EXHTning DIIHB missiyasi mamlakatda media-muhitning yaxshilanganligini qayd etmoqda

EXHT/DIIHB missiyasi saylov kuzatuvlari yakuni bo'yicha   e'lon qilingan dastlabki hisobotida ana shunday ijobiy bahoni qayd etdi

 

Kuzatuvchilarning fikricha, O'zbekistondagi media-muhit ko'p sonli davlat va xususiy OAV bilan tavsiflanadi. Media-muhitning yaxshilangani, so'nggi yillarda axborotdan foydalanish va mamlakatda sodir bo'lgan voqealarni tanqidiy yoritish imkoniyati kengaytirilgani qayd qilindi.

Hokimiyat organlari, o'z axborot xizmatlarini rivojlantirish orqali tizimli ravishda OAV bilan o'zaro hamkorlikni takomillashtirayotgani, muntazam ravishda matbuot anjumanlari, brifinglar va boshqa axborotga oid tadbirlarni o'tkazayotgani aytib o'tildi.

O'zbekistonda so'z erkinligini ta'minlash borasida tub o'zgarishlar sodir bo'ldi. Bugungi kunda OAV xalq ovoziga va to'rtinchi hokimiyatga aylandi. Axborotdan foydalanish imkoniyati ortgan, ayrim ijtimoiy va siyosiy masalalarni tanqidiy nuqtai nazardan yoritish imkoniyati paydo bo'ldi. Tanqidiy materiallar e'tiborsiz qolmayapti, davlat organlari ularni tahlil qilib, xalq bilan muloqotga kirishmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizamxodjayev ta'kidlaganidek, “saylovlarning adolatli va oshkora o'tishida nafaqat Markaziy saylov komissiyasi, balki jurnalist va blogerlar ham muhim rol o'ynaydi”. Aynan ular jamoatchilikka bo'lib o'tayotgan voqealar haqidagi ishonchli va oshkora axborotni yetkazib beradi.

Shu munosabat bilan MSK OAV bilan yaqin hamkorlikni o'rnatdi.

“Xalq so'zi” – “Narodnoe slovo”, “Yangi O'zbekiston” – “Pravda Vostoka”, “Hurriyat” gazetalari, “Human.uz”, “Qalampir.uz”, “Bugun.uz”, “Nova24.uz” kabi internet nashrlari va “Bright Uzbekistan” axborot portali bilan ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.

Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida muntazam ravishda OAV vakillarining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida treninglar o'tkazildi.

Umuman, bugungi kunda O'zbekistonda so'z erkinligini ro'yobga chiqarishda keng imkoniyatlar yaratilgan va yaratilmoqda.

O'zbekistonda bo'lib o'tgan Prezident saylovlarini jami 1672 OAV vakili, shu jumladan 140 dan ziyod xorijiy OAV vakillari kuzatishdi.

Eslatib o'tamiz, MSKning taklifiga binoan, YeXHT DIIHB, YeXHT Parlament assambleyasi va Yevropa parlamentining qo'shma Missiyasi ilk marotaba yurtimizdagi Prezident saylovini kuzatdi.

Jumladan, irlandiyalik diplomat Ouen Myorfi boshchiligidagi YeXHT DIIHB kuzatuvchilari joriy yilning 15 sentyabridan buyon saylovlarni kuzatishmoqda. Missiya 17 nafar kishidan iborat asosiy guruh, 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar hamda YeXHTga a'zo 26 mamlakatdan tashrif buyurgan 207 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatishdi. Shu bilan birga, Prezident saylovini kuzatish uchun   YeXHT\DIIHB rahbariyati, xususan, YeXHT\DIIHB direktori Matteo Mekachchi ham ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 27 mamlakatdan 98 nafarga yaqin deputat-kuzatuvchilardan iborat YeXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasi va YeXHT PA Prezidenti Margareta Sederfelt va Bosh kotibi Roberto Montella ham ilk marotaba O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Shu bilan birga, 12 nafar deputatdan iborat Yevropa parlamenti kuzatuvchilari ham YeXHT\DIIHB missiyasiga qo'shildi. O'zbekis­tonda bo'lib o'tgan saylovlarni kuzatish uchun 44 mamlakatdan jami 365 ta kuzatuvchi tashrif buyurgan edi.

Ekspertlarning fikricha, O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti saylovida YeXHT delegatsiyasining ilk marotaba qatnashishi Tashkilot tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning e'tirof etilishi va qo'llab-quvvatlashidan dalolatdir.

Matbuot xabarlari asosida tayyorlandi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 5 =