Muhabbat qasri sadoqatdan bunyod bo'ladi

Bundan besh-o'n kun avval ustoz Ne'mat Yoqubov bilan gaplashib, uning ahli ayoliga sadoqati va muhabbati haqida ibrat bo'ladigan esse yozayotganimni aytgandim. Bundan u kishi juda ham xursand bo'lib ketdi. “Maqolangizni yaqinda chop etayotgan kitobimga kiritaman, iloji bo'lsa ijodiy faoliyatimga ham to'xtalib o'tsangiz”, deb fikr bildirgan edi. Ammo bu hayotda bandasining emas Yaratganning aytgani bo'ladi,   ustozimiz haqida yozilajak esseni ko'rsatish, fikrlarini olish nasib etmadi. Kuni kecha to'qson yoshida, ha, ulug' bir yoshda Ne'mat ota Yoqubov bu foniy dunyodan, boqiy dunyoga safarga ketdi. Iloho ustozimizning joylari jannatda bo'lsin, oxiratlari obod bo'lib, haqlariga Qur'on oyatlaridan o'qigan duolarimiz qabrlarini munavvar etsin…

Ne'mat aka Yoqubovning fayzli xonadoni Olmazor tumanidagi Ahil mahallasida joylashgan. Bu hovliga birinchi marta kelganimga ham salkam o'ttiz yil bo'libdi. Hovlida turfa xil gullar, sarxil mevali daraxtlardan iborat bog' bor. Bog'ning mevalaridan ne-ne ulug' adiblar totib ko'rgan. Ne'mat aka qancha-qancha do'stlariga daraxt ko'chatlaridan ulashgan. Shu bog' tufayli hovli juda bahavo.

Ne'mat Yoqubov “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetasiga uzoq yillar bosh muharrirlik qilgan, obro'-e'tiborli, yuksak martabali kishi bo'lsa-da, juda kamtarin, samimiy inson edi.

Ustozning o'zbek matbuotiga, adabiyotiga qilgan samarali xizmati, hayotda esa oliyjanob va mard inson bo'lganligi haqida ko'p so'z aytish mumkin. U kishi “Qish­loq haqiqati”dan tashqari, “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) hamda “Muloqot” jurnalida bosh muharrir o'rinbosari, bosh muharrir lavozimlarida ishlagan edi.

Ellik yil o'zbek tili va adabiyotidan o'qituvchilik qilgan Kenjaboy otam rahmatli aytar edi. “Ustozlarni ulug'lagin o'g'lim, o'zing ham ulug'lanasan”. Otamning nasihatiga amal qilib ustozlarimni hamisha e'zozlagim, ulardan o'qib-o'rgangim kelardi.

Ustozim Ne'mat akaga ko'pchilik “domla” deb murojaat qilardi. Chunki u kishi bosh muharrir bo'lish bilan bir vaqtda fan nomzodi sifatida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakulteti talabalariga dars ham berardilar. Aslida o'tgan asrning saksoninchi-to'qsoninchi yillar jurnalistikasi ham, jurnalistlari ham boshqacharoq edi. Tahririyatlar o'zagini to'g'riso'z, shaxsiy fikriga ega bo'lgan, o'z qarashlarini himoya qila oladigan, qat'iyatli ijodkorlar tashkil qilardi. Nazoirxon (maddohlik yo'lida so'z aytib maqola yozuvchi) jurnalistlar deyarli yo'q edi.

Ne'mat aka ana shunday farahli davrlarda o'zbek matbuotining nufuzli nashrlariga rahbarlik qildi. U paytlar axborot texnologiyalarining gazetachilikdagi hozirgi imkoniyatlari yetti uxlab tushimizga ham kirmagan. Maqolalar qo'lda yozilar, mashinkada terilar, har bir harf bosmaxonada qo'rg'oshinga quyib bittalab terilardi. Ertalab tahririyatga ishga kelib, ertasi kuni ertalabgacha gazeta chiqarardik. Biror kim ortiqcha ishladim deb nolimas edi. Me'yordan ortiqcha ishlaganimiz uchun qo'shimcha haq ham olmas edik. Musahhihdan to bosh muharrirgacha gazetaga qo'l qo'yilib, bosmaxonaga topshirilguncha bir oiladek jon kuydirilardi. Gazetalar-chi yuz minglab nusxalarda chiqardi. Obuna haqida hech kim bosh qotirmas edi. Hamma gazetalarning o'quvchilari bo'lib, odamlar o'z ixtiyorlari bilan obuna bo'lishardi. Ha, ertalabdan har bir gazeta do'konlarida endigina chop etilgan nashrlar uchun odamlar navbatga turishgani ham rost. Bugun bu holatlarni aytsangiz, xuddi ertakka, afsonaga o'xshaydi… Qolaversa, u paytdagi jurnalistlarning aksariyati savodli, matonatli va qanoatli edi. Tahririyatlarga har kuni yuzlab xatlar kelardi. Ochig'i, matbuot hayot ko'zgusi ekanligi, elu-xalq nima dardu-has­rati bo'lsa, matbuotga murojaat qilishi ham bekorga emas edi. Chunki, tahririyatlarda Ne'mat Yoqubov, Odil Yoqubov, Maqsud Qoriyev, Ziyod Yesenbayev singari halol, vijdonli, jasoratli jurnalistlar boshchilik qilishar edi.

Ular yaratgan jurnalistika maktabi haqida ko'proq bugungi avlod vakillari bilishi, ular tajribalaridan, ayniqsa, yoshlar xabardor bo'lishsa foydadan xoli bo'lmas edi.

Yuqorida aytganimizdek, Ne'mat Yoqubov katta ijodkor edi. Uning ellikdan ziyod kitoblari chop qilingan. O'shanda “Jon” va boshqa romanlari chop etilib el og'ziga tushgan paytlari birga ishlash nasib etgan. Shunday bo'lsa-da ustoz hech qachon manmanlik qilmas, aksincha, hamma xodimlariga mehribon va g'amxo'r rahbar bo'lgan.

Ne'mat Yoqubov o'nlab qissalar, hikoya­lar va ocherklar to'plamlari, “Xubob”, “Ona diydori”, “Umr”, “Vujudiy qud­rat”, “Mangu yoshlik malhami” kabi romanlar muallifi. Adib nasriy asarlar yozish bilan bir qatorda nazmda ham barakali ijod qilib, “Muhabbat – yetti baxt” rukni ostida to'qqizta she'riy g'azallar, ruboiylar to'plamlarini kitobxonlarga taqdim etdi.

Men uchun ustozning eng qadrli xislatlaridan biri uning ahli ayoliga bo'lgan sadoqati va muhabbati edi. Shunday xulosaga kelishimga bundan chorak asr avval sodir bo'lgan voqea sabab bo'lgandi. Bir kuni Ne'mat aka xonamga kirib, “Dilmurod bir iltimosim bor, kelin­oyingizni mazasi yo'qroq, Farg'onaning Chimyon sanatoriysiga qo'yib kelsangiz”, deb qoldi. Bajonidil rozi bo'ldim.

Ustozning turmush o'rtog'i Hilola kelinoyining oyoqlaridagi dardi kuchayib yurolmay qolgan ekan. Ustoz bilan kelin­oyini ikki qo'lidan yetaklab avtomashinamga o'tkazdik. Farg'onaga qarab yo'lga chiqdik. Insonning qandayligi uzoq safarga chiqqanda bilinadi, deganlari haqqi rost. U paytlari Qamchiq dovonidan o'tishga ancha-muncha haydovchining yuragi betlamas edi. Tunnellar qurilmagan, ilon izi yo'llar tor edi. Ammo dovonning tabiati juda go'zal, yo'l bo'­yidagi ariqchalardan zilol suvlar oqib turardi. Daraxtlar atrofidagi ko'm-ko'k maysalar dilni yayratar edi.

Dovondan eson-omon tushib Qo'qon shahri Navoiy ko'chasidagi oshxonaga yetganimizda, domla “bir piyola choy ichib olaylik”, deb qoldi. “Siz dam olib turing, men kelinoyingizni bu yoqqa olib kirib chiqay”, deb kelinoyini ko'tarib ayollar hojatxonasi tomonga yurdilar. To'g'risi, shu voqeani eslasam, ko'zimdan yosh quyilib chiqaveradi. O'shanda Ne'mat akaga nisbatan bo'lgan hurmatim osmon qadar ko'tarilib ketgan edi.

Ustozning hayotda kamtarin va halol inson ekanligiga yana dalolat shundaki, o'sha vaqtlarda matbuotning o'rni, nufuzi nihoyatda baland bo'lib, agar u kishi lozim topganlarida menga qilgan iltimoslarini aytaylik, biror bir vazirlik yoki idora rahbariga aytganida, u kishiga jon deb bitta emas, ikkita avtomashina yuborishgan, xizmatlariga poyi­-patak bo'lishi aniq edi.

Xullas, ustoz bilan kelinoyini Chim­yon sanatoriysiga joylab ortga qaytayotib O'zbekiston tumanidagi “Sohibkor” jamoa xo'jaligida rahbar bo'lib ishlaydigan qadrdonim Alijon Payg'amovdan duo olish uchun huzuriga bordim. Alijon aka doimo ko'rishayotganimizda kaminaga “Mening eng aziz mehmonimsiz”, deb lutf qilardi. O'sha kuni bahonada bir kelib qolibsiz, yo'lda charchagansiz, Toshkentga ertaga qaytasiz, biznikida dardlashib o'tiramiz, deb qo'yarda-qo'ymay olib qoldi. Alijon Payg'amov ziyolilar, shoiru adiblar, jurnalistlarni juda ham hurmat qiladigan o'qimishli inson edi. Iloho joylari jannatda bo'lsin. Islomjon degan haydovchisi ham juda madaniyatli va ziyrak yigit edi. Mehmon kutishni ham, ovqat tayyorlashni ham qoyillatar edi. Alijon akaning Qo'qon shahridagi hovlisida shu kuni dildan suhbat qildik. Gaplashib o'tirib, Ne'mat akaning ayolini ko'tarib olib, hojatga olib kirgan voqeani gapirib berdim. Buni eshitib Alijon aka anchagacha o'zini tuta olmadi. Ko'zlari namlandi, yuraklari tit­radi. Ne'mat akaning ahli ayoliga shu qadar mehribonchiligiga qoyil qolganini aytdi. Bunday insonga ta'zim qilaman dedi. Dilmurodjon, siz juda baxtli ekansiz, shunday ustozingiz bor ekan.

Men ertasiga Toshkentga qaytdim.

Keyin eshitsam, Alijon Payg'amov Chim­yon sihatgohiga Ne'mat akani ko'rgani boribdi. Sanatoriy rahbarlarini, bir guruh dam oluvchilarni yig'ib ular davrasiga Ne'mat aka bilan Hilola kelin­oyini taklif etibdi. Yig'ilganlar oldida u kishi ayoliga shu qadar sadoqatli va mehribon inson Ne'mat Yoqubovga ta'zim qilaman degan ekan. Ustoz bu voqeani tez-tez eslab turardi…

Endi ikki og'iz Alijon Payg'amov haqida. Asli kasbi o'qituvchi bo'lgan rahmatli Alijon akaning nomini ham haligacha farg'onaliklar “domla” deb iftixor bilan tilga olishadi. U kishi sobiq sho'rolar davrida bitta tumanda uzluksiz yigirma yilga yaqin rahbarlik qilgan. Alijon Payg'amovni Sharof Rashidov ham juda yaxshi bilgan. Tumanda rahbarlik qilgan yillari o'ttiz ming gektardan ortiq maydonlarni o'zlashtirib, bog'-rog'lar, ekinzorlar yaratishga bosh-qosh bo'lgan fidoyi inson edi.

Yaqindagina Ne'mat Yoqubovni yo'qlab xonadoniga borgandim.

– Kelinoyining sog'lig'i yaxshimi?,—deb so'radim.

– Allohga shukr, shu yoshga yetkazganiga beadad shukr. Kelinoyingizni o'ttiz yildan beri yelkalab yuraman. Gohida kulamiz, gohida kuyamiz. Topganlarimiz ham, yo'qotganlarimiz ham bo'ldi…

– O'zingiz asl muhabbat qasri sadoqatdan yaraladi deb yozgansiz. Sizning hayo­tingiz ahli ayolingizga sadoqat, unga mehr-shafqat bilan go'zal, – deb domlaga ko'nglimdagilarni aytdim.

– Albatta, kimki o'z ahli ayoliga mehribon bo'lsa, unga Yaratganning o'zi mehribon bo'larkan. Farzandlarimning onasi dard cheksa, qanday chiday. Dardlarni ham birga tortdik, quvonch­larni ham birga baham ko'rdik. Oh ursang ham, sho'x kulsang ham bu dunyo o'taverar ekan. Yozganlarimiz qolar ekan. Kelinoyingiz kitoblarimga muharrirlik qildi, musahhih bo'lib bexato chiqishiga yordam berdi.

O'sha kuni Ne'mat aka bir nechta kitob­lariga dastxat yozib berdi. Ulardagi quyidagi fikrlarni hikmat o'rnida kundalik daftarimga, to'g'rirog'i dilimga ko'chirib olganman. Ne'mat Yoqubov shunday yozadi:

 

Sevgi nodirki, har kimga nasib bo'lmas.

* * *

Haqiqatni baralla aytib, hech yomonlik ko'rmadim men.

* * *

Alloh bizni bir-birimizga libos qilib yaratdi.

* * *

Umrimiz asosi chin muhabbat bo'ldi.

* * *

Sen bu dunyoda topgan baxtimsan!

* * *

Muhabbatni kuylamoq – saodatim mening.

* * *

Qayga borsang, men ham birga ketaman.

* * *

Sevgi saodatga yakkash dur bo'lding.

* * *

Halol bo'lsang bir burda noning,

Shohlardan balanddir,

                    shuhrating shoning.

* * *

Haq so'z aytib, halol yashar mard kishi.

* * *

Bir yurakka dunyo sig'ishi mumkin, ammo ikki muhabbat sig'maydi.

* * *

Ayolga zulm qilgan er er emas.

* * *

Ilm – suvda cho'kmas, o'tda yonmas hazina.

* * *

Muhabbat qasri sadoqatdan bunyod bo'ladi.

 

Albatta, bular ustoz qalamiga mansub hikmatlardan bir shingil xolos.

Ne'mat Yoqubovning asarlarini o'qisangiz, u bilan suhbat qursangiz donishmand inson qiyofasi jonlanar edi. Muallifning ma'nolar xazinasidan ma'rifat javhalarini tergandek bo'lasiz.

Adib asarlarining boshqa yozuvchilarnikidan farqi nimada?

Mening nazarimda uning asarlari bosh qahramonlari – hayotda bor odamlar – zamondoshlarimiz, biz bilan hamnafas insonlar ekanligida.

Masalan, O'zbekistonda nevrologiya fanining asoschilaridan biri – Nabi Majidov, nevro-xirurgiya otasi Marat Qoriyev, olim shifokor Odil Shokirov, mirishkor paxtakor Isomiddin Arabov va boshqa soha egalari hayoti, umr yo'llarida kechgan turfa voqea-hodisalar adib asarlarida jonlangan edi.

Eng muhimi, uning asarlarida sog'lom turmush tarzini, uzoq umr sirlarini bilgan insonlar siymolari yaratilgan. Iste'dodli yoshlarni ustozlarga, Vatanga mehr-muhabbati tasvirlanadi. Sevgi haqida oh-vohlar emas, balki muhabbat qudrati bo'y ko'rsatadi.

Ha, benazir inson, iste'dodli yozuvchi, “Do'stlik” ordeni sohibi, yuzlab jurnalistlarning ustozi Ne'mat aka Yoqubov butun vujudini, kuch-g'ayratini, iste'dodini Vatanga, xalqiga baxshida etgan ulug' inson edi.

Chindan ham Ne'mat Yoqubovning shogirdlaridan biri taniqli adibimiz Xurshid Do'stmuhammad aytganidek, Ne'mat Yoqubov kamtarin va g'amxo'r, beozor va savob ishlarni ko'p qilgan ustozimiz edi.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 6 =