Sarson-sargardon fermer yoki 23 yildan buyon adolat kutayotgan inson

Bosh prokuratura diqqatiga!

 

Izboskanlik Abdujalil Tojiboyev 23 yildirki o'zining “Umid” dehqon(fermer) xo'jaligi fao­liyatini qaytadan tiklash uchun sarson-sargardon. E'tibor qiling, 3-4 yildan buyon emas, 23 yildan beri! Shuncha yillar davomida tadbirkorlar, fermerlarning qonuniy haq-huquqlarini, manfaatlarini himoya qiladigan tuman fermerlar kengashidan boshlab tuman, viloyat hokim­liklaridan tortib barcha davlat organlariga, sudlarga murojaat qilib chiqdi.

Chorak asr davomida yo'l bosib, vaqt sarflab umid bog'lab borgan mutasaddilardan esa haligacha najot yo'q. Ularning deyarli hammasi fermerga “Murojaatingizni o'rganish davomida “Sharq yulduzi” massividagi sobiq “Umid” bog'dorchilik fermer xo'jaligi yer maydoni 2001 yil 17 iyuldan tuman hokimligi zaxira yerlari hisobiga olinib “Sharq yulduzi kelajagi” fermer xo'jaligi ixtiyoriga o'tganligi aniqlandi” degan mazmunda javob berishdi.

— Men uchragan tashkilot yoki davlat organlari mutasaddilari ishxonalaridan chiqib xonadonimga, fermer xo'jaligi yerimga, davlat ro'yxatidan chiqarishga urinib hujjat tayyorlagan idoralarga borib murojaatim mohiyatini, maqsadini, mantig'ini chuqur o'rganib, tahlil qilganlari yo'q. Faqat o'tirgan joylarida quyidan kelgan javob xatlariga qarab, ulardagi xulosalarga tayanib qog'ozlarda ish bajarishdi, oddiy bir xatolikni – fermer xo'jaligimni attestatsiya varag'idagi “attestatsiyadan qoniqarli o'tdi, yeriga yer qo'shib berish uchun “Sharq yulduzi” jamoa xo'jaligiga tavsiya etildi, degan xulosani “Faoliyati “qoniqarsiz”, attestatsiyadan o'tmagan” degan xulosaga o'zgartirilgani sabablari o'rganilmadi, — deydi fermer.

Qizig'i shundaki respublikamizda fermerchilikni tashkil etish harakatlari boshlangan yillarning bosh­larida ham Abdujalil Tojiboyev fermer bo'lish ishtiyoqida bergan arizasiga hech kim, na jamoa xo'jaligi raisi, na tuman hokimligidagi mutasaddilarning hech biri quloq tutmaganda u respublika Qish­loq va suv xo'jaligi vazirligidagi Prezident qarorlari ijrosini nazorat qilish bo'limi rahbari Ulug'bek Turobovga dardini aytgandi. Uning aralashuvi bilan 5 gektar maydonda paxtachilik-g'allachilik yo'nalishida fermer xo'jaligi tashkil qilinadi va unga yaxshi maqsad-niyatlarni ko'zlab “Umid” degan nom beradi. Fermer xo'jaligi shundan so'ng 3 yil davomida har yili paxtadan gektaridan 42 sentnerdan kam bo'lmagan holatda hosil yetishtirib, rejani bajaradi. “Sharq yulduzi” massivi fermer xo'jaliklari o'rtasida oldingi o'rinlarni egallaydi. Ana shunday bir paytda Izboskan tuman hokimining chorvachilik, paxta-g'allachilik yo'nalishida faoliyat olib borayotgan fermer xo'jaliklarini attestatsiyadan o'tkazish, faoliyati qoniqarsiz bo'lgan fermerlarni davlat ro'yxatidan chiqarib, qoniqarli fermer xo'jaliklari yerlarini 10 gektardanga yetkazib, chorvachilikda 10 gektar yerda 30 bosh sigir boqib faoliyat ko'rsatishni tashkillashtirish yuzasidan qarori qabul qilinadi.

Ana shu qarordan kelib chiqib tumanda attestatsiya komissiyasi tuziladi. Attestatsiyaning 8 nafar a'zosi imzo chekkan va bergan xulosasiga ko'ra “Umid” fermer xo'jaligi qoniqarli baholanib, yeriga yer qo'shib berish o'rniga, xulosa “qoniqarsiz” deb o'zgartirilib, davlat ro'yxatidan chiqariladi. Shundan so'ng respublika nashrlaridan birida “Islohot yo'liga g'ov bo'lmang” rukni ostida muallifligimda “Tilla zanjirli tushov” sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola bosilib chiqqach fermer xo'jaligi bosh­lig'i A. Tojiboyev Izboskan tuman hokimining 19.01.1998 yilgi 13-K-1-sonli qarori ustidan viloyat xo'jalik sudiga da'vo ariza kiritadi. Viloyat xo'jalik sudi sudyasi S. Nurmuhammedovaning 2001 yil 17 iyul kungi 9-76-sonli ishi bilan da'vo qanoatlantirilib, Izboskan tuman hokimining “Umid” dehqon fermer xo'jaligi davlat ro'yxatidan chiqarish to'g'risida”gi qismi haqiqiy emas, deb topilsin, “Umid” dehqon (fermer) xo'jaligi qaytadan davlat ro'yxatidan o'tkazilsin” degan mazmunda hal qiluv qarori qabul qilinadi. Xo'jalik sudi hal qiluv qarorida ko'rsatilgan vazifalarni Izboskan tuman hokimi qisman bajarib “Umid” fermer xo'jaligini qaytadan davlat ro'yxatidan o'tkazish haqida qaror qabul qiladi, ammo qarorda fermer xo'jaligi yerini attes­tatsiyada tavsiya qilinib 10 gektarga yetkazib berish qismi yozilmay qoldiriladi va fermer xo'jaligi qog'ozdagina tiklanadi.

Qizig'i shundaki, qaysi mamlakatda yersiz fermer xo'jaligi tashkil etiladi? Chorvachilikmi, paxta-g'allachilikmi yersiz faoliyat ko'rsatib, mahsulot yetishtirib bo'ladimi? Shularni mantiqan o'ylamagan, aniqrog'i ataylab tuman hokimi viloyat xo'jalik sudiga qayta-qayta da'vo arizasi kiritadi va viloyat xo'jalik sudining fermer xo'jaligini qayta davlat ro'yxatidan o'tkazish va faoliyatini tiklash to'g'risidagi hal qiluv qaroriga zid ravishda viloyat xo'jalik sudi sudyasi A. Xurboyev tomonidan da'vo ishi ko'rilib, “Umid” fermer xo'jaligi faoliyati tugatiladi…

Oradan yillar o'tdi. Bu davr ichida qancha davlat organlari, tashkilot va boshqa idoralarning fermer, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan mutasaddilari ishdan ketishdi. Ammo “Umid” fermer xo'jaligi boshlig'i Abdujalil Tojiboyev hamon o'zining adolatsizlik bilan tugatilgan fermer xo'jaligini tiklash, yetishtirgan va jamoa xo'jaligiga topshirgan mahsulotlari evaziga haligacha to'lanmagan haqlarini undirishdan umidini uzgani yo'q. 23 yildan buyon bo'lib o'tgan bu jarayonlarni kuzatib mavzuga qaytib, qalam tebratar ekanman, o'z-o'zidan shunday savollar tug'iladi:

  1. Attestatsiya varaqasidagi “qoniqarli” so'zining “qoniqarsiz” qilib qo'yilishining sababi nega o'rganilmagan? Bu xatoga kim yo'l qo'ydi va qanday maqsad bilan? “Qoniqarli” deb baholangan xulosaga imzo qo'ygan 8 nafar komissiya a'zosi shu qadar oddiy va tuman huquqshunosi bilan ham aniqlik kiritish mumkin bo'lgan muammoni o'z joyida hal qilishga qudratlari yetmagan bo'lsa?
  2. 2.Fermer xo'jaligi yerini o'z roziligisiz, shartnoma shartlarini, Nizomda ko'rsatilgan qoida-tartiblarini buzmagan holda, majburiyatlarini orttirib bajarayotgan bir paytda nega faoliyati tugatilgan edi? Fermerning aybi nimada edi, nega yersiz fermer deb tugatildi?
  1. Fermerga oilaviy pudrat asosida 14 gektar yer ajratilib paxta yetishtirish tavsiya qilinsa rozilik bermaganligi uchun yersiz fermer bo'lib qoldi, deyish o'rniga 14 gektar yerda fermer xo'jaligi yo'nalishida faoliyat ko'rsatishi haqida tavsiya qilinib qaror chiqarilsa bo'lmasmidi?
  2. Agar fermer xo'jaligi adolatli ravishda tugatilsa, ish haqlari to'la-to'kis to'lansa fermer A. Tojiboyev shuncha yillar davomida tinim bilmay o'z haq-huquqi uchun kurasharmidi?..

Eng yomoni shuki “Umid” fermer xo'jaligi kabi haq-huquqlari poymol qilinib, iqtisodiy, ma'naviy zarar ko'rib ruhan azob chekkanlar uchun kim javob beradi? Qolaversa, noto'g'ri chiqarilgan, soxtalashtirilgan hujjatlar, ajrimlar, qarorlar uchun qonunlarimizda javobgarlik bor-ku! Shuncha tashvish, jarayonlarni boshdan kechirib maqsadiga yetmagan fermer so'nggi umid, najot bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman)ga, Respublika bosh prokuraturasiga murojaat qildi. Lekin…

Bunday misollar, bunday xatolik­lar, yana ochiqroq aytadigan bo'lsak, qaysiki tuman hokimiga “yoqmayroq” qolgan yoxud boshqa birovga yerni olib qo'yishga bo'lgan “qiziqish” tufayli ming xil nayrang, bahonalar o'ylab topilib, qancha fermerlar sarson-sargardon qilinishi, ha, bunday illatlar rosa bolalab ketgan edi.

Xuddi shunday, mana o'sha davrlarda (xususan, 1998-2001 yillarda) Izbos­kanda hokim bo'lgan Ilhom Sobirov degan janobning (o'tgan yillar davomida tumanga qancha odam rahbar bo'lib kelib-ketdi! Y.I.) aybi tufayli bir inson shuncha yildan buyon sarson-sargardon.

“Asosiy maqsad shuki fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo'lgan ishonchini qat'iy mus­tahkamlash, sudni tom ma'noda adolat qo'rg'oniga aylantirish zarur”. Prezidentimiz bu so'zlarni bejiz ta'kidlamaganlar. Demak, adolat qidirganlarning murojaatlarini o'rganish, hal qilishda adolatsizlikka yo'l qo'yilsa, hech kim taskin topmaydi. Ammo xalqimizda “hechdan ko'ra kech” degan hikmatli naql bor.

Shunday ekan, “Umid” fermer xo'jaligiga daxldor bo'lib ingichka ichakdek cho'zilib kelayotgan bu muammo yechimiga nuqta qo'yishning nahotki iloji bo'lmasa?!

Yo'ldosh ISOQJONOV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + twelve =