Hayot mazmuni — samimiyat
Qo'lda qalam tutgancha qanchadan-qancha insonlarga nafi tekkan, ko'ngillarni oshufta etib, so'zlari ila odamlarning yorug' dunyoga bo'lgan muhabbatini oshirgan, yangi maqsadlar, katta marralar sari odimlashlari uchun ne-ne yoshlarga ma'naviy dalda bo'lgan olovqalb sohiblardan biri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, “Mehnat shuhrati” ordeni, 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti sovrindori, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, yetuk jurnalist, ko'plab shogirdlarning ustozi Saydi Umirov bugun hayot bo'lganida 84 yoshni qarshilagan bo'lar edi.
Saydi Umirov ilmiy, ijodiy faoliyati davomida o'nlab yozuvchi, shoir, tanqidchi, adabiyotshunos, jurnalist, tarjimonlarning hayoti va ijodi haqida maqolalar, xotira-ocherklar, risolalar, esselar, taqrizlar yozdi. Ularda xalqimiz orasida tanilgan kishilarning portret-obrazlari, shaxs sifatida ko'rinib turadigan individual xususiyatlarini mahorat bilan chizib berdi. Mana shu ilmiy-ijodiy faoliyati davomida “Sollanib oqayotgan daryo”, “Dorulfununlar taqdirimda”, “Ma'naviyat mulkiga sayohat”, “Tolibnoma”, “San'atning sehrli kaliti”, “Sehrli va mehrli so'z” kabi o'nlab kitoblarga mualliflik qildi.
Ustozning jurnalistika sohasiga nafaqat amaliy jihatdan, balki nazariy nuqtai nazardan ham qo'shgan hissasini alohida ta'kidlab o'tish joiz. Uning maqolanavislik, OAV muammolariga bag'ishlangan ko'plab maqolalarida sohaning sir-sinoatlari va nozik jihatlari chuqur tahlil etilgan. “Publitsistika tahlili”, “Ocherk – o'gay janr emas”, “Jangovar janr”, “Yoshlikning publitsistik mavjlari”, “Tarhi toza publitsistika”, “Samarqand jurnalistika maktabi”, “Uzaytirilgan hayot”, “Changi va dong'i chiqqan yolg'iz ot” kabi maqolalarida o'zbek publitsistikasining amaliy va nazariy muammolari jo'shqinlik bilan tahlil etiladi.
Saydi Umirov tinib-tinchimas ijodkor, jurnalist bo'lish bilan bir qatorda qanchadan-qancha el suygan jurnalistlarning kamol topishi yo'lida o'zidan kechib mehnat qilgan fidoyi ustoz ham edi. Universitetlarning gumanitar yo'nalishdagi aksar domlalari kabi ilmiy ijod, tadqiqotchilik, jurnalistlik faoliyati bilan qizg'in shug'ullandi. Hayotda mehnatkash, hassos ijodkor sifatida tanildi: dolzarb masalalarni o'rtaga qo'ydi, ularni yechish yo'llarini qidirdi. Chingiz Aytmatovga, Agranovskiyga, Abdulla Qahhorga, davr fuzalolariga murojaat qildi, publitsistikaning nazariy masalalarini ularga tayanib, tahlil qilib, ta'lim olib yechishga urindi. Olimning jamiyatdagi o'rni shundaki, u hech qachon masala qo'ymay va masala yechmay turolmaydi. Masala qo'yishi va masala yechishi bilan olim jamiyat tomonidan tan olinadi va o'z nazdida ham, o'z vazifasini oqlaydi.
Saydi Umirov Toshkent davlat universiteti – (hozirgi O'zMU)da uzoq yillar mehnat qildi. Oddiy o'qituvchi, dotsent, fakultet dekani vazifalarida ishladi. Lekin u kishini yaqindan bilganlarning bari aytishadi: domla hech qachon boshqalarga o'xshab, mavqe, vazifasi o'zgarganda “o'zgarib” qolgan emas, hamisha bir xil edi: samimiy, hazilkash, quvnoq, e'tiborli… Dorilfununda esa Begali Qosimov, Omonulla Madayev, Abdug'afur Rasulov, Boybo'ta Do'stqorayev, Tal'at Solihonov kabi tengdoshlaridan, Asil Rashidov, G'aybulla Salomovdek ustoz ijodkorlar bilan hamnafas, hammaslak bo'ldi. Yoshlarga jurnalistika va publitsistika sir-sinoatlarini o'qitdi, o'rgatdi, minglarcha soatlar ma'ruzalar o'qidi.
– Saydi Umirov – bir necha avlod jurnalistlarining ustozi, murabbiysi. Hozir gazeta-jurnal yoki televidenieda xizmat qiladigan qaysi qalamkashni so'ramang, shu kishidan ta'lim olgan, shu kishidan ko'p yaxshiliklar ko'rgan bo'lib chiqadi. Barcha-barchasi minnatdor. Ustoz deganlari, odam deganlari shunday yashab o'tsa-da! – deydi “Kuyunchak domlamiz” maqolasida O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zam.
Ha, shunday Saydi Umirov bugun jisman oramizda bo'lmasa-da ko'plab shogirdlari va zamondoshlari xotirasida, yozgan kitoblari, el-yurtiga qilgan xizmatlari, xayrli amallari bilan o'zidan yaxshi nom qoldirdi.
– Domla bilan ustoz-shogirdligimizga qirq besh yildan oshdi. Shogirdlarga mo'ljallangan kitoblarim qo'lyozmasini, masalan, “Qirq beshinchi bekat”ni birinchi bo'lib Saydi aka o'qidilar. Bir-birimizdan maslahat so'rab turdik, hamkasblarimiz ijodini birgalikda kuzatdik, birgalikda baho berdik, ijodiy safarlardagi hazil-mutoyibada jo'rovozlik qildik, qo'ni-qo'njimizni yangi g'oyalar, yangi mavzular, ohorli iboralar va yana boshqa ko'p ijodiy topildiqlar bilan to'ldirib qaytgan paytlarimiz ko'p bo'ldi. Saydi aka bilan birga yurt kezishning zavqi boshqacha edi, – deb yozadi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev.
Ustozning hayoti va ijodiga bag'ishlab qalamkash do'stlari, shogirdlari tomonidan “Saydi Umirov zamondoshlari xotirasida” nomli kitob chop etildi. Kitobning taqdimot marosimi esa yaqinda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida bo'lib o'tdi. Kitob taqdimoti bilan birgalikda “Sog'inch” deb nomlangan ma'rifiy anjuman tashkil etildi. Bu tadbir chin ma'noda Saydi Umirovdek ustozlar orqali sohaning katta-kichik ijodkorlarini birlashtirgan qizg'in va ibratli tadbirga aylandi desak xato bo'lmaydi.
Unda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, filologiya fanlari doktori Xurshid Do'stmuhammad, “Dunyo o'zbeklari” internet nashri rahbari Ismat Xushev, O'zJOKU prorektori Nozima Murotova, O'zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrulla Karimov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati mas'ul xodimi Azamat Zaripov, professor Yoqutxon Mamatova hamda S.Umirov bilan ko'p hamsuhbat bo'lgan, birga ishlagan, futbol maydonlarida to'p surishgan, shaxmat taxtasida kuch sinashgan ko'plab yaqinlari, do'stlari va oila a'zolari o'z xotiralari bilan ustozni yodga olishdi:
– Saydi aka nihoyatda xushchaqchaq-quvnoq inson edilar, ular bilan hamsuhbat bo'lgan xo'mraygan-to'rsayganlar ham betiga tabassum yugurtirishga majbur bo'lardi. Domlaning “O'zim haqimda” maqolasini o'qiganlar u kishining tarjimai holini atroflicha bilib oladilar. “Kamina, – deb yozadilar maqolada, – maqtanishga yo'ymangu, noluvchilar, zorlanuvchilar emas, shukrona qiluvchilar, boriga ham, yo'g'iga ham qanoat qiluvchilar sirasiga kirsam kerak”.
Ayni haqiqat so'zlar bular. Saydi Umirov bu o'tkinchi hayotda o'ynab-kulib, quvnab-yashnab yashab o'tishni ma'qul ko'rdi – shunday yashadi, shunday pozitsiyani ma'qul deb bildi, maslagidan chekinmadi. “Yaxshilikshunos” degan yangicha ibora Saydi Umirov tufayli tilimizga kirib keldi, dedi taniqli adib Xurshid Do'stmuhammad.
– Saydi Umirov umrining so'nggi damlariga qadar faol yashadi, harakatda bo'ldi. Fikriy faollik, amaliy faollik lahza bo'lsin, u kishini tark etmadi. Faolligining o'zi ulkan ibrat maktabi edi.
Xotira kechasida Saydi Umirov hayoti va ijodiga bag'ishlab tayyorlangan video-rolik namoyish etildi. Uni diqqat bilan tomosha qilayotganlar bu orqali qahramonimizning hayot yo'li bilan tanishish asnosida o'zlariga andaza olgandek bo'ldilar.
– Saydi Umirov. Bu insonni esimni tanibman-ki bilaman. Oilaviy juda yaqin edik. Qizlari bilan onam, nabiralari bilan esa men dugona bo'ldik. Dadam (marhum shoir A'zam O'ktam)ni o'qitgandilar. Vaqtlar o'tib bizga ham saboq berdilar. Nabiralarni o'qitish nasib etsin derdilar, chiroyli jilmayib. Xalqaro jurnalistika fakultetiga kirishimga sababchi bo'ldilar. Oradan o'n besh yil o'tganiga qaramay bu kunlarni kechagidek eslayman. Ich-ichimdan hamon minnatdorman, – deydi jurnalist To'maris A'zam.
Mazkur xotira kechasi orqali yig'ilganlar ustoz haqida yana juda ko'plab ma'lumotlarga ega bo'ldilar. Buni ushbu kechani diqqat va qiziqish bilan kuzatganlaridan bilish qiyin emasdi.
– O'tganlarni yod etish, xotirlash azaliy qadriyatlarimizdan biri. Biz ham otamizning ruhlarini shod etish, o'sib kelayotgan yosh avlodga ibrat qilib ko'rsatish maqsadida ushbu kitobni to'plashga kirishdik. Otam haqidagi xotiralarini biz bilan o'rtoqlashgan, ularni to'plashda yordam bergan hamda bugungi xotira tadbirimizga qimmatli vaqtlarini ayamay kelgan barcha qadrdonlarimizga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz, – dedi Saydi Umirovning o'g'li Abduvohid Umirov.
Saydi Umirov haqida yozilgan, yozilayotgan kitoblar shu bilan to'xtab qolgani yo'q. Hali bu insonning odamiylik fazilatlari, amalga oshirgan ezgu ishlarini o'zida jamlagan ko'plab kitoblar yaratiladi. Negaki hamma ham domladek hayot kechiravermaydi.
Saydi aka daryoga o'xshar
Goho sokin, goho mavj urgan.
Ko'zi bola ko'ziday yashnar,
O, bu ko'zlar nelarni ko'rgan.
Har kun ko'ngli gulday kurtaklab,
Bu dunyoga salomlar aytar.
Uydan chiqar tongni yetaklab,
Uyga shomni yetaklab qaytar.
Sakson yozi, sakson bahori
Gullab yotar yaxshi niyatdan.
Zarur bo'lsa samimiyatga
Dars berar u samimiyatdan…
Bu satrlar O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukurning Saydi Umirovning 80 yoshga to'lishi munosabati bilan yozgan “Zavq” she'ridan.
Mana shunday har bir so'zidan, nigohidan samimiyat ufurib turadigan, kim bilan suhbatdosh bo'lsa, ko'nglini avaylab gaplashadigan hamda barchaga e'tibor bilan qarab, qadrlagan insonni eldoshlari ham qadrlar ekan.
Kamoliddin RO'ZIMATOV