Birlik bor – tiriklik bor
Har bir o'zini va o'z mamlakatini hurmat qilgan fuqaro butun yurtimiz taqdiri va kelajagini belgilovchi ulkan hodisa — O'zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etdi. Biz ovoz berish huquqimiz, chin fuqarolik erkimiz va qarashimizga tayanib, o'z tanlovimizni qildik. Bugungi qilgan qarorimiz ertangi taraqqiyotimiz, chiroyli turmushimiz, mamlakatimiz farovonligi, yurtimiz osoyishtaligini belgilab berishiga ishonamiz.
Yurtimizning har bir fuqarosi 24 oktyabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy voqea – Prezident saylovida ishtirok etib, o'z qarorini qabul qildi. Biz o'zimiz ulug' va mas'uliyatli lavozimga munosib deb topgan nomzodga – yurtimiz kelajagi, Vatanimiz istiqboli, jahon hamjamiyatidagi o'rni, kelgusidagi ravnaqi, xalq farovonligi yo'lida sobit va tolmas yetakchi bo'lishiga amin bo'lgan insonga ovozimizni berdik.
Ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatimizning turli soha vakillari saylovdagi ishtiroklari va saylov jarayoni borasidagi shaxsiy fikrlarini bildirdilar. “Instagram”, “Facebook”, “Telegram” sahifalari saylov uchastkalaridagi fotosuratlar, fotolavhalar, munosabat va fikrlar bilan to'lib ketdi. “Men va oilam uchun bugun juda muhim kun” , “Bugun saylov kuni”, “Men o'z ovozimni yurtim kelajagi uchun berdim!”, “Men saylovda qatnashdim… Siz-chi?..”, “Yangi O'zbekiston uchun ovoz berdim!” kabi yuzlab postlar xalqning kayfiyatini, faolligini namoyon qildi. Xorijdagi saylov uchastkalarida, xususan, Moskvada o'z ovozini berish uchun navbatda turgan vatandoshlarimiz fotosuratlari ijtimoiy tarmoq va kanallarda tarqaldi. Bu yana bir bor mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga bo'lgan ishonch, fuqarolarimizning yurtimiz kelajagiga befarq emasliklaridan dalolat. Axir, oxirgi 5 yildagi o'zgarish va islohotlar jamiyatning eng kichik bo'g'ini bo'lmish har bir oila, xonadondan tortib, tuman, viloyat, shaharlar va butun mamlakat hayotida o'zining ijobiy aksini topmadimi?! Demak, xalqimiz o'z tanlovi yurt ravnaqi, tinchlik-osoyishtaligi, farzandlarimizning sifatli ta'lim olishi va farovon hayot kechirishining muhim garovi ekanligini to'g'ri angladi. Zero, ko'pchilik yakdil fikrga kelibdimi – demak bunda hikmat bor, haqiqat bor.
Saylov jarayonlarining faol ishtirokchisi sifatida bugun yurtimiz fuqarolarining jamiyatda qanday maqomga ega bo'lishidan qat'i nazar, yurt istiqboli uchun javobgarlik, burch hissi ortganligi, fuqarolik tuyg'usi yuksalganligi, eng muhimi, xalqimiz orasida kelajakka ishonch va birdamlik, yakdillik tuyg'usi barqarorligiga amin bo'ldim.
Saylovda O'zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqadigan avlod — yoshlarning faolligi alohida e'tirofga loyiq. Ular “yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg'usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash” oliy maqsad qilib belgilangan kelajak uchun ovoz berdilar.
Albatta, “pul bermas ma'raka buzar” deganlaridek, bizning ovozimiz hech nimani hal qilmaydi degan loqayd, befarq, buzg'unchilik kayfiyatini tarqatib, jamiyatdagi o'zgarishlarga bilgan-bilmagan holda g'ov bo'ladiganlar har doim, har qanday jamiyatda bo'lgani kabi, bizda ham uchradi. Ular ham aytadiganini aytib oldi, hech kim fikr bildirishga to'sqinlik qilgani yo'q ularga. Xalq esa o'z tanlovini qildi.
Eng asosiysi, saylovga munosabat o'zgardi. Xalqimiz uyg'oq, tetik, o'z fuqarolik burchini anglagan, u mamlakat taqdiri uning o'z qo'lida ekanligini to'la his qildi. G'alvir suvdan ko'tarildi.
Saylov umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda demokratik tamoyillar asosida, shaffof, ochiq-oshkora o'tdi, ayni paytda xalqaro hamjamiyat e'tiborida bo'ldi. Saylovda ishtirok etgan 1000 dan ziyod xalqaro kuzatuvchilar ommaviy axborot vositalarida saylov jarayoniga hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga demokratik, ochiqlik va shaffoflik nuqtai nazaridan ijobiy baholarini berdilar. Saylovning nafaqat targ'ibot-tashviqot, balki tashkiliy jihatdan ham yuqori saviyada o'tkazilgani, fuqarolarning faolligi, jamiyatning madaniy va siyosiy ongi yuksalganligi meni quvontirdi. Bir so'z bilan aytganda, Prezident sayloviga tayyorgarlik va uni o'tkazish jarayonlari xalqaro va milliy qonunchilik, demokratik talablar asosida amalga oshirildi. Birgina saylovoldi tashviqotlar uchun teng imkoniyatlar yaratilgani, gender muvozanatni saqlab, nomzodlar orasida ayol kishi bo'lgani, misli ko'rilmagan darajada so'z erkinligi, faol jamoatchilik muhokamalari, ijtimoiy tarmoqdagi munosabatlar, ilk bora debatlar tashkil etilgani, 1000 dan ziyod xalqaro kuzatuvchilar ishtiroki saylovning yuqori saviyada o'tganligining dalilidir. Ochiq va shaffof, qonuniy va tartibli o'tgan Prezident saylovi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishda muhim omillardan biri bo'lganligiga shubha yo'q.
…Menimcha, saylovda ishtirok etgan har bir mamlakat taqdiriga befarq bo'lmagan chin fuqaro qalbida nafaqat o'zining konstitutsiyaviy burchini ado etish, balki jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etish istagi bo'ldi. Mamlakatda barqarorlik, tinchlik, ya'ni qo'shnilar bilan yaxshi munosabatlar, muvozanatli tashqi siyosat, ulkan islohotlarning davom etishi, turmush farovonligi, inson qadrining yuksalishi istagida o'z ovozlarini eng munosib nomzodga berdilar. Bu bilan boshlangan islohotlar hayotimizni yanada ko'rkam va farovon qilishiga, barchasi “inson qadri uchun” shiori amalga oshishiga ishonch bildirdilar.
Mehribon ABDURAHMANOVA