Talabalar nigohida: Maktabni sog'inib…
Maktabni sog'inib…
Maktabni bitirganimga ham ikki yil bo'libdi. Sinfdoshlar bilan o'tgan kunlarim kechagidek yodimda. Sinfdoshlarim mening go'yo ikkinchi oilam edi. Biror bir fan o'qituvchisi kelmay qolsa butun maktabni boshimizga ko'tarib xursandchilik qilardik yoki sport zaliga borib to'p o'ynardik.
Bir marta iqtisod fani o'qituvchimiz majlis borligi uchun kelmadi. Biz esa har doimgidek shovqin qilib o'tirgandik, “zamdirektor” kelib qoldi. Bu qilig'imiz uchun barchamiz jazolandik ya'ni yuz marta o'tirib turdik. O'sha kundan keyin naq bir hafta oyog'im og'rigandi. Sinf rahbarimiz ona tili va adabiyotdan bizga dars o'tardi. Atayin ularning darsiga muammo tayyorlab turardik. Qirq daqiqa vaqtimiz unga yechim topish bilan o'tib ketardi.
Darslardan qochish bu mening odatimga aylanib qolgandi.
Bir kuni darsga birato'la bormadim, o'qituvchim telefon qilganida shamolladim deb aldadim bu kunisiga esa rostdan ham kasal bo'lib qoldim. O'qituvchimiz shunday degandi: “Maktab davrlari qadrli bo'ladi, bitirib ketgandan keyin bu sinfga kirishni, partalarga o'tirishni xohlasangiz ham ruxsat berilmaydi”.
Ha, afsuski shunday ekan, sinfdoshlar bilan bir sinfda o'tirishni shu qadar sog'inganmanki. Qaniydi qaytadan maktab o'quvchisi bo'lib qolsam. Endi darslardan sira qochmasdim, biror bir fan o'qituvchisi kelmay qolsa shovqin qilmasdim. Afsuski bu davrlar qaytmaydi…
Daydi itning hikoyasi
Mening boshpanam yo'qligi sababli ko'chalarda istiqomat qilaman. Yolg'iz bo'lsam ham mayliydi-ya. Biroq men bilan uch bolam sargardon. Odamlarga hayronman. Nahot, keng va katta bo'lgan uylaridan, torgina joy topilmasa. Aslida odamlarning uylarida emas, qalblarida bizga joy yo'q. Bolalarim ovqat so'radi, axlat titib ularga yegulik olib keldim. O'zim yemasam ham ularning qorni to'ysin dedim. Buni qarangki, birdaniga bolalarimning rang-tusi o'zgara boshladi. Qarasam, yegulikda zahar bor ekan.
Men odamlarning oldiga yordam so'rash uchun yugurdim. Ular vovullaganim uchun menga tosh otishdi. Ular meni qayoqdan ham tushunishardi. Bir kishi orqamdan tosh otdi. Tosh-ku menga tegmadi, biroq yuragimga ozor berdi. Qaytib kelsam uch bolam o'lib bo'lipti. Men uchun endi bu hayotning qizig'i qolmadi. O'sha yegulikdan yedim, samolarga tikilib o'zimga o'lim tiladim. Hech bo'lmaganda o'lim meni bolalarim bilan yaqinlashtirar. Ammo bo'lmadi, samolar ham menga o'limni ravo ko'rishmadi. Yana yashashda davom etdim. Inson bolalarini ko'rganimda, o'z bolalarim ko'zimga ko'rinib ketadi. Bir kuni bir bola menga yegulik olib keldi. Qornim ochligi tufayli darhol paqqos tushirdim. Ammo nimadir bo'g'zimga tiqildi. Negadir yonib ketyapman. Katta ko'l tomon yugurayotgan paytimda bir qizaloq meni ko'rib cho'chib, suvga tushib ketdi. U jon talvasasida qichqirardi. Ko'z oldimga bolalarimning dodlashi ko'rinib ketdi. Darhol uni qutqarishga kirishdim. Uni suvdan chiqardim va sekinlik bilan vaqtim tugab borayotganini sezib turardim. Qizaloqni oilasi yetib keldi. Meni qahramon deb atashdi. So'nggi soniyalarimda bu gapni eshitish men uchun katta sharaf edi. Endi bolachalarimning oldiga bamaylixotir ketsam ham bo'ladi.
Xumora ANORBOYEVA,
O'zbekiston davlat jahon tillari
universiteti talabasi