Bexijolat… voobщe!

Toshkent shahrida harakatlanuvchi 93-yo'nalishdagi avtobusga chiqdim. Avtobus salonining o'rtasiga televizor ekraniga o'xshash oyna o'rnatilgan ekan. Qiziqib qaradim. “Marshrutnoe televidenie”, “Moy kray”, “Kogda bыl organizovan Tashkentskiy zoopark? Variantы — A). V 1924 godu, B). V 1994 godu, V). V 1950 godu, G). V 1997 godu”, degan yozuvlar chiqdi.

Atrofimga nazar soldim. Avtobus salonidagi yo'lovchilarning 90 foizi o'zbek. O'zbekistonda yashayapmiz. Davlat tilimiz — o'zbek tili. Lekin…

Dilimdan og'ir iztirobli o'ylar kechdi. Nahotki, 30 yildan buyon o'zbek tilimiz davlat tili bo'lib faqat qog'ozlardagina bo'lsa!

Hatto poytaxtdagi shahar avtobuslarida ham ruscha yozuvlardan qutula olmasak? Nima uchun?! Ros­siyaga borsangiz “Voy, o'zbeklar kelib qolishibdiku”, deya yozuvlarini o'zbekchaga alishtirishadimi? Yo'q, albatta! Eh, gapirsa gap ko'p. Lekin o'zimiz, o'zimizning yurtimizda nega bunaqa, nega biz shunaqamiz-a!

Bu muammolar faqatgina avtobuslarimiz ichida bo'lsa, go'rga edi. Vatanimiz poytaxtidan tortib, deyarli barcha katta-kichik shaharlarimiz ko'chalari, bino va inshootlari pesh­lavhalarida, reklama bannerlaridagi yozuvlar nihoyatda pala-partish bo'lib, ajnabiy yozuvlarda bitilgan. Vaholanki, tashqi yozuvlar, lavhalar, e'lonlar, reklama va ko'rgazmali boshqa axborot matnlari “O'zbekiston Respublikasining Davlat tili to'g'risida”gi Qonun talablariga muvofiqlashtirish vazifasi hukumat tomonidan belgilab qo'yilgan. Unga esa hech kimning amal qilgisi kelmaydi. Chunki buning uchun na bir jazo, na bir chora, na bir javob beradigan vallomat bor.

Ahvolimiz siz aytganchalik emasdir, o'zbek tilining amaldagi ijrosi bo'yicha ancha ishlar ham qilindi-ku, deyishingiz mumkin. To'g'ri, shunday. Ammo yutuqlar o'zimizniki. Bugun mavjud muammolardan xalos bo'lishning esa allaqachon vaqti yetib, o'tib ketar darajaga kelmadimi?

Prezidentimiz BMT minbarlaridan ona tilimizda butun jahon ahliga qaratib o'zbek tilida so'z aytib turganda ko'p taassuflarkim, ayrim mahalliy amaldorlar bu borada jon koyitmoqni istamaydilar chog'i. Yo'qsa, shaharlarimizni “I love …” degan inglizcha so'zlaru yangi ochilayotgan koshonalarni “Mы otkrыlis” degan yozuvlar “bezab” turmagan bo'lur edi.

Matbuotda e'lon qilinadigan chiqishlarda esa yana tinmay g'urur, iftixor haqida ko'p gapiramiz. Ming afsuski, amalda ko'z yosh to'kkudek holatdamiz! Bu uyat axir. Lekin xijolat tortmaymiz, “voobщe” uyalmaymiz!

Oygul MAHAMOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × three =