Hamid Sulaymon ko'rgan tush

“Xalq dushmani” tamg'asi bilan 25 yil qamoqqa hukm qilingan o'zbek olimining azobli kechgan umr sahifalaridan hikoya

Hamid Sulaymon XX asrda yashab ijod etgano'zbek hamda xorij adabiyotining bilimdoni, taniqli adabiyotshunos, davrlar va vaqt to'foni turli qit'alar va kutubxonalarga chirpirak qilib uchirib ketgan hazrat Navoiyning asarlarini vataniga qaytarish yo'lida zahmat chekkan, navoiyshunoslik ilmining eng ko'zga ko'ringan vakillaridan biridir.

Hamid Sulaymon va uning rafiqasi Fozila Sulaymonova.

Bu yirik shaxs haqida so'z aytish uchun tarixning siyosiy o'yinlarga boy eng murakkab davriXX asr sovet mafkurasi haqida o'ylashga va mushohada yuritishga to'g'ri keladi.

Hamid Sulaymonning oson kechmagan umr yo'llariga nazar solarkansan, inson bolasi irodasi qanchalar mustahkam bo'lishi mumkinligi, u har qancha adolatsizlik va haqsizlikka duch kelsa-da, baribir nurga intilishi, hayotga talpinishi haqida o'ylaysan, o'yga tolasan.

Hamid Sulaymon ham, uning otasi Sulaymon Xo'jayev ham o'z davrining ziddiyatlari, totalitar tuzumning hiylayu nayranglarini avom xalqdan farqli yaxshi tushundilar, buning sabablari haqida o'yladilar. O'ylaganlari, fikrlaganlari uchun eng totli ne'mat — hayot atalmish ne'matdan mosuvo etilishga mahkum bo'ldilar…

Hikoyamizni Hamid Sulaymondan emas, avvalo, ularning otasi Sulaymon Xo'jayevdan boshlaymiz. Zero, “moziyga qaytib ish ko'rish xayrli” deydilar.

Tongga intilgan insonSulaymon Xo'jayev

1891 yil. Toshkentning Kamolon mahallasi. Bahor shamoli muazzinning “Allohu Akbar” degan ilk kalimasini keltirgan mahal bir yarim kunlik to'lg'oqdan azob chekayotgan yoshgina ayolning ko'zi yoridi. Doya chaqaloqni qo'liga oldi, kindigini kesdi. Ul-bul ishda yordam berib yurgan qo'shni ayolning ko'zlari yashnab ketdi. Doya kampir bunga e'tibor bermadi, u uchun muhimi — ayolning eson-omon tug'ib olgani edi. Ilk tug'uruqning azobidan terga tushib, qizarib-bo'g'riqib ketgani, jingalak sochlari har tomonga to'zg'ib, o'zi butunlay holdan toyganiga qaramay, kelinchak baland ovozda ingalayotgan bolasi tomonga qaramoqchi bo'lib boshini ko'tardi. U nihoyatda go'zal edi. “Eh, bu nima degan gap o'zi?! Jonini bu qadar azobga qo'ygan o'sha qip-qizil go'sht go'dagini buncha ko'rgisi kelmasa?!”.

— O'zingni urintirmay, birpas yot. Qattiq azob yeding, — kampir urishmoqchi bo'ldi-yu, lekin o'zini tiydi. — O'g'il. O'g'il tug'ding pahlavonday.

Bu paytga kelib hovlidagilar bu xushxabardan allaqachon xabar topgandilar. Birpasda hovli qiy-chuv — qo'ni-qo'shnining chug'ur-chug'uriga to'lib ketdi. “O'g'il, o'g'il!” deyishardi yoshu qari, erkak-ayol, yo'g'on-ingichka tovushlar. “Qutlug' bo'lsin!”, “Muborak bo'lsin!” degan shodiyonalar quloqqa chalinib turardi. Oftob oyim baxtdan o'zini yo'qotib qo'ygan erining ra'yiga qarshi bormadi. U aytgan ism unga ham ma'qul edi.

Sulaymon Xo'jayev o'z davrining ilg'or ziyolilaridan — ham Yevropa, ham Sharq adabiyoti, madaniyatiga birdek muhabbat qo'ygan, Orenburg, Moskva shaharlariga tijorat tufayli qatnasa-da, o'sha yerlarda chiqadigan kitob, jurnalu gazetalarni ham mutolaa qilar, ilm kishilari bazmida ko'proq bo'lishni ixtiyor qilardi. Shuningdek, u o'g'li Hamidullaning tarbiyasiga ham jiddiy e'tibor qaratdi — uyga rus muallimini yolladi.

1927 yili ota va o'g'il kelishib, Moskva davlat kinematografiya institutiga jo'nadilar. O'ttiz besh yoshli Sulaymonxo'ja oliy dargohning rejissyorlik, o'n olti yoshli o'g'li Hamidulla kinooperatorlik fakultetida o'qiy boshladilar. “Otam mashhur kino ustalari Eyzenshteyn, Pudovkin, Komarov, Dovjenkolar leksiyasini tinglay boshladilar, — deb yozgan edi keyinchalik Hamid Sulaymon, — 1932 yili Butunittifoq davlat kinematografiya institutini tugatgach, men otam bilan birga O'zbekistonda operator assistenti, so'ngra mustaqil kino operatori lavozimida kinoxronikada ishlay boshladim”.

30-yillarning o'rtalariga kelib, mahorati va tajribasi o'sib borgan Sulaymon Xo'jayev o'zi ham katta ishga qo'l urdi. Uzoq urinishlardan so'ng “Tong oldidan” nomli filmni suratga olib tugatdi. Taniqli birinchi o'zbek kinoshunosi Xanjara Abulqosimovaning yozishicha, ushbu film o'zbek kinosidagi birinchi tarixiy filmdir. Tarixdan ma'lumki, birinchi jahon urushi davrida Rossiya har tomonlama katta talafotlarga uchradi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeini ko'tarish maqsadida podsho hukumati mustamlakalari, xususan, Turkistondan yuz minglab tub aholini zo'ravonlarcha Sibir tomonlarga mardikorchilikka yollashni boshladi. Bu farmonga nisbatan Turkistonning turli burchaklarida qonli namoyishlar bo'lib o'tdi, xalq norozilik bildirib, turli mintaqalarda isyonlar ko'tarildi. 1916 yilgi Jizzax qo'zg'oloniga bag'ishlangan ushbu asar orqali film muallifi va sahnalashtiruvchi rejissyor — Sulaymon Xo'jayev juda katta material asosida rus hamda mahalliy amaldorlarning xalqni ezishi tufayli vujudga kelgan isyonning kelib chiqish sabablarini ob'yektiv va xolis ko'rsatmoqchi bo'lgan edi. Film ekranda bir marotaba namoyish etildi, xolos. 1934 yilda film muallifi hibsga olindi. Zamondoshlari bir necha kun avval uni mahalladoshi — Abdulla Qodiriy bog'iga borgani, yozuvchining mashhur shiyponi ostidagi uyda ikkalalari suhbatlashganlari haqida so'zlaydilar. Afsus, ikki o'zbek ziyolisi suhbatlarini kimdir (bu odam keyinchalik mashhur san'atkor bo'lib tanilgan — sharh bizniki — I.R.) eshik ortidan eshitib turganini xayollariga ham keltirmadilar. Balki, bu chaqimchilik kinorejissyorning “siyosiy nodon”ligi masalasiga sira ham aloqasi yo'qdir. Odam bolasi o'z qismatidan qochib qutulolmas, degan gap bor. Lekin fakt shundaki, oradan uch yil o'tgach, 1937 yili birinchi o'zbek kinorejissyorlaridan biri Sulaymon Xo'jayevni filmning yana ikki ijodkori bilan birga Sirdaryo viloyatining “Malik” sovxozida otib tashladilar. “Tong oldidan” filmi uchun tong oldidan…

Otasining qismatini takrorlab…

Hamid Sulaymon 1928-1932 yillarda Moskva davlat kinematografiya institutida o'qib qaytgach, 1932 yilda O'zbekiston madaniy qurilishi ilmiy-tadqiqot institutining adabiyot bo'limida aspiranturada tahsil oldi. 1933-1937 yillar O'zbekiston MK qoshidagi partiya kurslarida o'zbek tili va adabiyotidan dars berish barobarida San'atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining teatr va kinodramaturgiya bo'limi mudiri lavozimlarida ishladi.

Hamid Sulaymon 1935 yili kinofabrikadan ketdi. U mahalliy kadrlarga nisbatan munosabatlardagi nohaqliklarga chidab turolmadi, o'z xohishi bilan ishdan bo'shadi. Bu voqealar otasi qamalganidan so'ng bir yil keyin yuz berdi. “Xalq dushmani”ning o'g'li keyinchalik otasi kasbini davom ettira olarmidi yoki yo'qmi? U bu haqda keyinchalik ham ko'p marta o'yladi, lekin savollari javobsiz qoldi. O'ttiz beshinchi yil esa u Toshkent pedagogika institutining rus va xorijiy kafedrasiga katta o'qituvchi lavozimiga qabul qilindi.

Fozila Sulaymonovaning esdaliklaridan: “Har yili ikki marta o'qishimni sirtdan davom ettirish uchun Toshkentga kelardim. Uchinchi kursda edim. Tekstil tomonda o'qirdik. Bir kuni o'qishdan sherigimsiz kelayotsam, ortimdan birov chaqirdi. Qarasam, baland bo'yli, nihoyatda kelishgan bir yigit men bilan so'rashib: “Ota-onangiz yaxshimi, o'zingiz yaxshi keldingizmi? Ilgari juda kichik edingiz, mana, katta bo'lib, bo'ylaringiz cho'zilib qolibdi”, dedilar. Domla (Fozila opa turmush o'rtoqlarini shunday ataydilar — sharh bizniki — I.R.) meni ikki-uch yildan buyon kuzatib yurar, ochig'i, ko'ngil qo'ygan ekanlar. Yo'lda gaplashib ketdik…

Keyin uyimizga sovchi yubordilar. 1938 yili to'yimiz bo'lib o'tdi. Qaynona oyim: “Hamma “hali ko'rasan, sening o'g'ling ham otasiday o'ris xotin oladi” deb meni kuydirardi. Xudoga shukur, o'zbek ekansiz. Ish bilmasangiz ham mayli, hamma yumushlarni o'zim qilaman. Siz faqat o'qishingizni qiling va Hamidullaga qarasangiz bo'ldi”, deb quvonchlari ichlariga sig'masdi. O'qishdan kelishimga ovqatimni ham isitib tayyorlab berardilar, hamma yumushlarni o'zlari chopib-chopib qilaverardilar…

Bechora oyim — kundosh ustiga kundosh ko'raverib, yuraklari zada bo'lib ketgan kichkinagina ayol meni shunday so'zlar bilan o'pib-quchoqlab qarshi olgandilar. Ustilariga uylansa ham, uzoq muddatli safarlarga borib, tag'in undan qo'sh-qo'sh xotin bilan qaytsa ham, erlarining kimligini yaxshi bilardilar. O'qimaganliklariga qaramay, juda ko'p narsani tushunardilar”.

Bu orada urush boshlanib ketdi. Urushga yaroqli aholining hammasi ona Vatanni dushmandan himoya qilish uchun jang maydonlariga ketdilar, faqat Hamid Sulaymonni urushga olmadilar. Uning taqdiriga “xalq dushmanining o'g'li” degan tamg'a soya tashlab turardi. Yosh o'qituvchi pedagogika institutida dars berishda davom etdi.

Fozila Sulaymonova xotiralaridan: “Qamal paytida Toshkentga kelgan bir guruh leningradlik o'qituvchilar biz — er-xotinni Leningradga aspiranturaga taklif qilishdi. Fan nomzodlari institutda yo'q edi hisob. Ikkimizga bu taklif manzur keldi. Er-xotin urushdan so'ng Leningradga jo'nab ketdik. Domla “Prosper Merime novellalari” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoza boshladilar. Leningrad ikkimiz uchun haqiqiy maktab bo'ldi. Har tomonlama go'zal joylar edi. 1947 yil Leningradda fan nomzodligi ustida ish olib borayotgan domla iloji boricha qo'lyozma fondlariga borar, xalqimizning ma'naviy boyligi bo'lgan kitoblar ustida mutolaa qilganlarida, “Otam — millatchi, xalq dushmani qilinib, nomu nishonsiz yo'q bo'lib ketdilar, agar men xalqim madaniyati, adabiyoti bilan shug'ullansam, hech qachon tinchlik bermaydilar. Shu sababdan men Ovrupo bilan shug'ullandim”, — derdilar armon bilan.

Men ham aspirant edim. Himoyadan so'ng ikkimiz poezdda qaytdik… Biz chiqqan kupeda harbiy kiyimdagi rus kishisi bor edi. U nihoyatda sersavlat, ko'rkam kishi edi. Biz bilan yo'lda chaqchaqlashib keldi. O'g'limiz Sultonjonni (u 1943 yili tug'ilgan — sharh bizniki — I.R.) yaxshi ko'rib qoldi. Dam-badam yo'lakka chiqib, u bilan futbol o'ynab kelishardi. Bu odam biz bilan turli mavzularda suhbatlashib, “Sizlar juda bilimli, zamonaviy ekansizlar, O'zbekistonga hozir ana shunday odamlar kerak. Men Toshkentga borsam, sizlar haqingizda davlat rahbarlariga, shaxsan Usmon Yusupovga albatta aytaman”, dedi. Domla ham, men ham bunga darrov: “Yo'q, biz ilm kishilarimiz, bizga mansab-amal kerakmas, biz kelgusida ham ilm bilan jiddiy shug'ullanishni istaymiz” degan mazmunda rad javob berdik. Bu kishi xayrlashuv oldidan: “Mabodo kerak bo'lib qolsam, mening familiyam — Baskakov” deb qo'limizga bir qog'oz tutqazdi. Toshkentga yetib keldik. Qorong'i edi. Bir vaqt hech kimni poezddan tushirishmasa bo'ladimi?! Toshkentni, uyni sog'inib kelganmiz, yuragimiz hapriqib ketyapti. “Hech kim joyidan qimirlamasin!” degan buyruq berildi. Anchadan so'ng orkestrning ovozi eshitila boshladi. Perron odamga to'ldi. Derazadan pastga qaraymiz. Hammaning qo'lida gullar. Qarasak, poezddan faqat o'sha — biz bilan birga kelgan kishinigina tushirishyapti. Ana mulozamat-u, mana mulozamat. Keyin biz ham — Hamid aka, men va Sultonjon ham poezddan tusha boshladik. Keyin bilsak, bizning hamrohimiz O'zbekiston KGBsining boshlig'i ekan. Ta'tilga uyiga borib kelayotgan ekan. Biz uning ortidan angrayib qarab qoldik. Domla Moskvadan qaytib kelganlaridan so'ng ish faoliyatlarini davom ettirdilar, chet el adabiyotidan dars bera boshladilar. Pedinstitutga prorektor etib tayinlashdi. Bir yarim yil ishladilar, xolos. Bir yarim yildan so'ng domlani qamashdi”.

Bu — xalqlar otasining navbatdagi siyosiy o'yinlari boshlanishi oqibatlari edi. “Aslida, bu qatag'onlarning ilk sharpalari 1948 yiliyoq boshlangan, shu yili VKP(b) Markaziy Komiteti “Zvezda” va “Leningrad” jurnallarining g'oyaviy xatolari haqida qaror qabul qilgandi. Mazkur qaror munosabati bilan nainki Leningrad yoki Moskvada, tom ma'noda butun Ittifoqda, shu jumladan, Toshkentda ham yozuvchi, rassom, kompozitor va olimlar ishtirokida katta bir yig'ilish bo'lib o'tadi. Bu yig'ilish nihoyatda jiddiy ahamiyat kasb etganligidan bo'lsa kerak, unda davlat va jamoat arboblari ham qatnashdilar. O'shanda Ukraina shoiri Sosyuraning “Mening Ukrainam” she'ri milliy mahdudlikda qoralangan edi. Ana shundan keyin O'zbekistonda ham “Sosyura”lar izlana boshlandi”, deb yozgan edi O'zbekiston xalq shoiri Ramz Bobojon “Mening ijodim — mening hayotim” kitobida.

Fozila Sulaymonova xotiralaridan: “1950 yilning noyabri, endigina ishdan kelib turgan edim. Bir zamon uchta kishi kirib kelishdi. Ikki rus va biri — tatar. Kuz payti, shuning uchun oyim qishki taraddud — dudburon, samovar karnay, yana supurgi, xokandozga o'xshash ul-bul narsalar olgani Eski shaharga ketgan edilar. Kelganlar: “Qo'shnini chaqiring — bizga ponyatoy kerak”, deyishdi. Rus qo'shnilarimizni chaqirib chiqdik. Titish boshlandi. Hech qaer qolmadi: namatlarning tagi ham, shiplar-u ko'rpa, ko'rpacha, hatto yostiqlarning jildlarigacha ochib tashlashdi. Hech nima topa olishmadi. So'ng “ketamiz” deyishdi. Haligi rus kishilardan biri: “Eringizga ko'rpa, yostiq, choyshab bering”, dedi. Issiq kiyim-kechaklar ham so'rashganida yuragim orqaga tortib ketdi. Shu bilan domlani olib chiqib ketdilar.

Sovuq tushdi, qish kirdi, domla qamoqda yotganlari haqida xabar oldik. Qamoqxona hozirgi Matbuotchilar ko'chasidagi gazeta-jurnallar redaksiyalari joylashgan binoda edi. Men qamoqqa ovqat olib boraman, navbatda turaman. Inqilob xiyoboni yaqinidagi O'rta Osiyo Davlat universiteti shundoqqina yonginamizda emasmi, ketayotgan talabalarim menga salom berib o'tishadi. Mening nega bu yerda turganimni ular, albatta, yaxshi bilishadi”.

Achchiq xayollar bilan oylar ketidan yillar o'tdi. Ular — Nabi Alimuhamedov, Mirzakalon Ismoiliy, Shukrullo, Shuhrat, Hamid Sulaymon, Mahmud Murodov va Meli Jo'rayev O'zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 66- va 67-qismi bo'yicha jinoyatda ayblanib, yigirma besh yillik qamoq jazosiga tortildilar. Ularning barchalarini aybnomaga imzo chekishga majbur etishgan. Faqat Hamid Sulaymon o'z aybini rad etdi. 1953 yilgacha…

E'tiboringizga O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Davlat xavfsizligi ministri, general-leytenant Drozdeskiy imzosi bilan 1951 yilning 21 iyun kuni tasdiqlangan, bugungi kunda oila arxivida saqlanayotgan ayblov xulosasini taqdim etamiz. Yigirma bir varaqdan tashkil topgan ayblov xulosasida Hamid Sulaymon haqida quyidagi ma'lumotlar bor: “Hamid Sulaymon — “Milliy Ittihod” kontrrevolyutsion tashkilotining surgun qilingan qatnashchisi o'g'li.

O'zining sovetlarga qarshi g'oyalari bilan 1937 yilgacha burjua millatchilari Otajon Hoshimov, Nuri Alimov va Husanxo'jayevlar bilan mustahkam aloqada bo'lgan. Shuningdek, Sulaymonov 1937 yilgacha Toshkent pedagogika institutida faoliyat yuritgan antisovet millatchilari tashkiloti qatnashchisi sifatida burjua millatchisi Inom Mirzayevga topshiriqlar berib turgan. Ulug' Vatan urushi va undan keyingi yillarda H.Sulaymonov A.Alimuhamedov bilan birgalikda qator suhbatlarda partiya va Sovet hukumatiga tuhmatlar qilgan, sovet voqeligi xususida bo'htonlar uyushtirgan. 1942 yilning kuzida Sulaymonov Alimuhamedov bilan suhbatda o'zbek xalqi Sovet hukumati davrida ezilib yotgani haqidagi fikrlarni bildirgan. Xuddi shu yillar Murod Umarov bilan bo'lgan suhbatda Sulaymonov VKP(b) va Sovet hukumati siyosatiga bo'htonlar qilgan va SSSR ziyolilar haqida qayg'urmasligini bildirgan.

Ulug' Vatan urushidan so'ng Sulaymonov A.Alimuhamedov bilan pedagogika institutida o'zbek millatiga mansub bo'lmagan o'qituvchilarni ishdan chetlashtirgan. 1946 yili M.Umarov bilan suhbatda Sulaymonov Sovet Ittifoqida yashaydigan mehnatkashlarning hayoti nihoyatda og'irligi, holbuki, kapitalistik mamlakatlarda barcha shart-sharoitlar inson uchun muhayyo ekanligini aytgan. Shunda Sulaymonov sovet hukumatining kartochka sistemasini bekor qilgani haqidagi qarorini yomonlagan.

1947-49 yillarda Sulaymonov Alimuhamedov bilan birga O'zSSR Maorif Vazirligining oliy o'quv yurtlari o'zbek guruhlarida rus va xorijiy adabiyot darslarini o'zbek tilidan rus tiliga ko'chirish haqidagi qaroriga qarshi chiqqan. Qo'yilgan ayblarga Sulaymonov o'zini aybdor deb hisoblamaydi”.

1953 yili Hamid Sulaymon Sibirga jo'natiladi. Endigina o'ttiz yoshdan oshgan, “o'qiyman, ishlayman” deb yurgan ziyoli ayolning og'zi oshga yetganida yuz bergan bu voqea uning qaddini bukib qo'ydi. Adolatsizlik suyak-suyagidan o'tib ketganidan tunlari azob bilan to'lg'onar, eriga nisbatan yuz berayotgan haqsizlik ko'nglida tubsiz isyonga aylangandi. U Leningraddan Toshkentga kelayotganlarida ularga poezdda hamrohlik qilgan — DMXX rahbari Baskakov huzuriga bosh urib bordi, lekin masala shu qadar jiddiyligi sababli bu odam ham oilaga zarracha ham ko'mak bera olmadi. Shundan so'ng To'xtaxon aya bilan birga Moskvaga, Sovet hukumati rahbarlari — N.S.Xrushchev, V.M.Molotov, K.E.Voroshilovlar nomiga ariza jo'natdi.

Toshkent shahrining Parovoznaya ko'chasi, 12-uyda yashaydigan To'xta Sulaymonova farzandi — 1910 yilda tug'ilgan, 1946 yildan buyon KPSS a'zosi, filologiya fanlari nomzodi Hamid Sulaymon ustidan qo'yilgan ayblov haqida achchiq iztiroblar bilan ariza yozarkan, o'g'lini davlat xoini sifatida ayblab, yolg'on ko'rsatmalar bergan shaxslar haqida ob'yektiv va ishonarli xulosalarni keltirdi. Ushbu arizani o'qigan odam bu jarayonlarda ishtirok etgan odamlarni xayolan ko'z o'ngiga keltirmoqchi bo'ladi. Holbuki, odamlar emas, davr munofiq edi. Har qanday zo'ravonlik ko'rsatib bo'lsa-da, odamlardan kerak bo'lganida inson emas, balki bo'ri, tulki, ayg'ir yasay oladigan, ularni bir-biriga qarshi qo'yishga nihoyatda ustasi farang sho'ro siyosati o'z dushmanlarini harfni harfga urishtira olmaydiganlar emas, o'qimishli, ziyoli odamlar orasidan izlagani alam qiladi, albatta.

Ariza olti varaqdan iborat. Unga eri nom-nishonsiz yo'q bo'lib ketgan, arafada bu taqdirga o'g'li munosib ko'rilayotgan, bundan qalbi achchiq zardobga aylangan ayolning imzosi qo'yilgan edi. Qancha umid to'kilgandi unga. Afsus! Ko'p o'tmay Moskvadan javob xati oldilar. Yarim varaq qog'ozda Hamid Sulaymon ishi qayta ko'rilmasligi, u haqiqatan ham jinoyatchi ekanligi haqida qayd mavjud edi.

Bir qatorgina javob…

Fozila Sulaymonova esdaliklaridan:

“1954 yil. Bahor keldi, xabar yo'q. May oyida gilos pishgan payti Chuna degan shahardan xat keldi. Bemalol xat yozish mumkinligini o'ylab, shunga ham xursand bo'ldik. Domlani Uzoq Sharqning eng chekka burchaklaridan — Chuna degan shahardagi qamoqxonaga yuborgan ekanlar. Bu yer SSSRning turli burchaklaridan kelgan mahbuslarning joyi ekan. Nafaqat siyosiy, balki har xil o'g'rilik, talonchilik bilan qamalganlar ham bor ekan. Tursunboy degan o'zbek yigit o'zlari bilan olib borgan ko'rpalarini ko'rib, yig'lab yuboribdi. Darrov domla ko'rpaning yarmini pichoq bilan unga kesib beribdilar”.

Hamid Sulaymonning ziyoli, nozikta'b inson ekani ham bu yerlarda umuman inobatga olinmadi. Uning qo'liga belkurak va zambil berdilar. Adabiyotshunos olim go'rkovga aylandi. Sovuq ob-havo, ta'minotning haddan ziyod yomonligi, oziq-ovqat yetishmasligidan yuzlab odamlar vafot etishar, ularni mahbuslar o'rmonga olib borib ustma-ust taxlab kelaverishar, murdalar soni biron yuztaga yetganida, Hamid Sulaymonni ularni ko'mishga yuborishardi. Go'rkov avval olov yoqib, qor eritar, keyin muzlab yotgan yerni ming azob bilan kovlab, odamlarni ko'mardi. U — inson bo'lib tug'ilib, insondek yashash va o'lish nasib etmagan, qadr topmagan — dini, millati turlicha bo'lgan bu sho'rliklarni musofir tuproqqa joylarkan, hech bir urf-odatsiz ustma-ust ko'mib tuproq tortayotganidan qattiq azob chekar, yig'lar: “Ey, parvardigor, senga nima yomonlik qilgan edimki, meni shu ahvolga solding?” deb xudoga iltijo qilardi. Kunlardan bir kuni Hamid Sulaymon ishdan qaytgach, tahorat olib, namoz o'qidi va uyquga yotdi. Tush ko'rdi. Tushida bir go'zal bog' emish, gullar ochilgan, bulbullar sayragan. Hazrat Navoiy bog' ichida turganmishlar… Terlab-pishib uyqudan uyg'ondi, so'ng ertasiga kun bo'yi bu tushning mag'zini o'ylab ketdi. “Axir men o'z millatim adabiyoti, madaniyati qolib, o'zgalarning adabiyoti bilan shug'ullanmadimmi?” deb afsus chekdi. So'ng: “Agar shu do'zaxlar kulfatidan eson-omon chiqsam, umrimning qolgan qismini Navoiyni o'rganishga bag'ishlayman”, deb o'ziga-o'zi so'z berdi.

Fozila Sulaymonova xotiralaridan:

“1953 yil. Stalin o'ldi. Beriya otildi. Domlaga o'xshaganlarning hammasi Beriyaning xatti-harakatlari tufayli ekan. Men vaziyatni ana shu tarzda baholadim va oyim bilan maslahatlashib, Moskvaga jo'naydigan bo'ldim. Moskvaga borib, Pushkin ko'chasida joylashgan Davlat Xavfsizlik xizmatiga kirdim. Erimning taqdiri, uning nohaq qamalgani haqida tashkilotdagilarga ma'lum qildim. “Sizga o'xshaganlar juda ko'p, navbatga turing. Million-million odamlar qamalgan, bizga murojaat qilayotganlarning orti ko'rinmaydi. Navbatga yoziling-da, kuting”, deyishdi. Moskvada hech kimim yo'q edi, Leningradda, har qalay, tanishlarimiz bor, o'sha yoqqa jo'nashimni aytib, ularga qo'ng'iroq qiladigan bo'ldim. Leningradga ketdim. Kunora Moskvaga telefon qilaman. Bir oycha vaqt o'tgach, “O'rtoq Sulaymonova, navbatingiz yetdi. Ertaga sizni qabul qilamiz”, deyishdi. Uzun koridor, odamlar stulda o'tirib navbat kutib o'tirishibdi. Hammalarining ko'zlari ichiga tushib ketgan, horg'in, hayotdan ezilib ketgan odamlar. Bir odam kirib ketadi, uni soatlab kutamiz, ikkinchisi kirib ketadi, yana shuncha. Men bir necha kundan buyon ochlik azobini tortib, suv ham totmaganman, bir mahal o'zimdan ketib qolibman. Darrov suv ichirib, hushimga keltirishdi. Devorga suyab qo'yishdi. Bukchayib kutganman. Ancha vaqt o'tgach, “Kiring, navbatingiz yetdi”, deb ichkariga chaqirishdi. Xoxlov degan odam o'tirgan ekan. Juda yaxshi odam ekan. O'rnidan turib, yonimga keldi: “Singlim, sizning hujjatlaringizni o'qidim. Eringiz Hamid Sulaymon aybsiz ekan”, dedi. Ko'zlarim yarq etib ochilib ketdi. Yig'lab yubordim. Lekin o'rnimdan turolmaganman. “Tez yordam”da olib ketishgan.

Jigarlarim bu azoblardan ezilib ketgan ekan.

Yigirma yetti yil azob chekdim…”

1955 yili edi. O'n ikki yoshli Sulton daraxtga chiqib varragini olib tushayotganda, bir payt eshik ochilib, dadasi kirib keldi. Egnida fufayka. Bola avval angrayib turdi, ko'zlariga ishonmadi. So'ng daraxtdan sakrab tushdi. “Dada, dadajon!” deb otasining bo'yniga osildi. Ota-bola bir-birlarini qo'yib yuborishmasdi. O'g'ilning birinchi bo'lib so'ragan savoli quyidagicha bo'ldi:

— Dada, sizni qo'yib yuborishdimi? — dedi u.

— Ha, — degan javobni eshitdi otasidan, — Endi ozodman, o'g'lim, endi doim birgamiz. Oying qani? Buving, Rustamjon…

Uy darrov odamga to'lib ketdi.

Hamma Hamid Sulaymonni quchoqlar: odamlar yig'lab kulardilar, kulib yig'lardilar.

Fozila Sulaymonova xotiralaridan:

“Qamoqdan sariq kasalini yuqtirib kelgan ekanlar. Uzoq davolatdik. Yaxshi bo'ldilar. Rosa bir oy mehmon kutdik, shogirdlari to'da-to'da bo'lib kelishdi. Keldi-ketdilardan bo'shab, domla endi ishga tushay degandilar, lekin “xalq dushmani” deb hech kim ularni ishga olmadi. Noilojlikdan o'ylay-o'ylay, Moskvaga ketdilar… Moskvada Yevgeniy Eduardovich Bertels bilan uchrashib, ilmiy ish uchun Navoiydan mavzu olib keldilar.

Men shu paytgacha katta oiladagi yagona boquvchi edim. Domla qaytgach esa darslarimni kamaytirib, to'xtab qolgan nomzodlik ishini tezlatib yubordim”.

1956 yilning 1 aprel kuni Hamid Sulaymonni Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutiga qabul qildilar. O'sha kuni oilada ham shodiyona yuz berdi — Fozila qizaloqli bo'ldi. Bu 1950 yil kuzida yuz bergan ulkan fojialardan so'ng oilaga yana baxt, xotirjamlikning qayta eshik qoqib kirishi edi. Qizaloqqa Zuhra deb ism tanladilar. Endigi hayot, albatta, avvalgisidan farq qilardi. Odam “borsa-kelmas” joylardan kelganida, hayotni yanada e'zozlarkan, qolaversa, “xalq dushmani” degan tamg'ani besh yil ko'tarib yurgan odam uchun yashashning o'zi ham oson ish emas! 1956-1961 yillar Hamid Sulaymon uchun kurashu izlanishlarga to'la yillar bo'ldi. U juda katta kuch va muhabbat bilan hazrat Navoiyning “Xazoyinul-maoniy” asarini to'plashga muvaffaq bo'ldi. 42 ming misradan iborat to'rt tomlik bebaho asar jamlandi. 1957-1958 yillarda Hamid Sulaymon Sovet Ittifoqining sharq qo'lyozmalari mavjud bo'lgan shaharlarini (Leningrad, Dushanbe, Boku, Yerevan, Tbilisi, Olmaota, Ashxobod, Frunze, Buxoro, Samarqand, Xiva, Farg'ona va boshqalar) kezib, barcha akademiya va universitet fondlari, ilmiy muassasalar hamda shaxsiy kutubxonalarda — Toshkent fondlarini qo'shib hisoblaganda, shoir qo'lyozmalarining 1200 dan ortiqrog'ini hisobga olib chiqdi. U Navoiy qo'lyozmalari London, Oksford, Kembrij, Berlin, Myunxen, Parij, Rim, Upsala, Nyu-York, Filadelfiya, Rim, Vatikan, Anqara, Tehron, Urumchi, Pekin, Kobul, Dublin shaharlarida saqlanayotgani, so'nggi manbalarga qaraganda, ular ikki mingdan ortiqligini bilar, ularning nusxalari va filmokopiyalarini O'zbekistonga keltirishni orzu qilardi.

1961 yili Hamid Sulaymon Alisher Navoiy lirikasi xususida doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu uning o'ziga nomardlik qilgan davr ustidan juda katta va muhim g'alabasi edi.

Navoiyni izlab…

1963 yili O'zSSR Badiiy Adabiyot nashriyotida Oybek, G'afur G'ulom, Vohid Zohidov, Aziz Qayumov, Hamid Sulaymon, Porso Shamsiyev, Hodi Zarif, Ramz Bobojon tahririda Alisher Navoiyning o'n besh tomlik asarlari nashr etilishi boshlandi. Kitobning ilk sahifalarida akademik V.Zohidov, so'ng uni nashrga tayyorlovchi Hamid Sulaymonning so'zboshisi bor. Jumladan, Hamid Sulaymon Navoiy asarlarining manbalari haqida shunday yozadi: “Qadim zamonlarning barcha mutafakkir olim va shoirlarining meroslari singari Alisher Navoiyning asarlari ham bizgacha qo'lyozmalar holida yetib kelgan. Navoiy merosini nashrga tayyorlashda yagona manba shoir asarlarining qadimiy qo'lyozma nusxalaridir. Modomiki shunday ekan, har bir kitobxonda darhol savol tug'iladi — Navoiyning o'z qo'li bilan yozilgan muallif originallari (avtograflari) saqlanganmi, yo'qmi? Javob bitta — yo'q! Qora qilingan qog'oz parchalarining besh yuz yil davomida saqlanib, bizgacha yetib kelishiga aql bovar qilmaydi”.

“1968 yil. Parij. Professor Hamid Sulaymonov fransuz milliy kutubxonasi direktori janob Deneri huzuriga kirdi, maqsadini aytdi. Direktorning qovog'i solindi. “Bu dargohdagi qo'lyozmalar shu qadar bebahoki, uni hatto ko'rishga ham ruxsat eta olmayman”, — dedi u qat'iy.

Kutubxonaga kirish amrimahol bo'lib qoldi.

— Janob, biz sizlarning adabiyotingiz, madaniyatingizni ixlos bilan tashviq qilamiz… Siz esa ota-bobolarimiz qoldirgan ilm xazinalaridan bahra olishga ham imkon bermayapsiz! — dedi o'zbek olimi.

Direktor olimga hayratli tikildi:

— Gap nima haqida boryapti?

— Mana, men Merimening ajoyib hikoyalari bo'yicha nomzodlik ishi yozganman. Rafiqam ham Stendal haqida kitob yozgan…

Direktor qo'ng'iroq tugmasini bosdi, darhol kirgan kotibaga shu kitoblar haqida to'la ma'lumot berilishini topshirdi. Kotiba xiyol o'tmay, oltin patnischada bir kitob keltirib tutdi. Bu kitobni Sulaymonov darrov tanidi: u Fozila Sulaymonovaning mazkur asari edi. Hayratdan chehrasi yorishib ketgan direktor professor Hamid Sulaymonga kutubxonadan istagancha foydalanish uchun ijozat berdi”, deb yozgan edi “Saodat” jurnali 1981 yil 11-sonida.

Hamid Sulaymon 1486 yili Navoiy barhayot paytida ko'chirilgan “Badoyi' ul-bidoya”ning qadimiy nusxalari, jumladan, Parij milliy kutubxonasida № 746-inventar bilan saqlanuvchi 1480 yilda ko'chirilgan qo'lyozma hamda Britaniya muzeyidagi 3401-inventariga ega bo'lgan 1482 yilda ko'chirilgan qo'lyozmalar, Sankt-Peterburgdan “Ilk devon”ni ham Toshkentga keltirdi.

…1979 yil 8 iyul kuni qancha-qancha orzu, rejalar bilan yashayotgan ulug' insonning yuragi urishdan to'xtadi. Jonkuyar olim, navoiyshunoslik, san'atshunoslik, sharqshunoslik ilmining yirik arbobi Hamid Sulaymonov bilan vidolashuvga yig'ilganlar o'sha kuni mislsiz iroda va jasoratning shohidi bo'ldilar. Fozilaxonim erining tobuti tepasida hammaga ibratli so'zlarni aytdi. Hamid Sulaymonning xalqqa, Vatanga, fanga muhabbati, e'tiqodidan so'zladi. Uning yaqin yillarda amalga oshirishi kerak bo'lgan dil to'la rejalaridan so'zladi.

1979 yil 18 sentyabr kuni O'zbekiston KP Markaziy Komitetining Birinchi sekretari Sharof Rashidov imzosi bilan professor Hamid Sulaymon xotirasini abadiylashtirish to'g'risida 672-son qaror e'lon qilindi.

O'zbekiston Kommunistik partiyasi va Ministrlar Soveti filologiya fanlari doktori Hamid Sulaymonovich Sulaymonovning filologiya fanini rivojlantirish, sharq xalqlarining badiiy qo'lyozmalari va kitob san'atining noyob nusxalarini to'plashdagi ulkan xizmatlarini hisobga olgan xolda, O'zbekiston FAning Qo'lyozmalar institutiga uning nomi berildi.

1979 yil 9 noyabrdagi qarorga muvofiq o'zbek adabiy tarixiga oid ilmiy tadqiqot ishlari turkumi uchun filologiya fanlari doktori Hamid Sulaymonovga (vafotidan keyin) Abu Rayhon Beruniy nomidagi O'zSSR Davlat mukofoti berildi.

Mustaqillik yillarida Hamid Sulaymonning xizmatlari “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga loyiq ko'rildi.

Bugun buyuk olim, o'zbekning jafokash va mard o'g'lonining farzandlari otalari Hamid Sulaymon nomiga qo'yilgan ko'chada yashaydilar…

Ilmira RAHMATULLAYEVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − twelve =