganligini tasdiqladi.

Darvoqe, Denovda Gulbadan Murodova va Husan Mamadiyorov bilan fermer Bozor Xayitov o'rtasida kelib chiqqan nizoni xolis o'rgangan va xolis xulosaga kelgan rahbarlar   ham yo'q emas. Shulardan biri Denov tuman qishloq xo'jaligi bo'limining boshlig'i B.Sherovdir.

U tuman hokimiga va Gulbadan Murodovaga yozgan xatida   quyidagilarni bayon qilgan:

“Denov tuman “Paxtakurash” mahallasi Xayrobod qishlog'ida yashovchi fuqaro Murodova Gulbadan tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti veb saytiga qilgan murojaati yuzasidan tumandagi Hazar­bog' hududida faoliyat yuritib kelayotgan “Xayi­tov Bozor” fermer xo'jaligi rahbari Xayitov Bozor tomonidan 1,0 (1 gektar-ta'kid bizniki. Sh.A.) gektar yer maydoniga fuqaro   Murodova Gulbadan o'rtasida og'zaki kelishuv asosida dehqonchilik qilish maqsadida sabzavot ekinlari ekib yetishtirilgan. O'rganish jarayonida ushbu 1,0 gektar yer maydonidan olingan hosil “Xayitov Bozor” fermer xo'jaligi rahbari Xayitov Bozor tomonidan   ichki bozorda sotilib fuqaro Murodova Gulbadanga kelishilgan hosildan yoki daromaddan og'zaki kelishuvga asosan haqini bermasdan kelayotganligi aniqlandi…”

Denov tuman hokimi Rustam Pardayev haqli ravishda ushbu xatga asoslanib Gulbadan Murodovaga   “Sudga murojaat qiling” deb javob berdi.

Biroq…

Bir necha kundan keyin fermer odam yuborib “uch million so'm beraman, rozi bo'lishsa olishsin” deb xabar yubordi.

Kambag'al, nochor, bo'lishsa ham, bu oila g'ururli bo'lgani sababli, bu taklifni rad qilishdi.

— Tahririyatingizga kelish, bu gaplarni doston qilish xayolimda ham yo'q edi, deydi G.Murodova. —Men aslida ko'mak so'rab, Oliy Majlis huzuridagi Ombudsmanga xat olib kelgan edim. Hujjatlarimdan nusxa ko'chirayotgan joyimda bir kishi mening nochor ahvolimni ko'rib, “Singlim, tinchlikmi, nima yumush bilan yuribsiz?”, deb so'rab qoldi. Men boshimdan o'tkazayotgan muammolarimni qisqacha aytgan edim, u kishi: “Siz — “Hurriyat” degan gazeta bor, erkin minbar, albatta boring”, deb manzilingizni berdi”, deydi u.

G.Murodovaning bizga aytishicha, gap ularning haqini yeb ketgan noinsof fermerda ham emas. “Mayli, Xudo har kimning qilmishiga yarasha jazo beradi, rizq ham Allohdan”, — deydi u. Ammo ularni qiynayotgan bir asosli muammo bor. Bu muammo bir qancha yildan buyon hal bo'lmayapti. Xususan, ular yashaydigan uy xo'jalikning eng chekka hududi bo'lib, yolg'izoyoq yo'l esa shu yerdagi qabristonning qoq o'rtasidan o'tadi.

— Biz ham odam. Yosh bolalarim bor. Qabriston oralab yolg'iz yurishga, ayniqsa, kech tushgan mahallari qo'rqamiz. Turmush o'rtog'im bizni boqaman deb uyga kech qaytadi. Uyimizga boradigan yo'l yo'q va buning chorasi katta ariqqa ko'prik solinishi kerak. Shu masalada bizga ko'mak kerak. Agarda katta ariq — zovur ustiga hech qursa, ikkita beton plita o'rnatib berishganda, 150 metr narida katta asfalt yo'l bor — uyimizga to'g'ri keladi shu yo'l. Bolalarimning kelajagi uchun ham yaxshi bo'lardi, xavotirsiz yashardik, deydi u.

Qiziq, shu muammo uchun bir fuqaro poytaxtga kelib, arz-shikoyat qilishga arziydimi? Nahotki, Denovday tumanda ana shu kichik bir masalani hal qilishning imkoni bo'lmasa?!

Bir insonning qalbini shod etish, ko'mak berishning naqadar ulug' savobli yumush ekanligini mutafakkir Alisher Navoiy bundan qariyb olti asr ilgari o'zining quyidagi hikmatli bayti ila ifodalagan edi:

Kimki bir ko'ngli buzug'ning xotirin

                                                           shod aylagay,

Oncha borkim Ka'ba vayron o'lsa, obod aylagay.

O'ylaymizki, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov va yaqinda Denov tumani rahbarligiga tayinlangan Abdumalik Allamurodov bu oilaga ko'mak qo'lini cho'zsalar, g'oyat savobli ish bo'lur edi.

Qolaversa, bu Prezidentimizning bugungi siyosati talabidir. Nochor, yashash sharoiti og'ir kishilarga ko'mak berish, ularni o'zlariga mos ish o'rinlari bilan ta'minlash zarur.

Yana bir gap: biz Gulbadan Murodova bilan gap­lashdik, suhbatlashdik. Bir kamsiqum, lekin turmush tashvishlaridan qiynalgan, ammo gap-so'zlaridan yurtimizda kechayotgan jamiki o'zgarishlardan, yangilanish­lardan rozi, minnatdor bir o'zbek ayoli ekan.

O'ylaymizki, mutasaddilar befarq bo'lishmas.

Shohrux AKBAROV,

huquqshunos-jurnalist,

2-darajali adliya maslahatchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =