Mulki olam sahnida… yoxud akademik Vohid Abdullayevni eslab
Tabiatda quyma oltin, yombi gavhar uchraydi, deydilar. Gavhari shabchiroq haqidagi ertakni o'qigansiz. Xo'sh, yombi gavhar, gavhari shabchiroq deb atashga arzigulik insonlar uchramaydimi? Yombi gavhar o'zidan nur taratib turarmish, uning yog'dusida kechasi kitob o'qisa bo'larmish. O'zidan nur taratib turadigan insonlar yo'qmi? Bor, atoqli adabiyotshunos olim, akademik Vohid Abdullayev ana shunday siymo edilar. Necha yillar Samarqand adabiy muhitini mash'al bo'lib yoritib turgan edi.
Taniqli adabiyotshunos olim, akademik Vohid Abdullayev (1912–1985) Samarqand shahrida ziyoli oilada dunyoga keldi. Farg'ona davlat pedagogika institutining “O'zbek tili va adabiyoti” fakultetini tugatib, Toshkent va Moskvada aspiranturada tahsil olgan edi. Buxoro hamda Samarqand pedagogika institutlarida dars berdi. 1944 yildan umrining oxirigacha Samarqand davlat universitetida o'qituvchi, katta o'qituvchi, dotsent, professor lavozimlarida, fakultet dekani, kafedra mudiri, rektor vazifalarida ishladi. Qariyb yarim asr mobaynida talabalarga Alisher Navoiy merosi va o'zbek mumtoz adabiyotidan saboq berdi.
“Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va faoliyati” mavzusida nomzodlik (1941), “XVII–XVIII asrlar Xorazmda o'zbek adabiyoti” mavzusida doktorlik (1959) dissertatsiyalarini himoya qildi. Zullisonayn olim mazkur fundamental tadqiqotlarni yaratish uchun yuzlab qo'lyozma manbalar, tarixiy asarlar, tazkiralar, bayozlarni ko'rib chiqdi; ko'plab arab, fors-tojik va o'zbek tillaridagi dastxatlarni ilk bora ilmiy iste'molga olib kirdi.
Xorazm adabiy muhitidagi bir qancha shoirlarni kashf etdi, ularning ijodiy-ilmiy biografiyasini keng ilm-adab ahli e'tiboriga havola qilib, adabiyotimiz tarixidagi mavqeini tayin etishga muvaffaq bo'ldi.
Navoiyning Samarqandda kechgan hayot yillari haqida turkiy va forsiy tillardagi qalamiy sarchashmalardan yangi dalillarni topib, saralab “Alisher Navoiy Samarqandda” kitobini yaratdi (1948). Olim ilm ahli orasida birinchi bo'lib “Xamsa” dostonlarida ko'hna Samarqand tasviri izlari borligini aniqlagan edi.
Oliy o'quv yurtlarining filolog talabalari uchun “O'zbek adabiyoti tarixi” (II qism,1964) darsligida qamrab olingan davr madaniy hayoti, ilm-fani, adabiy jarayonini, alohida shoirlarning ijodiy biografiyasini yoritishda, xususan, Xiva adabiy maktabi namoyandalarining ijodini o'rganishda faqat birinchi manbalarga suyandi. Tahlil uchun jalb etilgan barcha asarlar shoirlarning qo'lyozma devonlaridan, dastxat bayozlardan, tazkiralardan olingan. Darslikni yaratishda muallif jiddiy manbashunoslik, matnshunoslik zahmatini ham chekkan, forsiy matnlarni o'zi tarjima qilgan. Shuning uchun ham mazkur darslik yillar davomida qayta-qayta nashr etilgan va hozirgacha o'zining ahamiyatini yo'qotmagan.
“Xoksor va Nishotiy” (1960), “Miriy va uning zamondoshlari” (Boturxon Valixo'jayev bilan hammualliflikda), “Samarqand – olimlar va shoirlar shahri” (1967), “Asrlar nafasi” (1970), “Yangilik yarashadi” (1975) singari bir qancha tadqiqotlar hamda 300 dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi bo'ldi.
Ustoz Vohid Abdullayev dunyoga mashhur Yevgeniy Bertels, Sadriddin Ayniy, Irji Bechka, Yan Ripka, Fayzulla Qosimzoda, Bobojon G'afurov kabi o'z davrining mashhur sharqshunos olimlari e'tirofiga haqli ravishda sazovor bo'lgan edi.
* * *
Men bu muhtaram zot ila Buxoro pedagogika instituti (hozirgi universitet)da tanishganman. U kishi davlat imtihonlari komissiyasining raisi bo'lib kelgandi o'shanda. Basavlat, shirinso'z, butun qiyofasidan nur taralib turgan Vohid domla davralarning guli bo'lgan, bir necha shogirdlar orttirgan edi Buxoroda.
Ikkinchi bor Toshkentda ko'rishib, suhbatlashdik. Suhbatimiz qiziq kechgan. Bir kuni ertalab aspirantlar yotog'idan chiqsam, eshikda Vohid domla turibdilar. Salomlashdim.
“Aspiranturada o'qiyapsizmi? Hay-hay, na go'zal, — dedilar tabassum qilib. — G'ayrat qiling! Shoirdan yomon olim chiqmaydi”.
Keyin qaysi mavzuda ishlayotganim, ilmiy rahbarim haqida surishtirdilar. Va to'satdan: “Meni vokzalgacha kuzatib qo'ysangiz, uchta muhim gap aytaman, xursand bo'lasiz”, — dedilar.
“Jonim bilan, domla”, — dedim va qo'llaridan portfelini oldim.
Ikkov yo'lga tushdik. Aspirantlar yotog'idan katta yo'lgacha chamasi uch yuz metr masofa. O'n uchinchi tramvayga o'tirib, vokzalga jo'nadik. Tiqir-tiqir ketyapmiz… Vagonda odam siyrak. Vohid domla ovoz qo'yib, baland ruh bilan g'alati bir she'r o'qidilar:
Nimayiz bor, nimayiz bor?
Bir namat, bo'riyomiz bor.
Seningdek podsholarga
Duoyi beriyomiz bor.
“Qalay? – dedilar men tomonga ma'noli boqib.
“Zo'r!” – dedim.
“Ana shunaqa! Bizga hamroh bo'lsangiz, tesha tegmagan she'rlarni eshitaverasiz, — dedilar kulib. — Keling, endi birinchi muhim gapni aytay… Sizning keksa hofiz Rasulqori Mamadaliyevdan xabaringiz bormi?”
“Yo'q”, — dedim.
“Bo'lmasa, eshiting. Marg'ilonda edik. Katta davra. To'rda Rasulqori hofiz. Ashulaxonlik. Bir mahal televizorda “Marhabo, talantlar!” ko'rsatuvi boshlandi. Farg'onalik yoshlar bilan buxorolik yoshlar bellashuvi. Buxorolik qizlar sizning “Hay-hay, na go'zal, ko'zguda jonona ko'rindi” she'ringizni qo'shiq qilib aytishdi. Jyuri raisi Turob To'la ularning ijrosiga o'n ball baho berdi. “Shoiriga ham tan berish kerak, — dedi ta'kidlab, — she'rni qiyomiga yetkazibdi”.
Shunda Rasulqori “Shoiri kim?” deb so'rab qoldilar. Men buxorolik yosh shoir Jamol Kamol deb sizni ta'rif-tavsif qildim… Keksa hofiz davraga yuzlanib, kelinglar, birodarlar, shu yigitni bir duo qilaylik deb, duoga qo'l ochdilar. Sizni astoydil duo qildilar. Davra ahli, chamasi yigirma chog'li kishi “omin!” deb duoga qo'shildi… Hammaga ham nasib etmaydi bu! Xo'sh, xursandmisiz?”
“Xursandman, umrlari uzoq bo'lsin!” – dedim.
Tramvayda “tiqir-tiqir” ketyapmiz deng…
“Endi ikkinchi gapni eshiting, — dedilar Vohid domla. – Bilasiz, biz, o'zbeklar, Alisher Navoiyga ega chiqdik. Tojiklar Abdurahmon Jomiyga, ozariylar Shayx Nizomiy Ganjaviyga ega chiqishdi. Amir Xisrav Dehlaviyga hech kim “ega” chiqmadi. Ota-bobolari Shahrisabzning turk-lochin urug'idan, o'zi Hindistonda tug'ilib o'sgan, o'sha davrning an'anasiga muvofiq forsiyda ijod etgan. Forslar uni hind shoiri desa, hindlar fors shoiri deydi. Millati bugunning iborasi bilan aytganda – o'zbek… Ana shu buyuk zotga biz ega chiqishimiz kerak. Uning ijodini o'rganishimiz, tarjima qilib, xalqqa taqdim etishimiz lozim. Bu borada siz, yosh ijodkorlar faollik ko'rsatsangiz, ayni muddao bo'lur edi. Ma'qulmi?”.
“Ma'qul”, — dedim men.
Vohid domla ohangini keltirib, yana she'r o'qishga tushdilar.
Iloyo, qoraysin falakning yuzi,
Jafo birla juftu vafo birla toq.
Isodek kishiga berib bir eshak,
Eshakdek kishiga berar arg'umoq.
“Qalay?” degandek menga qaradilar.
“Zo'r!” – dedim. Buni qarangki, bu kimning she'ri, — deb so'ramabman o'shanda. (Bu gap keyin xayolimga keldi).
Tramvay vokzalga yaqinlashib qolganda, uchinchi muhim gap ham aytildi.
“Hech qachon mevani, sabzavotni po'sti bilan yemang. Masalan, uzumni ham, bodringni ham po'stini ayirib, archib yeng. Negaki, po'st – qobiq, mag'izning himoya qobig'i. Tabiat uni shu maqsadda yaratgan, yeyish uchun emas. Shundoq ekan, mag'iz bilan po'stni ham qo'shib yeb, oshqozon-ichakni qiynamang. Po'st baribir xazm bo'lmaydi… Sog'liqni asrab-avaylashni odat qiling”.
“Rahmat, domla!” — dedim.
Vokzalga yetib keldik. Tramvaydan tushib, vokzal eshigi tomon yo'l olarkanmiz, Vohid domla meni hayron qoldirib, yana she'r o'qiy ketdilar:
Xushdirki dami ajal chekib bodayi nob,
Sarmast yotam qabrda to ro'zi hisob.
G'avg'oyi qiyomatda turam mastu xarob,
Na fikri hisob o'la, na parvozi azob..
“Xo'sh, kimning she'ri bu?” – so'radilar mendan.
“Fuzuliyniki”, — dedim, men bu ruboiyni yod bilardim.
“Barakalla! – dedilar, — Navoiy va Fuzuliy ikki benazir shoir. Ularni har kuni o'qish kerak”.
Domlani vokzal ichkarisiga kuzatib, izimga qaytdim. Yo'l bo'yi boya eshitganim dastlabki ikki she'rni ichimda takrorladim. Xotiramda naqshlanib qoldi ular.
* * *
Yillar o'tdi. Bir gal Buxoroga boradigan bo'ldim. Yangi kitobi korrekturasini o'qishga kelgan shoir ukamiz Toshpo'lat Ahmad mening mashinamda birga ketadigan bo'ldi. Mashinani galma-galdan haydab, Samarqandga yetdik. Ulug'bek rasadxonasi poyida, choyxonada tushlik qilib, dam oldik.
Toshpo'lat to'satdan eslab qoldi.
“Jamol aka, — dedi u, — Vohid domlaning xotini vafot etgan… Kirib, ko'ngil so'rab chiqmaymizmi?”
“Adresni bilasizmi?”
“Bilaman”, — dedi Toshpo'lat. U Samarqand universitetida o'qigan, adresni bilishi shu tufayli edi.
“O'tiring mashinaga, haydang”, — dedim.
Xullas, bir necha aylanma yo'llardan o'tib, Vohid domlaning eshigiga bordik. Qiya ochiq darvozadan qarab, supada yog'och karovatda boshini egib, yolg'iz o'tirgan domlani ko'rdik. Ichkariga kirib, salomlashdik. Ko'ngil so'radik. Vohid domla marhumaga atab Qur'on o'qidilar, biz qo'l ochib, “omin” dedik. Men atrofga razm soldim. Devorlarining suvoqlari to'kilib turgan xarob hovlicha. Kimsan, bir necha yil Samarqand davlat universitetining rektori bo'lgan, akademik Vohid Abdullayev shunday xokisor holda yashaydi, deb o'ylamagandim. Bu mo''tabar insonga bo'lgan mehru ixlosim yanada ortdi…
“Umr yo'ldoshidan ayrilib qolgan bu qayg'uli insonning endigi hayoti qanday kecharkin?” – degan o'y ko'nglimdan o'tdi. Xuddi dilimdan o'tgan o'yga javob bergandek, domla shu onda bir bayt she'r o'qidilar:
Zindagi bar gardan aftodast, Bedil, chora chist?
Shod boshad zistan, noshod boshad zistan…
(Tiriklik bo'yningga tushgach, Bedil, iloj qancha?
Shod bo'lsang ham yashaysan, noshod bo'lsang ham, yashaysan)
Yarim soatcha suhbatlashib, so'ng xayrlashib, biz Buxoroga jo'nadik. Ustoz bilan oxirgi ko'rishganim shu bo'ldi. Boshqa ko'rishmak nasib etmadi. Vohid domladan nodir kitoblar, asl farzandlar, yetuk shogirdlar, yaxshi nom qoldi, ya'ni bitmas-tuganmas ma'naviy davlat.
Odatda bunday kishilar haqida bir keldi-yu bir ketdi deyiladi.
Hazrati Mavlono aytmoqchi:
Mulki olam sahnida odam edi,
Ko'nglida gardi – g'ubori kam edi…
Yuzidan, ko'zidan, so'zidan nur yog'ilib turar, ochiq chehrali, shoir tabiatli, chin ma'noda alloma, yuksak ma'rifatli inson edi akademik Vohid Abdullayev!
Iloyo, oxiratlari obod, joylari jannatda bo'lsin.
Jamol KAMOL,
O'zbekiston xalq shoiri