Maʼnaviyatimizning Izzat Sultoni
Jamiyatni fikr olğa suradi, fikrni mutafakkir. Agar mutafakkirda ham mantiqiy, ham timsolli tafakkur mujassam esa, u ham olimlik, ham adiblik salohiyatiga sohib esa, nur ustiga nur. Bunday insonlarni el sevib, ardoqlab, ustoz alloma, piri komil deb ataydi. Izzat Sulton ana şunday möʼtabar siymolardan edi. Zero, u buyuk Fitratning şogirdi edi. Bir umr ustozi anʼanalariga sodiq qoldi va öşandoq buyuklik darajasiga kötarila oldi.
Maʼlumki, birinçi bölib özbek tilida “Adabiyot qoidalari”ni yozgan Abdurauf Fitrat “Abulfayzxon”dek badiiy tafakkur durdonalarini meros qoldirdi. Uning izdoşi bölgan Izzat Sulton ham “Adabiyot nazariyasi” bilan yonma-yon “Alişer Navoiy”dek ölmas sahna asarlarini ijod etdikim, bu nuqta alohida taʼkidlaşga sazovor, şoyon eʼtibordir.
Şuningdek, uning “Imon”, “Bilmayin bosdim tikonni”, Abu Ali ibn Sinoga bağişlab yozilgan “Dahoning yoşligi” dramalari el orasida şuhrat qozondi.
Men Izzat aka bilan ilk dafʼa 1962 yilning avgustida körişdim. Dörmonda Respublika yoş ijodkorlarining seminar-kengaşi böldi. Biz seminar qatnaşçilari birinçi kun Abdulla Qahhor, ikkinçi kun Maqsud Şayxzoda, uçinçi kun Izzat Sulton bilan uçraşdik. Öşa uçraşuvlar xuddi keçagidek hamon köz öngimda turibdi. Har birining fayzi – bahrasi bölakça, mazasi- toti özgaça…
Uçinçi kun Yozuvçilar boğidagi ariq böyi, katta çinor ostida yoş qalamkaşlar jamuljam edik. Seminarimiz rahbari şoir Mirtemir “Bugun aziz mehmonimiz atoqli adabiyotşunos olim va dramaturg Izzat Sulton!” deb eʼlon etarkan, hamma bir tan, bir jon bölib aziz mehmonga tikildik. Izzat aka örnidan turdi, tabassum qilib, xuşçaqçaq bir qiyofada hammaga köz yugurtib çiqdi. U örtadan past böyli, miqti gavdali, oq sariqdan kelgan, peşonasi keng, kallador, moviy közli kişi edi. Qiyofasi bilan Suqrot hakimni eslatardi. Sal engaşib, Mirtemir akaga bir nima dedi, qiziq gap bölsa kerak, ikkovlaşib xandon otib kulişdi… Söng sözga kirişdi u. Sözga kirişdiyu bizni mahliyo qildi, qöydi. Bunaqasini hali körmagan edim. Töğri, sözga çeçan, tili biyron notiqlar men yaşayotgan Buxoroda ham bor edi. Ammo ular köpinça ayon bölgan gaplarni bayon etişardi, xolos. Izzat aka esa ulardan farqli ölaroq, ayon bölmagan gaplarni bayon etardi. Ketma-ket söz emas, uning nutqida betakror mulohazayu muşohadalar daryo tölqinlaridek toşib kelar va tinglovçini oqizib ketardi… Keyin öylab, buning siriga yetgandek böldim: fikr yuritib,sözlar, sözlaş asnosida fikr yuritardi u … Bu narsa uning öziga ham, söziga ham ayriça bir joziba baxş etardi.
Izzat aka milliy tafakkurning közgusi bölmiş adabiyot haqida, uning eng murakkab janri sanalmiş dramaturgiya borasida, jahon dramaturglari, rus dramaturglari, özbek dramaturglari saboqlari xususida sözladi. Hattoki, öşa paytda ança mavhum bölib köringan kinodramaturgiya sirlari, muammolari bilan ham oşno etdi biz, yoş qalamkaşlarni. Oradan ikki yarim soatça vaqt qanday uçib ötganini sezmay qoldik. Xayrlaşarkan, suhbatiga muştoq, sözlariga taşna bölib qolaverdik… Öşanda ana şu mutafakkir inson kelajakda mening hayotimni yangi özandan oqişiga sababçi bölişini öylaganmidim?
1970 yili Özbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti huzuridagi aspiranturaga öqişga kirdim. Lirik şeʼriyatga doir dissertatsiya yozdim. Dissertatsiya himoyasida Izzat aka sözga çiqib, ilmiy işim xususida yaxşi gaplar aytdi va meni özi rahbarlik qilayotgan adabiyot nazariyasi bölimiga işga taklif etdi. Omadni qarangki, xuddi öşa kuni tuşdan keyin meni Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzoligiga qabul qilişdi. Oradan uç kun ötib, Yozuvçilar uyuşmasi Buxoro viloyat bölimi masʼul kotibi vazifasiga tayinlaşdi. Şu vazifada ikki yil işladim. 1972 yilning sentyabrida Izzat aka, Şuhrat aka, Umarali Normatov Buxoroga kelişdi. Kitobxonlar, talabalar bilan uçraşuvlar uyuştirdik. Jönaş oldidan Izzat aka meni bir çetga tortib, Toşkentga qaytiş kerakligini qatʼiy maslahat berdi. Öşa taklifim taklif, dedi u, meni bölimimda işlaysiz, katta adabiy doirada kuçingizni sinab körasiz. Öylaymanki, natija yomon bulmaydi…
Oilam bilan kengaşib, Toşkentga jönaşga qaror qildim. Toşkentga kelib, akademiyada işga örnaşdim. Darhaqiqat, natija yomon bölmadi, ikki tomlik “Adabiyot nazariyasi” ikki tomlik “Özbek adabiy tanqidi tarixi” kitoblarini yozişda qatnaşdim, “Lirik şeʼriyat”, “Tarixiy drama” degan risolalar bitdim. Ijodiy işlarim yurişib ketdi. Ketma-ket şeʼriy töplamlarim, dostonlarim naşr etildi. Bir neça tarjima kitoblarim bosildi. To 1986 yilgaça, Ğafur Ğulom nomidagi adabiyot va sanʼat naşriyotiga boş muharrir bölib işga ötganimga qadar Izzat akaga örinbosar, muovin bölib işladim. Ana şu ön uç yil davomida u kişini yaqin-yiroqdan kuzatdim, bir şogirddek unga mehr quyib, atrofidan aylanadigan, unga suyanadigan bölib qoldim. Negaki, har gal u bilan suhbatlaşarkanman, fikrim uyğonib, harakatga kelganini his etardim, fikrlaş zavqini totardim va bu zavq oxir – oqibat menga bir umrga hamroh, nainki hamroh, qalbimning bir parçasiga aylanib qoldi, desam, işoning.
Mavlono Jaloliddin Rumiy:
Suhbati oşiq seni oşiq qilur,
Suhbati fosiq seni fosiq qilur,-
deb bejiz aytmaganlar, axir. Xullas, yillar davomida Izzat Sulton bilan yonma-yon işlaş, u möʼtabar zotning suhbatlaridan bahramand böliş Ollohning menga bergan omadi va neʼmati böldi, desam, mubolağa qilmayman. Izzat aka yuksak maʼnodagi mutafakkir, donişmand, faylasuf, benazir notiq edi. Özbekçani ham, rusçani ham bir tekis qoyil qilib gapirardi. Lomonosov nomidagi Moskva davlat univerisitetida olti yil Şarq mumtoz adabiyotidan dars bergani, atoqli şarqşunos olim Yevgeniy Eduardoviç Bertels rahbarligida Alişer Navoiy ijodidan doktorlik dissertatsiyasi yoqlagani bejiz emasdi. Rus adabiyoti, jahon adabiyotining bilimdoni edi. Atrofidan odam arimas, suhbatlari hamişa qizğin, qiziqarli keçardi. Men “Izzat Sulton bilan suhbatlar” degan kitob yozişni ham öylaganman. Ayrim nuqtalarini qoğozga ham tuşirdim, afsuski, nihoyasiga yetmay qoldi.
Bir gal institut majlislar zalida ötkazilgan katta ilmiy anjumanda Ahmad Yassaviy ijodini örganiş masalasi örtaga qöyildi. Közga köringan bir olim, Ahmad Yassaviyni örganiş kerak, ammo u hamişa Xudo degan, ana şu jihati çatoq-da, deb eʼtiroz qildi. Izzat aka şart örnidan turib, uning sözini böldi: Puşkin Xudo demaganmi? Tolstoy Xudo demaganmi? — dedi u. — Menga aytingçi, qaysi buyuk ijodkor Xudo demagan? Bu – masalaning bir tomoni. Masalaning ikkinçi tomoni şuki, Yassaviyning Xudo deyişidan maqsadi – adolat edi… Öylab qarang, boy zulm qilsa, fuqaro bekka boradi,bek zulm qilsa, podşoga şikoyat qiladi. Podşo zulm qilsa, kimga arz qiladi? Xudoga.
Xudo jazoyingni bersin, deydi. Yoki, ey podşo tepangda turgan Xudodan qörq, deydi. Töğrimi? Xuddi şundoq Xöja Ahmad Yassaviy ham har gal Xudoni örtaga solarkan, insonlarni, ayniqsa, hukmdorlarni insofga, adolatga çaqirgan. Bu yerda boşqa gap yöq….
Hamma çapak çalib yubordi, eʼtirozçi oğiz oçib, bir nima deyolmadi.
Izzat aka umr böyi Navoiy ijodiga maftun bölib, uni öqib, örgandi. Öşa öqiş va izlanişlar natijasi ölaroq, “Navoiy” dramasi va “Navoiyning qalb daftari” tadqiqotini yaratdi. Navoiy ijodiga taalluqli bir söz, birgina ibora bölsa ham, uni nazardan qoçirmaslikka harakat qilardi u. Bir kuni özaro suhbatda şeʼriyatda Navoiy tutgan mezon xos maʼni ekanligini eslatdi:
Nazmda ham asl anga maʼni durur,
Bölsin aning suvrati har ne durur…
“Va xos hol,” deb ilova qildim men, yaʼni xos maʼni va xos hol…Töğri, dedi Izzat aka, Navoiy maʼno va tuyğuni bir-biridan ajratmagan, maʼno kelinçak bölsa, tuyğu — uning libosi va zebu ziynati…
Kitob javonimda Izzat akaning boşqa kitoblari bilan yonma-yon “Bahovuddin Naqşband abadiyati” risolasi ham bor. Uning içki muqovasida Izzat akaning qöli bilan bitilgan “Hamkorligimiz va döstligimizdan xotira” degan yozuv men uçun ğoyat qadrli. Izzat aka öz safdoşlari orasida birinçilardan bölib naqşbandlik tariqatini çuqur tahlil qilib berdi va şu asosda teran va dadil fikrlarni olğa surdi. Jumladan, öqiymiz: “Diniy eʼtiqodlarga keng yöl oçilgan, din bizning madaniyatimizning ajralmas qismi bölib qolgan bugungi kunda bizga diniy eʼtiqod bilan suğorilgan, Allohni tanişga asoslangan axloq zarur…
Ammo bugun bir xavf mavjudligi ham aniqdir: “şaxs erkinligi va şaxsparvarlik ularning aksi bölgan – şaxsiyatparastlikka, xudbinlik (individualizm)ni rağbatlantirişga ham aylanib ketişi mumkin. Bizning kunlarimizda aholining ança qismida jamoat (kollektiv) manfaatlarini mensimaslik va pulparastlikning avj olgani, jinoyatkorlikning köpaygani – fikrimizning dalilidir”.
Bu – hamişa teran fikrlovçi, qalbi uyğoq ulkan ijodkorning avlodlarga atalgan sönggi sözi, ogohlikka daʼvatidir, desam, adaşmasam kerak.
Izzat aka haqiqiy umr oltmiş yoşdan keyin boşlanadi, deguvçi edi, yaʼni, inson bu yoşga yetgaç, ötkinçi hoyu-havaslardan qutuladi, jiddiy turib Olloh haqida, umrning asl maʼnosi va mohiyati haqida öylay boşlaydi, deb söziga izoh berardi u. Heç qaçon mutlaq haqiqatga daʼvo etmasdi. Dalili, isbotli fikrni qabul qilişga hamişa şay turar, şuning uçun bölsa kerak, vallohu aʼlam bissavob, deyişni xuş körardi. Ismi jismiga monand edi. Har gal Izzat aka, Izzat Otaxonoviç, Izzat Sulton, deyilsa, davralarga fayz kirardi. Neça bor özim guvoh bölganman, nafaqat öz olimlarimiz, balki, Moskva, Kiyev, Tbilisi, Baku, Aşxabod, Olma ota, Bişkek, Duşanbe olimlari ham uning nomini hurmat va taʼvoze bilan tilga olişardi.
“Alişer Navoiy” dramasidagi Navoiyning sönggi monologini esga oling:
“Men ikki daryo böyidagi xalqimni yakqalam qildim. Tilimizni haqorat botqoğidan şeʼriyat osmoniga kötardim. Men umrimga açinmaymen, sizga qilgan xizmatlarimning zoye ketganiga açinamen. Men pista pöçoğidan kema qurmoqçi bölibmen…”
Bu gaplarni Navoiy nomidan aytiş uçun muallif Navoiy tafakkuri darajasiga kötarilişi lozim edi. Izzat aka öşa çöqqiga çiqa olgan edi. U ijod va tafakkurning tirik timsoli, maʼnaviyatimizning Izzat Sultoni edi.
Jamol Kamol,
Özbekiston xalq şoiri
