Moratoriydan so'ng ham… daraxtlarni kesish nega to'xtamayapti?

Bilamizki, olam yaralganda barcha o'simlik va jonzodlar uzviy bog'liq holda bir-birini to'ldiradi. Xuddi shuningdek, insoniyat hayoti uchun o'simlik dunyosi, ayniqsa, daraxtu-daraxtzorlar qanchalik muhim ekani tasavvurimizdan ham cheksizdir. Shu bois Prezidentimiz mamlakatimiz hududida o'simliklarni, daraxtlarni asrash, ularga zarar yetkazish yoki kesilishiga qarshi kurashish masalasini davlat siyosati darajasiga ko'tarmoqda.

 

Xususan, shu yilning 23 avgust kuni Prezident raisligida ekologik holatni yaxshilash hamda daraxt­lar muhofazasi yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda Shavkat Mirziyoyev daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik kes­kin kuchaytirilishi haqida ma'lum qilgan edi. Shu bilan birga unda Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishi ham qayd etildi.

Bundan tashqari yaqinda bo'lib o'tgan O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s'yezdida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'zining saylov­oldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi haqida ma'lum qildi. Davlatimiz rahbarining ta'kidlashiga ko'ra, bundan buyon, parklar va yashil zonalar hududini boshqa maqsadlar uchun ishlatish qat'iyan taqiqlanadi.

– Kelgusi besh yilda Yangi Toshkent shahrini barpo etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish bosqichma-bosqich boshlanadi. Butun mamlakatimiz bo'ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etiladi. Hududlarda har yili kamida 200 million tup daraxt ko'chatlari ekiladi, — deya ta'kidladi Yurtboshimiz o'z nutqida.

Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida kamida 50 gektar maydonda “yashil bog'lar” barpo etilishi ma'lum qilindi.

Biroq… diyorimizning turli hududlarida daraxt­larga “hujum qilish” holatlari tez-tez uchramoqda. Dastavval, tushunmay daraxt kesib qo'yibdi, balki daraxt kesish mumkin emasligini haqiqatan ham bilishmagandir, deyilardi. Lekin yaqin kunlarda yuz berayotgan hodisalarni kuzatar ekanmiz, nahotki hamma narsadan xabari bor, nufuzli tashkilotdagilar mazkur islohotlarning tub zamiriga yetib bormasa, anglab yetmasa, deya ajablanasan… Prezidentimiz tomonidan kuyunchaklik bilan aytilgan shuncha gaplar nahotki ba'zi bir tashkilot rahbarlarini qiziqtirmasa?!

Misol uchun, ko'z oldimizda sodir bo'lgan hamda ko'pchilik eshitgan Bo'stonliq tumanidagi “Amirsoy” kurort zonasi ma'muriyatining yaqinda naqd 700 tup atrofidagi qimmatbaho daraxtlarni kesib tashlaganini nima bilan oqlab bo'ladi?! Shuncha gapdan keyin ham bu kabi daraxtkesarlarni kim quvvatlamoqda? Ular bu qadar katta “jasorat”ni qaerdan olishyapti?

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev aytganidek, ushbu holat bo'yicha ekologiya qo'mitasi tomonidan prokuraturaga taqdim etilgan materiallar imi-jimida yopilib ketmasaydi. Chunki gap ortga qaytarib bo'lmaydigan 700 tup turfa xildagi daraxt va salkam 400 million so'mlik tabiatga yetkazilgan zarar haqida ketmoqda. Xo'p, ularga jarima orqali javobgarlik qo'llanilgan taqdirda ham shu bilan qutulib ketadimi? Inson umrini qaytarib bo'lmaganidek, kesilgan, yo'qotilgan daraxtlarni kim qaytaradi?

Mazkur dam olish maskanlari ma'muriyati odamlar dam olish uchun aslida tog' yon-bag'irlari, daraxt­zor hisoblangan tabiatning manzarali, orombaxsh joylariga borishini bilarmikan.

Xuddi shunday tabiatga zug'um — Toshkent viloyatining Chinoz tumanida ham kuzatildi. Ma'lum bo'lishicha, tumandagi Yallama hududining “Chinmasjid” mahallasidagi bog'dorchilikka qaratilgan uzumchilik shirkatlari yaqinida ham ko'plab manzarali qimmatbaho daraxtlar shikastlantirilib, kesib tashlangan.

“Daraxtkesarlar” harakati yurtimizning yana bir qancha hududlarida kuzatilgan. Afsuski moratoriy talabi ayrimlarga tegishli emasdek, go'yo. Tadbirkorman deya, pul topaman deb, zalolatga qarab ketilmayaptimi? Puldorlar to'g'ri kelgan joyga ko'ngliga nima xush kelsa qilaveradigan zamon keldimi?

Diyorimiz shunday bir o'lkaki, u azaldan jannatmonand deya ulug'lanadi. Ming taassuflar bo'lsinki, so'nggi yillarda poytaxtimizdan tortib, mamlakatimizning barcha hududlarida ming-minglab daraxtlar kesib tashlandi. Hatto o'tin uchun, mebel uchun… Qiziq, tabiatga musaffo havo ulashuvchi dov-daraxt­larni qirg'in qilayotgan kimsalarning o'zlari bir tup nihol qadashganmi?

Eng yomoni bu qonunsizliklar mamlakat rahbari tomonidan qat'iy taqiqlangandan so'ng yana davom etayotgani juda-juda tashvishlanarlidir. Haqli savol tug'iladi: bizda qonun qachon ishlaydi?!

Bekmurod BARDOSh

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + eighteen =