Rahbarlar ibrat olsa…
Bugungi kunda ayrim bosma davriy nashrlarning adadi keskin kamayib borayotgani, murakkab moliyaviy holatga tushib qolayotganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Shu sababdan ba'zan “gazeta-jurnallarning davri o'tdi, endi ularning o'rnini elektron nashrlar to'liq egallaydi” qabilidagi fikr-mulohazalar ham bildirilmoqda. Tabiiyki, bunday biryoqlama munosabat matbuot sohasi vakillarini, muharrirlar va jurnalistlarni ham xavotirga solmoqda. Jamiyatimizning ko'zgusi bo'lgan bosma nashrlarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy hayotdagi rolini oshirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
E'tibor bering, “majburiy obuna”ga barham berish bahonasida ixtiyoriy obuna ham yo'q qilinishi oqibatida aksariyat tuman-shahar gazetalari, hatto viloyat, respublika miqyosidagi nashrlar og'ir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan bir paytda Samarqand viloyatining chekka bir tumani Paxtachi tumani gazeta tahririyati uchun ikki qavatli zamonaviy bino — “Matbuot uyi” qurib berilishi, jurnalistlarga faoliyat olib borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi, media markaz barpo etilishi nimani anglatadi? Shubhasiz, tuman rahbarining, gazetaga muassislik qilayotgan tashkilotning matbuotga qaratayotgan e'tibori, uning ravnaqi uchun g'amxo'rlik ko'rsatayotganidan dalolat beradi. Bundan ko'rinib turibdiki, bosma davriy nashrlarning taqdiri bevosita muassisga, tuman va viloyat rahbarlariga ham bog'liq. Respublikamizdagi boshqa tumanlarda ham jurnalistlar uchun “Matbuot uy”lari qurilib, gazeta tahririyatlariga har tomonlama yordam ko'rsatilsa, nur ustiga nur bo'lardi.
Yaqinda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov “Paxtachi” gazetasi tahririyatida bo'ldi. Tuman hokimligining o'z muassisligidagi nashriga e'tiborini qo'llab-quvvatladi. Bundan bir yil avval “Obod markaz” dasturiga asosan tuman gazetasi uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirilgan edi. Bungacha ijodkorlar bir qavatli, eski binoda faoliyat yuritgan. Yangi bino esa 1935 yildan “Uchqun” nomi bilan chiqa boshlagan gazetaning 85 yilligi uchun katta sovg'a bo'ldi.
Uyushma raisi tahririyatdagi shart-sharoitlar, xodimlarga yaratilgan qulayliklarni ko'zdan kechirib, jurnalistlar bilan suhbatlashdi.
— Yangi binoda gazetamiz yangi dizayn va mazmunda chop etila boshlandi, — deydi gazeta bosh muharriri Sanjar Qurbonov. — 3500 adadda haftada bir, 8 sahifada chiqayotgan nashrimiz ijtimoiy tarmoqlarda ham o'z sahifalariga ega. Gazetamizda chop etilayotgan tahliliy maqolalarning video formatini QR kod orqali oson kirib, youtubedagi sahifamizda ham ko'rish mumkin. Ayni paytda tahririyatimizda “Kelajak jurnalistlari” ijodiy to'garagi faoliyat olib bormoqda.
Mazkur to'garak a'zolari bilan muloqotda Olimjon O'sarov gazeta tahririyatida hamda to'garakda o'quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarga havas qilganini yashirmadi. Kelgusida tahririyat yoshlari uchun zarur bo'ladigan sohaga oid kitoblar hamda ilmiy qo'llanmalar bilan ta'minlashda yordam berishini ta'kidlab o'tdi.
Gazetaning yashovchanligi bevosita obuna bilan bog'liq. Uyushma raisi tahririyatga tashrif buyurgan mushtariylarning ham so'zlariga quloq tutdi.
— Bugun tuman miqyosidagi o'zgarishlar va yangilanishlarni hududga kirishingiz bilan his etgandirsiz, — deydi tuman madaniyat bo'limi xodimi Gulchiroy Abdullayeva. — Tuman markazi — Ziyovuddin shaharchasi esa zamonaviy shaharsozlik namunalarini o'zida aks ettirib turibdi. Albatta, bularning hammasi yaxshi. Lekin tuman ahlining ma'naviy yuzi, bu uning gazetasidir. Biz bugun axborotni gazetadan o'qimasmiz, lekin o'zimizga xos jihatlarimiz haqida internet saytlari-yu, respublika nashrlarida har doim ham berilavermaydi-ku. Tumanning tarixini, bosib o'tgan yo'lini bosma nashrgina o'zida saqlaydi. Buni yaxshi anglagan tuman rahbariyati ham gazetani e'tiborsiz tashlab qo'ygani yo'q. Tahririyatga gazeta targ'iboti uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Eng asosiysi, gazetadagi ijodiy muhitga havas qilsa arziydi. Yangi binoga yosh ijodkorlarning kirib-chiqayotganini ko'rib ham xursand bo'ladi kishi.
Albatta, Paxtachi tumanida matbuot ravnaqi, jurnalistlarni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan barcha hududlardagi rahbarlar o'rnak olsak, maqsadga muvofiq bo'lardi.
Muhammadsodiq TO'RAYEV