Devkor

Bo'stonliqdagi Oqtosh sanatoriysi hovlisiga kirib borishda XIX asr oxirida ekilgan, yoshi yuzdan oshib ketgan bir necha ulkan tollar, teraklarga ko'zingiz tushadi. Tanasiga qo'l yetmaydi. Ammo ho'v yuqorida, osmonning har tomoniga qarab quloch yoygan beshlab-oltilab shoxlari borki, ulardan har birining o'zi biz bilgan daraxtlardan katta. Bu tol, bu teraklarni, ularning salobat bilan gurkirab turganini ko'rib, havasingiz keladi.

O'zbek badiiyatining takomillashib, bugungi darajaga yetishi zamirida necha o'nlab fidoyi insonlarning bir umrlik mehnatlari yotibdi. Loaqal yaqinginada kechgan XX yuzyillikni olib qarasangiz, Hamza, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, G'afur G'ulom, Oybek, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Asqad Muxtor, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi va ular qatoridagi boshqa ulug' so'z san'atkorlarining qutlug' nomlari yodimizga keladi. Adabiyotimizni ular ijodisiz tasavvur qilib bo'lmaydi.

Bir umr o'zbek ma'rifati uchun xizmat qilib kelayotgan atoqli so'zshunos Ibrohim G'afurov ham ana shulardan biri. U kishi qo'l urgan har bir soha ko'p: munaqqidlik, mualliflik, muharrirlik, mutarjimlik, siyosat mardumi ekanligi, muallimlik, madaniyat arbobi… Domlaning faoliyati qamrovining kengligi, botinining teranligi haqida o'ylaganimda, boyagi Oqtosh og'ochlari yodimga tushadi. Shuncha sohaning har birida Ibrohim aka bir ijodkor amalga oshirishi mumkin bo'lgan ishlarni uddalab kelayotibdi.

Adib dastlab tanqidchi sifatida tanildi. Uning oltmishinchi-saksoninchi yillardagi adabiy hayot haqida katta mehr, sinchkovlik bilan yozgan tanqidiy maqolalari tilga tushdi. Aynan Ozod Sharafiddinov va aynan Ibrohim G'afurov, mana shu ikki munaqqid, adabiy tanqid ham ijod turi ekani, munaqqid esa badiiy asarning jandarmi va qozikaloni emas, balki jonkuyar ishtirokchisi ekanini uzil-kesil dalillab berishdi.

Ibrohim G'afurov bu bilan qanoatlanmay, Shayxzoda, Zulfiya singari bir necha mashhur shoirlar haqida alohida kitoblar chop ettirib, ularning so'z san'atimizdagi o'rnini ishonarli tarzda isbot qildi.

Xuddi o'sha oltmishinchi-saksoninchi yillardan Ibrohim G'afurovning tarjimonlik ijodi ham boshlandi. Dastlabki yirik tarjimalaridan bo'lmish E.Xemingueyning “Chol va dengiz”, “Alvido, qurol!” asarlari orqali adib Xeminguey bilan bizni tanishtirdi. Tanishtiribgina qo'ymadi, balki shu tarjimalari orqali o'zbek so'z san'atiga G'arb adabiyotiga xos yangi uslubni ham olib kirdi – bungacha bizda “telegraf” (to'g'rirog'i, telegramma) tarzidagi jumlalar tuzish rasm bo'lmagan edi.

Oradan yillar o'tib, Ibrohim G'afurov ulug' fransuz adibi Mopassan asarlarini o'zbekchalashtirishga qo'l urdi. Ona tilimizda “Hayot” qissasi, “Azizim” romanlari paydo bo'ldi.

Gap u yoki bu adibning qaysi-qaysi asarlarini tarjima qilgani ustida emas. Ibrohim G'afurov qaysi bir asar tarjimasiga qo'l ursa, uning botiniga kira oladi, ichki ruhini yuzaga chiqarishga intiladi. Chunonchi, Mopassanning “Bel-Ami” degan romanini ruschadan (“Milыy drug”) ona tilimizga “Azizim” deb o'girdi. Asar bosilib chiqqach, bir talay tarjima ilmining “bilag'on”lari uni “Yoqimli do'st” deb atagani ma'qul edi, mutarjim o'zboshimchalikka yo'l qo'ygan, deb e'tiroz bildirdilar. Holbuki, o'zbek adibi asar voqeligiga teran kirib borgani va, ayni damda, ona tilimizning milliy tabiatini nozik his etgani uchun so'zma-so'zlikdan qochgan. Asar qahramoni mug'ambir, olifta Dyuruaga hamma “Milыy drug!” deb murojaat qiladi, ruslarda ham do's­tiga “Milыy drug!” deb xitob qilish tabiiy. Biroq o'zbeklar birovga “Yoqimli do'st!” deb murojaat qilmaydi-ku? Ibrohim aka bu murojaatni tabiiy ravishda yuzaga chiqarib, “Azizim!” kalimasini topgan, buning natijasi uzukka ko'z qo'ygandek yarashimli bo'lgan.

I.G'afurov tarjimonlik qilishdan tashqari, bu yuksak san'atning ilmiy-nazariy masalalari bilan ham obdon shug'ullandi – Jahon tillari universiteti talabalariga oliymaqom san'at sirlarini o'qitdi, ma'ruza o'qish bilan cheklanmay, talabalar uchun tarjima bo'yicha darslik yaratib berdi. Uning “Tarjimashunoslik mutaxassisligiga kirish” o'quv qo'llanmasi (2008), “Tarjima nazariyasi” (N. Qambarov bilan, 2012) darsliklari ana shu tariqa yuzaga keldi. Bu bilan ham cheklanmay, XX asrda faoliyat yuritgan o'zbek tarjimonlari, ularning ijodiy hayoti, adabiy ijodi haqida katta, mukammal bir tadqiqot yaratish fikriga kelib, shu tadqiqotdan fragmentlar tarzida bir qancha mutarjimlar ijodi to'g'risida salmoqli maqolalar e'lon qildi, “Tarjima estetikasi” singari o'nga yaqin yirik maqolalarida esa bugungi o'zbek tarjimachiligining muhim, dolzarb masalalari borasida o'z fikr va qarashlarini taqdim etdi.

Ibrohim G'afurov deganda bugungi o'quvchi Aytmatov, Mopassan, Dostoyevskiy, Xeminguey, Nisshe, Markes kabi jahon adabiyoti salaflarini o'zbek tilida so'zlatgan mohir so'z ustasini ko'z oldiga keltiradi. Birgina Joys­ning “Uliss” romani misolida bu tarjimalarga baho beradigan bo'lsak, professor Muhammadjon Xolbekovning bir e'tirofini aytish kifoya. “Hatto ingliz tilini mukammal o'rgangan tarjimon ham Ibrohim G'afurov tarjimasidan ustunroq tarjima yaratolmaydi, – deb yozgan edi M. Xolbekov. — Ibrohim G'afurovning o'zbek tarjimachiligi rivojiga qo'shgan hissasi uni “Uliss”dek dunyo adabiyotining shoh asari bilan boyitdi, o'zbek kitobxoniga uni tortiq qildi”.

Bu gapni “Zardusht tavallosi” (Nisshe) haqida ham, “Tog'lar qulaganda” (Aytmatov) haqida ham, boshqalari xususida ham xuddi shunday ishonch bilan aytish mumkin.

Ibrohim G'afurov tarjimalarining eng muhim jihati uning badiiyatida, deb aytsak, bu to'g'ri, ammo bir yoqlama baho bo'lar edi. Asosiy gap shundaki (buni u o'girgan mualliflarning nomi ham ko'rsatib turibdi), Ibrohim aka u yoki bu roman yo qissani emas, dunyo adabiyotining eng murakkab, bizda hali o'xshashi ko'rilmagan asarlarni tarjima qiladi, har qanday tafakkur tovlanishlarini o'zbek tilida ifoda qilish mumkinligini isbot qiladi, ularni badiiy olamimizga, o'zbek adabiyoti maydoniga olib kiradi, so'z san'atimiz xazinasini eng nodir olmoslar bilan boyitadi, o'zi esa jahon adiblarining eng ulkan pahlavonlari bilan bajonidil bellashuvga tushadi. Biron marta yiqilgani yoki pand yeb qolgani yo'q. Ibrohim aka katta tirajda chiqishi aniq bo'lgan har qanday asarni emas, aksincha, oddiy tarjimon qo'lga olishga ham jur'at eta olmaydigan, usluban yo shaklan o'ta murakkab, demakki, “hazm” etish ham oson bo'lmaydigan asarlarni o'giradi – biz bu borada “andak badxatroqmiz”, deb yer chizadigan xalqlardan biri bo'lib qolmasligimiz g'amini yeydi. Oqibat, o'zbekning qo'liga ulug' bir asar yetib boradi; lisoniy-usluban mukammal ekanligiga ko'ra esa u ona tilimizning muazzam bir obidasiga aylanadi. Shu qadar muhtashamki, hali-beri nuramaydi. Ana shular haqida o'ylarkanman, bu fidoyi so'z mardumining salaflari – o'tgan ulug' mutarjimlar ijodi ham yodimga keladi… yo'q, hech birovi millat ma'rifatini saqlab qolish, buning uchun huda-behuda asarlarga qo'l urmaslikni prinsip darajasiga ko'tarishda Ibrohim G'afurovga teng kela olmas ekan – qahramon adibimizning hayotiy a'moli, o'z oldiga qo'ygan maqsadlari shu qadar ulug'!

Hamma o'zini bozor iqtisodiyotiga mos­lashtirayotgan, “taka bo'lsin – sut bersin”, tarzida moddiy manfaatning oshig'i bo'lib borayotgan bir zamonda o'zbek adabiyotini jahon badiiyatining eng toza buloqlaridan oqayotgan obihayot bilan serob etishdan tolmayotgan Ibrohim akani men… Sizifga – yunon asotirlarining ulug' qahramoniga o'xshatgim keladi. Sira charchamaydi, bir zum bo'lsin – tinmaydi, har gal ulkan bir xarsangni dumalatib, cho'qqiga olib chiqadi. Bunday kishini devkor deb ataydilar.

Ibrohim G'afurov tarjimalari inja yog'dular bilan tovlanadi, o'qigan odamning ko'nglini yorug' hislarga to'ldiradi. Menga, bu adib mahoratining siri nimada, deb savol berishlari mumkin. Siri ko'p: jahon adabiyotidan keng boxabarlik, munaqqid sifatida, har bir asarni zargarning tarozisiday aniq baholay olish, badiiy mahorat, sinchkovlik… Shular bilan birga, bizga Ibrohim akadagi so'z tuyg'usining kuchliligi, so'zni o'zi uchun xobbi darajasiga ko'targanligi, ayniqsa, qadrli. Adib qachon, qay vaziyatda bo'lmasin, so'z qidiradi, so'z topadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Biz Erkin Vohidov bilan kechalari ko'p masalalar haqida gaplashardik. U kishi “Agar o'zbek tilining boyligini, chiroyini bilishni xohlasangiz, Ibrohimjonga murojaat qilish kerak”, deb aytardi, deydi.

Shuning uchun Ibrohim G'afurovning yozganlarida – u ilmiy maqolami, yo badiiy tarjima – o'zbek so'zlari yayrab-yashnaydi, barq uradi.

Bundan yetti-sakkiz yillar avval Jizzax universitetida o'tkazilgan Respublika tarjima kengashida qatnashar ekanmiz, tanaffusda universitet hovlisida aylanib yurib, Ibrohim aka tuyqusdan menga “Shavkatmaob” degan so'z bor, bilasizmi? – deb so'rab qoldi. “Ha”, deyishning o'zi kifoya emas-ku bunday chog'da! Xayriyatki, yodimga “saodatmaob” degan so'z kelib qoldi. Shundan so'ng ona tilimizdagi noyob so'zlar, ularning tarjima asnosida nechog'lik asqotishi to'g'risida rosa suhbat qilgan edik.

Ibrohim G'afurov o'zbek adabiyotida “mansura” degan janrga asos soldi va uni asoslash uchun yayrab-yashnab ijod qildi.

Boborahim Mashrab, Amin Umariy singari ulug' ijodkorlarimiz haqida nihoyatda go'zal, nihoyatda ma'rifiy hikoyalar bitdi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Ibrohim G'afurov “Milliy tiklanish” par­tiyasining asoschilaridan bo'ldi va shu nomdagi gazetaga asos soldi. Talay yillar davomida bitta o'zi (boshqa xodim olishga mablag' bo'lmay), og'ir iqtisodiy sharoitlarga qaramay, uni chop ettirishga muvaffaq bo'ldi.

Ammo baribir, Ibrohim G'afurovni bizning avlod dastlab tanqidchi sifatida tanigan. Shundanmikin, men hali ham adibni, avvalo, munaqqid deb qabul qilaman. Buning o'ziga yarasha yana bir sababi ham bor. Gap shundaki, 1998 yilda Respublika Baynalmilal markazida Chingiz Aytmatovning yetmish yilligi o'tkazilgan edi. Anjumanni boshqarayotgan Odil Yoqubov Qirg'izistonning o'sha paytdagi elchisi Botirali Sidiqovni minbarga taklif etdi-da, keyingi so'zni Ibroyimjondan eshitamiz, deb e'lon qildi. Birozdan so'ng Ibrohim aka Chingiz Aytmatov haqida qirq daqiqalar chamasi… bir ma'ruza qildi! Ishonsangiz, bu Aytmatov ijodi, uning tub mohiyati haqida ulkan bir kashfiyot edi. Olim Markes, Borxes, Dostoyevskiy kabi jahon adabiyotining o'nga yaqin klassiklari bilan birma-bir qiyoslab, Chingiz og'a asarlarining ulardan tafovuti va… ustun jihatlarini birma-bir dalillab berdi. Biz-ku, biz, ammo rayosatda o'tirgan Qirg'iziston elchisi, professor Botirali Sidiqov ham qirg'iz adibi ijodining bu qadar teran tahliliga og'zi lang ochilib quloq solib, O'zbekistonda Chingiz Aytmatov ijodining bu qadar katta bilimdonlari borligiga imon keltirib, bir o'zbek olimi ulug' adib asarlarini bunchalar e'zozlayotganiga, fikrlarini zo'r akademik darajasida puxta dalillayotganiga lol qolib o'tirar edi.

Ibrohim G'afurov faqat o'zbek adabiyoti bo'yicha emas, jahon so'z san'atining ham zargar munaqqidlaridan biri ekaniga o'shanda iqror bo'lgan edim. Bu yana qachon deng? Bu, Maskovdagi rus “tanqidchi”larining bir to'dasi Chingiz Aytmatov nomini eshitsa, peshonasi tirishib, ulug' adibning adabini berib qo'yish uchun biri olib-biri qo'yib, unga hujum boshlagan yillarda bo'lgan voqea – o'sha g'alamislarga berilgan keskin javob, paytda, o'zbek adabiyoti namoyandalarining bu masalaga munosabati ifodasi ham edi.

Adibning “Qur'on” tarjimalari haqidagi birgina maqolasini mutolaa qilishning o'ziyoq biz naqadar ulkan alloma bilan bir davrda, birga yashab turganimizni anglashga kifoya qiladi, deb ayta olamiz. Ibrohim G'afurov “Mangu latofat” kitobida shunday deb yozadi: “Umrda shunday bir palla keladi: donishmand­lik pallasi. Aql chirog'i ravshan tortib, ravshan yonib, ravshan, ishonchli ziyo taratadigan palladir”. Umrining ana shu munavvar pallasida Ibrohim G'afurovning “O'zbekiston qahramoni” unvoniga sazovor ko'rilishi ham bu millat fidoyisining ulug' mehnatlariga berilgan munosib baho, haqli e'tirof ramzi bo'ldi. Bu, ayni paytda, balki barcha o'zbek mutarjimlari uchun ham bayram. Zero shu kunga qadar biron tarjimon, qanchalik yuksak mahoratga ega bo'lmasin, qahramonlik tugul, hatto “Xalq shoiri” yo “Xalq yozuvchisi” unvoni bilan ham siylanmagan edi.

Shu kunlarda oqsoqol adibimiz ming oyning yuzini ko'rdi, endi ikki minginchi sanoqqa mansub dastlabki oylar shu'lasida ijod qil­yapti. Biz ham ustozga yangi-yangi ijodiy muvaffaqiyatlar yor bo'lib, qalbidagi minglagan oylarning yog'dusi bilan bizni uzoq yillar munavvar qilishini tilaymiz.

Zuhriddin Isomiddinov

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 3 =