Baland sasli orzular

O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov

tavalludining 80 yilligi

 

Yozuvchilik kasbining o'ziga xos jihatlari, mashaqqatlari bilan birga zarur fazilatlar majmui bor. Ana o'sha fazilatlar egallanar ekan, yozuvchi asarlari   har qanday millat va zaminda o'z “oyog'ini” mustahkam qo'yadi. Bugun 80 yillik tavallud sanasi millatning, adabiyotchilarning tabarruk bir bayrami o'laroq nishonlanayotgan O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimovning ijod olami yuqoridagi fikrning isboti tarzida ko'zga tashlanadi.

Bir paytlar qalam haqiga avtoulov mingan yozuvchi – shoirlar avlodi haqida bot-bot gapiriladi. Ya'niki, ular Shukur Xolmirzayev, O'tkir Hoshimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar avlodlari ekan. Zotan bu avlodga mansub ijod ahlining yaratgan asarlari, o'zbek adabiyoti ekologiyasini tozalashdagi xizmatlari, milliy dard, milliy iztirob bilan nafas olgan asarlarining o'zbek adabiyotidagi o'rni har qanday avtoulovga qilinganday havas va entikish manbaiga aylansa qaniydi…

O'tkir Hoshimov 1941 yil 5 avgustda Toshkent shahrida tug'ildi. O'zbekiston xalq yozuvchisi. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakulteti jurnalistika bo'limini tugatgan. Ilk kitobi — “Po'lat chavandoz” bilanoq og'izga tushgan. “Cho'l havosi”, “Odamlar nima derkin”, “Shamol esaveradi”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahor qayt­maydi”, “Dunyoning ishlari” qissalari hamda “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar” kabi romanlari nashr etilgan. Yozuvchining bir qancha asarlari ekranlashtirilgan. “Xazon bo'lgan bahor”, “Inson sadoqati”, “Vijdon dorisi”, “To'ylar muborak”, “Qatag'on” kabi drama, komediya, bir qator kinossenariylar muallifi ekanligini xalqimiz yaxshi biladi.

“Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobi ijtimoiy-ma'naviy hayotda muayyan iz qoldirdi. Hamza nomidagi Davlat mukofoti laureati, “Mehnat shuhrati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Adib asarlari bilan tanishar ekansiz, uning ko'zi har doim muhim va hatto eng kichik narsalarni, asl vaziyatlarni, tasvirlarni, hayotni tashkil etuvchi tafsilotlarni payqash qobiliyati doimo o'ziga xos bo'lganligini ilg'aymiz.

Bu kuzatish va badiiy xulosa chiqarish qobiliyati, boshqalar e'tibor bermayotgan narsalarni payqash qobiliyati. Bu daryo bo'ylab suzib ketayotgan qog'oz qayiq, bu daraxtlarning ko'lmaklardagi aksi kabi go'zaldir.

Yozuvchining nuqtai nazari odamlarni va ular o'rtasidagi munosabatlarni, ularni o'rab turgan dunyoning elementlarini va dunyoning o'zini ishonchli tasvirlash uchun zarurdir. Va u yangi qiziqarli g'oyalar manbai bo'lib xizmat qiladi, u muallifning o'ziga xos va faqat sizning nuqtai nazaringizga aylanadi.

Yozma fikrlash vaziyatga, odamga tashqaridan qarash qobiliyati hamdir. O'tkir Hoshimovning yozgan asarlarida qora-salbiy, oq-musbat emas, shuningdek, hayotda va tabiatda yashil, qizil, sariq, och qizil va binafsha ranglar ham borligini ko'ramiz.

Bunday fikrlash ochiq fikrlashni nazarda tutadi: bir muammo bo'yicha bir nechta turli (hatto qarama-qarshi) fikrlar bo'lganda va ularning barchasi to'g'ri bo'lsa, har kim yashash huquqiga ega bo'ladi. Bitta vaziyatdan chiqishning bir necha yo'li mavjud ekanligini va ularning barchasi o'z yo'lida foydali va to'g'ri ekanligini O'tkir Hoshimov asarlari vositasida ilg'ashimiz osonroq kechgandek bo'ladi.

Yuqorida adibning asarlarini nomma-nom sanab o'tdik. Bu juda oson. Biroq ularning ostida qolib ketgan kunlar-chi, tunlar-chi, yozuvchi tushib ko'rgan turfa xil qiyofalaru tubsiz jarliklar-chi?! Bular esa asar nomini sanagan yanglig' oson hol emas, silliq ham emas!

Biz ba'zan hayotning bir xil ko'rinishlaridan, bir xil ohanglaridan zada bo'lamiz, toliqamiz. Qaergadir qochgimiz keladi. Bu holni yozuvchi qanday kechiradi? Shu aniqki, yozuvchining qochadigan joyi ma'lum: u xayol dunyosiga — fantaziyalar qa'riga, tuyg'ular tubiga   qochadi. Yozma dunyodan boshpana topadi. Bu esa tungi osmonga qarab, koinotni tomosha qilishday, bir ko'z bilan yulduzlarni, ikkinchi ko'z bilan qog'oz varag'i yoki kompyuter ekraniga tikilishday holatni ko'z oldimizda gavdalantiradi.

Yanayam fikr qilishga undaydigani biz sanagan asarlarning har birining zamirida qurbon qilingan uyqu va sabrning mukammal ko'rinishi bor. Sabr tubsizligi… Har qanday hikoya ustida ishlash juda ko'p vaqtni oladi va birinchi qoralamalarni yozish uchun ehtimol, bir oy, balki bir necha yillar kerak bo'ladi. Biz bu mehnatning hajmini har birimiz his qila olganimizdami, yozuvchining nafaqat tug'ilgan kunini, balki nihoyatda ulug' bir sabr orqasidan dunyoga kelgan har bir asarining tug'ilgan kunini nishonlagan bo'larmidik…

O'tkir Hoshimovning asarlarini kuzatar ekansiz, ularda nihoyatda go'zal bir zavqni ko'ramiz. Agar yozuvchi hayot haqiqatlaridan zavq tuya olmas ekan, u yaratgan asar ham bizni zavqlantirmasligi tabiiy.

Yozuvchining har bir asari “baland ovozda” qilingan orzulardir. Bu sas bizga yashashni o'rgatmaydi, bilag'onlik qilmaydi, boshi berk ko'chalarga olib borib qo'yib ortiga qaytib ketmaydi. O'quvchini muttasil ruhiy iskanja va qiynoqqa solib huzurlanmaydi. (Adabiyotda o'quvchini ruhiy va psixologik o'pqonlarga tashlab qo'yguvchi yozuvchilar asarlarini eslang.) Ular qalbimizni,   tuyg'ularimizni, idrokimizni kerakli vitaminlar bilan, ijodiy va hayotiy kislorod bilan to'yintirayotganga o'xshaydi. Bu aslida faqat O'tkir Hoshimov ijodigagina emas, asl So'z asl Adabiyot yo'lidagi har bir ijodkor asariga xos umumfazilatlardir.

Albatta, O'tkir Hoshimovning yozuvchilik fazilatlari bular bilangina chegaralanib qolmaydi. Ularda jasorat va qat'iyat bor – mayin bir jasorat va mo'min-qobil qat'iyat mujassam. Va bu fazilat O'tkir Hoshimov asarlarini, ijodiy bazasini ich-ichdan yolqinlantirib turadi.

“Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak”, “Iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib o'qiladi”, “Odatda yig'lab o'qiladigan asarlar yig'lab yoziladi. Ammo kulib o'qiladigan asarlarning hammasi ham kulib yozilavermaydi.” Ijodkorlar orasida aforizmsifat ma'no tashigan ushbu hikmatli so'zlar O'tkir Hoshimovga tegishli. Zero ularda hayotiy haqiqat, ijodkor qalbining kunjaklaridagi eng inja hissiyotlar va donishmandlarga xos badiiy va hayotiy idrok bor. Zotan bu fazilatlar O'tkir Hoshimovning har bir asariga xosdir.

…Kuni kecha poytaxtimizda joylashgan O'zbek Milliy teatrida Prezidentimizning “O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan kecha chinakam ma'noda o'zbek adabiyotiga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikning navbatdagi namunasi bo'ldi, desak xato bo'lmaydi. Beixtiyor bugungi o'quvchi O'tkir Hoshimov asarlariga qay darajada mushtoq, hayotning sokin va bir zayl pallalarida yaratilgan asarlar bugungi tezkor texnika zamonida yashayotgan kitobxon yoxud “internetxon”larni qay darajada junbushga sola oladi, bu asarlar bugun hatto biroz zamonaviylikka o'ch xos kitobxonlarga qaysi jihatdan ta'sir o'tkazadi qabilidagi o'ylarga beriladi kishi.   Javobimiz esa oddiy, biroq yaxlit: O'tkir Hoshimov asarlari milliy ruh bilan to'yingan, ularning tagzaminida yuqorida ta'kidlaganimiz kabi sokin bir jasorat bor, tili va ruhiyatida o'zbekona miqyos bor. Zamon istaganicha tezlashaversin, uning asarlari o'z o'quvchisini to'xtatishga, sekinlatishga, o'tmishning yuragiga quloq tutishga da'vat qila oladi. Ular haqiqiy o'quvchilar bo'lsa, albatta.

Ma'lumki, ulug' adib xotirasini abadiylashtirish maqsadida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan o'tgan davr mobaynida bir qator tashkiliy-ijodiy ishlar ham amalga oshirildi.

Xususan, ta'lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va san'at namoyandalari ishtirokida O'tkir Hoshimov ijodiga bag'ish­langan ko'plab uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalari bo'lib o'tdi. Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida “Zamonaviy o'zbek adabiyoti rivojida O'tkir Hoshimov ijodining o'rni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o'tkazilib, unda “El sevgan adib: O'tkir Hoshimov zamondoshlari xotirasida” nomli kitobi taqdimoti ham bo'ldi. Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Do'mbirobod mahallasidagi O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov yashab, ijod qilgan uyga yodgorlik lavhasi o'rnatildi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “O'tkir Hoshimov asarlari bilimdoni” respub­lika ko'rik-tanlovi tashkil etildi. Hududiy bosqichda faollik ko'rsatgan 23 nafar o'quvchi ko'rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etdi. Tanlovning respublika bosqichi g'olib­lari shu yilning 12 oktyabr kuni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida munosib taqdirlandi.

O'tkir Hoshimovning asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish bo'yicha ham ishlar olib borildi. Jumladan, O'zbekiston davlat drama teatrida “Dunyoning ishlari”, O'zbekiston davlat satira teatrida “O'tkir Hoshimov asarlari asosida hajviyot”, Andijon va Qo'qon musiqali drama teatrlarida “To'ylar muborak”, Buxoro viloyati musiqali drama teatrida “To'ylar muborak yoxud uylanmasam o'laman” nomli spektakllar sahnalashtirildi.

Shuningdek, yaqindagina sanaga tuhfa sifatida “Sharq” nashriyoti O'tkir Hoshimovning “Tanlangan asarlar”i,   turk tilida “Ötkir Haşimov. Seçme Hikâyeler” (“O'tkir Hoshimov. Tanlangan hikoyalar”) kitoblari chop etildi. Shu bilan birga Turkiyaning Anqara shahridagi “Hece Yayinlari” nashriyotida shoir va tarjimon Hamza O'zturkchi tomonidan nashrga tayyorlangan “Zamonaviy o'zbek hikoyalari” nomli to'p­lamdan O'tkir Hoshimov asarlari o'rin oldi.

Adib tavalludining 80 yilligiga bag'ish­langan tantanali kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning tab­rik so'zi bilan ochildi. U o'z nutqida adabiy-madaniy jarayondagi islohotlar hamda O'tkir Hoshimov ma'naviy merosining o'rni va ahamiyati xususida so'z yuritdi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid esa adibning badiiy asarlari mohiyati, yosh ijodkorlarga ko'rsatgan g'amxo'rligi hamda adabiy saboqlari haqida so'zladi.

– Bundan yarim asrdan ko'proq vaqt ilgari ulkan adib Abdulla Qahhor yosh iste'dodli qalamkash O'tkir Hoshimovning “Cho'l havosi” qissasini o'qib: “Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo'ladi. …Shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin!” – deya bo'lajak xalq yozuvchisiga o'zining otalarcha xayrixohligini izhor etgan edi, – deya fikrini davom ettirdi Sirojiddin Sayyid. – O'tkir Hoshimov o'zining otashin ijodiy faoliyati bilan ustozlar ishonchini to'la to'kis oqladi.

Shundan so'ng O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'ofurov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do'stmuhammad, adabiyotshunos Shuhrat Rizayev so'zga chiqib, O'tkir Hoshimovning hayot va ijod yo'llari, insoniy fazilatlari haqida so'z yuritdilar.

Tadbir davomida, O'zbek davlat drama teatri aktyorlari ijrosida “Dunyoning ishlari”, Qashqadaryo musiqali drama teatri jamoasi “To'ylar muborak” spektaklidan parcha namoyish etdi. O'zbek Milliy Akademik drama teatri aktyori Ixtiyor Otajonov ijrosida yozuvchi qalamiga mansub “Laylak” nomli sahna ko'rinishi, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o'quvchilari tomonidan “Daftar hoshiyasidagi bitiklari” kitobidan namunalar o'qildi. Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli hamda san'atkorlarning kuy-qo'shiqlari esa kechaga o'zgacha zavq-shavq bag'ish­ladi.

Go'zal BEGIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + eighteen =