Shavkat Mirziyoyevning Yangi O'zbekiston strategiyasi: ilm va innovatsiya iqtisodiyotimiz ustunidir

O'zbekistonda bundan besh yil avval barcha sohalar qatori iqtisodiy sohada ham o'ta muhim va shiddatli islohotlar boshlandi. Iqtisodiy tizim to'liq ravishda qaytadan takomillashtirildi, aytish mumkinki eski qoliplarni sindirish, o'zgartirish qanchalik mushkul va murakkab bo'lmasin, yangicha bozor mexanizmlari amaliyotga joriy etila boshlandi.

Hayotiy misollarga murojaat qiladigan bo'lsak, valyuta siyosatining liberallashtirilishi, narxlarni tartibga solish ko'lami qisqartirilgani, tijorat banklariga kredit siyosatini yuritishda ko'proq huquq va imtiyozlar berilgani, mamlakat iqtisodiy taraq­qiyotining lokomotivlari hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarga o'z biznesini yuritish uchun butunlay yangi imkoniyatlar yaratilgani, ayniqsa, dehqon va fermerlar, klaster xo'jaliklari o'zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanganini alohida ta'­kidlash o'rinlidir. Muxtasar qilib aytganda, iqtisodiyotda ham salmoqli yutuqlar qo'lga kiritildi. Lekin erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlar, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, endi tarixga aylandi. Oldinda esa bu borada ham yangidan-yangi hayotiy zaruratlar va ularni amalga oshirish bo'yicha ulkan vazifa va imkoniyatlar paydo bo'lyapti.

 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko'rsatilgan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning saylovoldi dasturi hisoblangan “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida inson manfaatlari – jamiki iqtisodiy islohotlarning negizi, asos-mohiyatini tashkil etishi belgilangan.

Shu ma'noda bugun sizning e'tiboringizga havola etilayotgan maqolada yangi iqtisodiy dunyoqarash va tafakkur, yangicha iqtisodiy bozor munosabatlari xalqimizning ezgu orzu-niyatlarini ro'yobga chiqarish, aholi turmush darajasining barqaror o'sib borishiga xizmat qilishi to'g'risida so'z yuritiladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Yangi O'zbekiston – inson qadri ustuvor bo'lgan jamiyat va xalqparvar davlatdir. Chunki barcha islohotlarda davlat va jamiyatimizni yanada isloh qilish, fuqarolarimizning hayotiy muammolarini hal etish va orzu-umidlarini ro'yobga chiqarish oliy maqsad etib belgilangan.

Shu o'rinda nomzodimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan bosib o'tgan yo'limizga nazar tashlasak.

Boshlangan iqtisodiy islohotlar yanada jadallik bilan davom etaveradi!

So'nggi yillarda milliy iqtisodiyot sohasi izchil va tizimli islohotlar, muhim evrilishlar, siyosiy iroda va tashabbuslar markazida bo'lib, pirovardida tobora ravnaq topib bormoqda. Erishilgan yutuqlarni e'tirof etmoq, atroflicha tahlil qilmoq va kelajakdagi muhim qadamlarimizni shunga monand belgilash zarurati esa xalq farovonligini yuksaltirishning muhim shartlaridan biridir.

Albatta, iqtisodiyotdagi islohotlar nechog'li samara keltirayotgani, vazifadorlik va mas'uliyat doim diqqat markazimizda turishi muhimdir. Shu o'rinda ularning e'tiborli tomonlariga to'xtalib o'tish lozim.

Davlat byudjeti barqarorligiga erishildi

Birinchidan, Davlat byudjeti barqarorligi ta'minlanmoqda va byudjet xarajatlarining manzilliligi hamda natijadorligi ortib bormoqda.

Ikkinchidan, Davlat byudjetining ochiqligini ta'minlashda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu, avvalo, davlat idoralarining xalq oldidagi hisobdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchidan, byudjetni shakllantirish jarayonida aholining ishtirokini ta'minlash yuzasidan “tashabbusli byudjet” tizimining yo'lga qo'yilishi aholini qiynab kelayotgan turli muammolarga ularning tashabbuslari asosida yechim topilishiga zamin yaratmoqda. Xususan, joriy yilda mazkur tizim orqali fuqarolardan 41 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan bo'lib, ularga ovoz berishda 1,1 mln. kishi qatnashgan. Bu Yangi O'zbekistonning eng yangi tarixidagi salmoqli yutuqlardandir.

To'rtinchidan, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining mustaqilligini oshirish orqali mahalliy byudjetlar barqarorligi ta'minlanmoqda va ularda qo'shimcha resurslar ya'ni “pul mab­lag'lari” shakllanmoqda. Bu esa o'z navbatida, hududlardagi aholining og'irini yengil qilish, orzularini ro'yobga chiqarishda asosiy dastak bo'lmoqda. Birgina 2020 yilni oladigan bo'lsak, murakkab pandemiya sharoiti bo'lishiga qaramasdan, mahalliy byudjetlar daromadlari ijrosi prognozga nisbatan 2,7 trln. so'mga (yoki 10 foizga) orttirib bajarilganligini keltirish mumkin.

Soliq siyosatidagi odilona yondashuv

Soliq islohotlari tom ma'noda iqtisodiy islohotlarning burilish nuqtasi bo'ldi, deb bemalol aytish mumkin. Davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona soliq siyosati, siyo­siy iroda va dadil qadamlar tufayli bugungi kunga kelib soliq tizimida natijador ishlar amalga oshirildi.

Avvalo, yangi Soliq kodeksi qabul qilindi va unga asosan soliq turlari qisqartirildi hamda stavkalari pasaytirildi. Shunday bo'lsa-da, Davlat byudjetiga tushumlar muntazam ortib bormoqda. Birgina 2020 yilgi pandemiya sharoitida ham Davlat byudjet daromadlari rejasi 4,2 trln. so'mga (reja 128,7; ijro 132,9) orttirib bajarilgan. Umuman olganda, soliq islohotlari samaradorligi tufayli 2020 yilda (132,9) byudjet daromadlari 2018 yilga (79,1) nisbatan 1,7 barobar o'sdi.

Eng muhimi, soliq tizimida tadbirkorga bo'lgan munosabat tubdan o'zgardi va bugun “soliq idoralari tadbirkorning ko'makchisi”ga aylandi. Bundan tashqari soliq sohasidagi tub o'zgarishlar ishbilarmonlarning ishonchini oshirmoqda.

Pandemiya davrida butun dunyoda va mamlakatimizda iqtisodiy harakatsizlik natijasida inqirozning yangi ko'rinishi yuzaga kelgan bir paytda Prezidentimiz tomonidan salbiy oqibatlarni yumshatish va oldini olishga qaratilgan birqancha qaror va farmonlar o'z vaqtida qabul qilindiki, natijada mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlik kuzatildi va iqtisodiy o'sishga erishildi.

Pul muomalasidagi ijobiy sifat o'zgarishlari

2017 yilda Prezidentimiz tashabbusi, siyosiy irodasi va qat'iy pozi­siyalari tufayli mamlakatimizda valyuta siyosati erkinlashtirilib, valyutaning erkin konvertatsiyasiga erishilganligi tadbirkorlarimizga keng imkoniyatlar yaratgani hech kimga sir emas.

Yaqin-yaqinda ham valyutaning erkin konvertatsiyasi haqida faqatgina orzu qilish mumkin edi. Hozir oldingi vaqtdagi kabi banklar oldidagi pala-partish navbatlar, to's-to'polonlar yo'q! Bugun u bozor qonuni — talab va taklif asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur yo'nalishda amalga oshirilgan islohotlar tufayli bir zamonlar turli xil byurokratik to'siqlarni yengolmay hafsalasi pir bo'lib, qo'l siltagan chet ellik investorlar O'zbekistondagi muhit mo''tadillashgach, yana qayta boshlashdi. Bu yo'nalishda muhim uch qadam tashlanganini qayd etish joiz:

birinchidan, tashqi iqtisodiy faoliyat erkinlashib, biznes uchun ma'muriy to'siqlar olib tashlandi;

ikkinchidan, yangi, zamonaviy, modernizatsiya talablariga javob beradigan texnologiyalarni olib kelishga keng imkon yaratildi;

uchinchidan, mamlakatimiz fuqarolariga, shuningdek, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha korxona va tashkilotlarga bir xil sharoit yaratildi.

Shu bilan birga kundalik hayotimizda ko'p bora foydalanadiganimiz – bank plastik kartasi bilan bog'liq muammolar yaqin-yaqingacha ham mavjud edi. O'z oylik maoshining qanchadir qismidan, aytish mumkin bo'lsa, farzandlari rizq-nasibasidan kechib, plastik kartasiga tushgan mablag'ni foiz evaziga naqdlashtirgan yurtdoshlarimiz soni ozmuncha edimi? Bularning barchasiga pul muomalasidagi islohotlar natijasida ijobiy yechim topildi. Hozir istalgan shahar yo tuman markaziga borib ko'ring, naqd pul muammosi bormikan?! Terminallar kechayu kunduz ishlab turibdi. Bularning bari iqtisodiy islohotlarimiz mevasi emasmi?

Xalqaro maydonda nufuzimiz

O'zbekiston jahon hamjamiyatida o'z mavqeini yuksaltirish yo'lidan shaxdam odimlar bilan bormoqda. Milliy reytingimizni belgilayotgan xalqaro agentliklar islohotlarni munosib baholamoqda. Bugun O'zbekiston ochiqlik siyo­satini olib borishi natijasida xalqaro maydonda o'z obro'-e'tiborini mustahkamlamoqda. Oddiy so'z bilan ayt­ganda, O'zbekiston xorijiy arenada ishonchli hamkor qiyofasida namoyon bo'lmoqda. Mamlakatimiz bundan-da yuqori ko'rsatkichlarga erishishga qodir.

Dunyoning eng nufuzli nashrlaridan biri bo'lgan Buyuk Britaniyaning “Ekonomist” jurnali O'zbekistonni 2019 yilda eng jadal islohotlarni amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e'lon qildi. Shuningdek, Jahon bankining “Doing Bussiness”, ya'ni   “Biznesni yuritish” reytingida O'zbekiston eng ilg'or islohotchi mamlakatlar qatoridan o'rin olganligi fikrimiz isbotidir.

Joriy yilning 10 sentyabrida esa jahonning bir qator yetakchi davlatlarida chop etiladigan, dunyo iqtisodchilari orasida mashhur bo'lgan “Financial Times” gazetasining bir necha sahifasida O'zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning tahlili keltirilgani – bularning barchasi mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarning xalqaro e'tirofi sifatida baholash mumkin.

Albatta, biz bunday yutuqlarga mahliyo bo'lib qolmasligimiz, farzandlarimizning farovon kelajagi uchun yanada kattaroq marralar sari intilmog'imiz lozim.

Qoloq tarmoq qoldimi?

Bugun iqtisodiyot tarmoqlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, hududlarning imkoniyatlarini to'la yuzaga chiqarib, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Bunday keng ko'lamli ishlar natijasi har bir jab­hada sezilmoqda. Ilgari ilojsiz bo'lgan muammo va masalalar hozirda o'z yechimini topmoqda.

Ta'kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasidagi yo'l-yo'riqlari asosida yurtimizda ilgari umuman rivojlanmagan tarmoq va sohalar rivojlanishning yangi bosqichiga chiqqaniga guvohmiz bugun. Misol uchun baliqchilik sohasini olaylik. Ayni paytda diyo­rimizning qaysi bir supermarketi yoki do'koniga kirmang, hatto yaqingacha xorijiy valyutaga import qilib keltirilgan, xalq tilida “qizil baliq” deb nom olgan losos, syomga, hatto osyotrlar ham O'zbekis­tonda yetishtirilayotganligi quvonarli holatdir. Chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, ipakchilik, bog'dorchilik va boshqa ko'plab oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlovchi tarmoqlardagi puxta o'ylangan islohotlar o'z mevasini bermoqda. Maqsad bitta, aholini sifatli va arzon oziq-ovqat bilan ta'minlash. Buning negizida esa odamlarni rozi qilish, ularning farovonligini ta'minlash kabi yuksak vazifalar turganligi hech kimga sir emas.

Barcha yangilanishlar xalq manfaati uchun!

Islohotlarning eng birlamchi maqsadi aholi farovonligiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mehnat taqsimotiga nisbatan yangicha yondashuv va o'z vaqtida ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida paxta yig'im-terim mavsumida boshqa soha ishchi xodimlarining bu jarayonda ishtirok etishiga to'la barham berildi.

Shu o'rinda to'xtalib o'tish joizki, jamiyatimizda kambag'al qatlam borligi ko'p yillar davomida yashirildi. Kambag'allik tushunchasi “kam ta'minlanganlik”, “ehtiyojmandlik” degan so'z-u iboralar bilan xaspo'shlandi.

Xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yo'lga qo'yilgach, haqiqiy ahvol, ya'ni, odamlarning aslida qanday hayot kechirayotgani, ularning eng og'riqli nuqtalari oshkor bo'la boshladi.

O'rganish va tadqiqotlar aholining ko'pchiligi yetarli va doimiy daromad man­baiga ega emasligini ko'rsatdi. Demak, kambag'al qatlam mavjud. Ularning taxminan 12–15 foizligi ham haqiqat. Taqriban aytsak, bu kam emas, 4-5 million   aholi degani. Shundan so'ng amaliy ishlarga kirishildi.

Mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” hamda “ayollar daftari” shakllantirildi. Mazkur daftarlar hokimlar, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlarga qaysi hududda ertamiz vorislari va nozik hilqat vakilalari masalalari bo'yicha holat qandayligi haqida aniq ma'lumotga ega bo'lish hamda shunga qarab zaruriy chora-tadbirlarni belgilashda qo'l keldi.

Odatda, ishsiz odamlar hunar o'rganish, malaka egallash uchun mablag'dan qiynalishadi. Endi davlat ayni shunday pallada yoshlar va ayollarga moddiy hamda ijtimoiy ko'mak ko'rsata boshladi. Ajratiladigan mablag' mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasb-hunarlarni o'rgatuvchi mingdan ziyod nodavlat ta'lim markazlari tashkil etilishiga xizmat qilmoqda.

2020 yil butun insoniyat uchun jiddiy sinovlar yili bo'ldi. Talafotlar katta, yo'qotishlar ko'p, asoratlar esa nihoyatda og'ir. Ammo ana shunday mushkul vaziyatda odamzod bir narsani o'rgandi: har qanday vaziyatda ham hayot uchun kurashishni, oldinga intilishni hamda yashash va ishlashni.

To'g'ri, koronavirus pandemiyasi ayni avji pallada hamma uyda “qoldi”! Ya'ni, “ko'rinmas yov”dan aziyat chekmaslik uchun ko'pchilik xonadonida ihotalanishga majbur bo'ldi. Ijtimoiy soha ob'yektlari, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish muassasalari eshigiga qulf osildi. Hatto qator davlat idoralari ham ish tartibini o'zgartirdi. Biroq hayot to'xtab qolgani yo'q.

Eng muhimi, ana shunday murakkab vaziyatda davlatimiz, hukumatimiz odamlarni o'z holiga tashlab qo'ygani yo'q. Aksincha, ehtiyojmand oilalar har tomonlama manzilli qo'llab-quvvatlandi. Ayni shu vaqtda Prezidentimiz tashabbusi bilan “temir daftar”lar joriy etilgani esa masalaning oqilona yechimi bo'ldi. Bu tizim davlat yordamini yo'naltirib turish, ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolish uchun muhim asos yaratdi.

Ayni paytda “temir daftar”lar oilalarni kambag'allikdan chiqarish ishlarini rejali tashkil etishda, ro'yxatdagilarga qarab keyingi ishlarni muvofiqlashtirishda qo'l kelmoqda. Yoshlar va ayollar daftarlari ham kasb-hunar o'rgatish, band­likni ta'minlashda manzilli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

E'tiborlisi, “yoshlar daftari”ga 18-30 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlar kiritilsa, “ayollar daftari” orqali 30 yoshdan oshgan ayollar qamrab olinadi. Ro'yxatni shakllantirishda ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo'llab-quvvatlash, bilim va kasb o'rganishga ehtiyoji hamda ishtiyoqi borlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Kambag'allikni odamlarga pul tarqatib qisqartirib bo'lmasligi – oddiy aksioma. Odamlar turmushi yaxshilanishiga tadbirkorlik, ta'lim, sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish orqali erishish mumkin. Iqtisodiy taraqqiyot, bir tomondan, kambag'allikni kamaytirsa, ikkinchi tomondan, kambag'allikning ko'pa­yishi iqtisodiy taraqqiyotni susaytiradi. Odamlarda sog'liqni saqlash va ta'limdan foydalanish imkoni cheklansa, ular borgan sari qashshoqlashadi, iqtisodiyotda talab kamayadi. O'z navbatida, iqtisodiyot o'zining yuqori malakali xodimlariga bo'lgan ehtiyojini qoplay olmaydi. Oqibatda o'sish sekinlashadi.

Shunga qaramay, koronavirus pandemiyasi avj olgan 2020 yilda aholining barcha qatlamiga ijtimoiy yordam ko'rsatildi. Hech kim e'tibordan chetda qolmadi. Masalan, 2020 yil boshida har oyda 552 ming oilaga moddiy yordam berilgan bo'lsa, iyun oyida bu ko'rsatkich 774 ming, iyul oyida 876 mingtani tashkil etdi. Yil oxiriga borib esa ijtimoiy nafaqa berilgan oilalar soni 1 million 200 mingtaga yetdi.

Quvonarli jihati, joriy yilda “temir daftar” tizimi yangi bosqichga ko'tariladi. Ya'ni, “Ijtimoiy reestr”ga qamrab olingan barcha ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko'rsatiladi.

Shu o'rinda alohida ta'kidlash kerakki, yurtimizda so'nggi besh yilda amalga oshirilgan ulkan tarixiy islohotlarning mufassal tahlili O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda nashr qilingan   “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida o'z aksini topgan. Bu Yangi O'zbekistonni taraqqiyot yo'lini yangi bosqichga olib chiqishning kafolati, deb hisoblayman.

Kelajagingizga befarq bo'lmang, so'ng­­gi yillardagi yutuqlarimizning bardavom bo'lishi uchun, taraqqiyot yo'limizni izchil davom ettirishimiz uchun, yangi nurli manzillarga yetishimiz uchun O`zLiDePdan ko'rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz bering!

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O`zLiDeP fraksiyasi a'zosi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + ten =