Mushuk bilan kim shug'ullanadi?

Shahar-tuman va viloyatlardagi bosma ommaviy axborot vositalarining davriyligi yil sayin qisqarib borayapti. Bu o'z navbatida mushtariylar sonining keskin kamayishiga olib kelmoqda. Eng achinarlisi, gazetalarga dardlarini dasturxon qilib yordam istab kelayotgan murojaatchilarning oyog'i uzilib borayotir. Shu o'rinda: “Nega bunday bo'ldi?” degan haqli savol tug'ilishi tabiiy. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap bor. Mahalliy nashrlarda onda-sonda chiqayotgan tanqidiy maqolalarga ham tegishli tashkilotlar umuman javob bermayapti. Birgina misol, gazetamiz (“Yangi Sirdaryo”)ning joriy yil 18 iyun sonida kaminaning Oqoltin tumanidan yozgan “Islom Karimov nega yerini topshirdi?” sarlavhali tanqidiy chiqishimga 90 kundan ortiq vaqt o'tsa-da, to'rt enlik javob bo'lmadi. Vaholanki, mazkur maqolada “Yoshlar daftari”ga ro'yxatga kiritilgan yoshlarga kamunum, suvsiz yerlar ajratib berilgani tanqid qilingan edi.

Jurnalist qavmi jamiyatdagi qusurlarni gazeta sahifasiga olib chiqadi. Biroq uning yechimiga kafillikni gardaniga olmaydi. Bu yog'i endi muammoni hal qilishga daxldor tashkilotlarning ishi. Shu o'rinda “New York times” gazetasining noshiri Artur Sulsbergning qu­yidagi hikmatini keltirish maqsadga muvofiq deb o'ylaymiz: “Biz, jurnalistlar ommaga mushuk qayoqqa sakragani haqida gapiramiz. U yog'iga mushuk bilan omma o'zi shug'ullanadi”. Afsuski, bizning jamiyatimizda “mushuk bilan shug'ullanadigan” omma hali shakllanib ulgurgani yo'qqa o'xshaydi. Shu bois gazetalarda chop etilgan tanqidiy maqolalar hali hamon nishonga tegmayapti. Shu bois bu ommaning gazetalarga bo'lgan ishonchini so'ndirmoqda.

Gapning rostiga ko'chadigan bo'lsak, ayni pallada aholi jurnalistlardan ko'ra aksariyatining savodi haminqadar, kasbi korining matbuotga umuman aloqasi yo'q bo'lgan o'zlarini bloger atamishlarga ko'proq ishonishmoqda. Chunki ular haqiqatni “oyog'ini osmon”dan qilib taqdim etishayotgan bo'lsalar-da, natija qandaydir holatda bo'lsa ham ko'zga tashlanayapti.   Fikri g'ovlab ketgan aksariyat rahbarlar saytda chiqqan materiallar butun dunyoga tarqab ketishidan xavotirda tezda munosabat bildirishga harakat qilishyapti. Ishtonsizning hadigi cho'pdan, degan qo'polroq maqol bor-ku. O'z milliy matbuotiga nopisand bo'lgan bunday amaldorlarni tom ma'noda jamiyat rivojiga to'g'anoq bo'layotgan gustohlar qatoriga qo'shsa bo'ladi. Bunga hayotda misollar juda ko'p. Yaqinda “O'zbekiston” telekanalida efirga uzatilgan “Munosabat” ko'rsatuvida chiqish qilgan “Ma'rifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov ham kuladigan, ham kuyadigan bir voqeani ochiqladi.   “Ma'rifat”da bir tanqidiy maqola chop etilibdi. Tahririyat tanqid chiqqan tashkilotga bir necha marta eslatma xat yuborsa-da, javob bo'lmabdi. So'ngra shu tanqidiy maqola “Gazeta.uz” saytida dunyo yuzini ko'ribdi.

Shundan keyingina tanqid tig'i ostiga olingan tashkilot gazeta chiqishiga munosabat bildiribdi.

Jamiyatimizda blogerning jurnalistdan ustun qo'yilishi sabablarini yozuvchi Nurali Qobul jurnalist Ro'ziboy Qo'ldoshev bilan suhbatida shunday izohlaydi: “… Uzoq qish­loqlardan birida yashayotgan ziyoli tanishim telefon qilib, tuman rahbarlari orasida adolatsizlik, aldov ko'payib ketayotganligi uchun xalqning dardu tashvishlarini dunyoga olib chiqadigan tili o'tkir bloger topib berishimni iltimos qildi. Men u toifa odamlardan tanishim yo'qligini aytdim. Men bu og'riqli dardni nima uchun aytayapman? Chunki qaysi sohada zaiflik palak yoysa, uning o'rnini egallovchi da'vogarlar ko'payadi. Agar mamlakatda so'z erkinligi to'la ta'minlanganda, ommaviy axborot vositalari haqiqatlarni ro'y-rost ayta olganda, odamlar bloger qidirmasdan jurnalistlarga murojaat qilgan bo'lar edi. Xullas, jamiyatda bo'shliq bo'lmasligi kerak, hamma o'z ishi bilan shug'ullanishi, eshak bozoridagi dallol madaniyat saroyiga boshliq bo'lmasligi kerak”.

Achchiq, ammo ochiq gap. Keyingi paytlarda ko'pgina ijtimoiy-siyo­siy gazetalar “sariq matbuot”ga yaqinlashib borayapti. Maqsad ─ yashab qolish. Bosma ommaviy axborot vositasi qaysi tashkilot pul bersa, o'shalarning nog'orasiga o'ynashga majbur bo'layapti. Natijada gazeta sahifalarini bir xil, tuzsiz maqolalar bosib ket­yapti. Bunday paytda gazetaga obro'li muassis va baquvvat homiylar kerak bo'ladi. Ana shunda obuna mavsumi ham risoladagidek o'tadi. Gazeta va uning xodimlari mablag'dan zoriqishmaydi. Aks holda bosma nashrlar puturga ketadi.

Albatta, gazetaning nufuzi, o'qishliligi muharrirga chambarchas bog'liq. Muharrir tashabbuskor, davr tomirining urishini yaxshi anglasa, nashr sahifalarida o'qishli, tahliliy-tanqidiy maqolalar ko'payadi. Bu mushtariylarning ko'payishiga zamin yaratadi.

To'g'ri, keyingi paytlarda gazetadan ko'ra ijtimoiy tarmoqlarga ruju qo'ygan avlod paydo bo'ldi. Demak, ularning ham qiziqishlarini hisobga olish kerak. Bu vazifani gazetalarning saytlari bajaradi. Afsuski, mahalliy (tuman-shahar) nashrlarning aksarida veb-saytlar yo'q. Borlari ham turli saytlardan olingan oldi-qochdi xabarlar bilan to'lib chiqayapti. Shtatlarni ko'paytirishga imkoniyat yo'qligi bois saytga tajribali jurnalistni biriktirib qo'yishning sira iloji bo'lmayapti. Natijada mulla bilganini o'qiydi qabilida saytga materiallar joylashtirilmoqda. Ko'rinib turibdiki, gazetaning qog'oz varianti bo'lmasa, sayt variantiga mushtariylarni jalb etish imkoniyati bor ekan!

Demak, bosma OAVning nufuzini saqlab qolish uchun butun jamiyat hissa qo'shishi kerak. Zero, bir taniqli inson aytganidek, “Yorqin kelajak haqida siyosatchilar, yorqin o'tmish haqida tarixchilar, yorqin bugungi kun haqida jurnalistlar zahmat chekishadi”.

Bugungi kunimizni bor bo'yi-basti bilan tasvirlab beradigan jurnalistlarimizning holiga, to'g'rirog'i, bugungi matbuotimizga e'tibor go'yo atay berilmayotganga o'xshaydi.

Muhammadali AHMAD,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim mudiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =