“O'qing Anvar qori, o'qing, birodar…”
Ko'zimga yosh keldi… Rosti, anchadan beri televizor orqali ko'rgan narsamga yig'lamagan, nafaqat yig'lamagan, hatto shunchaki, ta'sirlanmayotgan ham edim. Kuni kecha Prezidentimiz Toshkent shahrining Shayxontohur tumanini aylanganida aholining, ayniqsa, nuroniylarning ayrim teleko'rsatuvlar haqidagi ochiq fikrlari, chora ko'rilishini so'rab murojaat qilganlarini ko'rib qo'limga qalam oldim.
Darhaqiqat, bir qancha xususiy telekanallardagi bachkana namoyishlar (ko'rsatuv deyishga til bormaydi) o'zini hurmat qilgan odamlarning asabini qaqshatib bo'ldi. Juda yengil-elpi, yuzaki shoularning umri bo'lmaydi. Lekin hozir so'zimiz bu haqda emas. Ko'pchilikka, yurakka esh bo'lguvchi ko'rsatuvlar haqida.
Yaqinda “Mahalla” telekanali orqali namoyish etilgan “Siyrat” ko'rsatuvi Anvar qori Tursunovga bag'ishlandi. Ushbu ko'rsatuvni tomosha qilib, tom ma'noda yayradim, ana o'shanda yig'ladim. Yana bir bor o'zbek xalqining “Xotira”si naqadar kuchli va mustahkam ekanligiga ishonch hosil qildim. Televidenieda Inson, Yaxshi Inson yodini xotirlash va bu orqali yana bir bor teletomoshabinlarga tarbiya, ma'naviyat va ma'rifat nurlarini singdirish mahorati jurnalist yondashuviga bog'liq. Ushbu ko'rsatuvni jurnalistikaga xos balandparvoz, bo'rttirilgan gaplar bilan maqtash, alqash niyatim yo'q. Ammo ko'rsatuv mavzusi, unga tanlangan ishtirokchilar, aytilayotgan har bir gapning oldi-qochdi “navbatchi” so'zlardan emas, balki aniq faktlarga tayangani, fondagi musiqa, tasvirorti matnini o'qigan ovoz, xotiralarning eng sara va eng go'zallari tanlab olingani yaqqol ko'zga tashlandi. Jurnalist Ikrom Choriyev o'zining Anvar qori Tursunov bilan televidenieda olib borgan uzoq yillik hamkorligi, faoliyati bilan bog'liq xotiralarini ko'rsatuvning o'q chizig'i qilib belgilagan. Ko'rsatuv davomida qahramonning (o'zbek millatining) oddiy onasi, farzandidan tortib haqiqiy vatanparvar, millatparvar ulamo-yu, olim-fozillarning betakror xotiralari, fikrlari keltirilgan. Ayniqsa, jurnalistning: “Qori aka Olloh taoloning oshig'i edi. Uning diydorini mushtoqi edi. Biz o'zaro suhbatlarimizda juda ko'p bu voqeaning guvohi bo'lganmiz. O'zi haqiqiy va'liy zotlar, Ollohga muqarrab zotlar faqat Uning diydorini tilab yashaydi. Qori aka shunday yashadi. Olloh taolo qori akamni murodiga yetkazgan bo'lsin!” deb qahramonning butun umrlik e'tiqodi, orzusi, tilagiga naqadar ehtiyotkorlik va hurmat bilan yondashganini ko'rishimiz mumkin. Ko'rsatuv yutug'idagi yana bir topilma, uning yakunida o'zbek millatining ikki zabardast ijodkori, olimining o'zaro bog'liqligi va ulug'vorligi, faoliyati bir nuqtada mujassam etilganidadir, ya'ni, “Siyrat” ko'rsatuvining Anvar qori Tursunovga bag'ishlangan soni Abdulla Oripovning aynan qori akaga atab yozilgan she'ri shoir tomonidan o'qilishi bilan yakunlanganligida. Naqadar xijolatmanki, ulug' shoirimiz bunday she'r yozganlarini ana shu ko'rsatuvni ko'rib bildim. Mana o'sha she'r:
TAVALLO
O'qing Anvar qori, o'qing, birodar,
Muqaddas Qur'onning oyatlaridan.
Ruhimga tinimsiz yog'dular yog'ar,
Cheksiz samovotning qavatlaridan.
O'qing “Fotiha”ni, o'qing “Yosin”ni,
Tavba eshiklari ochilsinlar lang.
Tazarru deb biling ko'zda yoshimni,
O'qing, barchamizga shafoat tilang.
O'qing, bor gunohlar butkul to'kilsin,
Arshgacha yuksalsin savobning haddi.
O'qing yovuzlikning beli bukilsin,
Toki ezgulikning rost bo'lsin qaddi.
Insonni ming yillar jaholatidan
Asliga qaytargan iymon-ku axir.
O'qing, ilohiy so'z haroratidan
Erisin hattoki tosh qotgan bag'ir.
O'qing, zarra g'ubor qolmasin dilda,
Kunduz quyosh guvoh, tunda guvoh oy.
Mo'minlar qatori o'sha manzilda
Bormikan menga ham tangachalik joy..?
Yana shuni aytmoqchi edimki, O'zbekistonning hozirgi zamonaviy teleradiomakonida, aniqrog'i, axborot makonida tanlash imkoniyati bor. Inson o'zida nimaga ehtiyoj his qilsa, shunga intiladi. Biroq bunda yoshlarni to'g'ri yo'nalishga yo'llab turish kattalarning vazifasi hisoblanadi. Men, O'zMTRK tizimidagi bir qaraganda uncha zamonaviy bo'lmagan, shov-shuvli (yuzsiz, behayo, shovqinli, milliy mentalitetga zid) shoular-u, turfa xil ajnabiy seriallardan holi “Mahalla” teleradiokanalining borligidan xursandman va unda o'z yondashuviga ega jurnalistlar faoliyat olib borayotganidan faxrlanaman.
Manzura FAYZIYEVA,
jurnalist