Oftobda qolgan qudalar…

Elimizning urf-odatiga aylangan ertalabki osh marosimi haqida atoqli shoir Erkin Vohidov hazilnamo she'r bitgandi. Uning taxminan mazmuni shunday: yaponlarning aksariyati nega yuz yoshdan oshadi, chunki ular ertalab oshga bormaydi.

To'g'ri, keyinchalik odamlarning talab-ehtiyojlariga asosan bu marosim tong saharda emas, ish vaqtiga yaqin paytda — soat 7-8 larda belgilanadigan bo'ldi. Ya'ni, odamlar oshdan keyin, qaerlardadir vaqt o'tkazishga majbur bo'lmay, to'g'ri ish-ishlariga jo'naydilar. Ba'zi viloyatlarda amru-ma'ruf dasturxonlari tushlikka yaqin vaqtda ham o'tkaziladi. Gap bunda emas. Kamina boshqa bir mulohazani o'rtaga tashlamoqchiman. Bu amru-ma'ruf dasturxoni boshida aytiladigan va'zlar xususida.

Imom, mullalarning ma'ruza darajalari haqda hech qanday e'tirozim yo'q. Chunki mullalar Qur'on va Hadislar asosida gapirishadi. Keyin to'ylarda ilgarigiday do'q-po'pisa, quruq nasihatga asoslangan va'zlar yo'q hisobi. Ammo…to'yxonaga kirib bir piyola choy ichar-ichmasingizdan ma'ruza boshlanadi. Biroq ko'pchilikning orasida ma'ruza qachon tugaydi-yu oshni keltirishadi, deb kutib turadiganlar yo'q emas. Axir, ularni ham ayblab bo'lmaydi — chunki to'yga taklif qilingan.

Yaqinda shunday ma'rakalarning biriga bordik. Bizni quda tomon bo'lganligimiz uchun hovlida qilingan joyning to'riga o'tqazishdi. Soat   yettilarda amru-ma'ruf boshlandi. Hovliga quyosh nuri biz tomondan tushdi. O'n chog'li odam issiqdan terlay bosh­ladilar. Mulla ham shu mahallalik chog'i, hali beri quyosh tushmaydigan darvoza ichkarisida qo'­yilgan karavotda yoyilib o'tiribdi. To'y odobi, oila mustahkamligini saqlash, yoshlarning o'ziga bog'liqligi xususida juda kerakli gaplarni aytayapti. Shu bilan ma'ruza tugaydi desak, gap boshqa mavzu — ota-onalar masalasiga ulanib ketdi. Bizning davradagilarning ba'zilari stulini nariroqdagi daraxtlar soyasiga surib olishga majbur bo'ldilar. Bechora to'y egasi ikki-uch bor kelib, oftobda qolgan qudalardan sekin uzr so'rab ketdi. Ammo mullaga nimadir deyishga xaddi sig'madi. Davradoshlardan biri: “Issiqlik yaxshi – bu kelin-kuyov orasidagi iliqlikka ishora”, deya asta qochirim gap ham qildi. Ammo ma'ruza hamon davom etardi. Kimningdir toqati toq bo'lib, qoshiq bilan piyolani bir necha bor urgach, mulla gapni tugatib, duoga o'tdi… Hamma, xayriyat, deya yengil tin oldi.

Bu gap bilan nima demoqchiman? Odamlar davraga kirib kelishi bilan osh tortilsa, uni bemalol tanovul qilgach, amru-ma'rufga o'tilsa bo'lmaydimi? Yoki amru-ma'ruf qiluvchi mulla akalarimiz ma'lum belgilangan aytaylik 5-8 daqiqada qimmatli fikr-mulohazalarini bayon qilishsa, ma'qul emasmikin? Axir, yarim soatlab ertalabki osh dasturxonida va'z aytish qanchalik to'g'ri? Bizda esa ma'ruzadan keyin osh shunaqangi tez tarqatilib, idishlar shunchalik shoshib yig'ishtiriladiki, ba'zilar oshdan keyin bir piyola choyini oxirigacha icholmaydi. Chunki to'y xizmatchilari joy yetishmay, tashqarida kutib qolganlarni o'ylashga ham majbur.

Amru-ma'ruf oshdan keyin qilinsa-chi, davrada xos tinglovchilar qoladi. Ishga shoshib turganlar, to'ychining ko'ngli uchun kelib-ketishga majbur bo'lganlar, sog'lig'i nuqtai nazardan vaqtida ovqatlanishi zarur bo'lganlar hech qanday og'rinmas edilar.

To'g'ri, birovning to'yiga qorin to'yg'azish uchun kelmaydilar, deyishingiz mumkin. Ammo kim ertalab­­ki oshga borayotib, uyidan tanovul qilib chiqadi? Amru-ma'rufning bugungi holatida, go'yo to'ychi ham, va'zxonlar ham: “Oldin ma'rifiy gaplarni eshitasan, keyin to'y oshidan nasibador bo'lasan, ya'ni oldin siyosat, keyin iqtisod” deganday tuyulaveradi kishiga? Yo men adashyapmanmi?

Siz bu masalaga qanday qaraysiz?

A'zamxo'ja ASQAROV,

O'zbekiston xalq rassomi, Toshkent shahri,

“Jarariq” MFY faoli

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 18 =