Mening va… sizning dardingiz

(Milliy jurnalistikamiz muammolari)

 

Bundan 44 yil muqaddam kaminaga o'sha paytda mamlakatda yagona bo'lgan jurnalistika fakulteti talabasi bo'lish nasib etdi.

O'shanda jurnalistika fakultetlariga kiruvchilarga og'zaki va yozma tanlovdan o'tkazish tizimi joriy etilgan edi. Biz ham ana shu tanlovda ishtirok etdik. Oxiri, tanlov hamda kirish imtihonlaridan so'ng, 45 nafar yigit-qiz talabalik baxtiga musharraf bo'ldi, ular orasida men ham.

O'zimcha tasavvur qilganlarim — jurnalistika fakulteti soha mutaxassislarini tayyorlovchi yagona maskan, demak, bu yerda tanlagan kasbingizni to'liq egallash uchun barcha sharoitlar bo'lishi kerak, degan xayolda edim. Afsus, birinchidan, bu yerda “yozish”ni o'rgatishmas ekan! Kim qanday tasavvurga ega bo'lsa, xayolida “ijod” qilaveradi. O'zing uchun o'l, yetim deganlaridek. Boshimizdan ana shunday talabalik sinovlari o'tdi. Kursdoshlarim orasida sakkiz qator jumlani eplab qog'ozga tushira olmaydiganlari ham, murakkab janrlarda qog'ozni qoralaydigan iste'dodlilar ham bor edi. Biroq ular orasida birinchi toi­faga mansublar ko'pchilik edi.

An'anaga binoan har yili bir viloyatda kursdoshlar uchrashuvini o'tkazamiz. Ochig'i, shu davr mobaynida tanlagan kasbiga sadoqat bilan, jurnalistning daromadsiz ishiga ko'nikib yashayotgan va ijod yo'lida dadil qadam tashlayotganlar sanoqligina qolibdi. To'g'ri, turli ijodiy tanlovlarda qatnashib, mukofotlarga ega bo'lganlar ham yo'q emas. Shundaylar ham borki, sohada bir soat ham ishlamagan, loa­qal yagona bo'lsa-da, oddiy xabari ham biror gazeta yo jurnal yuzini ko'rmagan. Har safar uchrashganimizda kim jurnalis­tika fidoyisi sifatida haligacha ishlayotgani, kimlardir esa sohaning ostonasini ham hatlab o'tmagani o'z-o'zidan muhokamaga aylanadi.

Uquvsiz, qo'lidan ish kelmaydigan xodimlar bugun istagan tahririyatda topiladi. Nega, ularni “saqlab” kelyapmiz? Savodi haminqadar, janr talablarini tushunmaydigan, bir qolipga moslashib ketgan hamkasblarimiz ham borki, bundan kimga foyda, degan savol tug'iladi.

 

Savodsizlik “yashnab” ketmoqda-ku!

 

Ha shunday, istagan bosma nashrni qo'lga olib, jiddiyroq e'tibor bilan maqolalarni kuzatsangiz, bunga amin bo'lasiz. Tuman, tarmoq, xususiy gazetalarda bu kamchilik anchagina bo'y ko'rsatib turadi. Imloviy, uslubiy xatolar g'uj-g'uj. Bugun hamkasblarimiz orasida ixtisoslashuv yo'q, turli sohalarda tahliliy materiallar yozadiganlari kamayib bormoqda. Yangi kelayotgan xodimlar esa tahririyatga kelib… qanday yozishni, ishlashni o'rganishadi. Mayli, ezgu ishning kechi yo'q, deya bu holatga e'tiborsiz bo'lamiz. Biroq bundan besh-o'n yil muqaddam jurnalist, degan dip­lomni qo'ltiqlab kelgan xodim hanuzgacha o'sha eski qolipida o'sha eski aravani tortib yurgan bo'ladi.

Yaqinda tuman gazetalaridan birining muharriri yozg'irib qoldi: “Ijodiy xodimlarning hammasi pensiya yoshidan o'tib ketgan. Yoshlar esa negadir bizning sohaga kelishni xohlamaydi”. Bu holat hamma joyda hukm surayotgan, o'zining salbiy oqibatlarini jurnalistika sohasiga singdirib bo'lgan kamchiliklardan biridir. Ayni paytda butun boshli universitet va bir qator universitetlarda jurnalist kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yilgan. Ammo ularda universitetni tamomlab, sohada ishlab keta oladigan kadrlar juda kam yetishib chiqayotganligi tashvishlidir.

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, taniqli nazariyotchi va amaliyotchi jurnalist Sherzodxon Qudratxo'ja ushbu dargoh tashkil etilganligining to'rt yilligi munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida zalvorli chiqish qilib, bu muammoni yana bir bor yodimizga soldi. Uning qayd etishicha, O'zMU jurnalistika fakultetida tahsil olgan kezlarida talabalarga soha haqida yetarli bilim berilmagan. Hattoki,   Sherzodxonning o'zi ham televideniega ishga kelganida soha haqida yetarli tasavvurga ega bo'lmagan. Qayd etishiga qaraganda, ish jarayonida ishni o'rganishdan boshlagan!

Ha, bugun istagan elektron yoki bosma axborot nashrini kuzatsangiz, biryoqlamalik, birxillik kuchayib ketganligiga guvoh bo'lasiz. Oddiy sarlavha tanlashdan to tahliliy jarayongacha bo'lgan faoliyatimizdagi kamchiliklar bir-birini “quvib” yuradi! Yosh xodimlarda negadir ijodiy izlanish yo'q. Go'yoki, ularning “shunday” ishlashi lozimdek. Bunga o'rta va keksa avlod jurnalistlarning ham aybi bor, deb o'ylayman. Negaki, qo'lidan ish keladigan, mahorati yetarli bo'lgan hamkasblarimiz ustozlik bog'iga qadam qo'yishda “ushlanib” qolmoqdalar!

 

“Nima”ni yozishni bilamizmi?

 

Mavzu mohiyatini yoritishda jurnalistning bilimi, tajribasi, bu haqdagi tushunchasi muhim o'rin egallaydi. Jurnalist biron bir mavzuga qo'l urar ekan, avvalo, uning mo­hiyati bilan chuqur tanishmog'i, mavzuni batafsil o'rganishi talab etiladi. Afsus, ana shu oddiy va hammaga tushunarli bo'lgan talabni ko'pincha o'zimiz ham tushunmay qolamiz. Oqibatda, bir-birini takrorlaydigan, faqat manzili, keltirilgan fakt va raqamlari bilan ajralib turadigan, qoralamalar gazetalarni bosib ketdi.

Ko'pincha faoliyatimiz kundalik axborot janridagi materiallarni tayyorlash bilan o'tadi. Bir-birimiz bilan ijodiy hamkorlik qilmayotganimizga ham ancha yillar bo'ldi-yov! O'z qobig'imizga o'ralib qolganimiz natijasida nimani yozishni ham unutib qo'ymoqdamiz. Go'yoki, axborot yo'nalishidagi qoralamalarimiz ijod namunasiga aylangandek. Holbuki, shu yo'sinda gazeta sahifasidan joy olayotgan, efir vaqtini egallayotgan ijodimiz hech kimda qiziqish uyg'otmaydi. Biryoqlamalik bugungi faoliyatimizda chuqur ildiz otgan illatga aylandi. Tahliliy, mushohadali, dolzarb mavzudagi material tayyorlash, ko'rsatuv va eshittirishlar yaratish yana bir qolipga tushib qoldi. Radio, telejurnalistlarimizda so'z boyligi yo'qolib bormoqda. Axborot yo'nalishidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda qo'llanilayotgan so'z va iboralar shunchalik tanishki, lavha ekranga uzatilishi bilan kadr ortidagi izoh bayoni va mazmuni ma'lum bo'ladi.

Fikr, mushohada taqchilligi boshimizga tushayotgan ko'rguliklardan biri. Izlanish, yangicha uslub va tasvir vositalari haqida gapirmasak ham bo'ladi. Bugungi biryoqlamalik haqiqiy hayotdan yiroqlik kasali tobora avj olmoqda.

 

Gazetalar yashaydimi?

 

Taniqli jurnalist Xurshid Do'stmuhammad “Yangi O'zbekiston” gazetasida “jurnalistika — ijod maydoni, jurnalist — ijodkor shaxs” deb nomlangan maqolasida bu savolga aniq va tiniq javob qaytargan. “Jurnalistika — ijodiy jarayon maydoni, jurnalist — ijodkor shaxs. Tarixga nazar tashlansa, qachon va qaerda bo'lmasin, matbuot muayyan qarama-qarshiliklar olamida yashagan, faoliyat yuritgan. Ana shunday eng murakkab sharoitlarda ham jurnalistikani va jurnalistni ijodiy mahorat qutqargan”, deydi muallif.

Darhaqiqat bugungi jurnalist va jurnalis­tika qarshisida ham bir qator muammolar borki, ba'zan ularning ildiz otishiga o'zimiz ham sababchi bo'lamiz. “Bosma nashrlar o'z davrini o'tab bo'ldi”, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. To'g'ri, internet jurnalistikasi yuksalish barobarida bosma nashrlarning imkoniyatini bir qadar to'sib qo'ydi. Odamlar ko'proq telefon titkilaydigan bo'lib qolishdi. Istasak ham, istamasak ham internet jurnalistikasi oddiy axborot tarqatishdan boshqasiga yaramayapti. O'quvchilarning esa dunyoqarashi, fikr doirasini kengaytirishga internet ijobiy ta'sir etmaydi. Axborot tarqatishning bu usulida tahlil ham, tahrir ham deyarli yo'q. Oqibatda, yuzaki, biryoqlama, ba'zan chuqur o'rganilmagan xabarlarni haqiqat sifatida qabul qilishga o'rganib qolyapmiz.

Bosma nashrlar bilim bulog'i bo'lgan kitobning oddiy, sodda nusxasi hisoblanadi. Boshqa turdagi axborot tarqatuvchilarga nisbatan gazetalarda fikrlar xilma-xilligi, mulohazali, mushohadali materiallarni e'lon qilish imkoniyati katta. Og'ir iqtisodiy-moliyaviy damlarni boshidan o'tkazayotgan gazetalar yashashi kerak. Buning uchun avvalo jurnalistdan chuqur bilim, katta mahorat uyg'unlashgan faoliyat talab etiladi, deb o'ylayman.

Quvondiq XALILOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,

Samarqand shahar “Samarqand” gazetasi

muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 4 =