O'qishga vaqt yo'qmi?

Qachon, qay payti olis qishloqqa bormay, qo'shni xola,   ustiga to'rt-beshta qog'oz konfet va parvarda qo'yilgan nonni ko'targancha, meni yo'qlab, kirib keladi.

Enam: “Egachi, qo'ying, nima qilardingiz ovora bo'lib…”, de­yishiga qaramay, ilinjini kenja kelinimiz qo'liga tutqazadi.

— Ha, kimsan, o'zimizning gazetchi bolamiz kelibdi. Shaharda Payshanbaning parvardasi nima qilsin! O'zimizning tandir nonni ham sog'ingan-da, — deya qo'yardan-qo'ymay, astoydil hol-ahvol so'ray ketadi.

Men ham quyuq salomlashaman. Ammo qo'shni xola, gap mavzusini boshqa tomonga burib, “Meni “zakazim” qani? Olib keldingmi?”, dey­di yon-atrofga qarab.

Enajonim esa qo'shni xolani tezroq sevintirgisi kelganday mendan oldin javob beradi:

— Egachi, hech xavotir olmang, aytganingizni olib kelgan. Sumkasida turibdi…

Qo'shni xolani ko'p mahtal qilmay sumkamdagi gazetalar o'ramini olib, xolaga uzataman.

Xola bir hovuch boylik topganday sevinib ketadi.

— Bilsang, boboning ham dorilbaqoga ketganiga o'ttiz yilcha bo'lib qoldi, — deydi ko'zidagi ko'z oynagini qo'liga olgancha. — O'zi, bama'ni va kamsuqum, buning ustiga mendan ko'ra, gazeta va jurnallarni sevguvchi, erinmasdan o'qib,   qo'ni-qo'shniga, birinchi navbatda, menga gazetadagi yangiliklarni aytib yurguvchi kishi edi. Xudo o'z rahmatiga olgani rost bo'lsin.

Shu-shu mening ham   gazeta va jurnallarga mehrim tushib qolgan. O'qimasam turolmayman.

Bir tomonda,   jilmaygancha qarab turgan enam   gapga qo'shiladi:

— To'g'ri aytyapti, bu qo'shniga televizor ham, radio ham kerakmas. Gazeta va jurnal bo'lsa bo'ldi. Rahmatli cholidan qolgan gazeta va jurnallarni qimmatbaho matoni asraganidek, haligacha sandig'ida asraydi.

— Zap ish qilibsan-da, — deydi xola, qo'lidagi gazetlardan ko'zini uzmay.

— Bilasanmi, — deydi enam. — “Bu gazetchi bolam qachon kelarkan”, deb xolang yo'lingga qaragani qaragan. Qachon ko'rmay, tinmay so'rab turadi.

Xola picha noliganday so'zlay ketadi: — E, bolalarimga, nabiralarimga ko'p aytaman, gazeta olib kelinglar deb. Qayoqda, topib olgan bahonalarini qara. Hozir oldingidek, “gazet do'kon”lar yo'q emish. “Sizga gazetani qaerdan olib kelamiz? Undan ko'ra televizorni ko'ring, radioni eshiting!” deyishadi omon bo'lgurlar.

Qo'shni xolaning gapida jon bor. Hozir zamon avvalgidek emas. Ancha rivojlanib, ancha oldinga odimlab ketgan. Gazeta va jurnal, hatto kitob o'qiydiganlar soni ko'paymay, kamaygan. Bu esa gazetalar adadining kamayishiga, nashr ko'rsatkichlarining borgan sari tushib ketishiga olib kelmoqda.

Bilamizki, nashrlar adadi obunaga bog'liq. Obunalar sustligi tahririyat xarajatlarining qoplanmay qolishiga, avvallari katta adadda chop etilgan nufuzli gazetalarning ham mavqei tushishiga, qolaversa ayrim nomdagi gazeta-jurnallarning yopilishiga olib keldi.

Buning ustiga qishlog'imdagi qo'shni xola singari “gazeta o'qirman”lardan ko'ra “gazetani yo'q qilarman”lar oramizda ko'payib ketdi. Topib olgan gaplariga qarang, nima emish, ma'lumotlarni televizoru radiodan, internetdan, “shapaloqdek” telefonlardan olishayotganlari qulay va yetarli emish!..

Shu ham gap bo'ldimi?!

Yaqinda xizmat vazifasidan kelib chiqib, katta bir boshqarmada bo'ldim. Qabulxonadagi stol ustida turgan qator gazetalar jamlanmasini ko'rib, quvondim.

Ammo bu quvonchim uzoqqa cho'zilmadi. O'tgan yil ham ushbu boshqarmadagilar bir qancha gazetalarga obuna bo'lishgan ekan. Bu yil ham. Lekin   gazetalarni o'qigan, jilla qursa, ularni varaqlab ko'rgan odam yo'q emish.

— Sizga kerakmi? Unda olib ketavering, — deydi rahbar qabulxonasida   qo'lidagi telefonidan ko'z uzmagan kotiba qiz.

Bu gapdan yuragim og'ridi. Bir so'z deyish befoyda edi. Indamay bir dasta gazetani olib chiqib ketdim. Mana, qo'shni xolaga olib borib berdim.

Boshqarmadagilar o'zlari uchun keraksiz gazetalardan xalos bo'lishganidan quvonishsa, qishloqdagi qo'shni xola esa ana o'sha gazetalarga ega bo'lgani uchun suyunib, uzundan-uzun duo qildi. “Gazetchilar, gazetani chop etayotganlar, uni elga yetkazib berayotganlar omon bo'lsin” dedi onaxon.

Endi gazetalarga kelsak, muhimi, gazetalar adadi kam bo'lsa-da chop etilmoqda. Unda e'lon qilinayotgan bir-biridan rang-barang maqolalarni qo'shni xoladek sevib, mutolaa qiladigan, uni ko'z qorachig'idek avaylab-asrab,   qayta-qayta o'qiydigan o'qirmanlar baribir kam emas.

Ammo yuqorida bir boshqarmani bejiz misol qilib keltirmadik. Bugun katta-kichik rahbarlarni qo'ya turaylik, o'zini ziyoli deb bilguvchi ming-minglab odamlarning qo'liga gazeta ushlamaganiga bir necha o'n yil bo'lgandirov.

Biri o'qituvchi — dorilfununda, yana biri maktabda. Ishlari — ta'lim-tarbiya bilan bog'liq. Lekin gazeta-jurnal o'qishmaydi.

Hamma taniydi. Mashhur shifokor. Ammo… matbuotni o'qishga ularning ham “vaqti yo'q”. Yana birov muhandis, o'z kasbining ustasi. Lekin, o'qimaydi. Boshqa birov katta olim. Ilmiy ishlar bilan mashg'ul. Afsuski, birorta gazetaga yo jurnalga obuna emas…

Qiziq, odamlarga nima bo'ldi, nega bu qadar matbuotdan uzoqlashib ketishdi? Sabab ne?

Yaxshi eslaymiz. Bir paytlar bir xonadonga 4-5 nomdagi gazeta-jurnal borar edi. U ziyoli bo'lsin, yo oddiy dehqon, o'qir edi hamma. Bugun-chi, bugun hammaning vaqti yo'q. Yoshu qarining qo'lida yapaloqdek telefon. Unda esa hamma narsa bor. Ijtimoiy tarmoq degani o'rgimchak to'ridek barchani o'z domiga tortib olgan.

To'g'ri, bu borada ko'p gapirish mumkin. Matbuot nashrlariga obuna narxi bo'lsa juda qimmat. Ammo… bu bahona bo'lolmaydi. Internet deganlari matbuotning o'rnini baribir bosa olmaydi. Shu bois, qaytish kerak matbuotga. Ma'naviyat sarchashmalariga baribir qaytish shart.

Lekin… aytsak gap ko'p. Bu muammolar ham kun kelib o'zgararmikan degan ilinj bor yurakda.

Tahririyat xodimlari esa, bir zum bo'lsa-da to'xtashmay, ayni payt­­da ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan, maza-matrasi yo'q xabarlardan farqli o'laroq yaxshi maqolalar chop etishda davom etaverishlari kerak.

G'ulom PRIMOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =