Yaxshilikni kuzatmaydilar

Yo'l o'ttiz bo'lakka ajragan edi…

2016 yil… Qishi og'ib bo'lgan. Ustozim, daryodil inson, benazir murabbiy, akademik Said Shermuxamedov vafotidan chuqur qayg'uga cho'mgan paytim; boz ustiga cho'ng sarosarlik paydar-pay qutqu solardi. Ilm-u urfonda ko'z kechirgan mardum biladiki, ustozsiz o'ttiz yosh – mo'rt tutum. Shungacha yiqib kelgan yillaringiz dovoni qayta tirilgan ro'dapodek tuyuladi. Oldingdagi tog' o'ngiridan esa o'ttiz dara uvillaydi…

Yaxshi, kuyunchak do'stlar tav­siyasi ila “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasidan imdod kutib borganman. Taqdir Norqobil aka — Norqobil Jalil bilan shu tariqa o'ttiz yoshimda uchrashtirgan. Va shu voqea, shu inson sabab o'ttiz yo'l bir bog'lamga sig'ib, bir tutumdan ketyapti.

Mashhur fransuz adibi Onore de Balzak “Nolga o'xshagan odamlar bo'ladi. Ular doimo yonlarida raqam bo'lishini istaydilar” degan. Matn ravishidan kelsak, agar uch bo'lsangiz – o'ttiz bo'lasiz. Uch yarim yil chog'roq tahririyatda olgan saboqlarim, ijoddagi pastu baland urinishlarim, pilla­poya-o'sishlar – barcha-barchasi…

Xullas, ohangjama tashbehlarga zarra hojat yo'q: Norqobil Jalil shunday odam! Yaxshilik sog'inadigan odam!

“Qanaqa bolasan, o'zi?”

Sirkasi suv ko'tarmaydigan arbob, mulozim-mansabdor har joyda bor. Ayrimlari, tanqid qilsangiz, sabab qolib oqibat bilan kurashadi. Maqola muallifi, tahririyatga bosim o'tkazmoq payida bo'ladi. Endi bu ham matbuot ishining bir qismi. Boshida asabiylashasiz, keyin “ko'nikib” ketasiz.                Internetda mualliflik maqolam e'lon qilindi. Ish joyim — gazeta. Tahliliy material edi. Sohasiga oid ko'pchil tilga olingan. Ochiq manbalar asosida faktlar keltirilgan. Shu desangiz, qalamga tushganlardan biri judayam darg'azab emish. Xabari keldi. So'ngroq o'zimga telefon. Keyin – rahbarga. Kun o'tadi, kunlar o'tadi, nazarimda g'alva tinchimaydigan. Sezib turibman. Sezib turibman-u ammo rahbar hech oldiga chorlamaydi. Hech narsa bo'lmaganday parvoyi palak. Ora-sirada hazil aralash payrov. Chidolmay, kabinetiga kirdim.

— Juda qo'ymayotgan bo'lsa, jamoaga jabr bo'lmasin, ariza yozib ketaqolay?..

— Ie, qanaqa bolasan, o'zi?! Kim qo'ymaydi? Kim jabr qiladi?

Rostisi, ish stolimga kelib o'tirarkanman, etim ajib bir ichkin hisdan jimirlagan. Hurmat, hayrat qorishiq. Axir vaziyat chindan jiddiy edi-da! Xayolan to'qiganim “mayli, picha payt ko'zga tashlanmay tur, keyinroq yana chaqiramiz” qabildagi “o'zdan qochirish san'ati”ga ruhan tayyor turganim va bunga butkul ters munosabatdan… “Muammo”ni yakrang polotnoga tortib, qo'shtirnoq ichida kenja botir rolini o'ynamoqchi bo'lganimdan… Uyalganman.

Chin xayrixohlik — amal tortiq emas. Yaxshilik ko'rib, yaxshilik qiladiganlar ishi.

“Ko'ngildan ko'chirmalar”

“Kundaliklar”ni muallif pinhon o'qishga jazm qildim. Tahririyat muharrir-muxbirlar ishi oson bo'lishi uchun kompyuterlarni yagona tizimga birlashtirgan edi. O'shanda “kundaliklar” biror soatcha umumiy tizim-shoxobchaga ko'chib qolgan, “o'g'irlashga ulgurgandim”. Albatta, keyinchalik buni bosh muharririmizga aytib, uzr so'raganman. Kulib-kulib, “mayli-da” deb qo'ygan. Yil o'tib, o'sha kundaliklar “Ko'ngildan ko'chirmalar” nomi ostida nashr etildi. Avvalboshdan aytib ketay, “Ko'ngildan ko'chirmalar” muallifning “Sog'inchning rangi”, “Quyoshga tik qarab bo'lmas”, “G'ovalik qahramon” kabi asarlarining g'oyaviy izchil, puxta davomi hamdir.

Muddaoni bot-bot qayirib kelayotganim boisi, “Ko'ngildan ko'chirmalar”ga kundaliklardagi hamma chizgilar, o'ylar, kechgan qiyinchiliklar, alamlar-u tugilgan mushtlar tushmagan. Muallif chamamda “hammasini ham kiritsam, diy-diyoga o'xshab qolmasin” qabilda o'ylagan, dasht to'shiday kelgan, kamtarlik qilgan. Birgina she'r.

Meni hech kim tushunmaydi…

O'zimdan boshqa.

Oltmish ikki tomir

Titraydi qushday.

Uchib ketgim kelar,

Olis-olisga

O'nglanmagan tushday.

Bir tush ko'rsam…

Qanday ko'chat kuzda tutib ketadi? Ko'chishdan oldin ungan tomirlari hayotga tashna, botiqqa shay, tani esa quyoshga talpingani, hoynahoy.

Norqobil Jalilning “Ko'ngildan ko'chirmalar”ini o'qirkansiz, ayni o'y quvib yetadi. Bahorga talpinish, bahorni sevish, ko'ngilda doim bahorni olib yurish… Va, qalb qo'rida Vatanga cheksiz mehr!

2000 yillar boshida xalqimiz sevib tomosha qilgan ko'rsatuv – “Yaxshilik”ning aynan shu nomda atalgani ham qalb izhoridir, aslida.

Doim e'tibor beraman: Norqobil aka rahmatli ustozi Ahmad A'zam haqida gap ketganda bir qalqib oladi. “Qanday odam ediya…”

Qismat mushkulotlarni ko'ksingga jazillatib bossa-da, shahdingdan qaytmaysan; zero yo'llaringda kushoyish, munis lahzalaring-da ko'pdan-ko'p. Qo'lingdan tutib, shu manzillarga yo'naltiradiganlar bor. Ular aziz odamlar – ular yaxshi odamlar.

Oqibatdan uzilmaganlar

2018 yili Prezidentimiz Farmoniga muvofiq Norqobil Jalilovga “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” faxriy unvoni berildi. Rasmiy tadbir o'z oti ila rasmiy. Picha o'tib, mukofot bahona fayzli bir qur-davrada ustoz, do'st-yor, qavmu qarindosh yig'ilgan. Uzun-kalta rasamadi shogirdlar havasla pirillab xizmatda. Adabiy kechaga aylanib ketgan. O'shangacha ham Norqobil aka teng-to'sh og'aynilarining o'zaro oqibati, yelka tutarligidan biz yoshlar ichdan tan berar, shulardek bo'larmikinmiz, deya gapirib yurardik. Hozir ham.

Oqibat – shakllanishi xo'p sinov talab etadigan ko'rim. Shu uchunmi yillar suronida sayqallanib boraveradi. Oqibat oqibatli davralardan unadi. Talpinganlargina – sazovor. O'sha davrada amin bo'lganmiz, yuqsin-yuqsin.

Xursandchilikda emas. Mungli damlarda ham…

Maorif fidoyisi, ta'lim mashaqqatiga jonin kergan samarqandlik mohir pedagog Shodiyor To'rayevning bevaqt qazosi xabari yetganda, Norqobil aka ancha paytgacha o'ziga kelolmay yurgani… O'kinch. Bu chin sinashta oqibat yombilari “Hayot darsin berib ketdi” (Norqobil Jalil. “Ma'rifat” gazetasi, 2019 yil 13 mart) maqolasiga to'kilgan. Poytaxtdan oyoq uzib, umrining oxirigacha olis Kesovlida ziyo tarqatib yashagan do'sti haqdagi bir xotirani eslarkan, muallif iztirobla yozadi: …oltmish ikki tomirimning nechtasi uzilib ketdi, bilmayman. Yo'q, Shodiyor maktabsiz, o'quvchilarisiz yasholmaydi, tirikchilik tashvishlari o'tkinchi…

Oti o'chgur dard matbuot jo'mardi, hassos qalamkash Qurbon Eshmatni oradan yulib ketganda, bul oqibatli davra yanada jipslashgan, mehrdan qatim tortgan. “Qadrdon qayrag'och”…

Katta yurak zarbi

“Quyoshga tik qarab bo'lmas”da shunday satrlar bor: yuragimning zarbi o'zidan katta. Tafti quyoshdan-da issiqroq. O'tmishi uzoq. Yoshini… aytishda xato qilaman. Uning yigirma milliondan ko'proq tomirlari bor. Ismi — jismiga mos. Aytayinmi? Keyin…

Vatanni jim turib sevish mumkinmi?

Yo'q, shu joyda chalg'idik, chog'i. Yurt korida, el g'amida yurgan kishi, yaxshilik poyidorlar bu yang'lig' yozadi.

* * *

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, otashqalb shoir, mohir publitsist, mahoratli muharrir — Norqobil Jalil oltmishlik dovondan oshdi. Qutlug' bo'lsin!

Ushbu muborak kun munosabati bilan ko'plab taniqli ijodkorlar o'z qalb izhorlarini chiqishlarida bayon qilishayotir. Yaxshilik tomirlari uzilmasin, hech.

Chekimga tushgani – bir guruh yosh ijodkorlar – Norqobil Jalil ijodiga oshufta, mahoratidan mehr sipqargan, hayot yo'lida og'am, deb bilgan havas­mand shogird-inilarining bir gapini yetkazish.

Yillar tafovutini sezmaymiz. Qo'nishib-kulishib yuramiz.

Lekin bundan buyog'iga…

Ustoz deymiz!

Asliddin Alimardon,

“Huquq va burch” jurnali bosh muharriri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =