Men dardimni kimga aytsam… yoxud jiddiylik odamni zeriktiradi

Hatto bundan o'n yilcha oldin jurnalistlar gazeta   yoki jurnal obunasi   bobida qariyb bosh   qotirishmasdi. Chunki, mutasaddi   tashkilotlar mazkur yumushni   xuddi xamirdan qil   sug'urganday uddalar edilar.   Endi-chi? Endi oktyabr   oyi boshlanishi bilanoq   mamlakat gazeta-jurnallari xodimlari   yurtimizning   eng chekkalarigacha bo'zchining mokisiday qatnashga   tushadilar. Ana o'shanda   viloyatlarda, tuman qishloqlarida istiqomat aylayotgan   taniqli jurnalistlar, shoiru   nasrnavislar qiyofalari ko'zga   issiq bosiladi. Do'sti-yoroni   ko'p qashqadaryolik shoir   O'roz Haydar bir   gal “qizg'in mavsum”da   poytaxtdan uni yo'qlab   borgan birodari Berdi Rahmatga   mutoyiba alpozida: “Sen   bu yerda nima   qilib yuribsan? Radio­­ga   obuna bo'lmaydilar-ku, axir?”,   degan ekan (Berdi Rahmat radioda ishlagan — B.R.)

 

Xullas, oktyabrda yoki   noyabrlarda viloyatlarda yashab,   qalam tebratayotgan ijodkor   do'stlarimizga sim qoqsak,   ovozlarida hadik-xavotir seziladi. Shak-shubha yo'qki,   ular “obuna” kalomi   tilga ko'chishidan xavfsirayotgan bo'lib chiqadilar.

To'g'ri, obuna summasi   (xususan, yarim yillik)   unchalik ko'p emas.   Agarda biz mehmonga   borganimizda ham o'sha   pul xarj bo'ladi — palov-salov, shashlik-pashlik, xullas yemak-ichmak deganlariday… Birodarlarimiz bundan   og'rinmaydilar. Boisi, mehmondo'stlik   hissiyoti ularning qonida   bor.

Men kuni kecha   otamakonda — Xorazmda kechayotgan   obuna jarayonlari bilan   qiziqdim. “Gazetamizga bu   yil hech kim   obuna bo'lgani yo'q.   Biz obuna degan   gapni deyarlik unutib   yubordik. “Ezgu so'z”ni   o'z pulimizga nashr   qildirib, bepul tarqatyapmiz. Ahyon-ahyonda do'stlarimiz ko'maklashib   turadilar”, — dedi mazkur   gazetaning bosh muharriri   Qadamboy Solayev.

Tabiiyki, “Ezgu so'z”   gazetasi poytaxt adabiy   davralariga uncha ham   tanish emas. Mazkur   nashr mamlakat miqyosiga   chiqishga arzigulik, desam   mubolag'aga yo'l qo'ymagan   bo'laman.   Gazeta 2016   yil 2 yanvardan chiqa boshlagan.   Nashr shiori — Ogahiy   hazratlarining “Bilmagan o'z   qadrini ne bilgusi   so'z qad­rini” degan   satri tanlangan. Ajoyib   dizaynga ega. Sakkiz   sahifali. Gazeta tili — nafis. O'qib aslo to'ymaysiz.   Darvoqe, muassis “Ezgu so'z” xususiy   korxonasi. Qizig'i shundaki, ushbu gazeta bosh muharriri aytganidek bepul tarqatiladi.

— Menimcha,   matbuotni o'zgartirish kerak.   Nega biz masalan, hech qursa, Turkiya matbuotini o'rganib, shundan   xulosa yasamaymiz? Turklar — qardosh­larimiz-ku axir?   Tilimiz yaqin, mentalitetimiz ham unchalik ayro   emas. Ekspertlar Turkiya   matbuotini astoydil o'rganib,   shundan xulosa chiqarsalar ham foydadan xoli bo'lmas   edi. Ayniqsa, Uchinchi   Renessans davrida bu   juda muhim, — deydi   Qadamboy og'a.

Kamina Qadamboy og'a   bilan 1984 yilning   yoz oylarida tanishganman. O'sha paytlarda u   “Xorazm haqiqati” gazetasining xatlar bo'limida   ishlardi. O'tkir maqolalar yozar edi.   Sarlavhalariyam boshqacha, uslubi   ham. “Hozir matbuotda “shablon”   ko'p”, deydi u.

Telefon go'shagini qo'yganimdan   so'ng kabinetimdagi qator gazeta-jurnallarni, xususan, tiraji yuqori bir-ikkita “kattakon nashrlar”ni varaqlab, sarlavhalarini o'qishga   tutindim: “O'zbekiston kinematografiyasi rivojlanmoqda”, “Foydali muloqot”, “Madhiyamiz ijodkori”,   “Maqol — tarbiya quroli”, “Komillikka   erishish qonuniyatlari”, “Kamtarga   kamol”, “Faollik e'tirofi”,   “Yaxshi nom”, “Yangi   qo'mita shakllantirildi”, “Tashabbusdan ruhlandik”, “Kitob — bilim xazinasi”, “Yer   haydasang, kuz hayda…”,   “Kasbim mening —   faxrim mening”, “Shijoat   bilan yangi marralar   sari”, “Qorako'lchilik —   serdaromad soha”… O'zingiz   o'ylab ko'ring, bunday   “saqichsimon” sarlavhalar mushtariy   diqqatini torta oladimi?   Hattoki, sport gazetasi   sifatida   unchalik “nazarga   ilinmaydigan” nashr — “Interfutbol”ning sarlavhalari ham   bundan chiroyliroq.

Ayrim   sarlavhalarda o'xshash bosh   harflar tizilmasi chaqnaydi:   “Bebaho va benazir   Benzema”, “Shunchaki shohona   sharoit”, “Tig'izlikdagi tomosha”,   “Sosyedad” sovrin sohibi!”,   “Kayfiyatni ko'tarish kurashi”,   “Burgut bilan birlik   bayrami”, “Jilovlanmagan jarayon”…   Eng avvalo, sarlavha   sizni “ichkariga tortib”   ketadi. Falsafiy fikr-mulohazalar mutolaasi chog'ida maqolalarni, suhbatlarni bir emas,   ikki-uch marotaba o'qigingiz keladi.   Qariyb bir yil   bo'lyaptiki, men bu   nashrni kiosk­dan muntazam   ravishda xarid qilmoqdaman. Ayrim sahifalarni takror-tak­ror o'qisam-da, toliqmayman.

Darvoqe, so'zimiz matbuot haqida ekan, so'z erkinligi juda muhim. So'z erkinligi bo'lmagan   mamlakatda majburiy obunaga   kuchli ehtiyoj seziladi. Negaki, gazeta jamiyat hayotini   xaspo'shlasa — unda   fuqarolarning gazetadan ko'ngli   soviydi; o'sha nashrni   o'qimaydi; o'sha nashrga   obuna ham bo'lmaydi   — bu ayni haqiqat. Bunday mahalda   obunaga majbur qilinadi:   fuqaro mayli, o'qimasa, o'qimasin, ammo   obunadan bo'yin tovlamasin. Oldimizda   ikki yo'l bor:   yo qandaydir shakl­­da   ixtiyoriy-majburiy obuna joriy   etilmog'i darkor; yo   so'z erkinligi jabha   olmog'i lozim. Ikkisidan   birisi… Uchinchi yo'l   yo'q.

Albatta, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati tufayli so'ng­­gi yillarda so'z va matbuot erkinligi masalasida jiddiy ijobiy qadamlar tashlandi. Ammo uzoq yillik “taftish”, qo'rquv sindromi shu qadar ta'sir kuchiga ega bo'lgan ekanki, hamon aksariyat nashrlar bu erkinlikdan qo'rqib-qo'rqib foydalanishayotganga o'xshaydi.

Endi yana bir boshqa masala: marhamat, hisob-kitob qilib ko'ring.   Tanlangan gazetaga har   bir viloyatdan ming   kishi obuna bo'lsa-yu   nashrning ozgina qismi   savdoga chiqarilsa, o'shandagina   adad o'n besh   mingdan oshadi. Biroq har bir viloyatda ming   kishi obunasini voqelikka   ko'chirilishi ayni kunda   hamma nashrlar uchun ham oson emas.   Xo'sh, qaysi tahririyatlarning tashkilotlarga “kuchi” yetadi?   To'g'ri, hukumat gazetalarining yo'rig'i boshqacha. Va yana qo'lida jilovi bor, mablag'i yetarli bo'lgan ayrim huquq idoralari yoxud mudofaa, imkoniyatlari “chegara bilmas” ba'zi jamoat tashkilotlari-yu, obunadan ham nimaningdir “hidi”ni olgan ba'zi viloyat hokimliklari nashrlarini aytmasa, boshqa “egasiz” gazetalar nima   qiladi? Tahririyatlarda   ter to'kayotgan   muxbirlar, texnik xodimlar bugun hech bo'lmaganda kamida   uch-to'rt million so'm   maosh olishni istaydilar,   oyiga 400-500 ming so'm   gonorar olishni ham. Lekin bor-yo'g'i   bir   ming ikki yuz — ikki ming nusxada chop etilayotgan   gazeta tahririyati o'z   xodimlarini qanday rozi   qiladi? Mayli, bu   yanglig' “qo'li qisqa”likka   pensioner xodimlar chidashi   mumkin. Yoshlar qanaqa   yo'l tutadilar? Demakki,   ikki ming nusxaning   nari-berisida chop qilinayotgan   nashrlarni bemalol “bankrot   tahririyatlar” ro'yxatiga kiritaverish   mumkin.

Alalxusus,   jurnalistlarning   haq-huquqlari hujjatlarda belgilab   berilgan. Biroq amalda-chi?   Jurnalistlarni qo'rqitish, ularga   tahdid qilish, turlicha   usullar vositasida ishdan   haydash kabi xatti-harakatlarni o'z boshimizdan o'tkazganmiz-ku? Masalan, kamina “Istiqlol   quyoshi” gazetasida ishlayotgan   paytimda noma'lum sabab­larga   ko'ra nashr to'xtab   qolgan. 2013-2016 yillar mobaynida   roppa-rosa uch yil   ishsiz yurganman; meni   hattoki xususiy gazetalarga   musahhihlikka ham ishga   qabul qilmaganlar. “Qora   ro'yxat”larga   ism-sharifim tushgan.   Vaholanki, hamisha mavjud   siyosatga qarshi ish   qilgan emasman. Shunchaki, bilib-bilmay ayrim amaldorlarning   “mushuklarini pisht degan” bo'lsam, degandirman balki.

2017 yil yanvaridan   e'tiboran “Istiqlol quyoshi”   gazetasi “Farovon yurt”   nomi ila qaytadan   ish boshlagan. Hozirgi   vaqtda oyi­­ga bir   marotaba nashr qilinmoqda.   Ammo “Karvon qo'ng'irog'i” hamda   “Istiqlol quyoshi” nomlarida “javlon   urgan” paytlaridagi shijoat   so'ngan. Bu gazetani hozir ochig'i birov   biladi, birov bilmaydi.

Eng muhimi shuki,   biz jamiyatdagi katta   o'zgarishlar arafasida turibmiz.   Islohotlar esa ranju riyozatsiz   kechmasligi aniq. Navoiy   hazratlari aytganidek: “Ranj   ko'rmay kishi toparmu   farog'?”.

Darvoqe…   O'zbek matbuoti   qanday shakl­langan o'zi?   Qachon shakllangan? Asosan,   jadidchilik g'oyasi matbuot   doyasi rutbasida ko'ringani   kundek ravshan. Jadidlar   matbuoti bir yoqdan,   O'rusiya, ikkinchi yoqdan jahon matbuoti ta'sirida kurtak yozgan,   jabha olgan. “Sivit”   (eski ziyolilar “sovet”ni   “sivit” deganlar) hukmronligi   davrlarida matbuot “qizil   qolip”ga tushdi; jiddiylashdi; zerikarli tusga kirdi.   Saksoninchi yillarda ham   respublikamizdagi maktablar, madaniyat muassasalari, nufuzli   korxonalar kutubxonalari gazet-jurnallarga bemalol obuna bo'lar   edilar. Chunki, matbuot nashrlari nisbatan ancha dadil va narxi juda arzon edi. Ayni paytda bu usul   yo'qlikka yuz tutdi.   Binobarin, “o'zing uchun   o'l yetim” naqli   kuchga kirdi. Shu to'g'rimi?

Alhol, matbuotdan uzoq, faqat telefon titkilaydigan avlod voyaga yetdi. Chunki maktab­larimiz matubotdan uzoqlashdi! 10 mingdan ziyod maktablar bo'lsayu, ularda millionlab bolalar o'qishsa-da, aqalli bolalar nashrlari 3 ming nusxada chiqmasa, bu qanday bedodlik bo'ldi?! Bu haqda ko'p yoziladi. Qani natija? Hatto biror munosabat yo'q-ku!

Endi gazeta, jurnallarga obuna bo'lgichlarga xizmat qanday? Bu ham rasvo. “Jon deb obuna bo'lamiz” deyishadi ko'pchilik. Lekin pochta olib kelmaydi. Haqli e'tiroz.

Pochta tizimining izdan   chiqib ketganiga talaygina   misollar keltirish mumkin.   Qish­loqlarda ham, shaharlarda   ham pochta xizmati   “avvalgilarga o'xshamas”. Avvallari   gazeta-jurnallar bir-ikki kun   kechiksa bormi, darhol   aloqa bo'limi boshlig'i “ur-kaltak” qilinguvchi   edi.

Mavridi keldi — bundan   qirq yetti yillar   oldingi voqeani eslab   o'tmoqchiman. Ta'tilga chiqqan   paytlarida, ya'ni, yozda   dadam uyda, peshin   mahalida pochtalon yo'liga   ko'z tutardi. Agarda   u kelmasa, gazet-jurnal bir-ikki   kungina kechiksa, qovog'i   solinardi. Kamina —   tuman gazetasida endigina   o'n-o'n besh xabar va   maqolalari chiqqan yosh   muxbir — dadamdan ham   battar dilgir bo'lur   edim; chunki, “Sovet   paxtakori” ( endilikda   “Shovot istiqboli”) gazetasining bir burchagida bosiladigan   xabar yoki maqolam   har nedan qadrli   tuyular, shunga intiq   bo'lardim. Meni   o'sha mujdadan   eshak yo'rg'alatib tashrif   buyuradigan pochtachining loqaydligi   to'sib turganga o'xshardi goho. Xullas, “Loqayd poch­talon” sarlavhali   tanqidiy maqola yozdim-da,   tahririyatga jo'natdim.

Oradan ikki-uch kun o'tmasdan pochta bosh­lig'i   Ro'zmat aka uyimizga   keldi. U dadamga:   “O'g'lingiz bizlarni tanqid   qilib, maqola yozibdi.   Redaksiyadan telefon qilib,   mani rosa qizartirdilar…” deyishi bilanoq o'zimni   bog'imiz orasiga urdim.   Sababi, dadamning jahli   yomon edi… Ro'zmat   aka o'rnidan qo'zg'alishi   bilanoq “Qaerdasan, Bahrom!”   degan qichqiriq yangradi.   Ancha vaqtlardan so'ng   bog'dan chiqdim. “Maqtab   yozsang mayli, lekin birovni tanqid qilsang — avvalo, men bilan maslahat qil, hali yoshsan, ko'p narsani tushunmaysan” degan o'shanda   hovuridan tushgan dadam.   Ha, 1974 yili   edi, o'shanda o'n uch   yoshda edim. Mushtday   bolaning tanqidiy materialiga   ham e'tibor qaratilishini shunda tushunganman.

Endi-chi? Hech kimning hech nima bilan ishi yo'q!

Bu esa 2008-yillardagi gap. Qonunga zid ravishda chirog'imizni o'chirib ketishdi. Elektr tarmog'i boshlig'ining oldiga kirdim — hech natija yo'q. “Mushtum” jurnalida “G'irromlik” sarlavhali tanqidiy maqolam chiqdi — natija bo'lmadi. Jurnal   tahririyati so'rovnomasiga tegishli tashkilotlar javob ham qaytarmadi. O'shanda oraga tuman prokurorini aralashtirishga majbur bo'lganman. Qizig'i shundaki, prokurordan cho'chib elektr tarmog'i boshlig'i o'rinbosari bilan   birga kvartiramizga kelib,   chirog'imizni yoqib berib   ketgan.

Shunday voqealarga   asoslanib aytishim mumkinki, hozirgi davrning eng og'riqli   nuqtasi — matbuotdir, pochta tizimidir, tanqidiy materiallarga nisbatan tashkilotlar va idoralarning loqaydligidir.

Shu yilning o'zida mamlakatimizning qator nufuzli nashrlari Xalq ta'limi vazirligiga oid o'nlab tanqidiy maqolalar e'lon qildi. Boshqa vazirlik va idoralarga oid muammoli masalalar ham ko'tarib chiqilmoqda. Lekin go'yo hech narsa bo'lmagan: e'tibor ham, munosabat ham, natija ham — katta nol!

Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Matbuotning ertasi nima bo'ladi, kim o'ylaydi uni?

Nazarimda bu o'ylaru mulohazalarimga ham biror tayinli joydan biror tayinli javob bo'lmaydi. “Kambag'alning bir to'ygani — bo­yigani” degan ekan, bir sho'r peshona. Balki, mening ham shuncha dardimni doston qilganim, “ko'nglimni bo'shatganim” qolar?

Bahrom RO'ZIMUHAMMAD

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + fifteen =