Turkistonning boy va qalbi go'zal xazinaboni
XX asrning boshlarida Turkiston ijtimoiy hayotida qaror topib asr o'rtalarida sho'rolar tomonidan batamom mahv etilgan zamonaviy ma'rifatparvar jadidchilik oqimining eng yorqin namoyandalaridan biri Saidnosir Mirjalilov edi. U 1884 yilda Turkiston shahrida dehqon oilasida tug'iladi, voyaga yetgach savdogarchilik bilan shug'ullana boshlaydi, dastlab oddiy gazlama do'koni ochadi, keyinroq paxta yetishtirish ishiga kirishadi va Turkistonda birinchilardan bo'lib paxta tozalash zavodi qurib xalq orasida Saidnosirboy nomi bilan mashhur bo'ladi.
U o'z savdo ishlarini Toshkentda davom ettirish uchun bu shaharga ko'chib keladi va bu yerda o'sha davrning ilg'or fikrli ziyolilari bo'lmish Munavvar qori Abdurashidxonov va boshqalar bilan tanishadi hamda ularning ma'rifatparvarlik g'oyalarini qabul qilib bu borada sa'y-harakatlarini boshlaydi. U podsho Nikolay II davrida musulmon xalqlari uchun yangi usulli maktablar ochishga ruxsat berilmagan bir paytda Turkistonda o'z hovlisida yashirincha tarzda maktab ochadi.
— Dadam ichkari hovlimizning orqasiga yopishtirib maktab qurdirgan edi, — deb yozadi Saidnosirboyning qizi Zarifa Saidnosirova. — Maktab katta xonadan iborat bo'lib, uzun-uzun partalar qo'yilgan edi. Undan bizning ichki hovliga har ehtimol uchun kichkina eshik ham qo'yilgandi, mabodo chor hukumati taftish qilmoq uchun to'satdan biror odam yuborib qolsa, tashqaridagi kishilardan biri bu haqda darhol xabar qilar va bolalar ichkari hovliga kirib yashirinib olishlari mumkin edi. Maktabda ona tili, hisob, jug'rofiya, tarix darslari o'qitilar, butun darsliklar tatar tilida bo'lib, Qozon va Orenburgdan keltirilar edi.
Maktabga Orenburgdanmi yo Qozondanmi, Shokirjon Ibrohimov degan muallimni olib kelgan edilar. Maktabda kambag'allarning o'g'il-qizlari pulsiz o'qitilar, beklarning bolalari muallim haqini to'lar, buning badaliga dadam muallimni maosh bilan ta'minlar edi. Turkistondan chiqqan barcha ziyolilar shu maktabda tahsil ko'rganlar…”
Saidnosir Mirjalilov 1917 yil Turkiston shahar dumasiga saylanadi va siyosiy faoliyatga kirishadi. Fevral inqilobidan so'ng Toshkentda tashkil etilgan “Sho'royi islomiya” tashkilotining faol a'zolaridan biriga aylandi. U o'z faoliyati davomida mamlakat xalqini faqat ma'rifatli bo'lishigina emas, to'la milliy ozod bo'lishi lozimligini ham tushunib yetadi va bu borada faol ish olib borish bilan birlikda o'z sarmoyalarini ham ushbu ezgu maqsadlarga sarf etishga qaror qiladi.
— Jadidlarda buyuk maqsadlar bor edi, ammo ularni amalga oshirish uchun homiylar kerak edi. Saidnosirboygacha bunday odam bo'lmagan, — deb yozgan edi akademik Naim Karimov. — Saidnosir Mirjalilov, o'z hammaslaklari qatorida o'sha davrda ilg'or, taraqqiyparvar shoir bo'lgan Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan ham do'st bo'lgan, uni iqtisodiy jihatdan qo'llab turgan, shoirning she'riy to'plamlarini nashr etishda homiylik qilgan. Hamza qora kuchlar tomonidan qattiq ta'qib ostiga olinib, hayoti xavf ostida qolgan paytlarida unga Turkistondagi uyidan boshpana berib, shoir hayotini saqlab qolgan edi.
Saidnosir Mirjalilovning besh qizi bo'lib, ularning ziyoli bo'lishini xohlagan va buning uchun harakat qilgan. Birinchi o'zbek rassomi sifatida tanilgan uning ikkinchi qizi Zarifa Saidnosirova shunday deb yozadi: — 1913 yillarmidi, dadam qo'limga bir-ikki tanga berdi va: — “Bozordan bo'yoq, daftar ol! Surat sol!”, — dedi. Men aytganlarini qildim. Dadamlar har vaqt Toshkentdan akvarel bo'yoqlar, mo'yqalamlar olib kelardilar, rasmlarimni zavq bilan tomosha qilardilar. Rasm chizishga muhabbat menda dadamning yordami bilan paydo bo'lgan edi.
Saidnosir Mirjalilov mamlakatimiz mustaqilligi uchun bevosita va faol kurash olib borgan va Turkiston muxtoriyati hukumatining barpo etilishida faol ishtirokchilardan bo'lgan. Qo'qonda tuzilgan Muvaqqat hukumat tarkibida moliya komissiyasining raisi, hukumat g'aznachisi lavozimida ish olib bordi. Muxtoriyat qonga botirilib, uning rahbarlari ta'qib ostiga olingach u xorijga ketishga majbur bo'ladi. Dastlab Samara, so'ng Tbilisi va Turkiyada yashab, jahon hamjamiyatini Turkistonda kechayotgan dahshatlar haqida ogohlantirishga intiladi va bu xunrezliklarga chek qo'yish yo'llarini axtaradi. Bolsheviklar e'lon qilgan umumiy avfga ishongan holda 1921 yili vataniga qaytadi va “Turkiston” savdo-sanoat shirkatini tashkil qilib, tushgan foyda evaziga “Ko'mak” jamiyati orqali iste'dodli yoshlarni Germaniya va boshqa mamlakatlarga o'qishga yuborish, “Nashri maorif” jamiyati faoliyatini avj oldirish ishiga o'z ulushini qo'shadi. Zarifa Saidnosirova otasining Moskvaga o'qishga ketayotgan talabalarga bir necha bor ust-bosh olib bergani va xarajatlari uchun mablag', tilla tangalar bergani haqida o'sha talabalarning o'zidan eshitganini aytadi. “Ha, dadam ma'rifatli boylardan edi, yoshlarning o'qiyotganini ko'rib, suyunardi”, — deya yozadi u. Keyinchalik atoqli kimyogar olima bo'lib yetishgan Zarifa opa otasining kitobni sevishini, ko'p mutolaa qilishini, uylarida u to'plagan katta kutubxona bo'lganligini eslaydi. Ma'lumotlarga ko'ra, Alisher Navoiyning Saidnosirboy mutolaa qilgan “Mahbub ul-qulub” asari uning kuyovi bo'lmish atoqli adib Oybekning uy-muzeyida saqlanadi.
1922 yilda Turkiston hukumati bir guruh yoshlarni Germaniyaga o'qishga yuboradi, shunda ilm-ma'rifat jonkuyari bo'lgan Saidnosirboy yuborilgan talabalarning o'qish va yashashi uchun barcha xarajatlarni o'z hisobidan qoplaydi. Ammo sho'rolar hukumati bu ishning qadriga yetish o'rniga uni taraqqiyparvarga ayb sifatida yuklaydi va u go'yo shu talabalarni o'qitib, siyosiy josuslar tayyorlashda ayblanib 1925 yil 12 dekabr kuni hibsga olinadi. Saidnosirboy qamoqda ham bekor o'tirmay, o'sha yerdagi rus matematigidan oliy matematika kursini o'rganganligi haqida ma'lumotlar bor. Qizi Zarifa bilan qamoqda ko'rishgan chog'idagi suhbatlardan birida u: “Agar shunday zamonda tug'ilib o'sgan bo'lsam, faqat ilm bilan mashg'ul bo'lgan bo'lardim” deb afsuslangan ekan. Shuningdek, u qamoqda yotgan paytida ingliz tilini o'rganish bilan ham shug'ullanganligini aytishadi.
Saidnosir Mirjalilov 1925 yilning o'zida Sibirga surgun qilinadi. Undan so'ng 1932 yil Oq dengizdagi Solovki oroliga uch yilga badarg'a etiladi. Zarifa Saidnosirovaning xotirlashicha NKVDchilar undan o'z safdoshlarini qoralovchi ma'lumotlar olishga rosa urinishgan, ammo Saidnosir Mirjalilov o'z do'stlarini sotmagan. Keyinchalik Solovkidagi surgun Semipalatinsk viloyatida davom etadi. Nihoyat, uzoq yillik surgun tugab, 1936 yil avgustida Saidnosirboy oilasi yoniga qaytadi. Ammo bu baxt uzoq davom etmadi — 1937 yil 21 iyul kuni takroran hibsga olingan Saidnosir Mirjalilov shu yilning 25 oktyabrida otib tashlanadi. Bu alamli kunlar haqida Zarifa Saidnosirova shunday deb yozadi: “Qizim Gulrangning tug'ilganiga ikki oy bo'lgan. Bir kuni oyimnikiga kelsam, dadam stol oldida turibdi. Rangi ro'yi oppoq qog'ozday oqargan, yonida sovuqqina bir tatar kishi, NKVDdan. U bir rus qo'shni “guvoh”ning huzurida akt tuzib o'tiribdi. Oyim boyaqish ayvonda yig'lab yuribdi. Birozdan so'ng dadam hammamiz bilan quchoqlashib xayrlashdi. So'ng tatar yigitning oldiga tushib ketar ekan, yigirma qadamcha yurganidan so'ng orqaga qaytdi. “Nabiramni bir o'pay”, — deb qo'limdan Gulrangni oldi. Bag'riga bosib, peshonasidan ikki marta o'pdi. “Umri uzoq bo'lsin. Aqlli-hushli, xalqiga foydali kishi bo'lib yetishsin!”, deb duo qildi. Yuraklarimiz qonga to'ldi, ezilib ketdik shunda. Oradan qancha vaqt o'tdi, bilmadim, dadamdan na xat, na xabar bor. Bir necha vaqtdan so'ng: “Izlamanglar! Xat yozishdan mahrum o'laroq uzoqqa surgun qilingan”, deb aytdilar bizga. Lekin surgun qilinmagan, otib tashlangan, deb gumon qildik. Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Elbek, Usmon Nosir qanchadan-qancha keksa va yosh ziyolilarning bari ketdi. Shunday qilib, mening dadam boyaqish ham 53 yoshida yo'qlikka ketdi…”
Saidnosir Mirjalilovning qabri qaerdaligi noma'lum. U o'limidan 54 yil o'tib, 1991 yil oktyabr oyida oqlandi. O'z xalqining asl farzandi, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi yo'lida jon fido qilgan inson Saidnosir Mirjalilov haqidagi ushbu mungli hikoyamizni shu yerda yakunlar ekanmiz, u zot haqidagi o'z xotiralari va yozuvlari bilan mazkur mavzuning yoritilishiga ko'mak qilgan olima Zarifa Saidnosirova, akademik Naim Karimov, tarixchi Bahrom Izrayev, “Daryo” internet kanali muxbiri Z. Ramazonovalarga o'z minnatdorligimizni bildiramiz. Xalqimiz o'z ozodligi uchun jonlarini bergan qahramonlarni aslo unutmaydi, ular xotiralarimizda abadiy barhayotdirlar!
Yana bir fikr: agar shunday zotlar ya'ni Saidnosirboydek insonlar boshqa millatlarda bo'lganida bormi, allaqachon butun dunyoni lol qoldiradigan kinolar ishlangan bo'lar edi…
Ehtimol, bu haqda jiddiyroq o'ylab ko'radiganlar endi topilar…
Muxtor XUDOYQULOV