“Kundalik daftari”ni qaytaring!
Har gal qishloqqa, uyga borganimda ukalarimning maktabda qanday o'qiyotgani, fanlardan olayotgan baholari bilan qiziqaman. Avvallari kundaliklarini ko'zdan kechirib, qaysi fanni yaxshi o'zlashtiryapti-yu, qaysilaridan baholari pasayib ketayotganini bemalol kuzata olardim. Bugun esa neajabki, maktablarda oddiy kundalik daftarlardan voz kechilgan. Hammasi elektron jurnalda. Ammo internetga kirish uchun ko'chamizdagi stalba (simyog'och) ning oldiga chiqib, telefonni yuqoriga ko'tarib ishlatilmasa ishlamaydi. Uning ustiga bu “Elektron kundalik”ka kirishni masalan men umuman bilmayman. Poytaxtdek joyda o'qib, oliy ma'lumotli bo'lgan odam bu elektr… yo'g'-e, “Elektron kundalik”ni tekshirishni bilmasa, endi viloyatdan tashqariga chiqmagan, kimgadir telefon qilganda “qo'ng'iroq qilinayotgan obonent apparati o'chirilgan…” deya aytiladigan gapni doim kimdir aytib turadi deb, o'ylaydigan ota-onamni tasavvur qilavering.
Dadam telefon odamni buzadi, bolaga yoshligidan bu matohni tutqazmaslik kerak, deydilar hammamizga. Menga ham maktabni tamomlaganimdan so'ng telefon ishlatishga ruxsat berishgan. Shuning uchun ham zerikkandan kitob o'qib, buni asosiy mashg'ulotimizga aylantirganmiz. Ukamga esa buni tushuntirib bo'lmay qolgan. Dars jadvalim ham telefonda, baholarim ham telefonda, menda esa telefon yo'q deb, g'ingshigani-g'ingshigan.
“Bizga bular o'tmaydi, bola yig'lab-yig'lab yupanadi”, — deb ukamning xarxashalariga dadam parvo ham qilmaydi. Biroq ming afsuski, ukalarimning ko'ngli o'qishdan sovib ketyapti. To'g'ri-da, avvallari men o'tgan haftada mana shuncha besh olibman deya o'rtoqlari bilan raqobatlashib o'qishardi. Dada beshlarimni qarang, onajon bu hafta yigirmata besh olibman, deb g'ururlanib, maqtanib kelishardi.
Endi hammasi yo'qqa chiqandek.
Kimlardir balki murg'ak bolasiga taxtakashdek “oypon”larni berib qo'ygandir, lekin hamma ham bu “matoh” bolasini to'g'ri yo'ldan chalg'itmasligiga ishona olmaydi. Ayniqsa, bizning hamqishloqlardek soddadil odamlar. Qolaversa, bu zormanda ancha qimmat. Barchaning ham olib berishga imkoni yo'q. Bugun sotib olganingiz, ertaga darrov rusumi o'zgaradi, yo eskiradi. Bitta o'rtog'i olib kelsa bas, o'ziniki bilan solishtiradi. Yana boshqasini olib berasizmi? Fikri-yodi telefonda, planshetda, kompyuterda! Baribir o'qishdan chalg'iydi-da. Buning ustiga “Elektron kundalik” bepul bo'lsa ekan! Aksincha, unga obuna bo'lish uchun qog'oz shaklidagi kundalik daftar narxidan kam bo'lmagan pulni to'lab qo'yish kerak. Buning ustiga internet orqali “kundalikka kirish” dasturiga bog'lanish zarur. Endi ayting, millionlab oddiy odamlarga bitta dasturchi, yoki elektronchi kerakmi? Qolaversa, internet deganlari qaerda bepul va muammosiz ishlaydi? Hali chiroq o'chish masalalarini gapirmay qo'ya qolaylik. Shunday ekan, “Kundalik daftarlari”miz kimga xalaqit berayotgan edi o'zi?
Xo'sh, bolalar yoinki, ota-onalar nima yutayapti bu o'zgarishdan? Va bugungi kunda mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda necha foiz “Elektron kundalik”ka obuna bo'lingan? Farg'onadagi qishloq maktablarining birida bo'lib, ana shu masala bilan qiziqdim. Azbaroi shu maktabga yovqarash bo'lmaslik uchun uning qaysi maktab ekanligini ochiqlamay qo'ya qolay. Ammo 20 foiz ham “Elektron kundalik”ka bog'lanilmagan. Obuna bo'lganlarning qancha qismi ota-onalar bilan, o'quvchilar bilan qamrab olingan? Buni esa bugun hech kim bilmasa kerak. Shu jihatning o'zi bu platformaning hozircha bemavrid ekanligini ko'rsatib turibdi.
Qizig'i shundaki, “Elektron kundalik” ilovasiga e'tibor qilmasangiz ham ko'rinib turibdi: Rossiyaning “Dnevnik.ru” ilovasidan nusxa ko'chirilganiga guvoh bo'lish mumkin.
Yana kompyuter o'yinlari deymiz, pornografiya deymiz, zo'ravonlik, pichoqbozlik deymiz. Bolalikdan telefondan bo'shamaganidan keyin bunday holatlar urchiydi-da.
Go'yoki bir mo''jizadek ishlaydigan yangidan-yangi dasturlar diqqat markazida turganda sizning odob-axloq haqidagi vaysashingiz bolaning qulog'iga kirarmidi.
Mana nima uchun ustoziga qo'l ko'taradigan o'quvchilar, buyuk ajdodlarimizning suratini oyoq osti qiladiganlar paydo bo'layapti. Sadoqat va insoniylik nima ekanligini bilmaydigan mehrsizlarni o'zimiz yetishtirmayapmizmi? Hademay ustozlarning ham keragi bo'lmay qolsa kerak. Hamma narsa kompyuterda, internetda bor-ku. Xudo saqlasinku, ammo men hozirdanoq robotlarning o'quvchilarga insoniylik tuyg'ularini qanday ohangda gapirib, qanday usul bilan o'rgatishini tasavvur qilayapman…
Endi mulohazamizni yana o'sha kimlardir “eskilik sarqiti” deb biladigan, aslida farzandlarimiz uchun noyob ta'lim-tarbiya ko'zgusi hisoblangan “Kundalik daftari” haqidagi fikrlarimiz bilan davom ettirsak.
Kundalik daftar. Nima deysiz, u shunchalik yomonmidi? Axir, chindan ham har gal baho olganda… uni ustozlarimizga qo'ydirib, “bugun onajon, 4 ta besh oldim!” deb xursand bo'lib uyga chopmasmidik?
Umuman, millionlab bolalarning taqdiriga daxldor bunday narsalar kim bilan hisoblashib o'zgartirilmoqda? Shunday ekan, Xalq ta'limi vazirligiga savol berishga haqlimiz: mamlakatda necha foiz ota-onalar, o'quvchilar, keling o'qituvchilarning ham bu boradagi fikri o'rganildi?
So'rab ko'ring, bugun minglab, millionlab ota-onalar, hatto aksariyat o'qituvchilar ham “Kundalik daftari” o'rniga “elektron dastur” kiritilganidan xursand emas. Ehtimol, kitoblardan ham to'liq voz kechishni o'ylayotgandirmiz? Kim biladi, axir hamma narsaning bugun elektron versiyasi bor-ku? To'g'rimi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev katta yig'inlarda bir necha bor “Bolalarimizni telefon tarbiyalayapti”, deb afsus bilan gapirdilar. Shaxsan o'zim eshitdim. Lekin, xalq ta'limi maktab o'quvchilarining qo'lidagi telefonni biroz muddatga olib qo'yish o'rniga, aksincha, “Kundalik daftari”ni tortib oldi.
Nazarimizda bu mutlaqo noto'g'ri. Bu bilangina hamma zamonaviy kommunikatsiya egasi bo'lib qolmaydi. “Kundalik daftari” tutgan bola, internetda ishlolmaydi, deb kim aytdi? Axir bugungi yoshlar shundog'am tug'ilganidan telefonga yopishib katta bo'lishyapti-ku.
Iltimos, o'ylab ko'raylik, hali ham kech emas: “Kundalik daftari”ni qaytaraylik!
Ming-minglab qishloqlarimizda yashayotgan, internet tugul, telefonning antennasi chiqib-chiqmay o'ynaydigan joylarda o'qiyotgan bolalarimiz uchun baribir “Kundalik daftari” kerak. Hatto, maktabni ancha yillar oldin bitirib ketgan farzandlarining “Kundalik daftar”lari saqlanadi ko'plab oilalarda. Chunki bu daftarda har hafta xulqi, odobi degan joylari bo'lar edi. O'qituvchi, ota-ona imzosi qo'yilardi. Ham juda arzon, qulay va foydali edi.
Yuqoridagi mulohazalarimni o'qib kimlardir aniqrog'i, xalq ta'limi mutasaddilari meni “zamonaviy internet imkoniyatlariga dushman” sifatida baholashi mumkin. Shuni aytishim kerakki, bugun internetga, ilg'or kommunikatsiya tizimlariga qarshi bo'lishning o'zi katta xatolik. Internetsiz, ilg'or texnologiyalarsiz hayot yo'q, kelajak yo'q. Ammo internet deb, zamonaviylik deb hamma narsadan voz kechish ham to'g'rimi? Axir kitob-daftardan, shu jumladan, “Kundalik daftarlari”dan yoshlarimiz foydalanmasa, zamondan orqada qolib ketadimi?
O'ylab ko'raylik, siz bunga nima deysiz aziz yurtdoshlar?!
Kamoliddin RO'ZIMATOV